Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

23- BOB

Odamlar nega kasal bo‘lishadi?

Odamlar nega kasal bo‘lishadi?

SIZ biron-bir kasal insonni taniysizmi? ~ Ehtimol, o‘zingiz ham kasal bo‘lgandirsiz. Balki shamollagandirsiz yoki qorningiz og‘rigandir. Ayrim insonlar juda qattiq kasaldirlar. Ular hatto birovning yordamisiz o‘rnidan tura olishmaydi. Ko‘pincha odam qariganda shunday bo‘ladi.

Ba’zida hamma odamlar kasal bo‘lib turishadi. Bilasizmi, nega odamlar kasal bo‘lib, qarib, o‘lishadi? ~ Kunlarning birida, Isoning oldiga yura olmaydigan kasal bir insonni olib kelishdi. O‘shanda Iso odamlarning kasal bo‘lib o‘lishi sababini tushuntirib bergandi. Xohlasangiz, sizga bu haqda aytib beraman.

Iso Jalila dengizi yaqinidagi bir shaharga borgan edi. Isoni ko‘rish uchun u turgan uyga ko‘pgina odamlar kelishdi. Odam ko‘pligidan o‘sha uyga boshqa hech kim kira olmasdi. Hatto eshik oldiga biron inson yaqinlasha olmasdi. Shunga qaramay, odamlar tinmay kelaverishardi! O‘shanda bir necha kishi to‘shakka mixlanib yotgan shol odamni ko‘tarib kelishdi. U to‘rt kishi ko‘taradigan zambilda, ya’ni karavotchada yotgan edi.

Nima uchun odamlar bu kasal kishini Isoning yoniga olib kelishganini bilasizmi? ~ Ular, Iso bu kishiga yordam bera olishiga ishonishgan. Ha, Iso uni sog‘aytira olishiga ular amin edilar. Ular o‘sha shol kishini odamlar bilan liq to‘la uyga, Isoning yoniga qanday olib kirishganini bilasizmi? ~

Buni qanday qilishgani rasmda ko‘rsatilgan. Avval ular bu kishini tomga olib chiqishdi. Uyning tomi tekis edi. Keyin ular tomda katta teshik ochishdi. Oxiri o‘sha kasal kishini teshikdan pastga, xonaning ichiga tushirishdi. Imonlari juda kuchli ekan-a?!

O‘sha xonada bo‘lgan odamlar buni ko‘rib, qoyil qolishdi. Zambilda yotgan shol odam naq ularning o‘rtasiga tushirilgan edi. Qiziq, uni tomdan tushirishganiga Isoning jahli chiqqanmi? ~ Yo‘q, aslo! Iso ularning imonini ko‘rib, xursand bo‘ldi. U shol odamga: «Gunohlaringiz kechirildi»,— dedi.

Iso shol odamga nima qilishni aytdi?

U yerdagi ba’zi insonlar, Isoning bunday deyishga haqqi yo‘q, deb o‘ylashdi. Iso gunohlarni kechira olishiga ular ishongisi kelmasdi. Shunda Iso, chindan ham gunohlarni kechira olishini ko‘rsatish uchun shol kishiga: «O‘rningizdan turing-da, zambilingizni olib, uyingizga ketavering»,— dedi.

Iso shunday deyishi bilanoq, shol odam sog‘ayib ketdi! Endi u birovning yordamisiz o‘rnidan turib, yura oladigan bo‘ldi. Bu mo‘jizani ko‘rganlarning og‘zi ochilib qoldi. Ular bunaqa ajoyib ishni hali hech qachon ko‘rishmagan! Shunday kasalliklarni davolay oladigan Ulug‘ Ustozni yuborgani uchun, ular Yahovaga hamd-u sanolar ayta boshlashdi (Mark 2:1–12).

Bu mo‘jizadan biz nimani bilib oldik?

Bu mo‘jizadan biz nimani bilib oldik? ~ Iso gunohlarni kechirish va kasallarni sog‘aytirish qudratiga ega ekan. Shuningdek, yana bir muhim narsani bilib oldik: odamlar gunoh dastidan kasal bo‘lishyapti.

