Asosiy materiallarga o‘tish

Axloqiy tanazzulning kuchayishi

Axloqiy tanazzulning kuchayishi

Axloqiy tanazzulning kuchayishi

NIMA deb o‘ylaysiz, axloqiy me’yorlar qachon tanazzulga uchrashni boshladi? Sizning davringizdami yoki yoshi siznikidan kattaroq bo‘lgan qarindoshlaringiz yoki do‘stlaringizning davridami? Ayrimlarning fikricha, 1914-yilda — Birinchi jahon urushi boshlanganida — dunyoning axloqiy me’yorlari tanazzulga uchrashni boshladi. Tarix professori Robert Uoll bir kitobda shunday degan: «Birinchi jahon urushini boshdan kechirgan insonlar «dunyo keskin o‘zgardi va endi hech qachon avvalgi holatiga qaytmaydi» degan fikrda». («The Generation of 1914»)

Tarixchi Norman Kantorning aytishicha, hamma joyda ijtimoiy xulq-atvor me’yorlari allaqachon pasaygan yoki umuman buzilib ketgan. Agar siyosatchilar hamda qo‘mondonlar qaramog‘i ostidagi insonlarga so‘yiladigan hayvonlardek munosabatda bo‘lsa, unda hech qanday diniy va axloqiy me’yorlar insonlarni bir-biriga vahshiy munosabatda bo‘lishdan to‘xtata olmaydi. Birinchi jahon urushi paytidagi qirg‘in dastidan inson hayotining qadri umuman qolmadi.

Ingliz tarixchisi Gerbert Uels o‘zining ilmiy ishida evolyutsiya nazariyasi qabul qilinganidan keyin odamlarning axloqiy me’yorlari tanazzulga uchrashni boshlaganini ta’kidladi. («The Outline of History») Nega u bunday deb aytgan? Evolyutsiya tarafdorlarining fikricha, odam shunchaki hayvondan yuqori turgan mavjudotdir. O‘zi evolyutsionist bo‘lgan Gerbert ham 1920-yilda shunday deb yozgan edi: «Ular odamlarni xuddi hind ovchi iti kabi shunchaki ijtimoiy hayvon deb hisoblashadi. Ular insonlar podasida kuchli va yirik it boshqalarni qo‘rqitib, bo‘ysundirishi kerak deb fikr bildirishadi».

Darhaqiqat, tarixchi Kantor ta’kidlaganidek, Birinchi jahon urushi tufayli insonlarning nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekani borasidagi me’yorlari butkul o‘zgarib ketdi. U shunday deb tushuntirdi: «Yoshlar kattalarning siyosat, kiyinish va jinsiy munosabatlar borasidagi fikrlarini umuman nazar-pisand qilmay qo‘yishdi. Cherkovlar esa Masihning ta’limotlarini evolyutsiya nazariyasi bilan bulg‘ashdi va odamlarni urushga borishga chorlashdi va bu ham axloqiy tanazzulga yetakladi. Britaniyadagi brigadir general Frenk Kroyzer shunday deb yozdi: «Xristian cherkovlari urushga borishni oqlashadi va buni qilishga chorlashadi. Ularning madadi esa harbiylar uchun ayni muddao».

Axloqiy me’yorlar eskilik sarqitiga aylandi

Birinchi jahon urushidan keyingi o‘n yil «gumburlagan 20-yillar» deb nomlangan. O‘shanda odamlar eski qadriyatlarni va axloqiy me’yorlarni chetga surib, nimani to‘g‘ri deb bilishsa, o‘shani qilishgan. Tarixchi Frederik Lyuvis Allenning ta’kidlashicha, urushdan keyingi yillar yomon xulq o‘n yilligi deb tanilgan. Bu davr mobaynida odamlar hayotni boyitgan va unga mazmun berib turgan qadriyatlarni yer bilan yakson qilishgan va ularning o‘rnini egallay oladigan qadriyatlarni topish amrimahol bo‘lgan.

