Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

33- BOB

Iso bizni himoya qila oladi

Iso bizni himoya qila oladi

Sizning tasavvuringizda Iso qudratli Podshohmi yoki yordamga muhtoj go‘dakmi?

SIZNINGCHA, Iso ulg‘ayganidan keyin bolaligida qanday qutqarilganini bilib, ibodatda Yahovaga minnatdorchilik bildirganmi? ~ Yusuf bilan Maryam uni Misrga olib qochib, hayotini saqlab qolishganini bilganidan so‘ng-chi, ularga nima degan? ~

Albatta, Iso endi kichkina bolakay emas. U yer yuzida ham yashamayapti. Biroq, ayrim odamlar hali-hanuz Isoni oxurda yotgan chaqaloq kabi tasavvur qilishadi. Misol uchun, ayrim diniy kitoblarda yoki suratlarda buning isbotini ko‘rish mumkin.

Hozir Iso yer yuzida yashamayotgan bo‘lsa ham, siz uning tirikligiga ishonasizmi? ~ Ha, Iso tirilgan va hozir osmonda qudratli Podshohdir. Nima deb o‘ylaysiz, u o‘zining izdoshlarini himoya qila oladimi? ~ Iso yer yuzida bo‘lganida, ularni yaxshi ko‘rishini va himoya qila olishini ko‘rsatgan. Keling, bir kuni Ulug‘ Ustoz shogirdlari bilan qayiqda suzib ketayotganida nima sodir bo‘lganini ko‘rib chiqaylik.

Shom mahali edi. Iso kun bo‘yi Jalila dengizining sohilida odamlarga ta’lim berardi. Bu ko‘lning uzunligi taxminan 20 kilometr, eni esa 12 kilometr bo‘lganligi uchun uni dengiz deb atashardi. Shunda Iso shogirdlariga: «Ko‘lning narigi tomoniga suzib o‘taylik»,— dedi. Ular qayiqqa o‘tirib, sohildan suzib ketishdi. Iso juda ham charchagani bois qayiqning bir chekkasida yostiqqa boshini qo‘yib, tez orada qattiq uxlab qoldi.

Shamol va to‘lqinlarga Iso nima deyapti?

Shogirdlari esa uyg‘oq edilar. Chunki ular qayiqni boshqarib turishlari kerak edi. Kuchli shamol ko‘tarilmaguncha hammasi yaxshi ketayotgan edi. Shamol zo‘rayib qattiq bo‘ron boshlandi. Ulkan to‘lqinlar qayiqning ichini suvga to‘ldira boshladi.

Shogirdlar cho‘kib ketamiz, deb qattiq qo‘rquvga tushishdi. Lekin Iso qo‘rqmadi. U hamon qayiqning bir chekkasida uxlab yotardi. Oxiri shogirdlar uni uyg‘otib: «Ustoz, Ustoz bizni qutqaring, bo‘lmasa cho‘kib o‘lamiz»,— deb aytishdi. Shunda Iso o‘rnidan turib shamol bilan dengizga: «Jim bo‘l! Tinchlan!» — dedi.

O‘sha ondayoq shamol tinib, chuqur sukunat cho‘kdi. Shogirdlar taajjublanishdi. Bundan oldin ular bu kabi mo‘jizani ko‘rishmagandi. Ular bir-biriga: «Bu qanday odamki, hatto shamol bilan suv ham unga bo‘ysunsa?» — deyishardi (Luqo 8:22–25; Mark 4:35–41).

Iso kimligini bilasizmi? ~ U bunday qudratli kuchni qayerdan olgan? ~ Shogirdlar Iso bilan birga bo‘lishgan paytlarida qo‘rqishlariga hojat yo‘q edi, chunki Iso oddiy inson emasdi. U boshqalar qila olmaydigan ajoyib ishlarni qila olardi. Keling, dengizda bo‘ron sodir bo‘layotgan mahal yuz bergan yana bir ajoyibot haqida bilib olaylik.

Boshqa bir kuni kech tushayotganida Iso shogirdlariga qayiqqa o‘tirib dengizning narigi sohiliga suzib o‘tishlarini aytdi. So‘ng Iso bir o‘zi toqqa chiqib ketdi. Bu tinch joyda u Otasi Yahovaga ibodat qila olardi.

