Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

BIRINCHI BOB

Xudo to‘g‘risida haqiqat

Xudo to‘g‘risida haqiqat
  •  Xudo bizga g‘amxo‘rlik qilyaptimi?

  • Xudo O‘zi qanaqa? Uning ismi bormi?

  • Xudoga yaqinlashish mumkinmi?

1, 2. Nimaga savollar berish yaxshidir?

BOLALARNING savol berishiga e’tibor berganmisiz? Ular gapirishni o‘rganiboq, ko‘zlarini katta qilib: «Nimaga osmon ko‘m-ko‘k? Yulduzlar qanday paydo bo‘ldi? Qushlarga sayrashni kim o‘rgatdi?» — degan savollar berishadi. Lekin javob berish doim ham oson ish emas, chunki ketidan: «Nimaga?» — degan boshqa savol tug‘ilishi mumkin.

2 Savollar berishga nafaqat bolalar usta. Hammamizda gohida savollar tug‘iladi. Masalan, hayotda o‘z yo‘limizni topish, xavf-xatarlardan himoyalanish yoki qiziquvchanligimizni qondirish uchun savollar beramiz. Ammo ko‘p odamlar, savol berishdan to‘xtaydi. Ayniqsa muhim savollarga javob izlamay qo‘yishadi.

3. Nega ko‘plar juda muhim savollarga javob izlashdan to‘xtaydi?

3 So‘z boshida va  shu bobning birinchi xat boshida berilgan savollar ustidan bir o‘ylab ko‘ring. Bu juda muhim savollardan bir nechasi xolos. Ammo, ko‘p insonlar uchun ularga javob topish qiyin bo‘lib ko‘rinadi. Nima uchun? Muqaddas Kitob ularga javob berishi mumkinmi? Ba’zilar, Muqaddas Kitobni tushunish qiyin deb o‘ylashadi. Boshqalari esa, noqulay ahvolga tushib qolmay, deb savol berishdan tortinishadi. Shunda, bu savollar olimlaru ulamolarning qismati degan xulosaga kelishadi. Siz esa nima deb o‘ylaysiz?

4, 5. Odamlarni qiziqtirayotgan muhim savollarning ba’zilari qanday va nima uchun ularga javob topish darkor?

4 Balki siz ham muhim savollarga javob topishni xohlayotgandirsiz. Shubhasiz sizni ham shu kabi savollar qiziqtirgan: «Hayotning mazmuni nimada? Hayotimizning bori shu xolosmi? Xudo O‘zi qanaqa?» Bunday savollarni chetda qoldirish yarashmaydi, aksincha, ularga ishonchli va qoniqarli javoblar topish darkor. Mashhur ustoz Iso payg‘ambar deganlariday: «So‘rab turing, sizga beriladi. Izlab turing, topasizlar. Taqillatib turing, sizga ochiladi» (Matto 7:7).

5 Agar shunday muhim savollarni «izlab tursangiz», ular naqadar diqqatga sazovor ekanini ko‘rasiz (Hikmatlar 2:1–5). Odamlarning nima deyishidan qat’inazar, bu savollarning javobi bor, va ularni Muqaddas Kitobdan topish mumkin. Javoblarni tushunish unchalik qiyin emas. Boz ustiga, ular umid va quvonch keltiradi. Ular hayotingizni baxtli qilishga yordam beradi. Keling, avvalambor ko‘plarni tashvishga solayotgan bir savolni ko‘rib chiqaylik.

XUDOVAND RAHMONU MEHRIBONDIR

6. Nimaga ba’zilar, Xudoning bizga rahmi kelmaydi, deb o‘ylashadi?

6 Ba’zilar e’tiroz bildirib: «Agar Xudo rahmdil bo‘lganida, hayot umuman boshqacha bo‘lmasmidi?» — deb ta’kidlashadi. Ha, atrofimizga nigoh tashlasak urush, nafrat va kulfatlarni ko‘ramiz. Har birimiz kasalliklarga, azoblarga va vidolashish qayg‘ulariga duchormiz. Xullas, ko‘plar shunday deyishadi: «Agar Xudoning bizga rahmi kelsa, nega hech qanday chora ko‘rmayapti?»

