Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

6- BOB

Ulug‘ Ustoz boshqalarga xizmat qilyapti

Ulug‘ Ustoz boshqalarga xizmat qilyapti

O‘ZGALAR sizga biron-bir yaxshilik qilishsa, sizga yoqadimi? ~ Boshqalarga ham bu yoqadi. Ha, bu barchaga yoqadi. Ulug‘ Ustoz buni yaxshi bilardi va hamisha odamlarga yordam berardi. U shunday degan: «Men o‘zimga xizmat qildirish uchun emas, boshqalarga xizmat qilish uchun kelganman» (Matto 20:28).

Isoning shogirdlari nima haqida bahslashishgandi?

Xo‘sh, Ulug‘ Ustozimizga qanday taqlid qilishimiz mumkin? ~ Biz boshqalarga xizmat qilishimiz kerak. Ha, biz ularga yaxshilik qilishimiz darkor. Ammo ko‘p odamlar bunday yo‘l tutishmaydi. Aksariyat kishilar hamisha boshqalar ularga xizmat qilishlarini xohlashadi. Bir paytlar Isoning izdoshlari ham shunday o‘ylashgan. Har biri eng buyuk, e’tiborli kishi bo‘lishni istardi.

Bir kuni Iso shogirdlari bilan birga Kafarnahum shahriga kelishdi. Bu shahar Jalila dengizi yonida joylashgan. Ular bitta uyga kirishganda Iso shogirdlaridan: «Yo‘l-yo‘lakay nima to‘g‘risida bahslashgandilaring?» — deb so‘radi. Lekin shogirdlar jim turishgan, sababi ular yo‘lda oralaridan kim buyuk ekani to‘g‘risida bahslashishgan (Mark 9:33, 34).

Isoning hech bir shogirdi o‘zini boshqalardan buyukroq, deb hisoblamasligi kerak. Buni Iso yaxshi tushunardi. Shu sababli, bu kitobning birinchi bobidan bilib olganimizday, Iso shogirdlarining o‘rtasiga jajji bolakayni olib, shu bolakay kabi kamtarin bo‘lish muhimligini tushuntirdi. Lekin bu gap ularning bir qulog‘idan kirib, ikkinchisidan chiqib ketdi. Iso vafot etishidan sal oldin, shogirdlariga dars berib qo‘ydi. Ular bu darsni bir umrga eslab qolishgan. Qiziq, Iso nima qilgan ekan-a? ~

Kechlik paytida Iso dasturxon oldidan turib, sochiqni beliga bog‘ladi. Keyin tog‘oraga suv qo‘ydi. Uning shogirdlari Iso nimalar qilayotganidan hayron qolishgan bo‘lsa kerak. Shunda Iso shogirdlarning oldiga kelib, cho‘kkalab o‘tirdi-da ularning oyoqlarini yuva boshladi. Qoyil-a! Siz ham o‘sha yerda bo‘lib qolsangiz bormidi? O‘zingizni qanday his qilardingiz? ~

Iso shogirdlariga qanday dars berib qo‘ygan?

Isoning shogirdlari Ulug‘ Ustozlari bunday xizmat qilishini ko‘rib, rosa xijolat bo‘lishdi. Havoriy Butrus hatto o‘zini chetga ola boshladi. Ammo Iso, bu u uchun qanchalik muhim ekanini aytdi.

To‘g‘ri, bugungi kunda boshqalarning oyoqlarini yuvish odati yo‘q. Lekin Iso yer yuzida yashaganida, bu urf-odat hisoblangandi. Nimaga, bilasizmi? ~ Iso va uning shogirdlari yashagan joyda odamlar yalang oyoqlariga sandal kiyishardi. Odam chang yo‘llarda yurganda oyoqlari kir bo‘lardi. Shuning uchun, uyga kelgan mehmonning oyoqlarini yuvish mehribonlik hisoblanardi.

Biroq bu safar shogirdlarning hech biri boshqalarga bunday mehmondo‘stlik ko‘rsatishni hayoliga ham keltirmadi. Shu sababli, Iso buni o‘zi qildi. Bunday yo‘l tutib, Iso shogirdlariga muhim bir saboq qoldirdi. Ha, shogirdlar bir narsani uqib olishlari kerak edi. Bu biz uchun ham yaxshi bir dars.

Bu darsning mag‘zi nimada ekanini bilasizmi? ~ Dasturxon oldiga qaytib, Iso shunday dedi: «Men nima qilganimni tushundilaringmi? Sizlar meni “Ustoz”, “Hazrat” deb ataysizlar va bu to‘g‘ri, men o‘shaman. Demak, agar men Hazrat va Ustoz bo‘la turib oyoqlaringizni yuvgan bo‘lsam, unda sizlar ham bir-biringizning oyoqlaringizni yuvishingiz kerak» (Yuhanno 13:2–14).

