Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

41- BOB

Xudoni xursand qilgan bolalar

Xudoni xursand qilgan bolalar

SIZNINGCHA, bolalardan qaysi biri Yahovani hammadan ko‘ra ko‘proq xursand qilgan? ~ Albatta, Uning O‘g‘li Iso. Keling, Iso qanday ishlar bilan Xudoni xursand qilganini bilib olaylik.

Isoning oilasi Quddus shahridan uch kunlik yo‘l narida yashagan. Quddus shahrida Yahovaning ma’badi joylashgan edi. Ma’bad juda chiroyli bo‘lgan. Iso uni «Otamning uyi», deb aytardi. Iso oilasi bilan birga har yili Fisih bayramini nishonlash uchun ma’badga borardi.

Iso 12 yashar bo‘lganda, oilasi Fisih bayramini nishonlab, uyga qaytishayotgandi. Kech kirganda hamma dam olish uchun to‘xtadi. Shunda Isoning ota-onasi qarashsa, o‘g‘illari yo‘q. Uni qarindoshlarining orasidan ham, ular bilan birga borgan tanishlarining orasidan ham topa olishmadi. Oxiri Maryam bilan Yusuf Isoni axtarish uchun Quddusga qaytib ketishdi. Siz nima deb o‘ylaysiz, u qayerda bo‘lishi mumkin? ~

Ular Isoni ma’baddan topishdi. U yerda Iso muallimlarni tinglab, ularga savollar berib o‘tirgandi. Shuningdek, o‘zi ham muallimlarning savollariga javob berayotgandi. Muallimlar Isoning zo‘r javoblariga hayron qolishardi. Nima uchun Xudo O‘zining O‘g‘lidan mamnun bo‘lganini endi tushungandirsiz? ~

Maryam bilan Yusuf oxiri Isoni topishganidan keyin, ko‘ngillari joyiga tushdi! Iso esa hecham xavotirlangani yo‘q. U ma’badni dunyodagi eng zo‘r joy, deb hisoblardi. Shuning uchun u: «Men Otamning uyida bo‘lishim kerakligini bilmas edingizmi?» — deb so‘radi. Ma’bad — Xudoning uyi ekanligini u bilardi va o‘sha yerda bo‘lganda u maza qilardi.

Shundan so‘ng Maryam va Yusuf 12 yashar Iso bilan birga Nosira shahriga qaytib ketishdi. Sizningcha, Iso ota-onasiga qanday munosabatda bo‘lgan? ~ Muqaddas Kitobda aytilishicha, u «ota-onasiga bo‘ysunib yurgan». Bu nima degani? ~ Bu degani, Iso ularga quloq solgan. Ha, Iso har doim ota-onasiga quloq solib, ularga yordam berardi. Masalan, ular: «Quduqdan suv olib kel»,— deyishsa, u: «Xo‘p bo‘ladi!» — deb bajarardi (Luqo 2:41–52).

Iso bolaligida Xudoni qanday xursand qilgan?

Bir o‘ylab ko‘ring: Iso mukammal bo‘laturib, nomukammal ota-onasiga quloq solardi. Xudo bundan xursand bo‘lganmi? ~ Albatta, chunki Xudoning O‘zi bolalarga: «Ota-onalaringizga bo‘ysuninglar»,— deyapti (Efesliklarga 6:1). Demak, Isoga o‘xshab ota-onangizga quloq solsangiz, siz ham Xudoni xursand qilasiz.

Xudoni xursand qilishning yana bir usuli — boshqalarga U haqda aytishdir. Bugungi kunda ba’zi odamlar bolalarga: «Xudo to‘g‘risida gapirishga hali yoshlik qilasan»,— deyishadi. Ammo Iso bolalarning bunday qilishiga to‘sqinlik qilayotgan kishilarga shunday degan: «“Sen go‘dag-u chaqaloqlarni hamd-u sano aytishga undading”,— deb yozilgan oyatni o‘qimaganmisizlar?» (Matto 21:16). Bundan chiqdi, agar xohlasak, hammamiz Yahova to‘g‘risida va Uning naqadar ajoyib Xudo ekanligi haqida bemalol gapirsak bo‘ladi. Bu ish Egamizni rosa quvontiradi.

Boshqalarga Xudo to‘g‘risida gapira olish uchun qayerda bilim olamiz? ~ Uyda Muqaddas Kitobni tadqiq qilganimizda. Biroq, Xudoning xalqi ta’lim olish uchun yig‘ilib turadigan joylarda ko‘proq narsani bilib olishimiz mumkin. Xudoning xalqini qanday aniqlab olsa bo‘ladi? ~

O‘ylab ko‘ring: bu odamlar yig‘ilishlarida nima qilishadi? Ular haqiqatan ham Muqaddas Kitob asosida ta’lim berishadimi? Muqaddas Kitobni o‘qib, tadqiq qilishadimi? Axir biz shu orqali Xudoga quloq solamiz-ku, to‘g‘rimi? ~ Yig‘ilishlarimizda bizdan Xudoning so‘zlarini tinglash talab qilinadi, shunday emasmi? ~ Mabodo odamlar sizga: «Muqaddas Kitob bo‘yicha yashashingiz shart emas»,— deb aytishsa-chi? Bunday odamlarni Xudoning xalqi, deb hisoblash mumkinmi? ~

