Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1- BOB

Nima uchun Iso Ulug‘ Ustoz bo‘lgan?

Nima uchun Iso Ulug‘ Ustoz bo‘lgan?

IKKI MING yildan ko‘proq vaqt oldin yer yuzida ajoyib bir bola tug‘ildi. Bu bolakay katta bo‘lib, dunyodagi eng ulug‘ bir insonga aylandi. O‘sha vaqtlarda na samolyot, na mashinalar bo‘lgan. Bundan tashqari televizor, kompyuter va Internet ham bo‘lmagan.

Bu bolaning otini Iso qo‘yishdi. U yer yuzida eng dono kishi bo‘lib ulg‘aydi. Shuningdek, Iso zo‘r bir ustoz bo‘lib yetishdi. U qiyin narsalarni oddiy va tushunarli qilib aytib berardi.

Iso odamlarni har xil joylarda o‘rgatardi. U dengiz sohilida va qayiqda turib, uylarga borib hamda yo‘lda ketayotib dars berardi. Isoning mashinasi bo‘lmagan, u avtobusga ham, poezdga ham minmagan. Ha, Iso piyoda yurib, odamlarga ta’lim berardi.

Boshqa odamlardan biz ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin, shunday emasmi?! Lekin eng muhim narsalarni biz Ulug‘ Ustoz bo‘lmish Isodan o‘rgansak bo‘ladi. Uning gaplari Muqaddas Kitobda yozilgan. Ushbu gaplarni tinglaganimizda, biz xuddi Isoning o‘ziga quloq solganday bo‘lamiz.

Xo‘sh, nima uchun Iso Ulug‘ bir Ustoz bo‘lgan? Chunki uning o‘zida ham Ustoz bo‘lgan. Shuning uchun Iso tinglash qanchalik muhim ekanini bilgan. Ammo Iso kimga quloq solgan ekan-a? Uning Ustozi kim bo‘lgan? ~ Uning Ustozi Otasi bo‘lgan. Isoning Otasi esa Xudo.

Yerga inson bo‘lib kelishdan avval, Iso osmonda Xudo bilan yashagan. Iso shunisi bilan boshqa odamlardan ajralib turadi. Axir hech bir odam dunyoga kelishdan oldin osmonda yashamagan-da. Osmonda Iso yaxshi bir O‘g‘il bo‘lib, Otasiga quloq solardi. Shuning uchun Iso Xudodan o‘rgangan narsalarni odamlarga yetkazib berishi mumkin edi. Demak, dadajoningiz va ayajoningizga quloq solsangiz, Isoga o‘xshagan bo‘lasiz.

Isoning Ulug‘ Ustoz bo‘lishining yana boshqa sababi — u odamlarni yaxshi ko‘rgan. U odamlarga Xudo to‘g‘risida bilib olishlariga yordam berishni xohlagan. To‘g‘ri, Iso kattalarni yaxshi ko‘rgan, lekin u bolajonlarni ham sevgan. Bolalarga ham Iso bilan birga bo‘lish juda yoqardi, chunki u bolakaylar bilan gaplashardi va ularni tinglardi.

Nega bolalar Isoning yonida bo‘lishni yoqtirishardi?

Bir kuni ota-onalar Isoning oldiga bolajonlarini olib kelishdi. Ammo Isoning o‘rtoqlari Ulug‘ Ustozning bolakaylar bilan gaplashishga vaqti yo‘q, deb o‘ylashgan. Xullas, Isoning o‘rtoqlari ota-onalar bolajonlarini olib ketishlarini aytishdi. Ammo Iso nima degan ekan-a? ~ Iso: «Bolajonlarga to‘sqinlik qilmanglar, oldimga kelaverishsin»,— dedi. Ha, Iso, bolakaylar uning oldiga kelishlarini xohlardi. Garchi Iso judayam dono va mashhur odam bo‘lgan bo‘lsa-da, u bolajonlarga dars berish uchun vaqt ajratardi (Mark 10:13, 14).

Bilasizmi nima uchun Iso bolalarga ta’lim berardi va ularni tinglardi? U bolakaylarni baxtiyor ko‘rishni xohlardi, shuning uchun Iso ularga osmondagi Otasi — Xudo haqida aytib berardi. Siz-chi, odamlarni qanday baxtli qilishingiz mumkin? ~ Ularga Xudo haqida bilib olgan narsalarni aytib bersangiz bo‘ladi.

Bir kuni Iso o‘rtoqlariga muhim saboq berish uchun jajji bolakayni misol qilib oldi. Iso o‘sha bolani chaqirib, shogirdlarning o‘rtasiga qo‘ydi. Keyin Iso o‘sha kap-katta kishilarga o‘zgarib, shu bolakay kabi bo‘lish kerakligini aytdi.

Kattalar ham, yoshlar ham jajji bolakaydan nimani o‘rganishlari mumkin?

Xo‘sh, Iso bu bilan nima aytmoqchi bo‘lgan? Kap-katta kishilar va hatto yoshlar qanday qilib o‘sha bolakay kabi bo‘lishlari kerak-a? ~ Jajji bolakay kattalarga qaraganda ko‘p narsani bilmaydi, shuning uchun o‘rganishga tayyor bo‘ladi. Demak, Iso o‘sha gaplari bilan shogirdlari shu bolakayga o‘xshab kamtarin bo‘lishlari kerakligini aytmoqchi edi. Ha, biz boshqa insonlardan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin. Iso o‘rgatgan narsalar esa shaxsiy fikrlarimizdan ham muhimroqdir (Matto 18:1–5).

