Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

46- BOB

Qadimgi dunyoni suv bosgan. Yana shunday bo‘ladimi?

Qadimgi dunyoni suv bosgan. Yana shunday bo‘ladimi?

SIZ dunyoning yo‘q qilinishi to‘g‘risida eshitganmisiz? ~ Bugungi kunda ko‘pchilik nuqul shu haqda gapiradi. Ba’zilarning o‘ylashicha, odamlar urush qilib, atom bombalarni qo‘llashi natijasida dunyo yo‘q qilinar emish. Sizningcha, Xudo shunday go‘zal yerimizni, jonajon osmonimizni va ko‘k yuzida porlab turgan yulduzlarni yo‘q qilib yuboradimi? ~

Oldin bilib olganimizdek, Muqaddas Kitobda dunyoning yo‘q qilinishi to‘g‘risida yozilgan. 1 Yuhanno 2:17- oyatda: «Dunyo o‘tib ketadi»,— deb aytilgan. Bu oyatga ko‘ra, yer butunlay yo‘q qilinadimi? ~ Aslo! Chunki Muqaddas Kitobga binoan, Xudo yerni «yashashga loyiq qilib yaratgan» (Ishayo 45:18). Zabur 36:29- oyatda esa: «Solihlar yer yuziga ega bo‘lib, unda mangu yashaydilar»,— deb yozilgan (Turkiya 1998). Ana shu sababdan Muqaddas Kitobda yer to abad tebranmaydi, deyilgan (Zabur 103:5; Voiz 1:4).

Xo‘sh, agar dunyoning oxiri yerning yo‘q qilinishini anglatmasa, unda buni qanday tushunish kerak? ~ Buni tushunish uchun, Nuh payg‘ambar davrida yuz bergan voqeani diqqat bilan ko‘rib chiqishimiz zarur. Muqaddas Kitobda aytilishicha, «o‘sha qadimgi dunyo suvlar ostida qolib, yo‘q bo‘lib ketgan» (2 Butrus 3:6).

Nuh davrida yuz bergan To‘fonda, dunyoni suv bosib yo‘q qilganida birov tirik qolganmi? ~ Muqaddas Kitob bayonotiga ko‘ra, Xudo «qadimgi dunyoni ayamay, imonsizlar ustiga to‘fon yuborgan. Adolat yo‘lini xabarlab yurgan Nuh payg‘ambarni va u bilan birga yana yetti kishini esa saqlab qolgan» (2 Butrus 2:5).

Nuhning davrida qaysi dunyo yo‘q qilingan edi?

Demak, o‘shanda qaysi dunyo yo‘q qilingan edi? Yermi yoki yomon odamlarmi? ~ Muqaddas Kitobga binoan, Xudo «imonsizlarni» yo‘q qilgan edi. Nuh payg‘ambar esa «adolat yo‘lini xabarlab yurgan». Sizningcha, u nima haqida gapirgan? ~ Nuh odamlarni «o‘sha qadimgi dunyoning» yo‘q qilinishi to‘g‘risida ogohlantirib yurgan.

Iso shogirdlariga buyuk To‘fon haqida gapirayotib, o‘sha dunyoning oxiri kelishidan oldin odamlar nima bilan band bo‘lishganini aytib bergan. U shunday degan edi: «To‘fondan oldin, Nuh payg‘ambar kemaga kirguncha, odamlar yeb-ichishgan, uylanib, erga tegishgan. Ammo to‘fon kelib, barini qirib tashlamaguncha, ular parvo qilishmagan». Isoning aytishicha, bu dunyoning oxiri kelishidan oldin ham odamlar xuddi shunday yo‘l tutishadi (Matto 24:37–39).

Isoning bu so‘zlari, To‘fongacha yashagan odamlarning xatti-harakatidan muhim saboq olishimiz mumkinligini ko‘rsatib turibdi. O‘shanda odamlar nimalar qilishgani to‘g‘risida biz shu kitobning 10- bobidan o‘qigan edik, esingizdami? ~ Ayrim odamlar shafqatsiz bo‘lib, yaxshi insonlarga ozor yetkazishgan. Boshqa ko‘pgina insonlar esa, Iso aytganidek, Xudo tomonidan yuborilgan Nuhning xabariga ahamiyat berishmagan.