7. a) Odamlar Xudoni rahmsiz, deb bilishlarida ruhoniylarning qanday hissasi bor? b) Sinovlar haqida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

7 Qayg‘ulisi shundaki, odamlar Xudoni rahmsiz deb bilishlarida ruhoniylarning hissasi bor. Nega deysizmi? Birorta fojia boshimizga tushsa, ular, bu Allohning irodasi deb aytishadi. Shunday qilib ular barcha yomon ishlarni Xudoning zimmasiga yuklashadi. Muqaddas Kitobda nima deyilgan? Unda quyidagini o‘qiymiz: «Vasvasaga tushganda hech kim: “Xudo meni sinab ko‘rayotir”,⁠— demasin. Chunki Xudo yomonlik vasvasasiga tushmaydi, O‘zi ham hech kimni vasvasaga solmaydi» (Yoqub 1:13). Atrofimizdagi yovuzlikka Xudoning hech qanday daxli yo‘q (Ayub 34:10–12). Xudo yovuzlikka faqatgina yo‘l qo‘ygan. Lekin biror narsaga yo‘l qo‘yish bilan, uning sababchisi bo‘lish o‘rtasida katta farq bor.

8, 9. a) Qanday misol orqali, muammolarga yo‘l qo‘yish bilan ularning sababchisi bo‘lish o‘rtasidagi farqni ko‘rsatar edingiz? b) Nimaga, odamlarning muammolarida Xudoni ayblash adolatdan bo‘lmas edi?

8 Masalan, dono va mehribon bir otaning voyaga yetgan o‘g‘li bor deylik. Shu o‘g‘li isyon ko‘tarib, uydan ketish qaroriga keldi va otasi uni o‘z ixtiyoriga qo‘ydi. O‘g‘li yomon yo‘lga kirib ketib, ko‘p muammolar orttirib oldi. Xo‘sh, muammolarning sababchisi — uning otasimi? Aslo (Luqo 15:11–13). Xuddi shunga o‘xshab, odamlar yomon yo‘lni tanlashganida, Xudo ularni to‘xtatmadi. Ammo ularning muammolariga U sababchi emas. Xullas, hamma balolarda Xudoni ayblash adolatdan bo‘lmas edi.

9 Odamlar o‘zlari tanlagan yo‘ldan borishga yo‘l qo‘yish uchun, Xudoning sabablari bo‘lgan. Dono va qodir Parvardigor bu sabablarni tushuntirishga majbur emas. Biroq, mehribon Xudo o‘zgacha yo‘l tutmoqda. Bu sabablar to‘g‘risida ko‘proq 11- bobdan bilib olamiz. Ammo bir narsada amin bo‘lishimiz mumkin: boshimizga tushgan balolarda Xudoning aybi yo‘q. Aksincha, ularni hal qilishga faqatgina Xudoning qurbi yetadi! (Ishayo 33:2).

10. Nimaga, Xudo yovuzlikni yo‘q qilishiga ishonishimiz mumkin?

10 Xudo muqaddasdir (Ishayo 6:3). Bu degani, U pok va sofdir. Unda hech bir egrilik yo‘q. Shunday ekan, Unga butunlay ishonishimiz mumkin. Insonga ishonganday emas, chunki odam zoti gohida adashadi. Hatto samimiy siyosatchilar ham, odamlarning qilmishlarini uddalay olmaydilar. Biroq, Alloh hamma narsaga qodir. Insonlarning yetkazgan zararli oqibatlarini yo‘q qilishga Xudoning ham xohishi, ham qudrati bor. Xudo niyatlarini amalga oshirishni boshlaganda, yovuzlikka batamom chek qo‘yadi! (Zabur 36:9–11).

ADOLATSIZLIKKA XUDO QANDAY QARAYDI?

11. a) Adolatsizlikka Xudo qanday qaraydi? b) Shaxsan siz chekayotgan azoblarga-chi?