Isoning Ulug‘ Ustoz bo‘lganiga yana bir sabab, u hikoyalarini odamlarga qiziqarli qilib aytib berardi. U sodda va aniq tushuntirardi. Iso, odamlarga Xudo to‘g‘risida aytib berish uchun qushlar, gullar va boshqa oddiy narsalarni misol qilib olardi.

Kunlarning birida Iso tog‘ bag‘rida bo‘lganida, uning oldiga ko‘p odamlar keldi. Keyingi betdagi rasmda ko‘rib turganingizdek, Iso o‘tirib gapira boshladi. Uning bu gaplari «Tog‘dagi va’z» deb nomlanadi. «Qushlarga bir qaranglar,— dedi Iso. — Ular urug‘ ekishmaydi, hosil ham o‘rishmaydi va omborga don ham yig‘ishmaydi. Ammo Xudo ularga ovqat beradi. Sizlar esa ulardan ancha qadrliroqsiz!»

Qushlar va gullar to‘g‘risida gapirib, Iso nimani o‘rgatmoqchi edi?

Keyin Iso: «Dashtdagi piyozgullardan ibrat olinglar — deb aytdi. — Bu gullar umuman mehnat qilishmaydi. Qaranglar, ular naqadar chiroyli-a! Hatto boy shoh Sulaymon ham shu daladagi piyozgullarning hech biriday kiyinmagan. Agar Xudo gullarni shunday kiyintirib qo‘ygan bo‘lsa, unda sizlarni ham kiyintirib qo‘ymaydimi?» (Matto 6:25–33).

Iso nimalarni o‘rgatmoqchi bo‘lgan ekan? ~ Iso, biz ovqatni yoki kiyimni qayerdan topamiz deb xavotir olishimizni xohlamagan. Biz bunga muhtoj ekanimizni Xudo biladi. Shu bilan Iso biz ovqat va kiyim topish uchun ishlamasak ham bo‘ladi, demoqchi emasdi. Ammo Iso bu so‘zlar bilan Xudo hayotimizda birinchi o‘rinda turishi kerakligini aytmoqchi bo‘lgan. Agar biz shunday yo‘l tutsak, Xudo bizda ovqat va kiyim bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qiladi. Siz-chi, bunga ishonasizmi? ~

Xo‘sh, Isoning gaplariga odamlar qanday munosabat bildirishdi? ~ Muqaddas Kitobda aytilishicha, Isoning gaplariga insonlar qoyil qolishdi. Ha, uni tinglash ularga judayam yoqardi. Chunki uning gaplari ularga to‘g‘ri yo‘l tutishga yordam berardi (Matto 7:28).

Chindan ham, Isoga quloq solish judayam muhim. Buni qanday qilish kerak ekan? ~ Uning gaplari bitta kitobda yozib qoldirilgan. Bilasizmi, bu qaysi kitob? ~ Bu Muqaddas Kitob. Ushbu kitobni diqqat bilan o‘qisak, Isoga quloq solgan bo‘lamiz. Aslida, Isoga quloq solishimiz kerakligini Xudo ham aytgan. Muqaddas Kitobda bu to‘g‘risida qiziqarli bir hikoya bor. Keling, o‘shanda nima bo‘lganini bilib olaylik.

Bir marta Iso uchta o‘rtog‘ini baland bir toqqa olib chiqdi. O‘rtoqlarining ismlari Yoqub, Yuhanno va Butrus edi. Keyinchalik biz ular haqida ko‘proq bilib olamiz, chunki ular Isoning yaqin do‘stlari edi-da. Lekin bu safar g‘alati bir narsa yuz berdi! Isoning yuzi quyosh kabi yarqirab ketdi. Uning kiyimi esa, rasmda ko‘rib turganingizdek, qorday oppoq bo‘lib qoldi.

«Bu Mening sevikli O‘g‘limdir... Unga quloq solinglar»

Qo‘qqisdan Iso va o‘rtoqlari osmondan bir sadoni eshitishdi: «Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, undan mamnunman. Unga quloq solinglar» (Matto 17:1–5). Bu kimning ovozi bo‘lgan ekan-a? ~ Bu Xudoning ovozi edi! Ha, Xudoning O‘zi ular O‘g‘liga quloq solishlari kerakligini aytdi.

Biz-chi? Xudoga itoat qilib, Uning O‘g‘liga quloq solamizmi? ~ Aslida hammamiz Isoga quloq solishimiz kerak. Buni qanday qilishimiz mumkin, ayting-chi? ~

Muqaddas Kitobda Isoning hayoti to‘g‘risida yozilgan hikoyalarni o‘qib, Xudoning O‘g‘liga quloq solishimiz mumkin. Chindan ham, Ulug‘ Ustozimiz bizga ko‘p qiziqarli narsalarni aytib berishi mumkin. Muqaddas Kitobda yozilgan barcha narsalar to‘g‘risida bilib olish sizga albatta yoqadi. Bilib olgan yaxshi narsalarni o‘rtoqlaringizga ham aytib bersangiz yanada xursand bo‘lasiz.

Isoga quloq solish qanchalik muhim ekaniga ishonch hosil qilish uchun, Muqaddas Kitobingizni ochib, Yuhanno 3:16; 8:28–30; Havoriylar 4:12- oyatlarni o‘qing.