Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Pessimizmni yenga olasiz

Pessimizmni yenga olasiz

Pessimizmni yenga olasiz

MUVAFFAQIYATSIZLIKKA duch kelsangiz, bunga qanday qaraysiz? Ko‘p mutaxassislarning fikricha, bu savolning javobi siz pessimist yoki optimist ekaningizni oshkor etadi. Barchamiz hayotda turli og‘ir qiyinchiliklardan azob chekamiz. Ba’zilar boshqalarga qaraganda ko‘proq qiyinchiliklarni boshdan kechiradi. Nega ayrim odamlar qiyinchiliklardan keyin ham oyoqqa turib, yana yo‘lida davom etadi, boshqalar esa nisbatan kichik qiyinchiliklarga uchrasa ham taslim bo‘ladi?

Aytaylik, siz ish qidiryapsiz. Suhbatga borasiz, rad javobini olasiz. Xo‘sh, o‘zingizni qanday his qilasiz? Buni qalbingizga yaqin olib, aslo yechilmaydigan muammo deb bilishingiz va: «Kim ham menday odamni ishga olardi? Men hech qachon ish topa olmayman», deb o‘ylashingiz mumkin. Yoki bundan ham yomoni ushbu muvaffaqiyatsizlik hayotingizning har bir sohasiga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yib: «Qo‘limdan hech narsa kelmaydi. Hech kimga kerak emasman», deb o‘ylashdir. Ikkala vaziyatda ham pessimistlarga xos fikrlash tarzi namoyon bo‘lmoqda.

Pessimizm bilan kurashish

Qay yo‘sin pessimizm bilan kurashish mumkin? Qo‘yiladigan birinchi muhim qadam bu kabi salbiy fikrlarni aniqlashni o‘rganishdir. Keyingi qadam ular bilan kurash olib borish. Nima uchun sizni ishga olishmagani borasida mantiqan fikr yuritib ko‘ring. Misol uchun, ishga qabul qilinmaganingizning sababi chindan ham hech kim sizni ishga olishni istamaganidami? Ehtimol, ish beruvchi shunchaki boshqa yo‘nalishdagi mutaxassisni izlayotgandir.

Muayyan faktlardan foydalanib, ruhingiz tushishiga sabab bo‘layotgan pessimistik fikrlarni aniqlay olasiz. Bir marta muvaffaqiyatsizlikka duch kelganingiz chindan ham qo‘lingizdan hech narsa kelmasligini anglatadimi? Hayotingizning boshqa sohalarida ma’naviy ishlarda, oilaviy yoki do‘stona munosabatlarda erishgan muvaffaqiyatingiz to‘g‘risida bir o‘ylab ko‘ring. Nima yuz berishi borasida oldindan qo‘rqinchli taxminlar qilib, barchasini oq-qora rangda tasavvur qilmaslikni o‘rganing. Qolaversa, bir kun kelib ish toparsiz. Buni bilmaysiz-ku! Salbiy fikrlash tarzini yengishdan ko‘prog‘ini qila olasiz.

Ijobiy bo‘lib, maqsad sari intiling

So‘nggi yillar mobaynida tadqiqotchilar umid tushunchasiga qiziqarli, ammo shu bilan birga tor ma’noda tavsif berishdi. Ularning aytishicha, umid maqsadlaringizga erisha olishingizga bo‘lgan ishonchni o‘z ichiga oladi. Navbatdagi maqolada aslida umid bundan ham ko‘prog‘ini o‘z ichiga olishini ko‘rib chiqamiz. Ammo yuqorida keltirilgan tavsifning ham bir nechta foydali tomoni borday ko‘rinyapti. Bunday orzu-umidlarimizga diqqat qaratib, ijobiyroq fikrlay olamiz va maqsadlarimiz sari intilamiz.

Kelajakdagi maqsadlarimizga erishishimizga ishonishimiz uchun maqsadlar qo‘yishimiz hamda ularga erishishda tajriba orttirishimiz kerak. Bordi-yu, bunday tajribaga ega emasman, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, maqsadlar qo‘yish borasida jiddiy fikr yuritib ko‘rsangiz arziydi. Xo‘sh, qandaydir maqsadingiz bormi? Hayotimiz bir qolipga tushib qolishi va turmush tashvishlariga berilishimiz juda oson. Shu sababdan, hayotdan aslida nimani istayotganimiz va biz uchun nima muhim ekani borasida o‘ylamay qo‘yishimiz mumkin. Ustuvor narsalarni aniqlash borasidagi mazkur amaliy prinsipni ancha yillar oldin yozilgan Muqaddas Kitobdan topishimiz mumkin. U yerda: «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlanglar», deb aytilgan. (Filippiliklarga 1:10)

