Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

16- BOB

Hayotda nima muhim?

Hayotda nima muhim?

Bu kishining muammosi nimada edi?

BIR kuni Isoning oldiga bir kishi keldi. U Isoning juda dono ekanini bilardi, shuning uchun undan: «Ustoz, akamga ayting, merosni men bilan bo‘lishsin»,— deya iltimos qildi. Bu kishiga, akasining ba’zi narsalariga egalik qilish huquqi bordek tuyulardi.

Isoning o‘rnida bo‘lganingizda, siz bu kishiga nima der edingiz? ~ Iso gap nimadaligini darrov tushundi. Lekin muammo akasining narsalariga egalik qilishida emas edi. Kishining muammosi, hayotda nima muhimligini tushunmasligida edi.

Keling, bir o‘ylab ko‘raylik. Biz uchun hayotda nima muhim bo‘lishi kerak? Zo‘r o‘yinchoqlar, yangi kiyimlar yoki boshqa biron narsalarmi? ~ Yo‘q, hayotda bundan-da muhimroq narsalar bor. Iso aynan shularni o‘rgatmoqchi edi. Shu sababli, u Xudoni unutgan bir kishi haqida hikoya aytib berdi. Buni eshitmoqchimisiz? ~

O‘sha kishi judayam boy edi. Uning dalasi va g‘alla omborlari bo‘lgan. Shuningdek, ishlari ham yaxshi yurishgan va dalasi ko‘p hosil bergan. Bug‘doyi shunchalik ko‘p ediki, hatto omborlarda joy qolmadi. Xo‘sh, u nima qilishi kerak edi? «Mana bunday qilaman,— deya o‘ylaydi u. — Omborlarimni buzib, kattarog‘ini quraman-da, butun g‘allayu mol-mulkimni o‘sha yerga jamlayman».

O‘sha boy kishi judayam dono qaror chiqardim, deb o‘ylardi. Uning fikricha, ko‘p narsalarni yig‘ish chindan ham arzigulik ish edi. U o‘zicha: «Men ko‘p yillarga yetadigan mol-mulk yig‘ib qo‘ydim. Endi maza qilib yeb-ichib, rohatini ko‘raman»,— deb o‘ylardi. Ammo bu boy kishining fikrlash tarzi noto‘g‘ri edi. Sababini bilasizmi? ~ O‘sha kishi har doim o‘zi hamda xursanchilik to‘g‘risida o‘ylardi. U Xudoni umuman unutib yuborgan.

Bu boy kishi nima haqda o‘ylab yotibdi?

Xudo o‘sha boy kishiga shunday dedi: «Ey nodon, shu kechaning o‘zidayoq o‘lasan. Bu barcha yiqqan narsang kimga qoladi?» Xo‘sh, boy kishi o‘lgandan keyin bu narsalardan foydalana olarmidi? ~ Yo‘q, uning o‘rniga boshqasi undan foydalanardi. Iso shunday aytgan: «O‘zi uchun mol-mulk to‘plab, Xudo nazarida boyimagan odamning oxirati ana shunday bo‘ladi» (Luqo 12:13–21).

Albatta, siz o‘sha boy kishiga o‘xshashni xohlamaysiz, shunday emasmi? ~ Bu kishining yashashdan maqsadi, ko‘p boylik to‘plash edi. Ammo u juda adashgandi. Boy kishiga hamisha bir narsa yetishmasdi: u ko‘proq narsaga ega bo‘lishni istardi. Biroq u «Xudo nazarida boyimagan».

Ko‘p odamlar bu boyga o‘xshaydi. Ular doimo ko‘proq narsaga ega bo‘lishmoqchi. Lekin bu ko‘p muammolarni tug‘dirishi mumkin. Masalan, o‘yinchoqlaringiz bor, shunday emasmi? ~ Qanday o‘yinchoqlaringiz bor, ayting-chi? ~ O‘rtog‘ingizda sizda yo‘q bo‘lgan koptok, qo‘g‘irchoq yoki boshqa biron-bir o‘yinchoqni ko‘rib qolsangiz-chi? Ota-onangizdan aynan shunday o‘yinchoqni olib berishini so‘rash to‘g‘ri bo‘larmidi? ~

Boshida bu o‘yinchoqdan muhimroq narsa yo‘qdek ko‘rinadi. Ammo vaqt o‘tib, odatda nima bo‘ladi? ~ O‘yinchoq eskirib qoladi. U sinib qolishi mumkin va siz u bilan boshqa o‘ynashni istamassiz. Aslini olganda, sizda o‘yinchoqlardan qadrliroq narsa bor. Bu nima, bilasizmi? ~

Sizda o‘yinchoqlardan qadrliroq nima bor?