Oxir-oqibat, Yahova Nuhga yomon odamlarni To‘fon bilan qirib tashlashi haqida aytadigan kun ham keldi. Suvlar butun yer yuzini, hatto eng baland tog‘larni ham qoplaydi. Yahova Nuhga katta bir kema qurishni buyurdi. 238- betdagi rasmga qarasangiz, o‘sha kemaning ulkan, uzun bir sandiqqa o‘xshaganini ko‘rasiz.

Xudo Nuhga qurishni buyurgan kema, ichida o‘zi, oilasi va ko‘pgina hayvonlar qutqarilishi uchun yetarli darajada katta bo‘lishi kerak edi. Uni qurish uchun Nuh bilan oilasi rosa ter to‘kib ishlashgan. Ular katta-katta daraxtlarni kesib, xodalardan kema qurishni boshlashgan. Kema judayam katta bo‘lganligi uchun, uning qurilishiga ko‘p yillar ketgan.

Kema qurilayotgan vaqtda Nuh yana nima bilan shug‘ullangani esingizdami? ~ U yaqinlashib kelayotgan To‘fon haqida xabar yetkazib, odamlarni ogohlantirgan. Uning so‘zlariga kimdir quloq solganmi? Nuhning oilasidan tashqari hech kim bu xabarni tinglamagan. Ko‘pchilik o‘z ishlari bilan ovora bo‘lgan. Iso ularning nima bilan band bo‘lishganini aytgani yodingizdami? ~ Ularni yeb-ichib, turmush qurishdan boshqa hech narsa qiziqtirmagan. Ular o‘zlarini yomon odam, deb hisoblashmagani uchun, Nuhning xabarini tinglashga vaqt ajratishmagan. Keling endi, ular bilan nima yuz berganini ko‘rib chiqaylik.

Nuh bilan oilasi kemaga kirishganidan keyin, Yahova eshikni yopib qo‘ydi. Tashqaridagi odamlar haliyam To‘fon kelishiga ishonishmasdi. Ammo kutilmaganda, jala quyib yubordi! Bu nihoyatda kuchli yomg‘ir edi. Suv xuddi chelaklab quyilayotganday edi! Birpasda suv ulkan daryo kabi sharillab oqib ketdi. Suv toshqini ulkan daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib, katta-katta toshlarni xuddi shag‘aldek yumalatardi. Kemaga kirmagan odamlar-chi, ularga nima bo‘ldi? ~ Isoning aytishicha, «to‘fon kelib, barini qirib tashladi». Kemaga kirmaganlarning hammasi o‘lib ketdi. Nima sababdan? ~ Chunki, Iso aytganidek, ular «parvo qilishmagan». Ha, afsuski, ular quloq solishmagan! (Matto 24:39; Ibtido 6:5–7).

Nega nuqul o‘ynab-kulish haqida o‘ylamasligimiz kerak?

Isoning so‘zlarini esimizdan chiqarmaylik: ular bilan yuz bergan voqea biz uchun bir ogohlantirishdir. Xo‘sh, biz bundan qanday saboq olishimiz mumkin? ~ To‘fonda faqat yomon odamlar emas, balki Xudo va Uning niyatlari haqida bilim olishga vaqt ajratmagan kishilar ham yo‘q qilingan. Biz ham ularga o‘xshab qolmaslik uchun ehtiyot bo‘lishimiz kerak, to‘g‘rimi? ~

Nima deb o‘ylaysiz, Xudo yana suv bostirib, dunyoni yo‘q qilarmikan? ~ Aslo, bunday bo‘lmasligini Xudoning O‘zi va’da qilgan. U shunday degan edi: «Men bulutlar orasida O‘z kamalagimni hosil qilaman. Bu bir belgi bo‘ladi». Kamalak nimaning belgisi bo‘lishini Yahova shunday tushuntirdi: «To‘fon endi hech qachon jamiki jonzotlarni yo‘q qilmaydi» (Ibtido 9:11–17).

