Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

44- BOB

Xudoni sevganlar bilan do‘stlashing

Xudoni sevganlar bilan do‘stlashing

DO‘STLAR — birgalikda vaqt o‘tkazib, suhbatlashishdan zavq oladigan odamlardir. Biroq, to‘g‘ri do‘st tanlash muhim. Nima deb o‘ylaysiz, bizning eng zo‘r do‘stimiz kim? ~ Ha, Tangri Yahova.

Biz chindan ham Xudoning do‘sti bo‘la olamizmi? ~ Muqaddas Kitobda, qadimda yashagan Ibrohim «Yahovaning do‘sti», deb nomlangani haqida aytilgan (Yoqub 2:23). Bilasizmi, nimaga? ~ Muqaddas Kitobda u Xudoga quloq solgan, deb yozilgan. Ibrohim hatto qiyin paytlarda ham itoatli bo‘lgan. Demak, Xudoning do‘sti bo‘lish uchun biz ham Ibrohim va Ulug‘ Ustozimiz kabi doimo Uni xursand qilishimiz kerak (Ibtido 22:1–14; Yuhanno 8:28, 29; Ibroniylarga 11:8, 17–19).

Nega Ibrohim «Xudoning do‘sti», deb atalgan?

Iso havoriylariga shunday deb aytgan: «Men bergan amrlarga rioya qilsangiz, mening do‘stlarim bo‘lasizlar» (Yuhanno 15:14). Iso Yahovaning barcha aytganlarini odamlarga yetkazgani uchun Xudoning so‘zlariga quloq solgan kishilarni o‘zining do‘sti deb bilgan. Ha, Iso Yahovani sevganlar bilangina do‘stlashgan.

Ulug‘ Ustozimizning yaqin do‘stlari uning havoriylari bo‘lgan. Ularni shu kitobning 75- betidagi rasmdan ko‘rishingiz mumkin. Havoriylar Iso bilan birga yurib, va’zgo‘ylik qilishda unga yordam berishardi. Iso ko‘p vaqtini ular bilan o‘tkazardi. Ular birga ovqatlanishar, Xudo haqida gaplashishar va yana boshqa ishlarni qilishar edi. Lekin Isoning boshqa ko‘p do‘stlari ham bo‘lgan. U do‘stlarinikida qolardi va ular birgalikda maza qilib vaqt o‘tkazishardi.

Isoning do‘stlari bo‘lgan bir oila, Quddus yaqinidagi Baytaniya qishlog‘ida yashardi. Bu oila yodingizdami? ~ Bular Maryam, Marta va ularning ukasi Lazar edi. Iso Lazarni do‘stim, deb aytardi (Yuhanno 11:1, 5, 11). Bu oila Yahovani sevib, Unga xizmat qilgani sababli Iso ular bilan vaqt o‘tkazishdan rohatlanardi va ularni yaxshi ko‘rardi.

Nimaga Iso Quddusga ketayotganida, tez-tez bu oilanikida qolardi? Siz ularning ismlarini bilasizmi?

Ammo bu, Iso Xudoga xizmat qilmaganlarga nisbatan mehribon bo‘lmaganligini anglatmaydi. Aksincha, u hatto bunday odamlarning uyiga borib, ular bilan ovqatlanardi. Shuning uchun ham ba’zi odamlar Isoni «soliqchilar-u gunohkorlarning do‘sti», deyishardi (Matto 11:19). Iso odamlarning uyiga, ularning hayot tarzini yoqtirgani uchun bormagan. U Yahova haqida aytib berishga borardi. Iso odamlarga yomon yo‘ldan qaytib, o‘zgarishga va Xudoga xizmat qilishga yordam berardi.

Nega Zakkay daraxtga chiqib oldi?

Bir kuni Iso Quddusga ketayotib, Yerixo shahridan o‘tayotganida ajoyib bir voqea yuz berdi. U yerda uni katta xaloyiq o‘rab olgandi. Ularning orasida Zakkay ismli odam bor edi. U Isoni ko‘rishni juda xohlayotgandi. Biroq Zakkay pakana bo‘lgani uchun, hamda xaloyiq uni o‘rab olgani dastidan u Isoni ko‘ra olmadi. Shuning uchun u oldinga chopib borib, o‘sha yerdan o‘tayotgan Isoni yaxshiroq ko‘rish uchun daraxtga chiqib oldi.

