Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

13- BOB

Isoning shogirdlari

Isoning shogirdlari

Bu kishi kim? U qanday qilib Isoning shogirdi bo‘ldi?

SIZNINGCHA, Xudoga xizmat qilgan insonlar orasida eng zo‘ri kim edi? ~ To‘ppa-to‘g‘ri, Iso Masih. Biz ham u kabi bo‘la olamizmi? ~ Muqaddas Kitobda, Isoning izidan yurishimiz uchun u bizga o‘rnak qoldirgani haqida aytilgan. Ha, Iso bizni o‘zining shogirdi bo‘lishga taklif etyapti.

Isoning shogirdi bo‘lish nimani anglatadi, bilasizmi? ~ Buning uchun bizdan ba’zi narsalar talab qilinadi. Avvalambor, uning aytganlarini qilishimiz kerak. Ammo buning o‘zi yetarli emas. Biz shuningdek, uning so‘zlariga chin yurakdan ishonishimiz kerak. Agar Isoning gaplariga ishonayotgan bo‘lsak, demak ularni bajarishimiz kerak.

Ko‘p odamlar: «Biz Isoga ishonamiz»,— deyishadi. Lekin ularning hammasini uning shogirdlari, desa bo‘ladimi? ~ Yo‘q, ulardan ko‘pchiligi aslida Isoning shogirdlari emas. Ehtimol, ular cherkovga borishayotgandir. Ammo bunday odamlarning aksariyati Isoning ta’limotlarini o‘rganib chiqish uchun hech qachon vaqt ajratishmagan. Faqat Isoning namunasiga taqlid qilgan kishilarnigina uning shogirdlari deyish mumkin.

Keling endi, Iso yer yuzida yashagan vaqtda uning shogirdi bo‘lgan ayrim insonlar to‘g‘risida suhbatlashaylik. Isoning ilk shogirdlaridan biri Filipdir. Filip, Natanail degan do‘stini izlab yuribdi. Natanail esa (uning boshqa ismi Bartolmey), rasmda ko‘rsatilganidek, daraxt tagida o‘tiribdi. Natanail Isoning yoniga kelganida, Iso: «Ana, haqiqiy isroillik, unda hecham ayyorlik yo‘q»,— dedi. Natanail esa hayron bo‘lib: «Meni qayerdan bilasiz?» — deb so‘radi.

Iso kimlarni shogirdlikka taklif etgan?

Unga javoban Iso shunday dedi: «Filip hali seni chaqirmasidan oldin, anjir daraxti tagida o‘tirganingni ko‘rgan edim». Iso uning qayerda bo‘lganini aniq aytgani uchun, Natanail qoyil qoldi! Shuning uchun u: «Siz Xudoning O‘g‘li, Isroilning Podshohisiz»,— deb aytdi (Yuhanno 1:49).

Yahudo Ishqariyot, Yahudo (shuningdek, Taddey deb nom olgan) va Simun

Iso Filip bilan Natanailni chaqirishidan bir kun oldin, boshqalar ham uning shogirdi bo‘lishgan edi. Bu kishilar Yuhanno, Idris va Idrisning akasi Butrus edi. Ehtimol, bu kishilarning orasida Yuhannoning akasi Yoqub ham bo‘lgandir (Yuhanno 1:35–51). Ammo oradan vaqt o‘tib, ularning to‘rtalasi ham yana baliqchilik ishiga qaytishdi. Bir kuni Iso Jalila dengizi sohilida aylanib yurganda, Butrus bilan Idrisning dengizga to‘r tashlashayotganini ko‘rib qoldi. Iso ularni chaqirib: «Mening ortimdan yuringlar»,— dedi.

Alfeyning o‘g‘li Yoqub, To‘ma va Matto

Iso sal nariroq yurib, Yoqub bilan Yuhannoni uchratdi. Ular otalari bilan birga qayiqda baliq tutadigan to‘rlarni yamab o‘tirishgan edi. Iso ularga ham orqasidan borishlarini aytdi. Agar u sizni ham chaqirganida, nima qilardingiz? Darrov orqasidan borarmidingiz? ~ Bu kishilar Isoning kim ekanini bilishardi. Ha, uni Xudo yuborganidan ular shubhalanishmasdi. Shuning uchun, ular darrov baliqchilikni tashlab, Isoning ortidan ergashib ketishdi (Matto 4:18–22).