Shuning uchun, Xudo boshqa hech qachon suv bostirib, dunyoni yo‘q qilmasligiga amin bo‘lishimiz mumkin. Ammo yuqorida aytilganidek, Muqaddas Kitobda dunyoning oxiri kelishi haqida yozilgan. Xudo bu dunyoni yo‘q qilib tashlaganda, kimlarni qutqaradi? ~ Boshqa ishlar bilan ovora bo‘lib, Xudo to‘g‘risida bilim olishni xohlamagan insonlarnimi? Yoki Muqaddas Kitobni o‘rganishga hech vaqt topa olmaganlarnimi? Siz nima deb o‘ylaysiz? ~

Biz, Xudo qutqarmoqchi bo‘lgan kishilar orasida bo‘lishni xohlaymiz, shunday emasmi? ~ Bizning oilamiz Nuhning oilasiga o‘xshasa va Xudo hammamizni qutqarsa qanday zo‘r bo‘lardi-a? ~ Agar bu dunyoning oxirida omon qolishni istasak, Xudo bu dunyoni qanday yo‘q qilishi va yangi dunyoni qanday o‘rnatishi haqida bilishimiz zarur. Bu qanday yuz berishini esa hozir bilib olamiz.

Bunda bizga Muqaddas Kitob yordam beradi. Doniyor kitobining 2- bobi, 44- oyatida bizning vaqtimiz haqida shunday deyilgan: «O‘sha shohlarning davrida Samoviy Xudo bitmas-tuganmas bir shohlik [ya’ni hukumat] o‘rnatadi. Hech kim uni yenga olmaydi. Bu shohlik boshqa barcha shohliklarni yer bilan yakson qilib, o‘zi abadiy turadi».

Siz bu oyatning ma’nosini tushunyapsizmi? ~ Muqaddas Kitobga binoan, Xudoning hukumati yer yuzidagi barcha hukumatlarni yo‘q qilib tashlaydi. Nima uchun? ~ Axir, ular Xudo tayin etgan Shohga bo‘ysunishmayapti-ku. Kim ekan bu Shoh? ~ Balli, bu Iso Masihdir!

Xudo tayin etgan Shoh, Iso Masih bu dunyoni Armageddonda yo‘q qiladi

Tangri Yahova yer yuzini qaysi hukumat boshqarishini hal qilishga haqlidir. Shuning uchun U O‘zining O‘g‘li, Isoni Shoh etib tayinlagan. Yaqinda, Xudo tomonidan tayin etilgan Hukmdor, Iso Masih, bu dunyoning barcha hukumatlari yo‘q qilinishida rahbarlik qiladi. Muqaddas Kitobning Vahiy 19- bob, 11–16- oyatlarida, u buni qanday amalga oshirishi tushuntirilgan. Mana bu rasm esa buni ko‘z oldimizga keltirishga yordam beradi. Muqaddas Kitobda bu dunyoning barcha hukumatlarini yo‘q qiladigan Xudoning jangi Armageddon, deb nomlangan.

Ha, Xudo barcha insoniy hukumatlarni yo‘q qilaman, deb va’da beryapti. Lekin U bizning ham bunda ishtirok etishimizni xohlaydimi? ~ Yo‘q, chunki Muqaddas Kitobda Armageddon «Qodir Xudoning ulug‘ kunida yuz beradigan jang», deb nomlangan (Vahiy 16:14, 16). Ko‘rib turganimizdek, Armageddon — Xudoning jangidir va bu jangni Iso Masih bilan birga samoviy qo‘shinlar olib borishadi. Armageddon jangi qachon boshlanadi? Bu haqda keyingi bobdan bilib olamiz.

Keling, Xudo yomon odamlarni yo‘q qilib, O‘ziga xizmat qilayotganlarni qachon qutqarishi to‘g‘risida Hikmatlar 2:21, 22; Ishayo 26:20, 21; Yeremiyo 25:31–33 va Matto 24:21, 22- oyatlaridan o‘qiylik.