Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

11- BOB

Xudo farishtalarining yordami

Xudo farishtalarining yordami

BA’ZI odamlar, faqat ko‘rgan narsalariga ishonishlarini aytishadi. Axir, bu bema’nilik-ku. Atrofimizda ko‘zga ko‘rinmaydigan shuncha narsa bor. Birinchi bo‘lib, xayolingizga nima keldi? ~

Masalan, havoni olaylik. Biz uni sezamizmi? ~ Qo‘lingizni uzatib, unga puflang-da. Biror narsani sezdingizmi? ~ Ha, lekin biz havoni ko‘ra olmaymiz, to‘g‘rimi? ~

Biz, ko‘zga ko‘rinmaydigan ruhiy shaxslar to‘g‘risida gapirib o‘tgan edik. Ulardan ayrimlari yaxshi, boshqalari esa yomon ekanini bilib oldik. Ko‘zga ko‘rinmaydigan ayrim yaxshi ruhiy shaxslarni nomma-nom ayta olasizmi? ~ Ha, bu Tangri Yahova, Iso va farishtalardir. Yomon farishtalar ham bormi? ~ Muqaddas Kitobda aytilishicha, bor. Qani, ular haqda nimani bilib olganingizni menga aytib bering-chi. ~

Misol uchun, yaxshi farishtalar ham, yomon farishtalar ham bizdan ancha qudratliroq. Ulug‘ Ustozimiz farishtalar to‘g‘risida ko‘p narsani biladi. Nega deganda, dunyoga chaqaloq bo‘lib kelishidan oldin, u osmonda bir farishta edi. U osmonda boshqa farishtalar bilan birga yashagan. U millionlab farishtalarni taniydi. Qiziq, hamma farishtalarning ham ismlari bormi? ~

Oldin bilib olganimizdek, Xudo hamma yulduzlarga nom bergan. Demak, farishtalarning ham ismlari borligi aniq. Bundan tashqari, ular bir-biri bilan gaplasha olishadi, chunki Muqaddas Kitobda «farishtalarning tillari» borligi to‘g‘risida aytilgan (1 Korinfliklarga 13:1). Sizningcha, farishtalar nima haqda gaplashishadi? Balki, biz to‘g‘rimizda gaplashishayotgandir? ~

Bilamizki, Shaytonning farishtalari, ya’ni jinlar, bizni Yahovaga itoat qilmaslikka undaydilar. Shuning uchun, ehtimol ular bizni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirish haqida so‘zlashishar. Yahova bizni yomon ko‘rib qolishi uchun, ular bizni o‘zlariga o‘xshatib qo‘ymoqchi. Xudoning sodiq farishtalari to‘g‘risida-chi, nima desa bo‘ladi? ~ Sizningcha, ular ham biz haqimizda gaplashisharmikin? ~ Albatta. Chunki ular bizga yordam berishni xohlashadi. Endi diqqat bilan tinglang. Hozir men sizga, Yahovani yaxshi ko‘rgan va Unga xizmat qilgan kishilarga Xudoning farishtalari qanday yordam berishgani to‘g‘risida aytib beraman.

Qadim zamonda, Bobil shahrida Doniyor ismli bir kishi yashardi. O‘sha shaharda ko‘pchilik Yahovani yaxshi ko‘rmasdi. Odamlar hatto Yahovaga ibodat qilgan har bir insonni jazolaydigan qonun chiqarishdi. Ammo Doniyor Yahovaga ibodat qilishdan voz kechmadi. Bu uchun Doniyorni nima qilishdi, bilasizmi? ~

Ha, yomon odamlar Doniyorni sherlar uyasiga tashlashdi. O‘sha yerda Doniyor, qorni och sherlar yonida yolg‘iz qoldi. Keyin-chi nima bo‘ldi, bilasizmi? ~ Doniyorning so‘zlariga ko‘ra: «Xudo farishtasini yuborib sherlarning og‘izlarini berkitib qo‘ydi». Sherlar Doniyorga zarracha ham ziyon yetkazishmadi! Ko‘rib turganingizdek, farishtalar Yahovaga xizmat qilayotgan kishilar uchun ajoyib ishlar qilishga qodir (Doniyor 6:18–22).

Xudo Doniyorni qanday qutqardi?

Yana bir misolni olaylik. Kunlardan bir kun, Butrus qamoqqa tushib qoldi. Esingizda bo‘lsa, Butrus Ulug‘ Ustozimiz bo‘lmish Iso Masihning o‘rtog‘i edi. Butrus Isoni Xudoning O‘g‘li deyishi ba’zi odamlarga yoqmasdi. Shuning uchun ular Butrusni qamoqqa tashlashdi. Butrus hech qayerga qochib ketmasin, deb uni askarlar qo‘riqlab turishardi. Qiziq, endi uni birov qutqara olarmikin? ~

Butrus ikki soqchining o‘rtasida, qo‘llari zanjir bilan bog‘langan holda uxlayotgan edi. O‘shanda nima yuz bergani haqida Muqaddas Kitobda quyidagicha yozilgan: «Nogahon Yahovaning farishtasi paydo bo‘ldi va Butrus yotgan xonada nur porladi. Farishta uning biqiniga turtib uyg‘otdi-da: “Tezda o‘rningdan tur!” — dedi».

