Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TO‘RTINCHI BOB

Iso Masih — kim?

Iso Masih — kim?
  • U qanday o‘zgacha mavqega ega?

  • U asli qayerdan kelib chiqqan?

  • U qanday inson edi?

1, 2. a) Nimaga mashhur odam to‘g‘risida eshitish, uni yaxshi bilishni anglatmaydi? b) Iso Masih to‘g‘risida qanday o‘zgacha fikrlar mavjud?

DUNYODA ko‘p mashhur odamlar bor. Ba’zilari qishloq, shahar yoki mamlakatlarida taniqli bo‘lishsa, boshqalari hatto dunyoga dong chiqarishgan. Agar shunday insonlar to‘g‘risida eshitgan bo‘lsangiz, ularni yaxshi bilaman deb ayta olishingiz qiyin. Sababi, ularning kelib chiqishi va xulq-atvori sizga qorong‘u.

2 Iso Masihning 2 000 yil muqaddam yashaganiga qaramay, u haqda eshitmagan odam oz bo‘lsa kerak. Ammo aslida u kim bo‘lgani, ko‘plarga noma’lum. Ba’zilari uni shunchaki yaxshi inson qatorida bilishsa, boshqalari u faqatgina payg‘ambar bo‘lgan deb aytishadi. Yana boshqalari esa, Isoga sig‘inish kerak, chunki u Xudo deb ta’kidlashadi. Biroq, asli shundaymi?

3. Nimaga Iso Masih haqida to‘g‘ri bilimga ega bo‘lish darkor?

3 Har kim Iso Masih haqida to‘g‘ri bilimga ega bo‘lishi darkor. Nega deysizmi? Chunki Muqaddas Kitobda: «Abadiy hayot esa Seni — tanho Haq Xudoni hamda Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilishdan iboratdir»,⁠— deb aytilgan (Yuhanno 17:3). Ha, Parvardigor Yahova hamda Iso Masih haqida to‘g‘ri bilimlar, yer yuzidagi jannatda abadiy yashash umidini beradi (Yuhanno 14:6). Boz ustiga, turmush tarzda va o‘zgalar bilan qanday munosabatda bo‘lishda Iso Masih namuna bo‘ldi (Yuhanno 13:34, 35). Birinchi bobidan Xudo to‘g‘risida haqiqatni bilib olganimizday, keling Iso Masih to‘g‘risida Muqaddas Kitobda nima deyilganini ko‘rib chiqaylik.

VA’DA QILINGAN ZOT

4. «Mashiah» va «Xristos» so‘zlari Masihga tegishli bo‘lib, qanday ma’noga ega?

4 Isoning tug‘ilishidan ancha avval Masih, ya’ni Xudo tayinlagan zot kelishi bashorat qilingan edi. Ibroniycha «Mashiah» va yunoncha «Xristos» so‘zlari ushbu Masihga tegishli bo‘lib, «moy bilan surtilgan» ma’nosini beradi. Xudo uni moy bilan surtishi, ya’ni alohida bir xizmatga tayinlashi ko‘zda tutilgan edi. Kelasi boblardan Masih Xudoning niyatlarini amalga oshirishda qanday o‘zgacha ishtirok etgani to‘g‘risida yanada ko‘proq bilib olamiz. Shuningdek, Masih bizning manfaatimiz uchun hozirning o‘zida nima qilayotganini ko‘ramiz. Shubhasizki, Isoning tug‘ilishidan oldin ko‘plarni: «Masih kim bo‘lar ekan?» — degan savol qiziqtirgan edi.

5. Isoning shogirdlari nimadan amin edilar?

5 Milodiy I asrda Isoning shogirdlari aynan u Masih ekanidan shubhalanmaganlar (Yuhanno 1:41). Ulardan biri bo‘lmish Simun Butrus Isoga ochiqchasiga: Sen — Masihsan! deb aytgan (Matto 16:16). Nimaga ular Isoning Masih ekanidan amin edilar, va biz bunga qanday ishonch hosil qilishimiz mumkin?

6. Qanday qilib Xudoyimiz Yahova Masihni bilib olishga yordam berdi? Misol keltiring.

6 Masihni bilib olish uchun, qadimgi payg‘ambarlar u to‘g‘risida ko‘p bashoratlar qoldirishgan edi. Masalan, siz hech ko‘rmagan odamni bekatda yoki aeroportda kutib olishingiz kerak deylik. Agar sizga bu odamning tashqi ko‘rinishi qanday ekanini tavsiflab berishsa, uni tanish osonroq bo‘lmasmidi? Xuddi shunga o‘xshab Xudoyimiz Yahova payg‘ambarlar orqali Masih nima qilishi va u bilan nima sodir bo‘lishi kerakligini batafsil aytib bergan. Ushbu bashoratlarning amalga oshishi orqali Xudoning sodiq xizmatchilari Masihni bilib olishdi.