11 Xo‘sh, dunyoda va shaxsan hayotingizda sodir bo‘layotgan ishlarga Xudo qanday qaraydi? Avvalambor, Muqaddas Kitob: «Xudovand adolatni sevar»,⁠— deb o‘rgatmoqda (Zabur 36:28). Demak, sodir bo‘layotgan ishlar Xudoni tashvishlantiradi. U har turli adolatsizlikdan nafratlanadi. Qadimgi dunyo yovuzlikka to‘lib toshganida, Xudoning «yuragi achishib ketdi» (Ibtido 6:5, 6). Xudo esa o‘zgarmaydi (Malaxi 3:6). Uni hozir ham dunyoda bo‘layotgan azoblar ranjitmoqda. Odamlarning azoblarini ko‘rish Egamizga xush kelmaydi. Muqaddas Kitob Xudo to‘g‘risida: «Uning O‘zi sizlarga g‘amxo‘rlik qiladi»,⁠— deb aytmoqda (1 Butrus 5:7).

Muqaddas Kitob, Yahova butun olamning mehribon Parvardigori, deb o‘rgatmoqda

12, 13. a) Nimaga sevgi kabi xislatga egamiz va dunyodagi voqealarga qarashda sevgi qanday ahamiyatga ega? b) Nimaga muammolarni hal etishini Xudodan kutishimiz mumkin?

12 Azoblarni ko‘rish Xudoga xush kelmasligiga qanday amin bo‘lishimiz mumkin? Mana bir isboti. Muqaddas Kitob aytishicha odamzod Xudoning suratiga ko‘ra yaratilgan (Ibtido 1:26). Yaratuvchining ajoyib xislatlari borligi sababli, bizning ham ajoyib xislatlarimiz bor. Masalan, begunoh odamlar azob cheksa rahmingiz kelmaydimi? Agar sizning ularga rahmingiz kelsa, darhaqiqat Xudoning inoyati ancha afzal.

13 Odamzodning ajoyib xislatlaridan biri — sevgidir. Lekin bu ham Xudoga taqlid qilishdir. Chunki: «Xudoning O‘zi sevgidir» (1 Yuhanno 4:8). Shuning uchun, biz ham sevgini namoyon qilishimiz mumkin. Agar azoblaru adolatsizlikka chek qo‘yish ixtiyoringizda bo‘lganida, sevgi ila shunday qilmasmidingiz? Albatta qilar edingiz! Demak, Xudo azoblaru adolatsizlikka chek qo‘yishiga hech shubhalanmasangiz bo‘ladi. So‘z boshida qalamga olingan va’dalar nafaqat quruq gap yoki orzu. Allohning va’dalari albatta amalga oshadi! Lekin bu va’dalarga qat’iy ishonish uchun, ularni bergan Parvardigor to‘g‘risida ko‘proq bilib olishingiz darkor.

XUDO, UNI TANIB-BILISHINGIZNI XOHLAYDI

Biror kishi bilan tanishishni xohlasangiz, o‘z ismingizni aytmasmidingiz? Xudo O‘z ismini Muqaddas Kitobda ochib bermoqda

14. Xudoning ismi nima va nimaga bu ismni aytib chaqirishimiz kerak?

14 Biror kimsa bilan tanishmoqchi bo‘lsangiz, avvalambor ismingizni aytmasmidingiz? Biroq, Xudoning ismi bormi? Ko‘p dindor odamlar Uning ismini «Alloh» yoki «Xudovand» deb aytishadi, ammo bu Uning shaxsiy ismi emas. Bu xuddi «shoh» yoki «prezident» kabi unvonlar xolos. Muqaddas Kitob aytishicha Xudoning unvonlari ko‘p. «Alloh» va «Xudovand» degan unvonlar ham ular jumlasidandir. Muqaddas Kitob, Xudoning shaxsiy ismi borligini o‘rgatmoqda, u ham bo‘lsa: Yahovadir. Zaburda shunday deyilgan: «Bilsinlarki, Sening isming — Yahova, butun dunyoda eng oliy yolg‘iz Sensan» (Zabur 83:18, YADT [82:19]). Agar Muqaddas Kitobingizda bu ism uchramayotgan bo‘lsa, bu kitobning 195–197- sahifalarida joylashgan Ilovadan sababini bilib olishingiz mumkin. Muqaddas Kitobning asl nusxalarida Xudoning ismi minglab marotaba uchraydi. Darhaqiqat, Xudoyi Taolo, Uning ismini bilishingizni va Uni aytib chaqirishingizni xohlaydi. Xullas, Muqaddas Kitob orqali Xudo O‘zini tanishtirmoqda.

