Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Haqiqiy umidni qayerdan topishingiz mumkin?

Haqiqiy umidni qayerdan topishingiz mumkin?

Haqiqiy umidni qayerdan topishingiz mumkin?

SOATINGIZ to‘xtab qoldi. Aftidan, u buzilib qolgan. Uni tuzatmoqchi bo‘lasiz va bir qancha tanlovga egasiz. Soat tuzatish reklamalari juda ko‘p bo‘lishi mumkin. Ba’zilari ishonchliday tuyular, ba’zilari esa uncha emas. Biroq qo‘shningiz mohir usta ekanini va bir necha yil oldin soatingizni yasaganini bilib qoldingiz. Bundan tashqari, u sizga bepul yordam berishga tayyor ekanini aytdi. Nimani tanlashingiz kunday ravshan, shunday emasmi?

Endi o‘sha soatni umid qilish qobiliyati bilan taqqoslang. Bu qiyin zamondagi ko‘plar kabi siz ham umidingizni yo‘qotayotgan bo‘lsangiz-chi? Qaerdan yordam topishingiz mumkin? Anchagina odamlar muammoni hal qila olamiz, deb ta’kidlaydi. Ammo cheki yo‘q maslahatlar bizni esankiratib qo‘yishi va hatto bir-biriga zid bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, eng avvalo, odamlarni umid qilish qobiliyati bilan yaratgan Shaxsga murojaat qilarsiz? Muqaddas Kitobda aytilishicha, «U har birimizga yaqindir» va bizga yordam berishni juda ham xohlaydi. (Havoriylar 17:27; 1 Butrus 5:7)

Umidning chuqurroq ma’nosi

Muqaddas Kitobdagi umid tushunchasi bugungi shifokor, olim va psixologlar orasida keng tarqalgan tushunchaga qaraganda keng va chuqurroq. Muqaddas Kitobning asl matnidan «umid» deb tarjima qilingan so‘zlar intizorlik bilan kutish va yaxshilikka ko‘z tikish degan ma’noga ega. Umuman olganda, umid ikkita omildan iborat. Bu biron yaxshi narsani istashni va o‘sha yaxshi narsa amalga oshishiga ishonish uchun asosni o‘z ichiga oladi. Muqaddas Kitobda aytilgan umid shunchaki xomxayol emas. U ishonchli faktlarga va dalillarga asoslanadi.

Shunday ekan, umid imon uchun muhim, chunki u ishonuvchanlikka emas, balki dalilga asoslanishi lozim. (Ibroniylarga 11:1) Biroq Muqaddas Kitobda imon va umidning farqi ko‘rsatilgan. (1 Korinfliklarga 13:13)

Aytaylik, yaqin do‘stingizdan yordam so‘radingiz. U sizga yo‘q, deb aytmasligiga umid bog‘laysiz. Bu umid uchun asos do‘stingizga bo‘lgan ishonchdir. Uni yaxshi bilasiz. Chunki oldinlari u sizga mehr va saxiylik ila yordam bergan. Imon va umidingiz bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Biroq shu bilan birga, ular farq qiladi. Xudoga ham xuddi shunday umid bog‘lash mumkinmi?

Umid uchun asos

Xudo haqiqiy umid manbaidir. Qadimda Yahova «Isroilning umidi», deb atalgan. (Yeremiyo 14:8) Uning xalqi ega bo‘lgan har qanday ishonchli umid, Undan edi. Ha, U ularning umidi bo‘lgan. Bu kabi umid shunchaki orzu bo‘lmagan. Isroil xalqida umid qilish uchun Xudo bergan mustahkam asos bor edi. Asrlar davomida Xudo ular bilan muomala qilib, bir qancha va’dalar bergan va bu va’dalari ustidan chiqib kelgan. Isroil xalqining yo‘lboshchisi Yoshua shunday deb aytgan: «O‘zlaringizga yaxshi ma’lumki, Xudoyingiz Yahova qanday yaxshi va’dalar bergan bo‘lsa, hech biri bajarilmay qolmadi». (Yoshua 23:14)

Minglab yillar o‘tgan bo‘lsa-da, U amalga oshirgan o‘sha va’dalar hanuzgacha muhim ahamiyat kasb etadi. Muqaddas Kitobda Xudoning ajoyib va’dalari hamda ularning amalga oshgani to‘g‘risida aniq tarixiy dalillar bisyor. Xudoning bashoratli va’dalari shu qadar ishonchli bo‘lganki, hatto ular berilganda, ba’zida xuddi amalga oshib bo‘lganday yozilgan.

Shu bois, Muqaddas Kitobni umid baxsh etuvchi kitob desa bo‘ladi. Xudo odamlar bilan qanday muomala qilganini tadqiq qilsangiz, Unga umid bog‘lash uchun sabablaringiz yanada ko‘payadi. Havoriy Pavlus shunday degan: «Qadimda Muqaddas Yozuvlarda aytilgan barcha narsalar nasihat olishimiz uchun yozilgan. Toki ular tufayli sabr-bardoshli bo‘lib hamda tasalli topib, umidga ega bo‘laylik». (Rimliklarga 15:4)

Xudo bizga qanday umid ato etyapti?

