Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

25- BOB

Yomonlik qiluvchilar o‘zgarishi mumkinmi?

Yomonlik qiluvchilar o‘zgarishi mumkinmi?

HAMMA odamlar doimo yaxshilik qilishganda qanday zo‘r bo‘lardi, to‘g‘rimi? ~ Lekin afsuski, barchamiz tez-tez xato qilib turamiz. Bilasizmi, nega biz yaxshilik qilishni xohlaganimizda ham ba’zan yomonlik qilib qo‘yamiz? ~ Chunki barchamiz gunohkor bo‘lib tug‘ilganmiz. Ammo ayrim insonlar hamisha juda yomon ishlar qilishadi. Ular boshqalardan nafratlanib, atayin ziyon yetkazishadi. Sizningcha, bunday insonlar yaxshi tomonga o‘zgarishi mumkinmi? ~

Rasmda ko‘rsatilgan kishiga bir qarang. U Stefanni toshbo‘ron qilayotgan odamlarning kiyimlarini qo‘riqlab turibdi. Bu kishining ismi ibroniy tilida Shoul, rimliklar tilida esa Pavlus. Shoul, Ulug‘ Ustozimizning shogirdi bo‘lmish Stefanni o‘ldirishayotganini to‘g‘ri, deb hisoblayapti. Nega u bunday yomon ish qilyapti? Keling, shu haqda o‘ylab ko‘raylik.

Shoul yahudiy dinining farziylar, deb atalgan bir guruhiga mansub edi. Farziylar Xudoning Kalomini tan olishar edi-yu, lekin o‘zlarining diniy rahbarlari o‘rgatgan narsalarga ko‘proq e’tibor berishardi. Ana shu sababdan Shoul yomon ishlar qilib yurgan.

Quddus shahrida Stefanni hibsga olishganda, Shoul ham o‘sha yerda edi. Stefanni hukm qilgani olib kelishdi. Hakamlar orasida farziylar ham bor edi. Ular Stefanga qarshi ko‘pgina yomon gaplar gapirishdi, ammo u hecham qo‘rqmasdi. Ha, Stefan jasoratga to‘lib, hakamlarga Tangri Yahova hamda Iso to‘g‘risida zo‘r shohidlik berdi.

Biroq, hakamlarga Stefanning gaplari yoqmadi. Ular Iso haqida ko‘p narsani bilishardi. Yaqindagina ular Ulug‘ Ustozni o‘limga mahkum etishgandi! Lekin Yahova Isoni tiriltirib, qaytadan osmonga olib ketdi. Endi o‘sha hakamlar yaxshi tomonga o‘zgarishning o‘rniga, Isoning shogirdlariga qarshilik qilishyapti.

Ular Stefanni shahar tashqarisiga sudrab chiqishdi. Keyin uni yerga yiqitib, toshbo‘ron qilishdi. Rasmda ko‘rib turganingizdek, Shoul ularni kuzatib turibdi. U Stefanni o‘limga loyiq, deb o‘ylayapti.

Nega Shoul Stefanni o‘limga loyiq hisoblagan?

Nima uchun Shoul bunday deb o‘ylayapti, bilasizmi? ~ Chunki Shoul o‘zi farziy bo‘lib o‘sgan va farziylarning o‘rgatgan narsalariga ishonardi. Shoul ularga taqlid qilgani uchun ular kabi yo‘l tutardi (Havoriylar 7:54–60).

Stefanning o‘limidan so‘ng Shoul nima qilganini bilasizmi? ~ U Isoning boshqa shogirdlarini ham yo‘q qilishga urindi! Shoul ularning uylariga bostirib kirib, erkag-u ayollarni tashqariga sudrab chiqardi. Keyin u hammasini qamoqqa tashlardi. O‘shanda ko‘p shogirdlar Quddus shahridan qochib ketishga majbur bo‘lishdi. Ammo shunda ham ular Iso haqida va’z qilishdan to‘xtashmadi (Havoriylar 8:1–4).

Shu sababli, Shoul Isoning shogirdlarini battar yomon ko‘rardi. U oliy ruhoniy Kayafaning oldiga borib, Damashq shahrida yashovchi masihiylarni qamab qo‘yish uchun ruxsat oldi. Shoul ularni Quddusga olib kelib, qattiq jazolamoqchi edi. Biroq, u Damashqqa ketayotganida, yo‘lda ajoyib bir voqea yuz berdi.

Shoulga gapirayotgan kim edi va u Shoulga nima ish buyurdi?

To‘satdan osmondan nur yog‘ilib, Shoulga shunday ovoz eshitildi: «Shoul, Shoul, nimaga meni quvg‘in qilyapsan?» Bu, osmondan gapirayotgan Isoning ovozi edi! Nur shunchalik yorqin ediki, Shoul ko‘r bo‘lib qoldi. O‘shanda Shoul bilan birga ketayotgan odamlar uni Damashqqa yetaklab borishdi.

