Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

45- BOB

Xudoning Shohligi kelishini istaysizmi?

Xudoning Shohligi kelishini istaysizmi?

ISO shogirdlariga o‘rgatgan ibodatni bilasizmi? ~ Bilmasangiz, keling Muqaddas Kitobni olib, Matto 6:9–13- oyatlarni o‘qiylik. O‘sha ibodatda: «Shohliging kelsin»,— degan so‘zlar bor. Xudoning Shohligi o‘zi nima, bilasizmi? ~

Hozir men sizga tushuntirib beraman: podshoh bu biron davlatning hukmdoridir. Uning hukumati shohlik, deb ataladi. Ba’zi davlatlarda yurt boshini prezident, deb aytishadi. Xudo hukumatining Hukmdori nima deyiladi? ~ To‘g‘ri, Shoh. Ana shu sababdan Xudoning hukumati Shohlik, deb nomlanadi.

Tangri Yahova O‘z hukumatiga kimni Shoh qilib tayinladi, bilasizmi? ~ O‘g‘li, Iso Masihni. Nima uchun Iso insonlar saylagan har qanday hukmdordan eng zo‘ridir? ~ Sababi, Iso Otasi Yahovani chindan ham sevadi. Shuningdek, u hamisha to‘g‘ri yo‘l tutadi.

Iso Baytlahm shahrida tug‘ilishidan ancha yillar oldin, Muqaddas Kitobda uning tug‘ilishi va Xudo tomonidan tanlangan Hukmdor bo‘lishi to‘g‘risida bashorat qilingan edi. Keling, bu haqda Ishayo 9:6, 7- oyatlarda nima deyilganini o‘qiylik: «Mana biz uchun bola tug‘ildi, o‘g‘il bizga berildi. Hukmronlik Uning zimmasidadir. Nomi Tinchlik shahzodasidir. Uning hukmronligi ortib boraveradi. Tinchlik to abad hukm suradi».

Bilasizmi, nima uchun Xudo Shohligining Hukmdori «shahzoda», deb nomlangan? ~ Chunki bu shahzoda shohning o‘g‘lidir. Ha, Iso Buyuk Shoh Yahovaning O‘g‘lidir. Yahova Isoni O‘z hukumatining Shohi qilib tayinladi. U ming yil yer yuzi ustidan boshqaradi (Vahiy 20:6). Iso suvga cho‘mganidan so‘ng: «Tavba qilinglar, chunki Osmon Shohligi yaqinlashib qoldi»,— deya va’z qila boshlagan edi (Matto 4:17).

Nima deb o‘ylaysiz, nimaga Iso Osmon Shohligi yaqinlashib qoldi, deb aytgan? ~ Chunki vaqti kelib osmonda hukmronlik qila boshlashi kerak bo‘lgan Shoh o‘shanda odamlar bilan birga edi! Shuning uchun Iso odamlarga: «Xudoning Shohligi orangizda»,— deb aytgan (Luqo 17:21). Yahova tayin etgan Shoh siz bilan birga bo‘lishini xohlarmidingiz? ~

Endi esa menga ayting-chi, Iso qanday muhim ishni bajarish uchun yer yuziga kelgan? ~ Isoning o‘zi shunday degan: «Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xabarni men boshqa shaharlarda ham va’z qilishim kerak. Axir men shuning uchun yuborilganman» (Luqo 4:43). Lekin Iso bu ishni yakka o‘zi bajara olmasligini bilardi. Xo‘sh, u nima qildi? ~

Yer yuzida Iso qanday ishni bajarishi kerak edi?

