Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

29- BOB

Hamma bayramlar Xudoga ma’qulmi?

Hamma bayramlar Xudoga ma’qulmi?

Nimaga bu bayram Xudoga yoqdi?

SIZ bayramlarni yaxshi ko‘rasizmi? ~ To‘g‘ri, bayram paytida kayfiyatimiz chog‘ bo‘ladi. Nima deb o‘ylaysiz, agar biz bayramga borganimizda, Ulug‘ Ustozimizga bu yoqarmidi? ~ Bir marta Isoning o‘zi ham shogirdlari bilan birga bayramda, ya’ni to‘yda bo‘lishgan. Yahova — «baxtiyor Tangridir», shuning uchun biz ham yaxshi bayramlarda xursand bo‘lganimizda, bu Unga yoqadi (1 Timo‘tiyga 1:11; Yuhanno 2:1–11).

Ushbu kitobning 29- betida ajoyib voqea tasvirlangan. U yerda Tangri Yahova, isroilliklar narigi qirg‘oqqa o‘tishi uchun Qizil dengiz o‘rtasidan yo‘l ochib bergandi. Bu voqea esingizdami? ~ Bundan so‘ng xalq Yahovaga hamdlar aytib, raqsga tusha boshladi. Ha, bu zo‘r bayram edi! O‘sha xalq juda baxtli edi va amin bo‘lishimiz mumkinki, Xudo ham bundan quvongandi (Chiqish 15:1, 20, 21).

Taxminan 40-yil o‘tib, isroilliklar boshqa katta bir bayramda ishtirok etishgan. Bu safar bayramni Yahovaning xizmatchilari bo‘lmagan kishilar uyushtirishgan. Ushbu bayramni uyushtirgan odamlar boshqa xudolarga sajda qilishardi. Shuningdek, ular er-u xotin bo‘lmay jinsiy aloqa qilishgan. Nima deb o‘ylaysiz, isroilliklar shu bayramga borib, to‘g‘ri ish qilishganmi? ~ Yahovaga bu judayam yoqmagandi va U isroilliklarni jazolagandi (Sahroda 25:1–9; 1 Korinfliklarga 10:8).

Muqaddas Kitobda yana ikkita tug‘ilgan kun to‘g‘risida ham aytilgan. Balki ulardan bittasi Ulug‘ Ustozimizning tug‘ilgan kunidir? ~ Yo‘g‘-e. Ikkala tug‘ilgan kun ham Yahovaga xizmat qilmagan kishilarniki edi. Bitta tug‘ilgan kun shoh Hirod Antipaniki edi. Iso yer yuzida yashaganida, u Jalila viloyatining hokimi edi.

Shoh Hirod ko‘p yomon ishlar qilgan. U akasining xotiniga uylangan. Xotinining ismi Hirodiya bo‘lgan. Yahyo payg‘ambar bu ishi uchun unga tanbeh bergan. Shoh Hirodga esa bu yoqmagan va u Yahyo payg‘ambarni qamoqqa tashlagan (Luqo 3:19, 20).

Yahyo payg‘ambar qamoqda o‘tirganida, Hirodning tug‘ilgan kunini nishonlaydigan vaqt keldi. Hirod katta ziyofat uyushtirdi. U tug‘ilgan kuniga obro‘li kishilarni taklif qildi. Ular yeb-ichishdi va ko‘ngilxushlik qilishdi. Hirodiyaning qizi kelib, o‘sha yerda o‘yinga tushdi. Uning raqsi Hirodga hamda u bilan birga yonboshlaganlarga juda yoqdi. Shunda podshoh qizga o‘zgacha sovg‘a qilmoqchi bo‘ldi. U qizga: «Istaganingni beraman, hatto podshohligimning yarmini so‘rasang ham beraman»,— dedi.

Qiziq, u nima so‘rar ekan? Pulmi? Yo chiroyli liboslarmi? Yoxud o‘zi uchun bir saroymi? Qiz nima so‘rashni bilmay, oyisi Hirodiyaning oldiga yugurib bordi-da, unga: «Nima so‘rasam ekan?» — deb savol berdi.

Hirodiya esa Yahyo payg‘ambardan rosa nafratlanardi. Shuning uchun u qiziga Yahyoning kallasini so‘rashini aytdi. Qiz podshohning yoniga qaytib borib: «Menga laganda Yahyoning boshini keltirishlarini xohlayman»,— deb aytdi.

Shoh Hirod Yahyo payg‘ambarni o‘ldirishni istamagandi. Chunki u Yahyo yaxshi inson ekanini bilardi. Lekin Hirod aytganini bajarmasa, mehmonlar uni va’dasida turmaydigan shoh deb o‘ylashadi. Ko‘p o‘ylamasdan, podshoh jallodni qamoqxonaga jo‘natib, Yahyoning boshini chopishni buyuradi. Jallod Yahyoning boshini laganda keltirdi-da, qizga uzatib berdi. Qiz esa uni onasiga olib borib berdi (Mark 6:17–29).

