Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

18- BOB

Rahmat deyishni unutmayapsizmi?

Rahmat deyishni unutmayapsizmi?

SIZ bugun tushlik qildingizmi? ~ Uni kim tayyorladi? ~ Ehtimol, uni oyingiz yoki boshqasi tayyorlagandir. Lekin nega biz yegulik uchun Xudoga rahmat aytishimiz kerak? ~ Sababi, bizga yegulik beradigan o‘simliklarni aynan Xudo o‘stirgan. Bundan tashqari, yegulikni biz uchun tayyorlagan va dasturxon yozgan kishiga ham rahmat deyishimiz lozim.

Ba’zida bizga yaxshilik qilgan kishilarga rahmat aytish esimizdan chiqib qoladi, shunday emasmi? Ulug‘ Ustozimiz yer yuzida bo‘lganida, ayrim moxovlar unga rahmat deyishni unutib yuborishgan.

Moxov o‘zi kim ekanini bilasizmi? ~ Moxov — bu shunday kasallikka yo‘liqqan kishi. Bu kasallik dastidan ba’zida odam terisining bir qismi irib tushadi. Iso yer yuzida bo‘lgan vaqtda, moxovlar boshqa insonlardan alohida yashashardi. Moxov boshqa kishining yaqinlashib kelayotganini ko‘rib qolsa, undan uzoqroq yursin, deya baqirib ogohlantirardi. Birov moxovga juda yaqin kelib, undan kasallikni yuqtirmasligi uchun u shunday qilishi kerak edi.

Iso moxovlarga judayam mehribon edi. Bir kuni Iso Quddusga ketayotib, kichik bir qishloqqa kirdi. U yerda o‘nta moxovni uchratdi. O‘sha moxovlar, Iso Xudoning qudrati bilan turli kasalliklarni davolay olishini eshitishgan edi. Shuning uchun ular Isoni ko‘rishga chiqishdi.

Moxovlar Isoning yoniga yaqinlashmay, bir chetda to‘xtab turishdi. Ular Isoning shifo berishiga ishonishardi. Ulug‘ Ustozni ko‘rgach, ular: «Ey Ustozimiz Iso, bizga yordam bering!» — deyishdi.

Kasal odamlarga rahmingiz keladimi? ~ Isoning ham rahmi kelgan. U moxovlarga qanchalik qiyin bo‘lganini bilgan. Shu sababli, Iso ularga shunday dedi: «Borib, o‘zingizni ruhoniylarga ko‘rsatinglar» (Luqo 17:11–14).

Iso ushbu moxovlarga nima qilishni aytyapti?

Nima uchun Iso ularga shunday dedi? Qadimda Yahova O‘z xalqiga moxovlarga tegishli bo‘lgan qonunni bergan. Ruhoniy vaqti-vaqti bilan moxovning tanasini ko‘rib qo‘yishi kerak edi. Moxovning kasallikdan forig‘ bo‘lganini faqat ruhoniy aniqlay olardi. Agar u tuzalgan bo‘lsa, yana sog‘lom odamlar ichida yashashi mumkin edi (Levilar 13:16, 17).

Lekin bu moxovlar hali ham kasal edilar. Iso aytganidek, ular ruhoniyga borishdimi? ~ Ha, ular darhol ruhoniyning oldiga borishdi. O‘sha kishilar, Iso ularni sog‘aytira olishiga judayam qattiq ishonishgan bo‘lsa kerak. Xo‘sh, nima yuz berdi?

Ular ruhoniyning oldiga ketishayotgan paytda kasallikdan qutulishdi. Tanalari soppa-sog‘ bo‘ldi. Vo ajabo, ular sog‘ayishdi! Ularning Isoga bo‘lgan ishonchi taqdirlandi. Ular qanchalik xursand bo‘lishganini bir tasavvur qiling-a! Ammo ular minnatdorligini qanday izhor etishlari mumkin edi? Siz nima qilgan bo‘lardingiz? ~

Bu moxov nima qilishni unutmadi?

Moxovlardan biri Isoning oldiga qaytdi. U Yahovani maqtab, Unga shon-sharaflar keltira boshladi. Uning bunday yo‘l tutishi to‘g‘ri edi, chunki unga shifo bergan qudrat Xudodan kelib chiqqandi. Shuningdek, o‘sha kishi Ulug‘ Ustozimizning oldida tiz cho‘kib, unga ham rahmat aytdi. Isoning qilgan ishi uchun u judayam minnatdor edi.