Iso o‘zi bilan boshqa odamlarni olib, ularga qanday va’z qilish kerakligini ko‘rsatgan. Birinchi bo‘lib u 12 havoriysiga o‘rgatgan (Matto 10:5, 7). Lekin Iso faqat havoriylariga va’z qilishni o‘rgatganmi? Yo‘q, Muqaddas Kitobda aytilishicha, Iso yana ko‘pgina boshqa odamlarga ham va’z qilishni o‘rgatgan. Vaqt o‘tib, Iso xizmat uchun 70 shogirdni tanlab, ularni ikkitadan jo‘natgan. Xo‘sh, ular odamlarga nimani o‘rgatishardi? ~ Iso ularga quyidagicha aytgan: «“Xudoning Shohligi yaqinlashib qoldi”,— deya aytib yuringlar» (Luqo 10:9). Shunday qilib, odamlar Xudoning hukumati to‘g‘risida bilib olishardi.

Qadim zamonlarda Quddusda yangi podshohlar xalqqa ko‘rinish uchun shaharga xo‘tikka minib kirishardi. Iso Quddusga oxirgi marta tashrif buyurganda, shaharga aynan shunday tarzda kirgan edi. Chunki Iso Xudo Shohligining bo‘lajak Hukmdori-da. Xo‘sh, odamlar Isoning Shoh bo‘lishini istashadimi? ~

Iso xo‘tikka minib kelganda, ko‘pchilik odamlar uning oldida ustki kiyimlarni poyandoz qilishgan. Boshqalar esa daraxt novdalarini kesib, yo‘lga to‘shar edilar. Bunday xatti-harakatlari bilan ular, Iso ularning Shohi bo‘lishini istashganini ko‘rsatishgan. Ular shunday deya baqirishardi: «Yahovaning nomidan kelayotgan Shoh muborak! Osmonda tinchlik, arshi a’loda o‘tirgan Zotga esa sharaflar bo‘lsin!» Ammo hamma ham quvonmadi. Ba’zi din peshvolari Isoga: «Ustoz, shogirdlaringizni tiyib oling»,— deb aytishdi (Luqo 19:28–40).

Nega xalq Isoning Shoh bo‘lishini istamay qoldi?

Besh kundan so‘ng Isoni hibsga olib, Pontiy Pilat degan hokimning saroyiga keltirishdi. Isoning dushmanlari uni o‘zini shoh deb e’lon qilib, Rim hukumatiga qarshi chiqqanlikda ayblashdi. Pilat bu gaplar rostmi, deb Isoni so‘roqqa tutdi. Iso esa hech qachon boshqaruvni qo‘liga olishga intilmaganini tushuntirdi. U Pilatga: «Mening shohligim bu dunyodan emas»,— deb aytdi (Yuhanno 18:36).

Keyin Pilat tashqariga, odamlarning oldiga chiqib: «Men undan biron ayb topolmayapman»,— deb aytdi. Lekin odamlar, Iso ularning Shohi bo‘lishini xohlamay qolishdi. Ular uning ozodlikka chiqishini istashmadi (Yuhanno 18:37–40). Pilat yana Iso bilan gaplashib, uning yomon ish qilmaganini tushundi. Shuning uchun Pilat Isoni oxirgi marta olib chiqqanida, shunday dedi: «Ana, shohingiz!» Ular esa: «Yo‘qoting uni! Yo‘qoting! Uni ustunga mixlating!» — deb baqirishardi.

Pilat: «Shohingizni ustunga mixlaymi?» — deb so‘radi. Bosh ruhoniylar unga javob berishdi: «Rim shohidan o‘zga shohimiz yo‘q». Buni tasavvur qila olasizmi? Bu yomon ruhoniylar odamlarni Isoga qarshi qayrab qo‘yishdi (Yuhanno 19:1–16).

Bugungi kunda ham shunaqa bo‘lyapti. Aksariyat odamlar, Iso ularning Shohi bo‘lishini hecham istashmaydi. Ular Xudoga ishonishlarini aytishadi-yu, ammo Xudo va Masih ularga buyurgan narsani qilishni xohlashmaydi. Ular hukumatlari yer yuzida bo‘lishini istashadi.