Bu hayotingizdir. Sizning hayotingiz judayam aziz, chunki usiz hech narsa qila olmaysiz. Lekin hayotingiz Xudoga itoat qilishingizga bog‘liq, to‘g‘rimi? ~ Shuning uchun keling, Xudoni unutib yuborgan o‘sha nodon boyga o‘xshab qolmaylik.

Biroq, nafaqat bolalar, balki kattalar ham o‘sha nodon boy kabi yo‘l tutishadi. Ba’zilar hamisha ko‘proq narsaga ega bo‘lishni istashadi. Ularda yeyish uchun ovqat, kiyish uchun kiyimlari va turar joylari bor. Ammo bu ular uchun yetarli emas. Ular ko‘proq kiyimga va kattaroq uyga ega bo‘lishmoqchi. Bu esa katta pul turadi. Shuning uchun ular ko‘proq mehnat qilishadi. Lekin ko‘proq pul topgan sari, ular bundan-da ko‘proq pulga ega bo‘lishmoqchi.

Shunday insonlar ham borki, ular juda ko‘p ishlashgani uchun oilasiga ham vaqt ajrata olishmaydi. Ularda Xudo uchun ham vaqt yo‘q. Ammo pul hayotlarini saqlashi mumkinmi? ~ Yo‘q. Ular o‘lganda, pul ularga kerak bo‘ladimi? ~ Aslo. Axir o‘lganlar hech narsa qila olishmaydi-ku (Voiz 9:5, 10).

Demak, pulga ega bo‘lish yomon ekan-da? ~ Yo‘q. Chunki pulga biz yegulik va kiyim sotib olishimiz mumkin. Muqaddas Kitobda aytilishicha, pul vaqtinchalik orom beradi (Voiz 7:12). Bordi-yu, pulni sevsak, shunda biz jiddiy muammolarga uchrashimiz mumkin. O‘shanda biz Xudoning nazarida boyimagan, ammo o‘zi uchun boylik to‘plagan haligi nodon boyga o‘xshab qolamiz.

Xo‘sh, Xudoning nazarida boy bo‘lish nimani anglatadi? ~ Bu degani, hayotimizda Xudoni birinchi o‘ringa qo‘yishdir. Ba’zi odamlar Xudoga ishonamiz, deyishadi. Ularning o‘ylashicha, odam Xudoning borligiga ishonsa bas. Lekin ular Xudoning nazarida boymi? ~ Yo‘q, ular Xudoni unutgan haligi boy kishidan hech qanday farq qilishmaydi.

Hazratimiz Iso esa osmondagi Otasini hech qachon unutmagan. U pul yig‘ish bilan ovora bo‘lmagan. Isoda narsalar ham kam edi. Hayotda nima muhimligini Iso yaxshi bilardi. Siz-chi, bilasizmi? ~ Hayotda eng muhimi — Xudoning nazarida boy bo‘lishdir.

Bu qizaloqning hayotida nima muhim ekan?

Ayting-chi, biz qanday qilib Xudoning nazarida boy bo‘lishimiz mumkin? ~ Buning uchun hammamiz Unga yoqadigan ishlarni qilishimiz kerak. Iso shunday degan: «Men doim Unga ma’qul bo‘lgan ishni qilaman» (Yuhanno 8:29). Ha, Xudoga ma’qul keladigan ishlarni qilsak, bu Unga yoqadi. Endi menga ayting-chi, siz Xudoni qanday xursand qilishingiz mumkin? ~ To‘g‘ri, siz Muqaddas Kitobni o‘qishingiz, jamoat yig‘ilishlarga borishingiz, Xudoga ibodat qilishingiz va boshqalarga U haqda aytib berishingiz mumkin. Bular chindan ham hayotda muhim narsalardir.

Iso Xudoning nazarida boy bo‘lgani uchun, Yahova unga g‘amxo‘rlik qilgan. U Isoni abadiy hayot bilan taqdirlagan. Agar biz Isoga taqlid qilsak, Yahova bizni sevadi va bizga g‘amxo‘rlik qiladi. Shu yo‘sin, biz Xudoni unutgan boy kishi kabi emas, Isoga o‘xshagan bo‘lamiz.

Moddiy narsalarga munosabatimiz qanday bo‘lish kerakligi quyidagi oyatlarda ko‘rsatilgan: Hikmatlar 23:4; 28:20; 1 Timo‘tiyga 6:6–10 va Ibroniylarga 13:5.