15. Egamizning Yahova degan ismi nimani anglatadi?

15 Xudo O‘ziga chuqur ma’noli ism bergan. Yahova degan ismi, Uning barcha va’dalari va barcha maqsadlari amalga oshishini ko‘rsatadi *. Xudoning ismi O‘z turida yagonadir. Bu ism faqatgina Unga tegishli. Yahova boshqalardan juda farq qiladi. Farqi nimada deysizmi?

16, 17. a) «Sarvari koinot», b) «mangu Podshoh», v) «Parvardigor», degan unvonlardan Yahova haqida nimani bilib olishimiz mumkin?

16 Bilib olganimizday, Yahova to‘g‘risida «eng oliy yolg‘iz Sensan»,⁠— deb aytilgan (Zabur 82:19). Shuningdek, bir oyatda quyidagini o‘qiymiz: «Yo Rabbiy, Tangri Taolo, har narsaga qodir Sarvari koinot! Sening ishlaring buyuk va ajoyibdir. Ey elu xalqlar Podshohi! Sening yo‘llaring to‘g‘ri va haqdir» (Vahiy 15:3). «Sarvari koinot» degan unvon, Yahovaning naqadar qudratli ekanidan dalolat bermoqda. Uning tengi yo‘qdir. Yana bir oyatida esa Yahova «mangu Podshoh», deb atalgan (1 Timo‘tiyga 1:17). Bu, Yahovaning yana bir o‘zgacha tomonini ko‘rsatmoqda. U azaliy va abadiy zotdir. Zaburda: «Azaldan va ilalabad Sen Tangrisan»,⁠— deb aytiladi (Zabur 89:3). Nahotki bu fikr larzaga solmayotgan bo‘lsa?

17 Shuningdek Yahova — tanho Parvardigordir. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Yo Rabbimiz, yo Xudoyimiz! Sen shon-shuhrat, izzat-ikrom, kuch-qudratni egallashga loyiqsan. Zero Sen butun borliqni yaratding, hamma narsa Sening irodang ila vujudga keldi» (Vahiy 4:11). Xayolingizga kelgan butun borliq — samodagi ko‘zga ko‘rinmaydigan farishtalaru tunda porlaydigan yulduzlar, daraxtda o‘sayotgan mevalaru daryoda suzib yurgan baliqlar — ularning barchasini yaratgan Yahovadir!

YAHOVAGA YAQINLASHISH MUMKINMI?

18. Nimaga ba’zilar, Allohga hech qachon yaqinlasha olmaymiz, deb qo‘rqishadi, lekin Muqaddas Kitob nima demoqda?

18 Ba’zilar Yahovaning ajoyib xislatlari to‘g‘risida o‘qiganlarida hayajonlanishadi. Ular: «Alloh shunchalik buyukki men osiy bir banda Unga hech qachon yaqinlasha olmayman»,⁠— deb qo‘rqishadi. Lekin, Muqaddas Kitob nima demoqda? Unda Egamiz Yahova to‘g‘risida: «U har birimizga juda yaqin»,⁠— deb aytilmoqda (Havoriylar 17:27). Boz ustiga boshqa oyat: «Xudoga yaqinlashinglar, shunda U sizlarga yaqinlashadi»,⁠— deb undamoqda (Yoqub 4:8).

19. a) Xudoga qanday yaqinlashish mumkin va bu qanday foyda keltiradi? b) Xudoning qaysi fazilati sizga ayniqsa yoqimlidir?

