Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

2- BOB

Mehribon Xudodan kelgan xat

Mehribon Xudodan kelgan xat

SIZ qaysi kitobni ko‘proq yaxshi ko‘rasiz? ~ Ba’zi bolalar hayvonlar to‘g‘risidagi kitoblarni yoqtirishadi. Boshqalari esa rasmli kitoblarni tanlashadi. Bunaqa kitoblarni o‘qish juda qiziqarli.

Ammo dunyodagi eng yaxshi kitoblar — Xudo to‘g‘risida haqiqatni ochib beradigan kitoblardir. Bulardan biri eng qimmatbaho kitob hisoblanadi. Bu qaysi kitob ekanligini bilasizmi? ~ Bu, Muqaddas Kitobdir.

Nima uchun Muqaddas Kitob shunchalik muhim ekan? ~ Chunki uni bizga Xudo bergan. Bu kitobda Xudo va Uning biz uchun qiladigan yaxshiliklari to‘g‘risida yozilgan. Yana, unda Xudoni xursand qilish uchun o‘zimizni qanday tutishimiz kerakligi aytilgan. Muqaddas Kitobni Xudodan kelgan xat desa bo‘ladi.

Xudo xohlaganda, Muqaddas Kitobni osmonda yozib, keyin odamlarga yuborishi mumkin edi. Lekin U bunday qilmadi. Xudo Muqaddas Kitobni yer yuzidagi xizmatchilariga yozdirgan va unda nima yozilishini O‘zi hal qilgan.

Qiziq, Xudo buni qanday qilgan ekan? ~ Keling, bir o‘ylab ko‘raylik. Biz radio tinglaganimizda, juda uzoqda bo‘lgan odamlarning ovozlarini eshita olamiz. Televizor tomosha qilganimizda esa, hatto boshqa yerlarda yashovchi odamlarni ko‘rib, ularning gaplarini ham eshitishimiz mumkin.

Odamlar raketada oyga uchib, osmondan yer yuziga xabar yubora olishadi. Siz shuni bilarmidingiz? ~ Agar buni odamlar eplay olishsa, Xudo ham osmondan xabar yubora olmaydimi? ~ Albatta yubora oladi! Aslida Xudo, odamlar radio va televizorni o‘ylab chiqarishlaridan ancha oldin shunday qilib bo‘lgan.

Xudo juda uzoqda bo‘laturib, odamlar bilan gaplasha olishini qayerdan bilamiz?

Xudoning ovozini eshitgan odamlardan birining ismi Muso edi. U Xudoni ko‘rmagan, faqat ovozini eshitgan xolos. Muso bilan birga millionlab odamlar Xudoning ovozini eshitishgan. O‘shanda momaqaldiroq gumburlab, chaqmoq chaqqan va tog‘ titrab ketgandi. Odamlar, ular bilan Xudo gaplashayotganini tushunishgan. Ular qo‘rqqanlaridan Musoga: «Bizga o‘zingiz gapiring, biz eshitaylik. Xudo bizga gapirmasin, tag‘in o‘lib ketmaylik»,— deb yolvorishgan. Keyinchalik, Muso Xudodan eshitgan gaplarni yozib olgan. Muso yozgan so‘zlarni esa biz Muqaddas Kitobdan o‘qishimiz mumkin (Chiqish 20:18–21).

Muso Muqaddas Kitobning Tavrot nomli qismini yozgan. Ammo Muqaddas Kitobni yozishda boshqalar ham qatnashgan. Xudo Muqaddas Kitobning turli qismlarini 40 tacha odamga yozdirgan. Bu odamlar qadim-qadim zamonlarda yashashgan va Muqaddas Kitobning yozilishi tugaguncha ko‘p yillar o‘tgan. Ha, bunga taxminan 1 600-yil sarflangan. Uni yozgan kishilardan ba’zilari bir-birini hech qachon ko‘rishmagan. Shunga qaramay, ularning yozganlari bir-biriga to‘g‘ri kelishi bizni qoyil qoldiradi.

Muqaddas Kitobni yozgan bu kishilarning ismlari nima?

Xudo Muqaddas Kitobni yozdirgan kishilardan ayrimlari juda taniqli bo‘lishgan. Garchi Muso bir vaqtlar qo‘y boqib yurgan bo‘lsa-da, keyinchalik u Isroil xalqini boshqargan. Sulaymon shoh edi va u yer yuzida hammadan donoroq, boyroq kishi bo‘lgan. Boshqa yozuvchilar esa unchalik taniqli bo‘lishmagan. Masalan, Amos anjir daraxtlarini o‘stirardi.

Muqaddas Kitobni yozgan kishilardan biri do‘xtir edi. Uning ismini bilasizmi? ~ Bu Luqo edi. Boshqa yozuvchi soliq yig‘ib yuradigan, ya’ni odamlardan pul olib, davlatga topshiradigan kishi bo‘lgan. Uning ismi Matto edi. Yana bir yozuvchi, Yahudiy dinining qonunlarini zo‘r biladigan huquqshunos edi. U Muqaddas Kitob yozilishida hammadan ko‘proq qatnashgan. Uning ismini-chi, bilasizmi? ~ U Pavlus edi. Bundan tashqari, Muqaddas Kitob yozilishida Butrus va Yuhanno ismli Isoning shogirdlari ham qatnashgan. Bu ikkovi baliqchi bo‘lishgan.