Nima muhim ekanini aniqlagach, hayotimizning turli sohalarida, masalan, Xudoga topinishda, oilada va kundalik hayotimizda muayyan maqsadlarni qo‘yish osonroq bo‘ladi. Boshida haddan ortiq ko‘p maqsadlar qo‘yishning o‘rniga, erishish oson bo‘lgan maqsadlarni qo‘yish muhim. Agar qo‘ygan maqsadimizga erishish juda qiyin bo‘lsa, ruhimiz tushishi va taslim bo‘lishimiz hech gap emas. Shu bois, odatda erishishga ko‘p vaqt ketadigan katta maqsadlarni qisqa vaqt ichida erishsa bo‘ladigan kichik maqsadlarga bo‘lish oqilonadir.

«Xohish bor joyda imkon topiladi» degan maqol zamirida bir haqiqat yotadi. Asosiy maqsadlarimizni yodda saqlar ekanmiz, ularga erishishda jon kuydirish uchun kuchli irodaga, ya’ni istak va qat’iylikka ega bo‘lishimiz lozim. Maqsadlarimizning muhimligi va ularga erishish qanday natija keltirishi to‘g‘risida fikr yuritish bu qat’iyligimizni mustahkamlashi mumkin. Albatta, to‘siqlar paydo bo‘ladi. Lekin ularga boshi berk ko‘chaday emas, balki qiziqarli vazifaday qarashimiz kerak.

Bundan tashqari, maqsadlarimizga erishishning amaliy yo‘llari borasida ham o‘ylab ko‘rish darkor. Rik Snayder ismli yozuvchi umidning muhimligi borasida ulkan tadqiqot o‘tkazib, qo‘yilgan maqsadga erishish uchun inson har xil yo‘llarni o‘ylab ko‘rishi kerakligini maslahat beryapti. Shunda, bittasi ish bermasa, ikkinchisini, uchinchisi va hokazolarni qilib ko‘rsa bo‘ladi.

Qolaversa, Snayder bir maqsaddan boshqasiga qachon o‘tishni o‘rganish borasida ham tavsiyalar bergan. Agar maqsadimizga erisha olmayotgan bo‘lsak va bu bizni tashvishlantirayotgan bo‘lsa, ruhimiz tushadi, xolos. Biroq uni erishish qo‘limizdan keladigan boshqa maqsadga almashtirsak, umid qilishimiz mumkin bo‘lgan biron nima paydo bo‘ladi.

Muqaddas Kitobda bu borada yorqin misol keltirilgan. Masalan, shoh Dovud Xudovand Yahova uchun ma’bad qurishni dilida niyat qilib yurgan. Biroq Xudo ma’badni uning o‘g‘li Sulaymon qurishini aytgan. Dovud umidi puchga chiqqanidan qovog‘ini osib yurmadi yoki o‘jarlik qilmadi. Aksincha, u maqsadlarini o‘zgartirdi. U bor kuchini o‘g‘li Sulaymon bu loyihani o‘z nihoyasiga yetkaza olishi uchun kerak bo‘ladigan mablag‘ va xomashyolarni yig‘ib qo‘yishga sarfladi. (3 Shohlar 8:17–19; 1 Solnomalar 29:3–7)

Pessimizmga qarshi kurashish, ijobiy nuqtai nazarni rivojlantirish, maqsad sari intilish orqali shaxsiy umid darajangizni oshirgan bo‘lsangiz ham, buning o‘zi yetarli bo‘lmasligi mumkin. Qanaqasiga? Bu dunyoda umidimizni yo‘qotishga sabab bo‘ladigan aksariyat omillar ixtiyorimizda emas. Xo‘sh, odamlarga azob keltirayotgan dahshatli muammolarni, ya’ni kambag‘allik, urushlar, nohaqlik, qo‘rqinchli kasalliklar va o‘limga qaramay, qay yo‘sin ijobiy nuqtai nazarni saqlab qolish mumkin?

[7- sahifalardagi rasm]

Sizni o‘zingiz istagan ishga qabul qilishmasa, endi hech qachon ish topa olmayman, deb o‘ylayapsizmi?

[8- sahifalardagi rasm]

Maqsadlarga kelganda, shoh Dovud moslashuvchan bo‘lgan