Farishta Butrusni qamoqdan qanday ozod etdi?

Shu ondayoq Butrusning qo‘llaridagi zanjirlar tushib ketdi! Keyin farishta unga shunday dedi: «Ust-boshingni va oyoq kiyimingni kiy-da, orqamdan yur». Soqchilar Butrusni to‘xtata olishmasdi, chunki unga farishta yordam berayotgan edi-da. Ular temir darvozaga yetib kelishganida, ajoyib narsa yuz berdi. Darvoza o‘z-o‘zidan ochilib ketdi! O‘sha farishta, Butrus va’z qilishda davom etsin, deb uni ozodlikka chiqargan edi (Havoriylar 12:3–11).

Xudoning farishtalari bizga ham yordam bera olishadimi? ~ Bo‘lmasam-chi. Bu, ular bizni har qanday balodan himoya qilishini anglatadimi? ~ Yo‘q, agar biz hayotimizni xavf ostiga solsak, farishtalar bizni sira ham himoya qilishmaydi. Ammo yomon ish qilmasak ham, baribir qiyinchiliklarga duch kelishimiz mumkin. Farishtalarga, bizni har qanday yomonlikdan himoya qilish buyurilmagan. Lekin Xudo ularga o‘zgacha vazifa topshirgan.

Muqaddas Kitobda, butun dunyodagi insonlarga, Xudoga topinishlari kerakligini aytayotgan bir farishta to‘g‘risida yozilgan (Vahiy 14:6, 7). Farishta buni odamlarga qanday qilib aytadi? Hamma eshitsin, deb u osmondan baqiradimi? ~ Yo‘q, aslida boshqalarga Xudo haqida Isoning shogirdlari gapirishadi. Farishtalar esa bu ishda ularga bosh-qosh bo‘lib turishadi. Farishtalar, chindan ham Xudo to‘g‘risida bilishni istagan insonlarga xushxabarni eshitish imkoniyati berilsin, deb g‘amxo‘rlik qilishadi. Shunday ekan, va’zgo‘ylik ishida qatnashsak, farishtalar bizga yordam berishadi.

Agar Xudoni yomon ko‘rgan kishilar bizga zarar yetkazishsa nima bo‘ladi? Ular bizni qamoqqa tashlashsa-chi? Shunda farishtalar bizni ozodlikka chiqarishadimi? ~ Ular uchun bu qiyin ish emas. Lekin ular har doim ham bunday qilishmaydi.

Farishta Pavlusga nima deyapti?

Bir marta Isoning shogirdi Pavlusni hibsga olishgan edi. Uni kemaga o‘tqazib, boshqa shaharga olib ketishayotgandi. O‘shanda dengizda kuchli bo‘ron ko‘tarildi. Ammo farishtalar uni ozodlikka chiqarishmadi. Chunki boshqa odamlar ham Xudo to‘g‘risida eshitishi kerak edi-da. Farishta unga shunday dedi: «Qo‘rqma, Pavlus. Sen podshohning oldida turishing kerak». Ha, Pavlusni o‘sha paytda butun dunyoni boshqargan podshohning oldiga olib borishlari kerak edi. Shunday qilib, u podshohga xushxabarni yetkaza olishi mumkin edi. Farishtalar Pavlusning qayerdaligini har doim bilib, unga yordam berishardi. Agar biz chin dildan Xudoga xizmat qilsak, farishtalar bizga ham yordam berishadi (Havoriylar 27:23–25).

Yaqin kelajakda farishtalar yana bir muhim ishda qatnashishadi. Xudo yomon odamlarni yo‘q qilib tashlaydigan vaqt yaqinlashib qoldi. Haqiqiy Xudoga xizmat qilmayotganlarning bari yo‘q qilinadi. O‘shanda farishtalarni ko‘ra olishmagani uchun ularga ishonmayotgan insonlar qanchalik adashishganini tushunib yetishadi (2 Salonikaliklarga 1:6–8).

Bizga-chi, nima bo‘ladi? ~ Xudoning farishtalari tarafida bo‘lsak, ular albatta bizga yordam berishadi. Biz chindan ham ularning tarafidamizmi? ~ Ha, agar Yahovaga xizmat qilayotgan bo‘lsak. Shunday ekan, biz boshqalarni ham Yahovaga xizmat qilishga chorlashimiz kerak.

Farishtalar insonlarning hayotiga qanday ta’sir qilishlari mumkinligi to‘g‘risida ko‘proq bilish uchun Zabur 33:8; Matto 4:11; 18:10; Luqo 22:43 va Havoriylar 8:26–31- oyatlarini o‘qing.