Boshqalarga qanday yordam bera olasiz?

Ulug‘ Ustoz shogirdlariga boshqalarga xizmat qilish qanchalik muhim ekanini ko‘rsatdi. Iso, shogirdlari faqat o‘zlarini o‘ylashlarini xohlamasdi. Shuningdek u, shogirdlar o‘zlarini e’tiborli hisoblab, boshqalar ularga xizmat qilishi kerak, degan fikrga ega bo‘lishlarini istamasdi. Aksincha, shogirdlari boshqalarga xizmat qilishga tayyor bo‘lishlarini xohlardi.

Qanday zo‘r o‘rnak, shunday emasmi? ~ Siz-chi, Ulug‘ Ustozga o‘xshab boshqa odamlarga xizmat qilishni xohlaysizmi? ~ Har birimiz odamlarga yordam berishimiz mumkin. Bunday yo‘l tutib, biz insonlarni baxtli qila olamiz. Eng asosiysi esa, Iso va Otasi Yahova bundan rosa xursand bo‘lishadi.

Boshqa odamlarga xizmat qilish unchalik qiyin emas. Buning uchun judayam diqqatli va kuzatuvchan bo‘lish kerak, shunda boshqalarga yordam berish imkonlari ko‘p ekanini payqaysiz. Masalan, oyingizga qanday yordam berishingiz mumkinligini o‘ylab ko‘ring? Axir u siz va butun oila uchun ko‘p ishlar qiladi-ku. Xo‘sh, unga nimada dastyor bo‘lishingiz mumkin? ~ Uning o‘zidan so‘ramaysizmi?

Misol uchun, dasturxon yozishingiz mumkin. Yoki ovqatlanib bo‘lgandan so‘ng, kir idishlarni yig‘ishtirib qo‘ysangiz bo‘ladi. Masalan, ba’zi bolalar har kuni tashqariga axlat chiqarishadi. Nima qilishingizdan qat’i nazar siz Iso kabi boshqalarga xizmat qilasiz.

Uka-singillaringiz bormi? Ularga xizmat qila olasizmi? Yodingizda bo‘lsa, Ulug‘ Ustozimiz Iso o‘z shogirdlariga xizmat qilgan. Siz ham uka-singillaringizga xizmat qilib, Isoga ergashgan bo‘lasiz. Ammo ular uchun nima qila olasiz? ~ Ehtimol, ular o‘ynab bo‘lishgandan so‘ng, o‘yinchoqlarini joy-joyiga qo‘yib qo‘yishda yordam bersa bo‘ladi. Yoki kiyinishda, yotgan joylarini yig‘ishtirib qo‘yishda yordamlashsangiz bo‘ladi. Balki o‘zingiz nima qilish kerakligini o‘ylab ko‘rarsiz? ~ Sizning ezgu ishlaringizni ko‘rib, xuddi shogirdlari Isoni yaxshi ko‘rishganidek, ular ham sizni yaxshi ko‘rishadi.

Maktabda ham siz boshqalarga xizmat qilishingiz mumkin. Masalan, sinfdoshlaringizga yoki o‘qituvchilaringizga. Agar kimdir kitoblarini tushirib yuborsa, ularni olib berib yaxshi ish qilgan bo‘lardingiz. Yana o‘qituvchingizga doskani artib qo‘yishda yordam berishni taklif qilsangiz bo‘ladi. Bundan tashqari, boshqalar kirishi uchun eshikni ochiq ushlab tursangiz, mehribon ekaningizni ko‘rsatgan bo‘lardingiz.

Ehtimol, odamlar savob ishlar qilganingiz uchun rahmat ham aytishmas. Shunda biz yaxshilik qilmay qo‘yamizmi, nima deb o‘ylaysiz? ~ Hecham! Aksariyat kishilar Isoga rahmat deyishmasdi. Biroq, u yaxshi ishlar qilishda davom etgan.

Shunday ekan, keling boshqa odamlarga xizmat qilish imkonlarini izlaylik. Shuningdek, Ulug‘ Ustozimiz Iso qanday yo‘l tutganini eslab, unga o‘xshashga harakat qilaylik.

Boshqalarga yordam berish to‘g‘risida ko‘proq bilish uchun Hikmatlar 3:27, 28; Rimliklarga 15:1, 2 va Galatiyaliklarga 6:2- oyatlarni o‘qing.