Ayniqsa, qachon umidga muhtoj bo‘lamiz? O‘limga duch kelganimizda, shunday emasmi? Lekin ko‘plar o‘lim haqida, masalan, yaqin insonini yo‘qotganda, umid haqida kamdan-kam o‘ylaydi. Axir o‘limdan boshqa yana nima shunchalik umidsizlikka tushirishi mumkin? O‘lim har birimizni shafqatsizlarcha ta’qib qilyapti. Muayyan muddatgagina undan qocha olarmiz, ammo baribir o‘lim oldida ojizmiz. Bekorga Muqaddas Kitobda u «eng oxirgi dushman», deb aytilmagan. (1 Korinfliklarga 15:26)

O‘lim yoqasida turganda qay yo‘sin umidga ega bo‘lishimiz mumkin? O‘lim oxirgi dushman deyilgan oyatda, shuningdek, u «yo‘q qilinishi» to‘g‘risida aytilgan. Tangri Yahova o‘limdan kuchliroq. U buni ko‘pgina vaziyatlarda isbotlagan. Qanday qilib? O‘lganlarni tiriltirish orqali buni tasdiqlagan. Muqaddas Kitobda Xudo kuchidan foydalanib, hayotdan ko‘z yumgan odamlarni tiriltirgan to‘qqizta turli vaziyat tilga olingan.

Yahova Isoga u uchun aziz bo‘lgan Lazarni tiriltirish qudratini ato etgani buning yorqin misolidir. O‘shanda Lazarning o‘lganiga to‘rt kun bo‘lgan edi. Iso uni yashirincha emas, ochiq-oydin omma oldida tiriltirgan. (Yuhanno 11:38–48, 53; 12:9, 10)

Ehtimol: «Odamlarni tiriltirishning nima keragi bor edi? Axir ular keksayib baribir o‘ldi-ku»,— deb o‘ylarsiz. Ha, shunday. Ammo tirilish borasida bu kabi ishonchli voqea tufayli hayotdan ko‘z yumgan yaqinlarimiz yana yashashini shunchaki istamaymiz, balki bu yuz berishiga ishonish uchun asosimiz bor. Darhaqiqat, chinakam umidga egamiz.

Iso Masih: «Men tirilish va hayotdirman»,— degan. (Yuhanno 11:25) Yahova butun yer yuzi bo‘ylab o‘lganlarni hayotga qaytarish uchun unga kuch ato etadi. Iso quyidagicha degan: «Shunday vaqt kelyaptiki, mozorlarda bo‘lgan hamma [Masihning] ovozini eshitib chiqadi». (Yuhanno 5:28, 29) Ha, o‘lim uyqusida bo‘lgan hamma yer yuzidagi jannatda tirilish kabi umidga ega.

Ishayo payg‘ambar tirilishni ajoyib tarzda quyidagicha tasvirlagan: «O‘liklaring yashaydi. Murdalarim ko‘tariladi. Ey, tuproq ichra yotganlar, uyg‘onib, quvonch ila hayqiring! Zero, shabnaming tongdagi shudring kabidir. Yer kuchsiz yotgan o‘liklarni yashash uchun qaytaradi». (Ishayo 26:19)

Bu tasalli baxsh etadi, shunday emasmi? Onaning bachadonida himoyalangan bola singari, o‘lganlar tasavvur qilish mumkin bo‘lgan eng xavfsiz joyda. Ha, o‘lim uyqusida bo‘lganlar Qodir Tangrining cheksiz xotirasidan o‘rin egallagan. (Luqo 20:37, 38) Yangi tug‘ilgan chaqaloqni mehribon va uni intizorlik bilan kutgan oila qarshi olganiday, tez orada o‘lganlar hayotga qaytganida ularni baxtiyorlikka to‘la dunyoda kutib olamiz. Shunday ekan, hatto o‘lim yoqasida ham umidga egamiz.

Umid sizga qanday foyda keltirish mumkin?

Pavlusning aytganlaridan umidning ahamiyati to‘g‘risida ko‘p narsani bilib olamiz. Pavlus umidni dubulg‘a bilan solishtirib, u ma’naviy qurol aslahalarning muhim qismi ekanini aytgan. (1 Salonikaliklarga 5:8) Bu bilan u nima demoqchi bo‘lgan? Qadimda jangda ko‘pincha askar temirdan yasalgan dubulg‘aning tagidan kigiz yoki charmdan tikilgan bosh kiyimni kiygan. Dubulg‘a tufayli askarning boshi hujumlardan himoya qilinib jarohat olmasdi. Pavlus dubulg‘a askarning boshini himoya qilgani kabi, umid ongimizni, ya’ni fikrlarimizni himoya qilishiga ishora qilgan. Agar siz Xudoning irodasiga muvofiq mustahkam umidga ega bo‘lsangiz, qiyinchiliklarga duch kelganingizda vahima yoki umidsizlik dastidan tebranmaysiz. Har birimiz bunday dubulg‘aga muhtojmiz, shunday emasmi?