Yana shuni ham e’tiborga olish kerakki, Muqaddas Kitobda Xudoning xalqi Uning ismi bilan ataladi, deyilgan (Havoriylar 15:14). Xudoning ismi Yahova ekanini bilamiz. Shuning uchun o‘sha odamlardan, ular Yahovani o‘zlarining Xudosi, deb hisoblashadimi, deya so‘rashimiz mumkin. Bordi-yu, yo‘q deb javob berishsa, demak ular Xudoning xalqi emaslar. Xudoning xalqi, shuningdek, boshqalarga Uning Shohligi haqida gapiradi. Ular Xudoning amrlariga rioya qilib, shu bilan Uni sevishlarini ko‘rsatishadi (1 Yuhanno 5:3).

Agar bularning hammasini bajarayotgan insonlarni tanisangiz, Xudoga topinish uchun ularning yig‘ilishlariga borishingiz lozim. Iso Xudoning uyiga borganda xuddi shunday qilgan edi. Siz ham shunaqa qilsangiz, Iso kabi Xudoni quvontirasiz.

Muqaddas Kitobda, Xudoni xursand qilgan boshqa bolalar haqida ham yozilgan. Siz ulardan ayrimlarini eslay olasizmi? ~ Birinchi navbatda Timo‘tiy yodimizga keladi. Uning otasi Yahovaga ishonmagan. Ammo oyisi Evnika hamda buvisi Loida ishonishgan. Timo‘tiy ularga quloq solib, Yahova haqida bilim olgan.

Otasi Yahovaga ishonmagan bo‘lsa ham, Timo‘tiy nima qilishni xohlardi?

Timo‘tiy ulg‘ayganida, u yashagan shaharga havoriy Pavlus tashrif buyurgan. O‘shanda Pavlus Timo‘tiyning Yahovaga xizmat qilishni juda xohlayotganiga e’tibor bergan. Shuning uchun uni o‘zi bilan birga yurib, uzoq joylarda xizmat qilishga taklif etgan. Ular qayerga borishmasin, hamma yoqda odamlarga Xudoning Shohligi hamda Iso to‘g‘risida gapirishardi (Havoriylar 16:1–5; 2 Timo‘tiyga 1:5; 3:14, 15).

Nahotki Muqaddas Kitobda faqat o‘g‘il bolalar Xudoni xursand qilgani haqida aytilgan? ~ Yo‘q, unday emas. Keling, isroillik bir qizchaning misolini ko‘rib chiqaylik. U yashagan davrda suriyaliklar bilan isroilliklar bir-birini juda yomon ko‘rishgan. Bir kuni suriyaliklar isroilliklarga hujum qilib, o‘sha qizchani asirlikka olib ketishgan. Uni No‘mon ismli askar qo‘mondoni uyiga olib borishgan. Qizcha u yerda No‘monning xotiniga xizmatkor bo‘lgan.

No‘mon moxov kasaliga chalingan edi. Uni hech bir shifokor davolay olmagandi. Qizcha esa, isroillik bir payg‘ambar, ya’ni Xudoning tanlangan xizmatchisi, No‘monni sog‘aytira olishiga ishonardi. No‘mon ham, xotini ham Yahovaga xizmat qilishmagan. Xo‘sh, qizcha ularga Xudoning payg‘ambari haqida aytishi kerakmidi? Siz uning o‘rnida bo‘lganingizda nima qilardingiz? ~

Bu isroillik qizcha Xudoni qanday xursand qilgan?

Qizcha shunday dedi: «Agar to‘ram Isroildagi payg‘ambar huzuriga borganlarida edi, moxov kasalidan sog‘aygan bo‘lardi». No‘mon qizchaning gapiga kirib, Yahovaning payg‘ambari huzuriga bordi. U payg‘ambarning aytganini qilib, tuzalib ketdi. Bu tufayli No‘mon haqiqiy Xudoning xizmatchisiga aylandi (4 Shohlar 5:1–15).

Siz ham o‘sha qizcha kabi biron-bir kishiga Xudo va Uning ajoyib ishlari haqida bilishga yordam berishni xohlaysizmi? ~ Kimga yordam berishingiz mumkin? ~ Tabiiyki, avvaliga odamlar yordamga hojat yo‘q, deb o‘ylashar. Lekin siz ularga Yahovaning ezgu ishlar qilishi to‘g‘risida gapirib bersangiz bo‘ladi. Balki o‘shanda ular quloq solishar. Ishonavering, bu Xudoni rosa quvontiradi.

Quyidagi oyatlar kichkintoylarga Xudoga xizmat qilishdan zavq olishga yordam beradi: Zabur 121:1; 148:12, 13; Voiz 12:1; 1 Timo‘tiyga 4:12 va Ibroniylarga 10:23–25.