1930-yillardan keyin yuz bergan buyuk depressiya dastidan ko‘pchilik kambag‘allikka yuz tutdi va dunyoda hukm surgan yengiltaklik tuyg‘usidan asar ham qolmadi. 30-yillarning oxirida esa dunyoda yanada dahshatliroq narsa yuz berdi: Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Ko‘p o‘tmay mamlakatlar yangi, qo‘rqinchli qurolni ishlab chiqarish ustida ishlay boshladi. Garchi bu dunyoni iqtisodiy tomonlama qutqargan bo‘lsa ham, uni azob-uqubat va qo‘rquvga mubtalo qildi. Urush tugaganida yuzlab shaharlar vayrona bo‘lib yotardi. Yaponiyaning ikkita shahriga atom bombalari uloqtirildi. Bitta bombaning o‘zi bir boshli shaharni yer bilan yakson qila oldi. Millionlab insonlar konslagerlarda azob chekib o‘lishdi. Umumiy hisobda urush qariyb 50 million erkag-u ayol va bolalarning hayotiga zomin bo‘ldi.

Ikkinchi jahon urushi paytida odamlar istaganicha yo‘l tutadigan bo‘lishdi va oldingi qadriyatlarni nazar-pisand qilmay qo‘yishdi. Bir kitobda quyidagicha fikrlar keltirilgandi: «Bu payt davomida odamlar o‘zlarini jinsiy munosabatlardan umuman tiymaydigan bo‘lishdi. Jang maydonida ularning xulq-atvorini hech kim nazorat qilmasdi. Ular uyga qaytganidan keyin ham oilada jinsiy munosabatlarga yengil-yelpi qaraydigan bo‘lishdi. Urushdan keyin odamlar «Hayot qisqa va hech qanday qadr-qimmatga ega emas» deb o‘ylaydigan bo‘lishdi». Oqibatda ular oila va nikohga vaqtinchalik narsaday qaray boshlashdi.

Insonlarni har daqiqa o‘lim xavfi kutardi. Shuning uchun ular hatto qisqa muddatga bo‘lsa ham hissiy taskin izlashardi. Bir Britaniyalik ayol o‘sha davrda keng tarqalgan jinsiy erkinlikni oqlash maqsadida shunday degan: «Biz axloqsiz emas edik, shunchaki urush ketayotgandi». Bir Amerikalik askar esa quyidagicha fikr bildirdi: «Ko‘pchilik insonlar buni axloqsizlik deb atashi mumkin. Lekin biz yosh edik va istalgan vaqtda bizni o‘ldirishlari mumkin edi».

Urushdan omon qolganlarning ko‘pi dahshatli voqealarni eslab, azob chekishadi. Bugungi kungacha ba’zilar, hatto bolalar o‘sha paytdagi og‘riqli xotiralarni eslab, hissan ezilishadi. O‘shanda ko‘plar Xudoga ishonmay qo‘yishdi va nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekani borasidagi tasavvurini yo‘qotishdi. Yaxshilik va yomonlik tushunchalari vaziyatga bog‘liq deb o‘ylay boshlashdi.

Yangi ijtimoiy me’yorlar

Ikkinchi jahon urushidan keyin jinsiy aloqa haqidagi izlanishlar chop etila boshladi. Masalan, AQShda 1940-yillarda 800 varaqli «Kinzi» hisoboti chiqdi. Bu hisobot chiqishidan avval odamlar odatda jinsiy aloqa haqida so‘z yuritishmasdi. Lekin hisobot chiqqanidan keyin ular bu haqda ochiqchasiga, uyalmasdan gapira boshlashdi. Garchi hisobotda gomoseksualistlar va boshqa shu turdagi insonlar haqida keltirilgan statistik ma’lumotlar ko‘pirtirilgan deb topilgan bo‘lsa ham, tadqiqotlar urushdan keyingi yillari axloq me’yorlari keskin pasayganini ko‘rsatdi.

