Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

«Bo‘lishi mumkin emas!»

«Bo‘lishi mumkin emas!»

NЬYU-YORKLIK (AQSH) bir kishining hikoyasidan: «O‘sha kuni o‘g‘lim Djonatan uncha uzoq bo‘lmagan joydagi do‘stlarinikiga borgan edi. Xotinim Valentina u yerga borishini hech ham xohlamas edi. Yo‘lda bir narsa bo‘lib qolmasin deb, doimo xavotirlanar edi. Biroq o‘g‘lim elektronikaga juda ishqiboz edi, u yerda esa do‘stlarining ustaxonasi bor bo‘lib, o‘g‘lim tajriba orttirar edi. U payt men Manxattanning (Nyu-York shahri) g‘arb tomonida joylashgan uyimizda yolg‘iz edim. Xotinim esa Puerto-Rikodagi qarindoshlarini ko‘rgani ketgan edi. “Hozir o‘g‘lim kelib qolishi kerak”,— deb o‘ylab turgan edim. Shu zahoti eshikning qo‘ng‘irog‘i chalindi. “Ana, o‘zi ham keldi”,— dedim. Biroq yanglishibman. Ostonada mirshablar bilan tez yordam xodimlari turishar edi. Mirshablardan biri: “Bu haydovchi guvohnomasini taniysizmi?” — deb so‘radi. “Ha, o‘g‘lim Djonatanniki”. — “Sizga noxush xabar aytmoqchimiz. Yo‘lda halokat yuz berdi va... o‘g‘lingiz... o‘g‘lingiz halok bo‘ldi”. Xayolimdan: “Bo‘lishi mumkin emas!” — degan fikr o‘tdi. Mana oradan yillar o‘tdi, lekin bu xabar xuddi musaffo osmon ichra gumburlagan momaqaldiroq kabi, qalbimizda bedavo yara qoldirib ketdi».

«Sizga noxush xabar aytmoqchimiz. Yo‘lda halokat yuz berdi va... o‘g‘lingiz... o‘g‘lingiz halok bo‘ldi».

Barselonadagi (Ispaniya) bir ota shunday yozadi: «O‘sha uzoq 60-yillari biz juda baxtli bir oila edik. Xotinim Mariya bilan 13, 11 va 9 yashar uchta farzandimiz David, Pakito va Izabel hammamiz birga edik.

Xullas, 1963 yili martda Pakito maktabdan uyga qaytganida, qattiq bosh og‘rig‘iga arz qila boshladi. Sababini tushunmasdan bosh qotirgan edik, lekin tez orada hammasi o‘zi hal bo‘ldi. Uch soat o‘tib, Pakitodan ajralib qoldik. O‘limning sababi — miyaga qon quyilishi edi.

Mana endi Pakitoning hayotdan ko‘z yumganiga 30 yil bo‘lib qoldi. Lekin bugunga qadar juda qayg‘u chekmoqdamiz. Oradan qancha vaqt o‘tishidan yoki boshqa farzandlari bo‘lishidan qat’inazar, har bir ota-ona o‘z bolasidan judo bo‘lsa, xuddi o‘z jigarini yo‘qotganday bo‘ladi».

Ushbu ikki misol, ota-ona bolasidan judo bo‘lsa, bu qanchalik chuqur va bedavo yara qoldirishni ko‘rsatyapti. Bir hakim juda ham to‘g‘ri yozgan: «Odatda bolaning o‘limi, qariyaning o‘limidan ko‘ra ancha darajada fojiali hisoblanadi, chunki bolaning o‘limi kutilmagan hodisadir. [...] Bolaning o‘limi bilan barcha umidlar, kelajakdagi munosabatlar [o‘g‘il, kelin, nevara], hali ro‘yobga chiqmagan voqealar... puchga chiqadi». Shu singari, bo‘ydan tushgan ayolning ham dardi bedavodir.