Muqaddas Kitobda boshqa tug‘ilgan kun haqida ham yozilgan va u oldingisidan farq qilmasdi. Bu fir’avn deb atalmish, Misr podshohining tug‘ilgan kuni edi. Shu bayram paytida fir’avn ham bir kishining boshini chopib tashladi. Ushbu odamning tanasini esa dorga ostirishdi va o‘sha yerda qushlar uning tanasini cho‘qib ketishdi (Ibtido 40:19–22). Nima deb o‘ylaysiz, bu bayramlar Xudoga ma’qul kelganmi? ~ Siz-chi, o‘sha bayramlarda ishtirok etishni xohlarmidingiz? ~

Hirodning tug‘ilgan kunida nima yuz berdi?

Ha, Muqaddas Kitobdagi barcha voqealar bekorga yozilmagan. Unda faqat ikkita tug‘ilgan kun haqida aytilgan. Ammo bu bayram paytida dahshatli hodisalar yuz bergan. Xo‘sh, bu bilan Xudo bizga nima demoqchi bo‘lgan? Xudo, tug‘ilgan kunlarni nishonlashimizni xohlaydimi? ~

To‘g‘ri, bugungi kunda odamlar shu bayramlar paytida boshqalarning boshini chopib tashlamaydi. Ammo-lekin, tug‘ilgan kunlarni haq Xudoga topinmagan kishilar o‘ylab chiqarishgan. Muqaddas Kitobda aytib o‘tilgan tug‘ilgan kunlar to‘g‘risida bir diniy ensiklopediyada shunday deyilgan: «Faqat gunohkorlar... tug‘ilgan kunlarida katta ziyofatlar uyushtirishardi» («The Catholic Encyclopedia»). Biz ular kabi bo‘lishni xohlaymizmi? ~

Ulug‘ Ustozimiz to‘g‘risida nima desa bo‘ladi? U o‘z tug‘ilgan kunini nishonlaganmi? ~ Yo‘q, chunki Muqaddas Kitobda bu haqda hech narsa yozilmagan. Isoning ilk shogirdlari ham tug‘ilgan kunlarini nishonlashmasdi. Faqat keyinchalik odamlar Isoning tug‘ilgan kunini 25- dekabrda, boshqa davlatlarda esa 7- yanvarda nishonlay boshlashdi. Buni bilarmidingiz? ~

«O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»da aytilishicha, «rimliklar har yili dekabr oyida Saturn sharafiga bayram uyushtirishardi». Demak, odamlar butparastlarning bayramida Isoning tug‘ilgan kunini nishonlaydigan bo‘lishdi.

Bilasizmi, nima uchun Isoning tug‘ilgan kuni na yanvarda na dekabrda bo‘lgan? ~ Sababi, Muqaddas Kitobda aytilishicha, Iso tug‘ilganda cho‘ponlar suruvlarini poylab, dalada tunashardi (Luqo 2:8–12). Buni esa dekabrda ham, yanvarda ham tasavvur qilish qiyin, chunki bu oylarda o‘sha yerda havo sovuq va yomg‘irli bo‘lgan.

Nega Iso 25- dekabrda tug‘ilishi mumkin emasdi?

Aksariyat odamlar bilishadiki, Rojdestvo — bu Isoning tug‘ilgan kuni emas. Shuningdek ular, o‘sha kuni butparastlar Xudoga ma’qul kelmaydigan bayramni nishonlashganini bilishadi. Lekin ular baribir Rojdestvoni nishonlashadi. Ularga bu bayram shunchalik yoqadiki, ular hatto Xudoning bunga munosabati qanday ekaniga parvo ham qilishmaydi. Biz esa Yahovaga ma’qul kelishni xohlaymiz, shunday emasmi? ~

Shunday ekan keling, bayram uyushtirishdan oldin u Yahovaga ma’qul kelishiga amin bo‘laylik. Biz bayramlarni yilning xohlagan faslida uyushtirishimiz mumkin. Bu uchun biz muayyan kunni kutmaymiz. O‘zgacha taomlarni tayyorlab, qiziqarli o‘yinlar o‘ynasak bo‘ladi. Siz bunday tarzda bayram qilishni istarmidingiz? ~ Ehtimol siz bu haqda ota-onangizga aytib, ulardan bayram uyushtirishda yordam berishini so‘rarsiz. Bu qanday zo‘r bo‘ladi-a? ~ Ammo bayram uyushtirishdan oldin, u Xudoga yoqishiga amin bo‘ling.

Bayramlarimiz Xudoga ma’qul ekaniga qanday amin bo‘la olamiz?

Hamisha Xudoga yoqadigan narsalar qilish muhimligi to‘g‘risida Hikmatlar 12:2; Yuhanno 8:29; Rimliklarga 12:2 va 1 Yuhanno 3:22- oyatlarida yozilgan.