Bir muncha vaqt davomida odamlar o‘zlarini odob-axloq qoidalariga amal qilayotganday ko‘rsatishdi. Masalan, radio, film va televidenieda axloqsiz sahnalar olib tashlanardi. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmadi. AQShning sobiq ta’lim vaziri Uilyam Bennet buni quyidagicha tushuntirdi: «1960-yillarga kelib, Amerikada odob-axloq qoidalari pasayib ketdi. Bu boshqa mamlakatlarga ham ta’sir qilmay qolmadi». Xo‘sh, nima uchun 60-yillarda axloqiy tanazzul bunchalik kuchayib ketdi?

O‘sha o‘n yil davomida ayollar ko‘proq erkinlikka ega bo‘lishdi va insonlar jinsiy aloqaga nisbatan nuqtai nazarini o‘zgartirishdi. Qolaversa, homiladorlikning oldini oluvchi dorilar paydo bo‘lgani uchun homilador bo‘lib qolishdan qo‘rqmay, jinsiy aloqa qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shu bois, turmush qurmay turib jinsiy aloqada bo‘lish oddiy holga aylandi.

Qolaversa, matbuotda, filmlarda va televidenieda oldinlari noma’qul hisoblangan narsalar ko‘rsatila boshladi. Keyinchalik AQSH Milliy xavfsizlik kengashining sobiq rahbari Zbigniev Brejinskiy televidenieda taqdim etilayotgan qadriyatlar borasida quyidagicha fikr bildirdi: «Bu dasturlarda hayotda eng muhim narsa lazzat olish ekani, zo‘ravonlik [va] bir nechta inson bilan jinsiy aloqada bo‘lish normal holat ekani ko‘rsatilmoqda».

1970-yillarga kelib, odamlarda videomagnitofonlar paydo bo‘ldi. Endi insonlar boshqalarning oldida, kinoteatrda hech qachon ko‘rmaydigan narsalarni, jumladan, jinsiy axloqsizlik bilan bog‘liq sahnalarni o‘zlarining uylarida yashirincha ravishda tomosha qila boshlashdi. Bugungi kunda esa Internet sharofati bilan insonlar dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lishmasin, o‘z kompyuterlari orqali pornografiyaning eng iflos va jirkanch turlarini tomosha qilish imkoniyatiga ega.

Bu ayanchli oqibatlarga olib keldi. AQShdagi bir internatning qorovuli quyidagicha dedi: «O‘n yil avval ko‘chada bolalar bilan nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekani borasida gaplashardim. Hozirgi bolalar esa nima haqida gap ketayotganini hatto tushunishmaydi».

Ishonchli yo‘l-yo‘riqni qayerdan topsa bo‘ladi?

Cherkovlar bizga axloqiy me’yorlar borasida tayinli yo‘l-yo‘riqlar bera olmaydi. Cherkovdagilar Iso hamda uning izdoshlari o‘rgatgan narsalarga amal qilishning o‘rniga dunyo hamda uning yovuzliklariga hamtovoq bo‘lishgan. Bir yozuvchi shunday dedi: «Har bir urushda ikkala taraf ham “Xudo bizga yordam beryapti” deb o‘ylaydi». Bir necha yil avval Nyu-York shahrining ruhoniysi shunday fikr bildirdi: «Avtobusga kirishdan ko‘ra cherkovga a’zo bo‘lish uchun kamroq talablarga rioya qilish kerak».

Ha, dunyodagi bu axloqi tanazzul bilan nimadir qilish kerak. Xo‘sh, nima qilish kerak? Qanday choralar ko‘rish kutiladi? Buni kim qiladi va bu o‘zgarishlar qanday yuz beradi?

[5- sahifadagi matn parchasi]

«Birinchi jahon urushidagi [1914–1918] qirg‘in dastidan odam hayotining qadri qolmadi»

[6, 7- sahifalardagi rasm]

Axloqsizlikka to‘la o‘yin-kulgi turlari tobora keng tarqalmoqda