Bir beva ayol hikoya qilmoqda: «Ikkinchi jahon urushi davrida xo‘jayinim Rassell, Tinch okeandagi harbiy xizmatda, tibbiyot zobiti bo‘lib ishtirok etgan edi. U bir necha dahshatli to‘qnashuvning guvohi bo‘ldi. Keyin esa AQShga qaytib, ancha tinchroq hayot kechira boshladi. Bir muncha vaqtdan so‘ng, erim Xudo Kalomini va’z etish xizmatini boshladi. Oltmishdan sal o‘tganida, yuragi bezovta qila boshladi. Faol hayot kechirishga harakat qilar edi. Lekin 1988 yili, iyul oyida yuragi infarkt bo‘lib, hayotdan ko‘z yumdi. Undan ayrilish meni adoyi tamom qildi. Men u bilan hatto vidolashishga ham ulgurmadim. U nafaqat xo‘jayinim, balki jon do‘stim edi. Birga biz roppa-rosa 40 yil yashadik. Endi esa kelajagimga qarasam, xayolimga faqat yolg‘izlik kelar edi».

Dunyoning har yerida va har kuni oilalarda sodir bo‘ladigan minglab fojialardan, bu faqat bir nechasi xolos. Farzand, er, xotin, ota-ona, yoki do‘stidan ayrilgan har bir inson, o‘limni «oxirgi dushman» deb atagan Isoning shogirdi Pavlusning so‘zlariga qo‘shiladilar. Odatda bunday dahshatli xabarni eshitib, odamning xayoliga keladigan birinchi fikr: «Bo‘lishi mumkin emas! Ishonmayman». Lekin keyinchalik ko‘rib chiqamizki, boshqacha hissiyot kelishi ham tabiiy (1-Korinfliklarga 15:25, 26).

Biroq qayg‘u-alamning turli ko‘rinishlarini ko‘rib chiqishimizdan avval, ba’zi muhim savollarga javob topaylik. Nahotki o‘lim insonning poyonini anglatsa? Yaqinlarimizni qayta ko‘ra olishga qandaydir umidimiz bormi?

Umid uchun barcha asoslar bor

Muqaddas Kitob yozuvchilaridan biri bo‘lmish Pavlus, «oxirgi dushman», ya’ni o‘limdan xalos bo‘lish umidi to‘g‘risida quyidagini yozgan: «Shunda oxirgi dushman — o‘lim ham barham topadi» (1-Korinfliklarga 15:26). Nima sababdan Pavlus bunga amin? Chunki o‘lib, qayta tirilgan Iso alayhissalomning o‘zi uni bunga o‘rgatgan edi (Havoriylarning 9:3-19). Shu sababdan Pavlus: «O‘lim bir inson [Odam ato] orqali dunyoga kirdi. Shunga o‘xshab, o‘liklarning tirilishi ham bir Inson [Iso Masih] orqali sodir bo‘ladi. Odam atoning farzandi bo‘lgan barcha o‘ladilar. Xuddi shunday Masihning farzandi bo‘lgan barcha tiriladilar»,— deb yozgan (1-Korinfliklarga 15:21, 22).

Iso, Nain shahridan bo‘lgan beva ayolni va uning o‘lik o‘g‘lini ko‘rib juda achindi. Muqaddas Kitob quyidagini bayon etadi: «Iso [Nain] shaharning darvozasiga yaqinlashganda, bir beva ayolning yakkayu yagona o‘g‘li o‘ligini ko‘tarib chiqayotgan edilar. Tumonat shahar aholisi u ayolni o‘rab olgan edi. Rabbimiz Iso onani ko‘rgach, unga rahmi kelib: “Yig‘lama!” — dedi. U yondashib, tobutga qo‘l tegizdi. Tobutkashlar to‘xtab qolishdi. Iso o‘likka: “Ey yigit, senga aytyapman: tur o‘rningdan!” — dedi. O‘shanda o‘lik rostlanib o‘tirdi-da, gapira boshladi. Iso uni onasiga topshirdi. Hammani vahima bosdi. “Oramizda buyuk payg‘ambar paydo bo‘ldi, Xudo o‘z xalqini yo‘qlab keldi”,— deganlaricha, Xudoni olqishlar edilar». E’tibor bering: Isoning bevaga shunchalik rahmi keldiki, uning o‘g‘lini tiriltirdi! Bu qanchalik ajoyib kelajakka umid bermoqda! (Luqo 7:12-16).