7. Qanday ikkita bashorat Iso Masihda amalga oshdi?

7 Faqat ikkita bashoratni olaylik. Birinchisini, ro‘yobga chiqishidan 700 yil avval Mixo payg‘ambar aytgan edi. U, Masih Isroilning Baytlahm shaharchasida tug‘ilishini bashorat qilgan (Mixo 5:2). Xo‘sh, Iso qayerda tug‘ilgan ekan? Ayni Baytlahmda! (Matto 2:1, 3–9). Ikkinchisini Doniyor payg‘ambar bashorat qilgan. Bu bashorat bajo bo‘lishidan bir necha yuz yil oldin aytilgan bo‘lib, Masihning milodiy 29- yilda * yuzaga kelishi to‘g‘risida edi (Doniyor 9:25). Ushbu va boshqa bashoratlar aynan Iso — va’da qilingan Masih ekanidan dalolat bermoqda.

Iso suvga cho‘mib, Xudo tomonidan tayinlangan Masih bo‘ldi

8, 9. Qanday qilib Isoning suvga cho‘mgan paytida u Masih ekani oydin bo‘ldi?

8 Iso va’da qilingan Masih ekanidan yana bir dalolat milodiy 29- yilda sodir bo‘ldi. O‘sha yili Iso Iordan daryosida suvga cho‘mish uchun, Yahyo payg‘ambarning huzuriga keldi. Xudo Yahyo payg‘ambarga Masihni bilib olish uchun belgi beraman, deb va’da qilgan edi. Yahyo Isoni suvga cho‘mdirib ushbu belgini ko‘rdi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Iso daryoga tushdi. U suvdan chiqqan zahoti, osmon ochilib ketdi va Xudoning Ruhi kaptarday Isoning ustiga tushib qo‘ngani ko‘rildi. Osmondan esa: “Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, Undan mamnunman”,⁠— degan nido keldi» (Matto 3:16, 17). Shunga guvoh bo‘lgan Yahyo, Isoni Xudo yuborganidan butunlayin ishonch hosil qildi (Yuhanno 1:32–34). Isoning ustiga Xudoning ruhi, ya’ni faol qudrati tushganida, u — Masih, ya’ni Xudo tomonidan tayinlangan Shoh va Hukmdor ekani oydin bo‘ldi (Ishayo 55:4).

9 Xullas Muqaddas Kitobning bashoratlari va Alloh Yahovaning guvohligi Iso ayni Masih ekanidan dalolat bermoqda. Muqaddas Kitobda Iso Masih to‘g‘risida yana ikkita muhim ma’lumot bor, ayni: u asli qayerdan kelib chiqqan va o‘zi qanday inson edi?

ISO QAERDAN KELIB CHIQQAN?

10. Muqaddas Kitob aytishicha Iso yerda tug‘ilishidan avval qayerda edi?

10 Muqaddas Kitob aytishicha Isoning kelib chiqishi osmondandir. Mixo payg‘ambar Isoning nafaqat Baytlahmda tug‘ilishini, balki «kelib chiqishi qadim zamonlardan», deb bashorat qilgan edi (Mixo 5:2, YADT). Yerda tug‘ilishidan avval osmonda bo‘lganini Isoning o‘zi ham bir necha bor ta’kidlagan edi (Yuhanno 3:13; 6:38, 62; 17:4, 5). U Xudoyi Taolo Yahova bilan o‘zgacha munosabatlarda bo‘lgan farishta edi.

11. Muqaddas Kitobda Iso Yahovaning suyukli o‘g‘li ekani qanday ta’kidlangan?

11 Iso Yahovaning xuddi suyukli o‘g‘li kabi bo‘lgan. Sababi, u «to‘ng‘ich singari» Xudoning eng birinchi ijodi * (Kolosaliklarga 1:15). Xudo faqatgina Isoni shaxsan O‘zi yaratgani sababli, u Yahovaning «yagona O‘g‘li»,⁠— deb ham yuritiladi. Xudo qolgan barcha narsalarni yaratganida esa, Iso yordamchi kabi bo‘lgan (Yuhanno 3:16; Kolosaliklarga 1:16). Shuningdek, Iso «Kalom» deb nom oldi (Yuhanno 1:14). Chunki, ham farishtalarga, ham yerdagi bandalarga Xudoning yo‘l-yo‘riq va nasihatlarini yetkazgan aynan Iso edi.

12. Iso Masih Xudoga teng emasligini qayerdan bilamiz?

12 Ba’zilar ishonganiday Iso Masihni Xudoga teng deb bo‘ladimi? Muqaddas Kitob sira bunga o‘rgatmaydi. Boya aytilganiday Iso Xudoning ijodi. Yahova esa azaliy va abadiy zotdir (Zabur 89:3). Iso hech qachon Xudoga teng bo‘lgan hurmatni o‘lja qilmagan. Muqaddas Kitob o‘rgatganiday Xudo Isodan ulug‘dir (Yuhanno 14:28; 1 Korinfliklarga 11:3). Faqat Yahova «Qodir Tangri» (Ibtido 17:1). Uning tengi yo‘qdir *.