Natanil, Filip va Yuhanno

Bu kishilar Isoning shogirdi bo‘lishgani uchun, endi ular doimo to‘g‘ri yo‘l tutishlarini anglatadimi? ~ Yo‘q. Esingizda bo‘lsa, ular oralarida kim eng buyuk ekani haqida bahslashishgan. Lekin ular Isoga quloq solib, yaxshi tomonga o‘zgarishga harakat qilishardi. Agar biz yaxshi tomonga o‘zgarishga harakat qilsak, biz ham Isoning shogirdi bo‘la olamiz.

Yuhannoning akasi Yoqub, Idris, Butrus

Iso har turli odamlarni o‘zining shogirdi bo‘lishga taklif etardi. Bir marta, bitta boy-badavlat boshqaruvchi yigit Isoning oldiga kelib, abadiy hayotga ega bo‘lish uchun nima qilish kerakligini so‘radi. Bu yigit bolaligidanoq Xudoning amrlarini bajarib kelayotganini aytdi. Shunda Iso unga: «Kelib, mening izdoshim bo‘ling»,— deb taklif etdi. U esa nima qildi, bilasizmi? ~

U, Isoning shogirdi bo‘lish, boylikka ega bo‘lishdan ham muhimroq ekanini bilib, rosa xafa bo‘ldi. Shunday qilib, u Isoning shogirdi bo‘lmadi, chunki u Xudodan ko‘ra ko‘proq pulni yaxshi ko‘rardi (Luqo 18:18–25).

Iso odamlarga xushxabar aytib yurganidan beri taxminan bir yarim yil o‘tib, shogirdlaridan 12 tasini havoriy qilib tayinladi. Iso ularni o‘zgacha bir vazifani bajarishga yubordi. Siz havoriylarning ismlarini bilasizmi? ~ Keling, ularning ismlarini yodlab ko‘ramiz. Bunda bizga mana bu rasmlar yordam beradi. Qani, havoriylarning ismlarini aytib ko‘ring-chi. Endi esa ularning ismlarini yoddan aytib ko‘ring.

Isoga xushxabarni va’z etishda yordamlashgan bu ayollar kim edi?

Afsuski, vaqt o‘tib bitta havoriy yomon yo‘lga kirib ketdi. Uning ismi Yahudo Ishqariyot edi. Uning o‘rniga boshqa bir kishini havoriy etib tayinlashdi. Bu kishining ismini bilasizmi? ~ Mattiya. Keyinchalik Pavlus bilan Barnabo ham havoriy bo‘lishdi, ammo ular 12 havoriy qatoriga kirishmagan (Havoriylar 1:23–26; 14:14).

Kitobimizning 1- bobidan bilib olganimizdek, Iso yosh bolalarni yaxshi ko‘rardi. Nima uchun? ~ Sababi, bir kun kelib ular ham Isoning shogirdi bo‘lishlari mumkin edi. Kattalar yosh bolalarning gapirishini qiziqib tinglashadi. Ba’zan bu ularni Ulug‘ Ustoz to‘g‘risida ko‘proq bilim olishga undashi mumkin.

Isoning shogirdlari orasida ko‘pgina ayollar ham bor edi. Ulardan ayrimlari, Iso boshqa shaharlarga va’z qilgani borganda, orqasidan ergashib ketishgan. Bu ayollar Maryam, Yo‘anna va Susanna edi. Ehtimol, ular Iso uchun ovqat tayyorlab, kiyimlarini yuvib berishgandir (Luqo 8:1–3).

Siz ham Isoning shogirdi bo‘lishni xohlaysizmi? ~ Unutmang, shunchaki uning shogirdi ekanimizni aytishning o‘zi yetarli emas. Biz o‘zimizni Isoning shogirdidek tutishimiz kerak. Ammo buni faqatgina yig‘ilishlarda emas, balki boshqa joylarda ham qilishimiz kerak. Nima deb o‘ylaysiz, yana qayerda o‘zimizni Isoning shogirdidek tutishimiz zarur? ~

To‘g‘ri, biz uyda ham, maktabda ham o‘zimizni shunday tutishimiz lozim. Ikkovimiz ham shuni yodda saqlashimiz kerakki, Isoning shogirdi bo‘lish — qayerda bo‘lishimizdan qat’i nazar har kuni, har soatda unga taqlid qilishimiz kerakligini anglatadi.

Ayniqsa qayerda o‘zimizni Isoning shogirdidek tutishimiz zarur?

Hozir esa birgalikda Matto 28:19, 20; Luqo 6:13–16; Yuhanno 8:31, 32 va 1 Butrus 2:21- oyatlarini ochib, Muqaddas Kitobda Isoning shogirdlari to‘g‘risida nima deyilganini o‘qib chiqamiz.