Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

43- BOB

Bizning aka-uka va opa-singillarimiz kim?

Bizning aka-uka va opa-singillarimiz kim?

BIR kuni Ulug‘ Ustozimiz ajoyib bir savol berdi. U oldida turgan kishidan: «Mening onam va aka-ukalarim kimligini bilasizmi?» — deya so‘radi (Matto 12:48). Siz bu savolga qanday javob bergan bo‘lardingiz? ~ Balki siz, Isoning onasining ismi Maryam bo‘lganini bilarsiz. Ammo uning ukalarining ismlarini bilasizmi? ~ Uning singillari ham bo‘lganmi? ~

Muqaddas Kitobga binoan, Isoning ukalarining ismlari «Yoqub, Yusuf, Simun va Yahudo» edi. Iso oilada to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lib, barcha uka va singillaridan katta edi (Matto 13:55, 56; Luqo 1:34, 35).

Isoning ukalari ham uning shogirdlari bo‘lishganmi? ~ Muqaddas Kitobda aytilishicha, avvaliga «ukalari unga ishonishmasdi» (Yuhanno 7:5). Keyinchalik esa, Yoqub bilan Yahudo uning shogirdlari bo‘lib, hatto Muqaddas Kitobning yozilishida ishtirok etishgan. Ular qaysi kitoblarni yozishgan, bilasizmi? ~ To‘g‘ri, Yoqubning hamda Yahudoning maktublarini.

Muqaddas Kitobda Isoning singillarining ismlari yozilmagan bo‘lsa-da, bilamizki, uning kamida ikkita singlisi bo‘lgan. Ehtimol, uning ikkitadan ko‘p singlisi bo‘lgandir. Isoning singillari ham uning shogirdlari bo‘lishganmi? ~ Bilmaymiz, chunki bu haqda Muqaddas Kitobda aytilmagan. Biroq nega Iso: «Mening onam va aka-ukalarim kimligini bilasizmi?» — deya so‘ragan? ~ Hozir bilib olamiz.

Iso shogirdlariga ta’lim berayotganida, kimdir uning gapini bo‘lib: «Ana, onangiz va ukalaringiz siz bilan gaplashish uchun tashqarida kutib turishibdi»,— deydi. Shunda Iso fursatdan foydalanib, shogirdlariga muhim bir narsani o‘rgatmoqchi bo‘ladi va: «Mening onam va aka-ukalarim kimligini bilasizmi?» — deya so‘raydi. Keyin qo‘li bilan shogirdlariga ko‘rsatib, baland ovozda: «Mana, mening onam va aka-ukalarim!» — deb, o‘z savoliga javob beradi.

So‘ng, Iso aytganlarining ma’nosini tushuntirib: «Kimki samoviy Otamning xohishini bajarsa, o‘sha mening aka-ukam, opa-singlim va onam bo‘ladi»,— deydi (Matto 12:47–50). Bundan ko‘rinib turibdiki, Iso o‘zining shogirdlarini judayam yaxshi ko‘rgan. Ha, u o‘z shogirdlarini tug‘ishgan aka-uka, opa-singil va onalaridek yaqin olgan.

Isoning gaplariga ko‘ra, uning aka-uka va opa-singillari kim?

O‘sha vaqtlarda Isoning ukalari — Yoqub, Yusuf, Simun va Yahudo, akalarining Xudoning O‘g‘li ekanligiga ishonishmasdi. Balki ular Jabroil farishtaning Maryamga aytgan so‘zlariga ishonishmagandir (Luqo 1:30–33). Shuning uchun ular Isoning ustidan kulishgandir. O‘zini bunday tutayotgan inson haqiqiy aka-uka yoki opa-singil bo‘la olmaydi. Siz o‘z aka-uka yoki opa-singlisiga yomon muomala qilayotgan birontasini taniysizmi? ~

Muqaddas Kitobda Esov va Yoqub haqida yozilgan. Kunlardan bir kun Esovning jahli chiqib: «Men ukam Yoqubni o‘ldiraman»,— deydi. Shunda ularning onasi Rivqo, tag‘in Esov ukasini o‘ldirib qo‘ymasin, deb qo‘rqib, Yoqubni uzoqroqqa jo‘natib yuboradi (Ibtido 27:41–46). Lekin oradan ko‘p yillar o‘tib, Esov o‘zgaradi va Yoqubni quchoqlab o‘padi (Ibtido 33:4).

Vaqti kelib, Yoqub 12 o‘g‘illi bo‘ladi. Ammo uning katta o‘g‘illari, ukalari Yusufni yomon ko‘rib qolishadi. U otalarining sevimli o‘g‘li bo‘lgani uchun, ular unga hasad qilishadi. Oqibatda ular Yusufni Misrga ketayotgan savdogarlarga sotib yuborishadi. Keyin otalariga, Yusufni yovvoyi hayvon yeb qo‘ydi, deyishadi (Ibtido 37:23–36). Qanday dahshatli voqea, shunday emasmi? ~

Keyinchalik Yusufning akalari qilgan ishlaridan pushaymon bo‘lishadi. Shuning uchun Yusuf ularni kechiradi. Yusufning Isoga naqadar o‘xshashligiga e’tibor berdingizmi? ~ Iso qiyin ahvolga tushib qolganida, havoriylari uni tashlab, qochib ketishadi. Butrus hatto uni taniganligini rad etadi. Iso bo‘lsa, xuddi Yusuf kabi, ularning hammasini kechiradi.