Biz haqimizda nima desa bo‘ladi? Xudoning Shohligi hamda uning ajoyib barakalarni keltirishi to‘g‘risida bilganimizda nimani his qilamiz? ~ Albatta, Xudoga bo‘lgan sevgini, shunday emasmi? ~ Xo‘sh, Xudoga bo‘lgan sevgimiz hamda Uning Shohligi ostida umr kechirish istagimiz borligini qanday ko‘rsatishimiz mumkin? ~

Nimaga Iso suvga cho‘mdi va Xudo undan mamnun ekanini qanday ko‘rsatdi?

Biz Isoga taqlid qilishimiz kerak. Iso Yahovani sevishini qanday ko‘rsatgan? ~ Ulug‘ Ustozimiz: «Men doim Unga ma’qul bo‘lgan ishni qilaman»,— deb aytgan (Yuhanno 8:29). Ha, Iso yer yuziga «Xudoning irodasini bajarish» va «Uning ishini yakuniga yetkazish» uchun kelgan (Ibroniylarga 10:7; Yuhanno 4:34). Endi keling, Iso va’z qilishdan oldin nima qilganini ko‘rib chiqaylik.

Iso Yahyo payg‘ambarning oldiga, Iordan daryosiga keldi. Ular birga daryoga tushishdi va Yahyo uni suvga cho‘mdirdi. Bilasizmi, nima uchun Yahyo Isoni suvga cho‘mdirgan? ~

Xudoning Shohligi to‘g‘risida qayerda gapirishimiz mumkin?

Isoning o‘zi buni iltimos qilgan. Ammo Isoning suvga cho‘mishini Xudo xohlaganini biz qayerdan bilamiz? ~ Bizga ma’lumki, Iso suvdan ko‘tarilgan paytda u bulutlar ichra Xudoning quyidagicha aytganini eshitgan: «Sen Mening sevikli O‘g‘limsan, sendan mamnunman». Xudo hatto muqaddas ruhini kaptar shaklida Isoning ustiga qo‘ndirgan. Suvga cho‘mishi bilan Iso Yahovaga butun umr, ya’ni abadiy xizmat qilishni istaganini ko‘rsatgan (Mark 1:9–11).

To‘g‘ri, siz hali yoshsiz. Lekin katta bo‘lganingizda, qanday yo‘l tutasiz? ~ Siz ham Isoga o‘xshab suvga cho‘masizmi? ~ Siz unga taqlid qilishingiz kerak, axir Muqaddas Kitobda: «Uning izidan og‘may yurishingiz uchun o‘rnak ko‘rsatdi»,— deb aytilgan-ku (1 Butrus 2:21). Suvga cho‘mishingiz bilan siz Xudo Shohligining boshqaruvi ostida hayot kechirishni istayotganingizni ko‘rsatasiz. Ammo suvga cho‘mishning o‘zi yetarli emas.

Biz har doim Isoga quloq solishimiz kerak. Isoning aytishicha, biz «dunyoga tegishli bo‘lmasligimiz» darkor. Agar bu dunyoning ishlarida qatnashsak, itoatkorlikni namoyon etamizmi? Iso va havoriylari dunyoning ishlaridan chetda yurishgan (Yuhanno 17:14). Xo‘sh, ular nimalar bilan shug‘ullanishgan? ~ Ular boshqa odamlarga Xudoning Shohligi to‘g‘risida aytib yurishardi. Bu ularning hayotida muhim ish bo‘lgan. Biz ularga taqlid qila olamizmi? ~ Albatta, agar biz Xudoning Shohligi kelsin, deb ibodat qilishimizning ma’nosini tushunsak, bu haqda boshqalarga ham aytib beramiz.

Xudoning Shohligi kelishini istayotganimizni qanday ko‘rsatsak bo‘ladi? Javobini quyidagi oyatlardan topamiz: Matto 6:24–33; 24:14; 1 Yuhanno 2:15–17 va 5:3.