Biroq qolgan to‘qqiztasi qayerda edi? Iso shunday so‘radi: «Poklanganlar o‘n kishi emasmidi? Qolgan to‘qqiztasi qani? Nahotki Allohni sharaflash uchun bitta kishi qaytgan bo‘lsa?»

Ha, aynan shunday bo‘ldi. O‘ntasidan faqat bitta kishi Isoga rahmat deb, Xudoga sharaflar yoki maqtovlar aytdi. Bu kishi o‘zi samariyalik, ya’ni boshqa davlatning fuqarosi edi. Qolgan to‘qqiz kishi esa Xudoga va Isoga rahmat deyishni hayoliga ham keltirishmadi (Luqo 17:15–19).

Siz bu kishilardan qaysinisiga o‘xshamoqchisiz? Hammamiz o‘sha samariyalik kishiga o‘xshashni istaymiz, to‘g‘rimi? ~ Xo‘sh, biron-bir kimsa bizga yaxshilik qilsa, nima qilishni unutmasligimiz kerak? ~ To‘ppa-to‘g‘ri, rahmat aytishni esdan chiqarmaylik. Odatda odamlar rahmat deyishni unutishadi. Ammo rahmat deyish yaxshi. Bunday yo‘l tutib, biz Tangri Yahova hamda Uning O‘g‘li Isoni xursand qilamiz.

Isoning yoniga qaytgan moxovga qanday taqlid qilishingiz mumkin?

Agar bu haqda o‘ylasangiz, siz uchun boshqalar qancha yaxshi ishlar qilishganini unutmaysiz. Qani eslang-chi, siz qachon kasal bo‘lgansiz? ~ To‘g‘ri, siz hech qachon o‘sha o‘nta moxov kabi kasal bo‘lmagansiz. Balki qattiq shamollagandirsiz yoki qorningiz yomon og‘rigandir? O‘shanda sizni kimdir davolaganmi? ~ Ehtimol, sizga dori berib yoki qandaydir boshqa usullar bilan g‘amxo‘rlik qilishgan. Sog‘ayib ketganingiz uchun rosa xursand bo‘lganmisiz? ~

Samariyalik kishi shifo topgani uchun Isoga minnatdorchilik bildirgan va bu Isoga judayam yoqqan. Nima deb o‘ylaysiz, ota-onangiz siz uchun biron narsa qilishsa va siz bu uchun ularga rahmat aytsangiz, ular xursand bo‘lishadimi? ~ Albatta!

Nima uchun rahmat aytishni esdan chiqarmaslik muhim?

Shunday odamlar borki, ular siz uchun har kuni yoki har hafta biron yaxshilik qilishadi. Ehtimol, bu ularning ishidir. Bu ish ularga yoqayotgandir. Ammo ba’zida siz rahmat deyishni unutayotgandirsiz. Bir o‘ylab ko‘ring, o‘qituvchingiz sizga ko‘p narsani o‘rgatish uchun qancha kuch sarflaydi. To‘g‘ri, bu uning ishi. Ammo siz uning yordami uchun rahmat aytsangiz u rosa suyunadi.

Gohida odamlar biz uchun arzimagan narsalar qilishadi. Masalan, kirishingiz uchun kimdir sizga eshik ochib turganmi? Yoki tushlik paytida non uzatib berganmi? Bu arzimagan ishlar uchun ham rahmat aytish yaxshi odat.

Agar biz odamlarga rahmat deyishni unutmayotgan bo‘lsak, unda samoviy Otamizga ham rahmat aytishni esdan chiqarmasligimiz kerak. Axir Parvardigorimiz Yahova qanchadan-qancha narsalarni bizga sovg‘a qilgan-ku! U bizga hayot hamda uni maroqli qiladigan narsalarni bergan. Shunday ekan keling, har kuni Xudoga sharaflar keltirib, U haqda yaxshi narsalarni gapiraylik.

Rahmat aytish kerakligi haqida quyidagi oyatlardan o‘qisangiz bo‘ladi: Zabur 91:2; Efesliklarga 5:20; Kolosaliklarga 3:17 va 1 Salonikaliklarga 5:18.