O‘sha yozuvchilardan ko‘pchiligi, Xudo kelajakda nima qilishi to‘g‘risida yozishgan. Ular bu narsalarni oldindan qanday bila olishgan ekan? ~ Buni ularga Xudoning O‘zi bildirgan. Ha, Xudo ularga kelajakda yuz beradigan voqealarni aytib bergan.

Ulug‘ Ustoz bo‘lgan Iso yer yuziga kelguncha, Muqaddas Kitobning katta qismi yozilib bo‘lgan edi. Unutmang, Ulug‘ Ustoz oldin osmonda bo‘lgan. Xudo nima qilganini u bilar edi. Muqaddas Kitob Xudodan ekanligiga u ishonganmi? ~ Ha, ishongan.

Iso odamlarga Xudo haqida gapirganda, Muqaddas Kitobdan o‘qir edi. Ba’zan u oyatlarni yoddan aytardi. Iso bizga Xudodan yana boshqa bilimlarni ham keltirgan. Uning o‘zi: «Men dunyoga faqat Undan eshitganlarimni gapiryapman xolos»,— degan (Yuhanno 8:26). Iso Xudo bilan birga yashagani uchun, U haqda ko‘p narsani aytib berishi mumkin edi. Qani aytingchi, Isoning so‘zlarini qayerdan o‘qisak bo‘ladi? ~ Balli, Muqaddas Kitobdan. Undagi hamma narsa, biz o‘qishimiz uchun yozilgan.

Xudo Muqaddas Kitobni yozish uchun tanlagan insonlar o‘z ona tillarida yozishgan. Shuning uchun, Muqaddas Kitobning katta qismi ibroniycha, ozginasi oromiycha, qolgani esa yunoncha yozilgan. Hozirgi odamlarning ko‘pi bu tillarni bilmagani uchun, Muqaddas Kitob boshqa tillarga tarjima qilingan. Bugungi kunda Muqaddas Kitobning ayrim qismlarini 2 260 dan ziyod tillarda o‘qish mumkin. Shuncha ko‘p tilga tarjima qilinganini bir tasavvur qiling-a! Ha, Muqaddas Kitob Xudoning hamma odamlarga yuborgan xatidir. Lekin qancha tillarga tarjima qilingan bo‘lsa ham, u Xudoning Kalomi bo‘lib qolaveradi.

Muqaddas Kitobda yozilgan barcha narsa biz uchun muhimdir. Qadimda yozilganiga qaramay, bu kitobda bugungi voqealar haqida aytilgan. Shuningdek unda, Xudo yaqinda nima qilmoqchi ekanligi to‘g‘risida ham yozilgan. Uni o‘qiganda etimiz jimirlab ketadi! Bu kitob bizga ajoyib bir umid baxsh etadi.

Muqaddas Kitobni o‘qib, undan nimani o‘rganishingiz mumkin?

Muqaddas Kitobda, Xudo qanday hayot kechirishimizni xohlayotgani aytilgan. Yana unda nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri ekanligi ko‘rsatilgan. Buni siz ham, men ham bilishim kerak. Shuningdek, bu kitobda yomonlik qilgan odamlar va ularga nima bo‘lganligi haqida yozilgan. Bu, ularning xatolarini takrorlamasligimiz uchun bizga ogohlantirish bo‘lib xizmat qiladi. Ha, bularning barisi bizning foydamiz uchun yozilgan.

Ammo Muqaddas Kitob bizga foyda keltirishini xohlasak, avval mana shu savolga javob topishimiz kerak: Muqaddas Kitobni bizga kim bergan? Siz qanday javob bergan bo‘lardingiz? ~ To‘ppa-to‘g‘ri, uni bizga Xudo bergan. Unday bo‘lsa, chindan ham dono ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz? ~ Xudoni tinglab, Uning aytganlarini qilish orqali.

Xullas, Muqaddas Kitobni birgalikda o‘qish uchun vaqt ajratishimiz zarur. Biz yaxshi ko‘rgan odamdan xat olsak, uni qayta-qayta o‘qiymiz. Chunki u biz uchun juda azizdir. Muqaddas Kitob esa bizni hammadan ko‘ra ko‘proq sevadigan Zotdan kelgan. U mehribon Xudoyimizning xatidir.

Muqaddas Kitob chindan ham bizning foydamizga yozilganini va u Xudoning Kalomi ekanini ko‘rishni istaysizmi? U holda mana bu oyatlarni o‘qib chiqish uchun yana bir necha daqiqa vaqt ajrating: Rimliklarga 15:4; 2 Timo‘tiyga 3:16, 17; 2 Butrus 1:20, 21.