Iso daraxtning yoniga kelib, tepaga qaradi-da: «Hoy Zakkay, tezroq pastga tushing. Men bugun uyingizga bormoqchiman»,— dedi. Zakkay boy odam edi. Ammo u harom yo‘l bilan boyib ketgandi. Iso nima uchun bunday yomon odamnikiga bormoqchi bo‘ldi? ~

U Zakkayning uyiga uning hayot tarzini yoqtirgani uchun emas, balki unga Xudo to‘g‘risida gapirib berish uchun borgan. Iso Zakkayning uni ko‘rish uchun qilgan harakatlariga e’tibor berib, tinglashga tayyor ekanini tushundi. Bu, Xudoning niyati bo‘yicha odamlar qanday yashashlari kerakligi to‘g‘risida aytib berish uchun qulay fursat edi.

Nima uchun Iso Zakkaynikiga bordi va Zakkay unga nima va’da berdi?

Natijada nima yuz berdi? ~ Zakkayga Isoning ta’limotlari yoqib qoldi. U odamlarni aldaganidan pushaymon bo‘lib, harom yo‘l bilan topgan pullarini qaytarib berishni va’da qildi. Keyinroq, Zakkay Isoning izdoshi bo‘ldi. Shundan so‘nggina Iso Zakkay bilan do‘stlashdi (Luqo 19:1–10).

Biz ham Ulug‘ Ustozimizga taqlid qilib, do‘stimiz bo‘lmagan odamlarnikiga boramizmi? ~ Albatta, boramiz. Lekin ularning hayot tarzini yoqtirganimiz uchun emas. Ha, biz ularning yomon ishlariga sherik bo‘lishni xohlamaymiz. Ularnikiga Xudo to‘g‘risida gaplashish uchun boramiz.

Biroq, kim bilan ko‘p vaqt o‘tkazishni yoqtirsak, o‘shalar bizning yaqin do‘stlarimiz bo‘ladi. Xudoni yaxshi ko‘rgan insonlargina bizga chin do‘st bo‘la oladi. Ayrimlar hatto Yahova kimligini bilishmaydi. Agar ular Xudo haqida bilishni istashsa, biz ularga yordam bera olamiz. Vaqti kelib, ular Yahovani biz kabi sevib qolishsa, shundagina biz ular bilan yaqin do‘st bo‘la olamiz.

Insonning yaxshi do‘st bo‘lish-bo‘lmasligini aniqlashning yana bir yo‘li bor. Uning qilayotgan ishlarini kuzating. U boshqalarga yomonlik qilib, ustilaridan kuladimi? Axir bunday qilish noto‘g‘ri, shunday emasmi? ~ U doimo ko‘ngilsiz voqealarga aralashib qoladimi? Biz unga sherik bo‘lishni istamaymiz, to‘g‘rimi? ~ Yoki u yomon ishlar qilib, qo‘lga tushmagani uchun o‘zini aqlli deb o‘ylayaptimi? Hatto u qo‘lga tushmayotgan bo‘lsa ham, Xudo uning qilayotgan ishlarini ko‘rib turibdi-ku, shunday emasmi? ~ Sizningcha, bunday inson bizga yaxshi do‘st bo‘la oladimi? ~

Keling, Muqaddas Kitobni ochib, do‘stlarimiz bizning hayotimizga qanday ta’sir qilishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Qani, 1 Korinfliklarga 15- bob, 33- oyatni oching-chi. Topdingizmi? ~ Bu yerda shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Adashmanglar. Yomon odamlar bilan muloqot qilish yaxshi xulqni buzadi». Bu degani, yomon odamlar bilan birga vaqt o‘tkazsak, biz ham ular kabi bo‘lib qolishimiz mumkin. Agar yaxshi insonlar bilan vaqt o‘tkazsak, yaxshi odatlarni rivojlantira olamiz.

Keling, doimo Yahova bizning hayotimizda eng muhim o‘rinni egallashi kerakligini yodda tutaylik. Axir U bilan bo‘lgan do‘stligimiz buzilib ketishini xohlamaymiz, to‘g‘rimi? ~ Shuning uchun biz faqat Xudoni sevadiganlar bilan do‘st bo‘lishimiz kerak.

Nima uchun to‘g‘ri do‘st tanlashimiz muhimligi quyidagi oyatlarda ko‘rsatilgan: Zabur 118:115; Hikmatlar 13:20; 2 Timo‘tiyga 2:22 va 1 Yuhanno 2:15.