Qobil va Hobil haqidagi hikoyadan qanday saboq olishimiz kerak?

Yana, Qobil bilan Hobil degan aka-ukalar bo‘lgan. Biz ular bilan yuz bergan voqeadan ham saboq olishimiz mumkin. Xudo Qobilning yuragida ukasiga nisbatan sevgi bo‘lmaganligini ko‘rgan. Shu sababli Xudo Qobilga, ukasiga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirsin, deb maslahat beradi. Agar Qobil Xudoni rostakam sevganida, Uning maslahatiga amal qilgan bo‘lardi. Biroq u Xudoni sevmagan. Bir kuni Qobil ukasi Hobilga: «Yur, dalaga boramiz»,— deb taklif qildi. Hobil akasi bilan ketdi. Ular dalada yolg‘iz qolishganida, Qobil ukasini qattiq urib, o‘ldirib qo‘ydi (Ibtido 4:2–8).

Muqaddas Kitobda, biz bu voqeadan muhim saboq olishimiz kerakligi aytilgan. Bilasizmi, qanaqa saboq? ~ «Boshidan siz eshitgan xabar quyidagichadir: bir-birimizni sevishimiz darkor. Yovuz Shaytondan bo‘lgan Qobilga o‘xshamaylik». Xullas, aka-uka va opa-singillar bir-birini yaxshi ko‘rishlari zarur. Ular Qobil kabi bo‘lmasliklari lozim (1 Yuhanno 3:11, 12).

Nima uchun Qobilga o‘xshamasligimiz kerak? ~ Sababi, Muqaddas Kitobga binoan, u «yovuz Shaytondan bo‘lgan». Ha, Qobil Shayton kabi yo‘l tutgani uchun, uning otasi Shayton bo‘lgan, desa bo‘ladi.

Nega aka-uka va opa-singillarimizni sevishimiz muhimligini endi tushungandirsiz? ~ Agar ularni sevmasangiz, kimning bolalariga o‘xshab qolasiz? ~ Shaytonning bolalariga. Axir siz ular kabi bo‘lishni xohlamaysiz-ku, shunday emasmi? ~ Xo‘sh, siz Xudoning farzandi bo‘lishni istayotganingizni qanday ko‘rsata olasiz? ~ Aka-uka va opa-singillaringizni chin dildan sevib.

Sevgi o‘zi nima degani? ~ Sevgi — chuqur ichki tuyg‘u bo‘lib, boshqalarga yaxshilik qilish istagini uyg‘otadi. Agar biz o‘zgalarga yaxshi niyat qilib, ular uchun savob ishlar qilsak, ularni sevayotganimizni ko‘rsatamiz. Sizningcha, biz sevishimiz kerak bo‘lgan aka-uka va opa-singillar kim ekan? ~ Esingizda bo‘lsa, Iso o‘rgatganiday, bu imondoshlarimizdan iborat katta oilamizning a’zolaridir.

Aka-ukalaringizni sevayotganingizni qanday ko‘rsata olasiz?

Imondosh birodar-u opa-singillarimizni sevish qanchalik muhim? ~ Muqaddas Kitobda aytilishicha, «agar kimdir ko‘rib turgan birodarini [yoki opa-singillarini] sevmasa, ko‘rmagan Xudoni qanday seva oladi?» (1 Yuhanno 4:20). Shunday ekan, biz faqat bir nechta imondoshimizni sevsak to‘g‘ri bo‘lmas edi. Biz hammasini sevishimiz lozim. Ulug‘ Ustozimiz Iso shunday degan: «Agar orangizda mehr-muhabbat bo‘lsa, sizlar mening shogirdlarim ekaningizni barcha bilib oladi» (Yuhanno 13:35). Siz hamma birodar-u opa-singillarni sevasizmi? ~ Unutmang, agar ularni sevmasangiz, Xudoni rostakamiga seva olmaysiz.

Aka-uka va opa-singillarimizni haqiqatan sevayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz? ~ Agar chin yurakdan sevayotgan bo‘lsak, biz ulardan uzoqroq yurmaymiz va dildan gaplashishdan qochmaymiz. Biz ularning barchasiga do‘stona munosabatda bo‘lamiz. Ularga hamisha yaxshilik qilib, hech narsamizni ayamaymiz. Mabodo ulardan birontasi qiyin ahvolga tushib qolsa, darhol yordamga kelamiz, chunki biz chindan ham katta bir oilamiz.

Barcha aka-uka va opa-singillarimizni chin qalbdan sevayotgan bo‘lsak, bu nimadan dalolat beradi? ~ Biz Ulug‘ Ustozimiz Isoning shogirdlari ekanimizdan dalolat beradi. Axir, hammamiz shunga intilyapmiz-ku, to‘g‘rimi? ~

Aka-uka va opa-singillarimizni sevishimiz kerakligi quyidagi oyatlarda ham ta’kidlangan: Galatiyaliklarga 6:10 va 1 Yuhanno 4:8, 21. Qani, Muqaddas Kitobni ochib, shu oyatlarni o‘qing-chi.