Oradan uch kun o‘tib, Iso Damashqda yashovchi Hananiya ismli shogirdiga ko‘rindi. Iso Hananiyaga Shoulning oldiga borishni va uning ko‘zlarini ochib, u bilan gaplashishni aytdi. Hananiya Shoul bilan gaplashganida, u Iso to‘g‘risidagi haqiqatni qabul qildi. Uning ko‘zlari ochildi va hayoti butunlay o‘zgarib ketdi. Natijada u Xudoning sodiq xizmatchisiga aylandi (Havoriylar 9:1–22).

Nima uchun Shoul ilgari bunday yomon ishlarni qilgan? ~ Chunki unga noto‘g‘ri narsalarni o‘rgatishgan edi. U Xudoga sodiq bo‘lmagan odamlarga taqlid qilardi. O‘sha odamlar o‘zlarining ta’limotlarini Xudoning Kalomidan muhimroq, deb bilishardi. Boshqa farziylar Xudoga qarshi kurashishda davom etishardi. Shoul esa hayot tarzini o‘zgartirib, yaxshilik qila boshlagan. Nega? ~ Chunki Shoul aslida haqiqatdan nafratlanmagan. Shu sababli, unga to‘g‘ri yo‘l tutishni o‘rgatishganida, u yaxshilik qila boshlagan.

Keyinchalik Shoul kim bo‘lganini bilasizmi? ~ Ha, u Isoning havoriysi bo‘lib, Pavlus deya tanildi. Esingizda bo‘lsa, Pavlus Muqaddas Kitob yozilishida hammadan ko‘proq qatnashgan.

Pavlusga o‘xshagan yana ko‘p insonlar o‘zgarishi mumkin. Lekin bu oson ish emas, chunki odamlarni yomonlik qilishga undaydigan bir shaxs bor. Uning kimligini bilasizmi? ~ Ulug‘ Ustozimiz Damashq yo‘lida Shoulga ko‘ringanida bu shaxs haqida gapirgan edi. O‘shanda Iso osmondan turib Shoulga shunday degandi: «Men seni odamlarning ko‘zlarini ochishing, ularni qorong‘ilikdan yorug‘likka chiqarishing va Shaytonning hokimiyatidan ozod etib, Xudoga topshirishing uchun yuboryapman» (Havoriylar 26:17, 18).

Ha, bizni yomon ishlar qilishga undayotgan — Iblis Shaytondir. Yaxshilik qilish ba’zan qiyinligini sezganmisiz? ~ Hammamizga qiyin. Bu Shaytonning ishi. Lekin yana bitta sababi bor. Xo‘sh, bu nima ekan? ~ Barchamiz gunohkor bo‘lib tug‘ilamiz.

Gunoh tufayli ko‘pincha yaxshilik qilishning o‘rniga yomonlik qilish osonroq bo‘ladi. U holda nima qilishimiz kerak? ~ Ha, to‘g‘ri yo‘l tutish uchun jon jahdimiz bilan kurashishimiz kerak. Agar shunday qilsak, bizni juda yaxshi ko‘radigan Iso albatta yordam beradi.

Iso yer yuzida yashagan paytda, ilgari yomonlik qilib, keyinchalik yaxshi tomonga o‘zgargan insonlarga o‘z sevgisini namoyon etardi. Ular uchun o‘zgarish qanchalik qiyinligini u bilardi. Masalan, o‘sha davrda ko‘pgina erkaklar bilan jinsiy aloqa qiladigan ayollar bo‘lgan. Tabiiyki, bu yomon ish edi. Muqaddas Kitobda bunaqa ayollar fohisha, deb nomlangan.

Nega Iso, ilgari yomon ishlar qilib yurgan bu ayolni kechirdi?

Bir kuni shunday ayol, Iso bir farziynikida mehmonda ekanini eshitib, o‘sha yerga bordi. U yig‘lab, Isoning oyoqlariga moy quydi va sochlari bilan ko‘z yoshlarini arta boshladi. Uning qilgan gunohlaridan juda ham afsus chekayotganini ko‘rib, Iso uni kechirdi. Farziy esa bu ayolni kechirilishga noloyiq, deb hisoblardi (Luqo 7:36–50).

Iso ayrim farziylarga nima deganini bilasizmi? ~ U shunday degan: «Fohishalar Xudoning Shohligiga sizlardan oldin kiradilar» (Matto 21:31). Sababi, fohishalar Isoga ishonib, yomon yo‘ldan qaytishayotgan edi. Farziylar esa Isoning shogirdlariga yomonlik qilishda davom etishayotgandi.

Xullas, biz qilayotgan ishlar Muqaddas Kitobda qoralansa, darhol o‘zgarishga tayyor bo‘lishimiz kerak. Shuningdek, Yahova bizdan nima talab qilayotganini bilsak, U xohlaganidek yo‘l tutishga jon kuydirishimiz lozim. Shunda Yahova behad xursand bo‘lib, bizga kelajakda abadiy yashash imkonini beradi.

Quyidagi oyatlar yomon ishlardan chetlanishimizga yordam beradi. Keling, ularni birgalikda o‘qib chiqaylik: Zabur 118:9–11; Hikmatlar 3:5–7 va 12:15.