Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Elektron qurilmalarning ta’siri. Do‘stlikka

Elektron qurilmalarning ta’siri. Do‘stlikka

SMS, elektron pochta, video-konferens-aloqa va ijtimoiy tarmoqlar tufayli hatto har xil mintaqalarda yashovchi ikki kishi bir-biri bilan osonlikcha muloqot qilishi mumkin. Bunday vaziyatda elektron qurilmalar yaxshi maqsadga xizmat qiladi.

Lekin inson do‘stlari bilan muloqot qilish uchun asosan elektron qurilmalardan foydalansa, odatda u...

  • do‘stlarining his-tuyg‘ularini yaxshi tushunmaydi.

  • yolg‘izlik va bo‘shliqni ko‘proq his qiladi.

  • faqat o‘zi haqida o‘ylaydi.

NIMANI BILISHINGIZ KERAK?

BOSHQALARNING TUYG‘ULARINI TUSHUNISH

Boshqa insonning tuyg‘ularini tushunish uchun u haqda o‘ylashga vaqt ajratishimiz kerak. Lekin ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘pdan-ko‘p xabarlar olib, ularga javob berish bilan band bo‘lsak, o‘sha inson to‘g‘risida o‘ylashga vaqtimiz qolmaydi.

Xabarlarga ko‘milib ketsangiz, do‘stingizga javob berish siz uchun og‘ir yukka aylanishi mumkin. Shunda barcha xabarlarga tezda javob berish bilan ovora bo‘lib, qaysidir do‘stingiz yordamga muhtoj ekanini payqamay qolishingiz hech gap emas.

BU HAQDA O‘YLAB KO‘RING. Do‘stlaringizga elektron xabarlar jo‘natganingizda ular to‘g‘risida chindan ham qayg‘urayotganingizni qanday ko‘rsata olasiz? (1 BUTRUS 3:8)

YOLG‘IZLIK VA BO‘SHLIQNI HIS QILISH

Bir tadqiqotga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazish odamning kayfiyatini tushiradi. Tadqiqotchilar shuni aniqlashdiki, boshqalarning rasmlarini va ular nima qilishayotganini kuzatib boradigan inson «hayotim zoe ketyapti» deb o‘ylay boshlashi mumkin.

Bundan tashqari, boshqalar joylashtirgan qiziqarli rasmlarni tomosha qilganimizda, o‘zimizni ular bilan solishtira boshlaymiz. Shunda bizga boshqalarnikiga qaraganda hayotimiz zerikarli kechayotganday tuyulishi mumkin.

BU HAQDA O‘YLAB KO‘RING. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotganda qanday qilib o‘zingizni boshqalar bilan solishtirishdan qocha olasiz? (GALATIYALIKLARGA 6:4)

FAQAT O‘ZI HAQIDA O‘YLASH

Bir o‘qituvchining yozishicha, uning ayrim o‘quvchilari xudbin bo‘lib, faqat o‘zlariga foydasi tegadigan insonlar bilan do‘stlashishadi. Bunday odamlar do‘st tanlayotib nuqul o‘z manfaatini ko‘zlashadi. Ular do‘stlariga kerak paytda foydalanib, boshqa payt o‘chirib qo‘yish mumkin bo‘lgan telefonday qarashadi.

BU HAQDA O‘YLAB KO‘RING. Internetga joylashtirgan rasmlaringiz boshqalarda qanday taassurot uyg‘otadi? Ular siz haqingizda raqobatga moyil yoki faqat o‘zini o‘ylaydi, degan fikrga borishadimi? (GALATIYALIKLARGA 5:26)

NIMA QILISHINGIZ MUMKIN?

O‘ZINGIZNI TEKSHIRIB KO‘RING

Agar elektron qurilmalaringizning xo‘jayini bo‘lsangiz, ular do‘stlaringiz bilan muloqot qilishga va hatto o‘zaro munosabatlaringizni mustahkamlashga yordam beradi.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Sevgi... o‘z manfaatini ko‘zlamaydi». (1 KORINFLIKLARGA 13:4, 5)

Siz qo‘llamoqchi bo‘lgan maslahatlarni tanlang yoki o‘z fikrlaringizni yozib qo‘ying.

  • Elektron xabarlar yuborishning o‘rniga odamlar bilan yuzma-yuz gaplashishga intilish

  • Kim bilandir suhbatlashayotganda telefonni chetroqqa olib qo‘yish yoki ovozsiz rejimga o‘tkazish

  • Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadigan vaqtni chegaralash

  • Yaxshi tinglovchi bo‘lish

  • Og‘ir damlarni boshdan kechirayotgan do‘stingizga vaqt ajratish