19 Xudoga qanday yaqinlashish mumkin? Avvalambor, hozirgi qilayotgan ishingizni davom ettiring, ya’ni Xudo to‘g‘risida bilim oling. Muqaddas Kitobda Masih deb nom olgan Iso payg‘ambar shunday deganlar: «Abadiy hayot esa Seni — tanho Haq Xudoni hamda Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilishdan iboratdir» (Yuhanno 17:3). Ha, Muqaddas Kitob aytishicha, Yahova Taolo hamda Hazrati Iso to‘g‘risidagi bilim «abadiy hayotga» yetaklab boradi! Bilib olganimizday «Xudo sevgidir» (1 Yuhanno 4:16). Shuningdek, Yahovaning boshqa ajoyib fazilatlari bor. Masalan, bir oyatda: «Sabr-toqatli Xudoman, sobit sevgim va sadoqatim mo‘ldir»,⁠— deb aytilgan (Chiqish 34:6). Xudo «muruvvatli va kechirimlidir» (Zabur 85:5). U sabr-toqatli (2 Butrus 3:9). Xudo O‘z ummatini aslo tark etmas (Zabur 93:14). Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotib, Yahovaning yana ko‘pgina boshqa jozibador xislatlarini qanday namoyon qilayotganini ko‘rasiz.

20–22. a) Xudoni ko‘ra olmasak-da, Unga qanday yaqinlashish mumkin? Tushuntirib bering. b) Ba’zilar pok niyatlar ila, nima qilishlari mumkin, biroq siz nima qilasiz?

20 To‘g‘ri, Xudo ruhiy shaxs bo‘lgani uchun Uni ko‘ra olmaysiz (Yuhanno 1:18; 4:24; 1 Timo‘tiyga 1:17). Biroq, Uning shaxsi to‘g‘risida Muqaddas Kitob sahifalaridan bilib olishingiz mumkin. Bir oyatda aytilganday: «Xudovand jamolini tamosho» qilishingiz mumkin (Zabur 26:4; Rimliklarga 1:20). Yahova to‘g‘risida bilimingiz oshgan sayin, Uni yaqindan tanib olasiz. Shunda Xudoni sevish va Unga yaqinlashish uchun yanada ko‘p sabablar topasiz.

Mehribon ota o‘z bolasini sevganiday, samoviy Otamiz bizga yanada buyuk sevgi bilan qaraydi

21 Xudo bizga nafaqat hayot bergan, balki har bir mehribon ota kabi hayotdan zavq olishimizni xohlaydi. Shu sababli, Muqaddas Kitob Yahovani samoviy Ota deb bilishimiz kerakligini o‘rgatyapti (Matto 6:9). Boz ustiga, odamlar Yahovaning do‘stlari bo‘lishlari mumkin (Yoqub 2:23). Faqat o‘ylab ko‘ring-a, siz Parvardigori Olamning do‘sti bo‘lishingiz mumkin!

22 Biroq, Muqaddas Kitobni tadqiq qilganingiz sayin, ba’zilar pok niyatlar ila sizga qarshi chiqishi mumkin. Ular, ota-bobolaringiz dinini qoldirasiz deb qo‘rqadilar. Yoxud shunchaki behuda vaqt ketkizasiz deb o‘ylaydilar. Lekin, bu ajoyib, o‘zgacha do‘stlikni rivojlantirishga sizga hech kim xalaqit bermasin.

23, 24. a) Nimaga o‘rganayotgan narsalar to‘g‘risida savol berishdan tortinmasligingiz kerak? b) Yanagi bobda qanday mavzu muhokama qilinadi?

23 Shubhasizki, ba’zi fikrlarni shu zahotiyoq tushuna olish qiyin. Ammo yordam so‘rashdan hech ham tortinmang. Iso payg‘ambar bolalar kabi kamtarin bo‘linglar deganlar (Matto 18:2–4). Ma’lumki, bolalar juda ko‘p savollar berishadi. Xudo esa savollarimizga javob bermoqchi. Muqaddas Kitobda bir guruh odamlar maqtab o‘tilgan. Chunki ular Xudo to‘g‘risida bilimga ega bo‘lishni istab, Muqaddas Yozuvlarni chindan ham haqiqatmikin, deb sinchiklab o‘qir edilar (Havoriylar 17:11).

24 Yahova Taolo to‘g‘risida bilim olishning eng yaxshi yo‘li Muqaddas Kitobni o‘rganish, tadqiq qilishdir. Bu kitob boshqa barcha kitoblardan farqlidir. Qaysi jihatdan deysizmi? Bu mavzu yanagi bobda muhokama qilinadi.

^ 15- x.b. Xudoning ismi va ma’nosi to‘g‘risida 195–197- sahifalaridagi Ilovadan bilib olish mumkin.