Pavlus Xudoning irodasi bilan bog‘liq umid haqida yana bir yorqin misolni keltirgan. U: «Bu umid jonimiz uchun langardek ishonchli va mustahkamdir»,— deb yozgan. (Ibroniylarga 6:19) Bir necha marta kema halokatidan omon qolgan Pavlus langar muhim ekanini yaxshi bilardi. Bo‘ron paytida dengizchilar langarni suvga tushirardi. Agar u dengiz tubiga tushib, mahkam joylashsa, kema bo‘ron paytida qoyalarga urilib parchalanib ketmasdi. Aksincha, omon qolish ehtimoli nisbatan yuqori bo‘lardi.

Shu singari, Yahovaning va’dalariga nisbatan umidimiz ishonchli va mustahkam bo‘lsa, u hozirgi bo‘ronli paytlardagi notinchliklarni yengishimizga yordam beradi. Yahova odamlar urush, jinoyat, azob-uqubat va hatto o‘limdan xalos bo‘lishini va’da qilyapti. («Umid uchun sabablar» nomli ramkaga qarang.) Bu umidni mahkam ushlash falokat paytida mustahkam qolishimizga ko‘maklashadi. Ha, u bu dunyoda keng tarqalgan tartibsizlik va axloqsizlikka qarshi turib, Xudoning me’yorlari bo‘yicha yashashga kuch beradi.

Yahova berayotgan umid shaxsan sizga ham tegishli. U siz uchun niyat qilgan hayotdan totib ko‘rishingizni xohlayapti. U «har turli odamlar... najot topishlarini istaydi». Qanaqasiga? Avvalo, har bir inson «haqiqat to‘g‘risida aniq bilimga ega bo‘lishi» kerak. (1 Timo‘tiyga 2:4) Yahovaning Shohidlari sizni Xudoning Kalomi asosidagi hayotbaxsh umidga ega bo‘lishga undayapti. Xudo ato etayotgan umid, bu dunyo sizga taqdim etishi mumkin bo‘lgan har qanday umiddan yuksakdir.

Bu kabi umid yordamida o‘zingizni aslo chorasiz his etmaysiz. Boisi, Xudo Uning irodasiga muvofiq bo‘lgan har qanday maqsadingizga erishish uchun siz muhtoj bo‘lgan kuchni bera oladi. (2 Korinfliklarga 4:7; Filippiliklarga 4:13) Bunday umidga ega bo‘lishni xohlarmidingiz? Agar unga muhtoj bo‘lsangiz, uni qidirayotgan bo‘lsangiz, taslim bo‘lmang. Unga ega bo‘lish imkoni bor. Uni albatta topasiz!

[Ramka/10- sahifadagi rasm]

Umid uchun sabablar

Muqaddas Kitobdagi fikrlar umidingizni mustahkamlashga ko‘maklasha oladi:

Xudo baxtli kelajakni va’da qilyapti.

Uning Kalomiga ko‘ra, butun yer yuzi jannatga aylanib, baxtli va yakdil oilalar bilan to‘ladi. (Zabur 37:11, 29; Ishayo 25:8; Vahiy 21:3, 4)

Xudo yolg‘ondan xoli.

U yolg‘onning har qanday turidan jirkanadi. Yahova butkul muqaddas va pokdir. Shu bois, U alday olmaydi. (Hikmatlar 6:16–19; Ishayo 6:2, 3; Titusga 1:2; Ibroniylarga 6:18)

Xudo cheksiz qudratga ega.

Yahova tanho qodir Allohdir. Va’dalarini amalga oshirishga koinotdagi hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi. (Chiqish 15:11; Ishayo 40:25, 26)

Xudo abadiy yashashingizni istaydi.

(Yuhanno 3:16; 1 Timo‘tiyga 2:3, 4)

Xudo bizga umid ko‘zlari bilan qaraydi.

U kamchiliklarimiz va xatolarimizga emas, balki yaxshi fazilatlarimizga hamda harakatlarimizga diqqat qaratadi. (Zabur 103:12–14; 130:3; Ibroniylarga 6:10) U to‘g‘ri ishlar qilishimizni kutadi va bunday yo‘l tutganimizda quvonadi. (Hikmatlar 27:11)

Xudo ma’naviy maqsadlaringizga erishishga ko‘maklashishni va’da beryapti.

Uning xizmatchilari o‘zlarini aslo ojiz his etmasligi kerak. Bizga ko‘maklashish uchun Xudo muqaddas ruhini — eng qudratli kuchni saxiylik ila beryapti. (Filippiliklarga 4:13)

Xudoga umid bog‘lab, hecham afsuslanmaysiz.

Allohga bemalol ishonishingiz va tayanishingiz mumkin. U hech qachon umidingizni puchga chiqarmaydi. (Zabur 25:3)

[12- sahifadagi rasm]

Dubulg‘a boshni asraganiday, umid ham ongimizni himoya qiladi

[12- sahifadagi rasm]

Langar singari asosi mustahkam bo‘lgan umid barqaror qolishga yordam beradi

[Rasm manbai]

Courtesy René Seindal/Su concessione del Museo Archeologico Regionale A. Salinas di Palermo