Shogirdlar qayiqqa o‘tirib dengizning narigi sohiliga suzib ketishdi. Biroq, tez orada shamol ko‘tarildi. Shamol borgan sari kuchayib borardi. Kech kirib qolgan edi. Shogirdlar yelkanlarni tushirib, eshkak eshib ketishdi. Lekin ular uzoqqa suzib ketisholmadi, chunki qarshidan kuchli shamol esayotgan edi. Baland to‘lqinlar qayiqni u yoqdan bu yoqqa chayqatib, ichiga suv to‘ldira boshladi. Ular bor kuchi bilan sohilga suzib borishga harakat qilishdi-yu, lekin uddalay olishmadi.

Iso hali-hanuz tog‘da yakka o‘zi edi. U o‘sha yerda ko‘p vaqt bo‘ldi. Keyin Iso qarasa, shogirdlari baland to‘lqinlar ostida xavf-xatarda qolishibdi. Shu sababli, u tog‘dan tushib qirg‘oqqa bordi. Iso shogirdlariga yordam bermoqchi bo‘lib, jo‘shqin dengiz ustidan yurib ketdi!

Suvning ustidan yurmoqchi bo‘lsangiz, nima sodir bo‘ladi? ~ Siz cho‘kib ketishingiz mumkin. Lekin Iso bilan bunday bo‘lmadi. U o‘zgacha kuchga ega edi. Iso suv ustidan uzoq masofa bosib o‘tib qayiqqa yetib oldi. Kun yorisha boshlaganida, shogirdlar Isoning suv yuzida yurib kelayotganini ko‘rib qolishdi. Biroq, ular ko‘rganlariga ishongisi kelmasdi. Ular rosa qo‘rqib ketishganidan baqira boshlashdi. Ammo Iso darhol: «Dadil bo‘linglar, bu menman. Qo‘rqmanglar»,— dedi.

Nimaga Iso mo‘jizalar yaratgan?

Iso qayiqqa chiqishi bilanoq bo‘ron to‘xtadi. Shogirdlar yana hayron qolishdi. Buni ko‘rib, qayiqdagilar unga tiz cho‘kib: «Chindan ham siz Xudoning O‘g‘li ekansiz»,— deyishdi (Matto 14:22–33; Yuhanno 6:16–21).

Biz ham o‘sha zamonda yashab, Iso qilgan ajoyib ishlarni o‘z ko‘zlarimiz bilan ko‘rganimizda zo‘r bo‘lardi-a? ~ Iso nima uchun bunday mo‘jizalar qilganini bilasizmi? ~ Chunki u shogirdlarini yaxshi ko‘rardi va ularga yordam bergisi kelardi. Bundan tashqari, Iso bu bilan katta qudratga ega ekanligini va kelajakda Osmon Shohligida Hukmdor sifatida bu qudratini ishga solishini ko‘rsatmoqchi edi.

Iso o‘z izdoshlarini bugun qanday himoyalayapti?

To bugungacha Iso izdoshlarini himoya qilib kelyapti. Sababi, Shayton ularga Xudoning Shohligi haqida gapirishga xalal beryapti. Iso esa o‘z qudratini ishga solib shogirdlariga yordam beryapti. Biroq, Iso ularni xastaliklardan xalos qilmaydi yoki kasal bo‘lganlarida shifo bermaydi. Hatto uning havoriylari ham oxir-oqibatda o‘lishgan. Yuhannoning ukasi Yoqubni qatl etishgan, Yuhannoning o‘zini esa qamoqqa tashlashgan (Havoriylar 12:2; Vahiy 1:9).

Hozir ham shunday bo‘lyapti. Odamlar Yahovaga xizmat qiladimi yoki yo‘qmi, bundan qat’i nazar kasal bo‘lishadi va o‘lishadi. Lekin yaqinda Iso yer yuzi ustidan Xudo Shohligining Podshohi bo‘lib boshqarganida, hammasi butunlay o‘zgaradi. O‘shanda hech kim boshqa qo‘rqmaydi, chunki Iso unga quloq solgan har bir insonning manfaati uchun o‘z qudratidan foydalanadi (Ishayo 9:6, 7).

Xudo o‘z Shohligida Podshoh qilib tayinlagan Isoning katta qudratga ega ekanligi to‘g‘risida quyidagi oyatlarda ham aytilgan: Doniyor 7:13, 14; Matto 28:18 va Efesliklarga 1:20–22.