Tirik guvohlar oldida, Iso unutilmaydigan tirilishlardan birini namoyon qildi. Bu voqea bilan Isoning oldin aytgan bashorati tasdiqlandi. Bu bashorat — «yangi bir osmon» ostida, marhumlarning yer yuzidagi hayotga qaytishlaridan iboratdir. Iso quyidagini e’lon qildi: «Bunga taajjublanmangiz, qabrda yotgan marhumlarning hammasi Xudo O‘g‘lining ovozini eshitadigan vaqt keladi. Shunda o‘liklar qabrdan chiqadilar» (Vahiy 21:1, 3, 4; Yuhanno 5:28, 29; 2-Butrusning 3:13).

Undan tashqari, Iso bilan sayohat qilgan 12 shogirdlaridan bir nechtasi, shu jumladan Butrus, tirilishning guvohlari bo‘ldilar. Ular Jalila ko‘li sohilida, hatto tirilgan Isoning ovozini eshitdilar. Bayonotda quyidagi so‘zlarni o‘qiymiz: «Iso shogirdlariga: — Kelib ovqatlaninglar,— dedi. Ulardan hech biri: “Sen kimsan?” — deb so‘rashga botinolmadi, chunki ular bu bizning Rabbimiz, deb bilar edilar. Iso yaqinroq kelib, nonni oldi va ularga berdi. Baliqni ham shunday bo‘lib berdi. Shu yo‘sin Iso tirilganidan keyin uchinchi marta shogirdlariga zohir bo‘ldi» (Yuhanno 21:12-14).

Mana nima sababdan Butrus shunday aminlik bilan quyidagini yozgan: «Rabbimiz Iso Masihning Otasi Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin! U bizga behad rahm-shafqat ko‘rsatdi, Iso Masihning tirilishi asosida bizni yangidan tug‘iltirib, tirik bir umidga ega qildi» (1-Butrusning 1:3).

Xudoning vakili Pavlus ham o‘z qat’iy e’tiqodini quyidagicha izhor qildi: «Tavrot va Payg‘ambarlar kitobida yozilganlarning hammasiga inonaman. Ayblovchilarimning o‘zlari ham tan olganidek, men solih bilan fosiqlarni tiriltiradigan Xudoga qattiq e’tiqod qilaman» (Havoriylarning 24:14, 15).

Xullas, millionlab kishilar to‘la ishonch bilan, hayotdan ko‘z yumgan yaqinlarini, shu yer yuzida qayta ko‘ra olish umidiga egalar. Lekin umuman boshqa sharoitlarda. Qanday sharoitlarda deysizmi? Ushbu, Muqaddas Kitobga asoslangan tirilish umidi to‘g‘risida batafsilroq, risolaning so‘nggi «O‘lganlarning kelajagi bor», deb nomlangan qismidan bilib olamiz.

Hozir esa keling, o‘z yaqinidan judo bo‘lib qayg‘u chekayotgan kishini tashvishga solayotgan savollarni ko‘rib chiqaylik. Masalan: Men shunchalik qayg‘u chekayotganim to‘g‘rimi? Bunday qayg‘u bilan qanday yashay olaman? Yaqinlarim menga qanday yordam berishlari mumkin? Qanday qilib men qayg‘u chekayotganlarga yordam berishim mumkin? Va eng muhimi: Qanday qilib Muqaddas Kitob o‘lganlarning kelajagi borligini tasdiqlaydi? Hayotdan ko‘z yumgan yaqinlarimni, bir kun kelib yana ko‘ra olamanmi? Va qayerda?