Ba’zida hammamiz kasal bo‘lib turamiz-ku. Nahotki barchamiz gunohkor bo‘lsak? ~ Ha, Muqaddas Kitobda aytilishicha, har birimiz gunohkor bo‘lib tug‘ilganmiz. Gunohkor bo‘lib tug‘ilish o‘zi nima degani, bilasizmi? ~ Bu degani, biz nomukammal bo‘lib dunyoga kelganmiz. Ba’zan xohlamasak ham noto‘g‘ri ishlar qilib qo‘yamiz. Xo‘sh, hamma odamlar qanday qilib gunohkor bo‘lib qolishganini bilasizmi? ~

Biz, ilk inson — Odamato Xudoga itoat qilmagani tufayli gunohkor bo‘lib qoldik. U Xudoning qonunini buzib, gunoh qildi. Shunday qilib, Odamatoning gunohi barchamizga o‘tdi. Qanday qilib o‘tdi, bilasizmi? Buni tushunishingiz uchun hozir sizga bir misol keltiraman.

Qanday qilib hammamiz gunohkor bo‘lib qoldik?

Qolipga xamir solib, non pishirishganini ko‘rgandirsiz. Agar qolipning ezilgan joyi bo‘lsa, nima bo‘ladi? ~ Non ham ezilgan joyning izi bilan chiqadi, to‘g‘rimi? ~

Odamatoni qolip bilan, bizlarni esa non bilan solishtirsa bo‘ladi. U Xudoning qonunini buzib, nomukammal bo‘lib qoldi. Odamatoda xuddi qolipdagi ezilgan joy singari iz paydo bo‘ldi. Uning bolalari-chi, kimga o‘xshab tug‘ilishdi? ~ Ularning hammasida nomukammallik izi ko‘rinib qoldi.

Bolalarning ko‘pi ko‘zga tashlanadigan kamchiliklar bilan, masalan qo‘lsiz yoki oyoqsiz bo‘lib tug‘ilishmaydi. Shunday bo‘lsa-da, nomukammallik ularga yomon ta’sir qiladi. Buning dastidan ular kasal bo‘lib, oxir-oqibat o‘lishadi.

Ammo ba’zi insonlar boshqalarga qaraganda ko‘proq kasal bo‘lishadi. Nega bunday bo‘ladi? Balki ular ko‘proq gunohkor bo‘lib tug‘ilishgandir? ~ Yo‘q, hamma bir xil gunohkor bo‘lib tug‘iladi. Barchamiz nomukammal bo‘lib dunyoga kelganmiz. Shuning uchun, bir kunmas bir kun har bir inson biron-bir dardga yo‘liqadi. Hatto Xudoning hamma qonunlarini bajarishga intilayotgan va hech qanday yomonlik qilmayotgan insonlar ham kasal bo‘lishadi.

Gunohdan qutulganimizda qanday sog‘liqqa ega bo‘lamiz?

Unda nega ayrim insonlar boshqalarga qaraganda ko‘proq kasal bo‘lishadi? ~ Buning ko‘pgina sabablari bor. Ehtimol, ular yetarli darajada ovqat yeyishmayotgandir. Balki ular noto‘g‘ri ovqatlanishayotgandir. Ular haddan ortiq ko‘p qand yoki shirinlik yeyishsa kerak. Yana bir sababi, ular juda kech yotib, uyquga to‘yishmayotgandir. Yoxud havo sovuq bo‘lganda, tashqariga yengil kiyinib chiqishsa kerak. Ba’zi insonlar o‘z sog‘lig‘iga yaxshi qarashsa ham, ularning organizmi zaif bo‘lib, turli xil yuqumli kasalliklarga qarshi kurasha olmaydi.

Qiziq, insonlar boshqa hech qachon kasal bo‘lmaydigan vaqt kelarmikan? Bir kun kelib, biz gunohdan butunlay qutulamizmi? ~ Qani, eslang-chi: Iso o‘sha shol odamga qanday yordam berdi? ~ Uning gunohlarini kechirib, dardiga shifo berdi. Bu bilan Iso, to‘g‘ri yo‘l tutishga intilayotgan barcha insonlar uchun kelajakda nima qilishini ko‘rsatgan.

Agar biz gunoh qilishni xohlamayotganimizni va yomonlikdan nafratlanayotganimizni ko‘rsatsak, Iso bizni ham sog‘aytiradi. Kelajakda u ichimizdan nomukammallikni chiqarib tashlaydi. U Xudo Shohligining Podshohi bo‘lgani uchun shunday qiladi. Tabiiyki, gunohdan bir zumda emas, asta-sekin qutulamiz. Gunohdan butunlay qutulganimizda, boshqa hech qachon kasal bo‘lmaymiz. O‘shanda barchamiz mukammal sog‘liqqa ega bo‘lamiz. Oh, qanday barakalarga ega bo‘lar ekanmiz-a?!

Gunoh har birimizga qanday ta’sir qilishi to‘g‘risida ko‘proq bilish uchun Ayub 14:4; Zabur 50:7; Rimliklarga 3:23; 5:12 va 6:23- oyatlarini o‘qib chiqing.