13. Muqaddas Kitob: «Iso Masih ko‘rinmas Xudoning in’ikosidir»,⁠— deb aytganida nimani nazarda tutadi?

13 Millionlab yillar mobaynida, na yulduzlar va na yer bo‘lganida, Yahova hamda Iso Masih o‘zaro muloqotda bo‘lishgan. Ular bir-biriga naqadar bog‘lanib qolishgan! (Yuhanno 3:35; 14:31). Xuddi o‘g‘ilcha otasiga taqlid qilganiday, Iso Masih Xudoga, Uning hamma fazilatlariga shu darajada taqlid qilar ediki, hatto Muqaddas Kitobda: «Iso Masih ko‘rinmas Xudoning in’ikosidir»,⁠— deb aytilgan (Kolosaliklarga 1:15).

14. Qanday qilib Yahovaning farishtasi bo‘lgan Iso inson qiyofasiga kirdi?

14 Iso Masih o‘z irodasi ila osmonni tark etib, inson qiyofasiga kirdi. Biroq siz: «Qanday qilib farishta odam qiyofasiga kirishi mumkin?» — deb hayrondirsiz. Bu Yahovaning bir mo‘jizasi edi. U Masihning hayotini osmondan olib, Maryam degan yahudiy bokira qizning bachadoniga o‘tkazdi. Maryamning homilasi erkak kishining ishtiroksiz sodir bo‘ldi. Xullas, Maryam mukammal o‘g‘il ko‘rib, ismini Iso deb qo‘ydi (Luqo 1:30–35).

ISO MASIH QANDAY INSON EDI?

15. Nimaga Iso Masih orqali Tangri Yahova haqida ko‘proq bilimga ega bo‘lish mumkin?

15 Iso Masihning gaplariyu ishlaridan, u qanday inson bo‘lganini ko‘rish mumkin. Boz ustiga, u orqali Tangri Yahova haqida ko‘proq bilimga ega bo‘lamiz. Qanday qilib deysizmi? Oldin aytilganiday, Iso xuddi o‘g‘il otasiga taqlid qilganiday Xudoga ergashgan. Shu yo‘sin, Iso bir shogirdiga: «Meni ko‘rgan Otamni ko‘rgan bo‘ladi»,⁠— deb aytdi (Yuhanno 14:9). Injilning tarkibiga kirgan Matto, Mark, Luqo va Yuhanno deb nomlangan risolalarida Isoning hayoti, faoliyati va fazilatlari batafsil bayon etilgan.

16. Iso Masih asosan nima to‘g‘risida o‘qitar edi va bu xushxabar kimdan edi?

16 Iso Masihni «Ustoz» deb atashar edi (Yuhanno 1:38; 13:13). U nima to‘g‘risida o‘qitar edi? Asosan Iso, yer ustidan hukm suradigan va itoatkor insonlarga barakalar yog‘diradigan samoviy hukumat, ya’ni «Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi Xushxabarni» targ‘ib qilar edi (Matto 4:23). Bu xushxabar kimdan edi? Iso Masih shunday deganlar: «Mening ta’limotim O‘zimniki emas, balki Meni Yuborgannikidir» (Yuhanno 7:16). Ha, xushxabar Xudoyimiz Yahovadandir. Insonlar Xudoning Shohligi haqida bilishlari kerak, chunki bu Xudoning irodasidir. Xudoning Shohligi va maqsadlari to‘g‘risida ko‘proq 8- bobda muhokama qilinadi.

17. Iso Masih odamlarni qayerda o‘qitar va nima sababdan shunday qilar edi?

17 Iso Masih odamlarni qayerda o‘qitar edi? Odamlar qachon kelishar ekan deb o‘tirmay, Iso qayerga bormasin — qishloqqami, shahargami, bozorgami, yo odamlarning uyigami hamma yoqda va’z qilar edi (Mark 6:56; Luqo 19:5, 6). Nima sababdan Iso shunday qilar edi? Chunki bu Xudoning irodasi, Iso esa doimo Yahovaning irodasini bajo keltirgan (Yuhanno 8:28, 29). Shuningdek, Iso Masihning odamlarga rahmi kelardi (Matto 9:35, 36). Din ulamolari Xudo va Uning niyatlari to‘g‘risida odamlarga tushuntirishlari kerak edi-yu, lekin shunday qilishmas edi. Iso esa odamlar Shohlik to‘g‘risida bilishlari darkor ekanini tushungan.

18. Iso Masihning qaysi fazilatlari sizga ayniqsa yoqimli?

18 Iso Masih mehribon va rahmdil odam edi. Shuning uchun odamlar va hatto bolalar uning yonida o‘zlarini bemalol his qilishar edi (Mark 10:13–16). Iso nohaqlikdan nafratlanayotgan odil inson edi (Matto 21:12, 13). U yashagan paytda ko‘pincha ayollarni kamsitishgan, lekin Iso Masih ular bilan hurmat ila muomala qilgan (Yuhanno 4:9, 27). Bir marta esa u hatto xizmatkorning vazifasini bajarib, shogirdlarining oyoqlarini yuvdi. Ha, Iso Masihning kamtarligi samimiy edi.

Iso Masih qayerga bormasin, va’z qilar edi

19. Qaysi misol Isoning hamdardligini ko‘rsatmoqda?

19 Iso Masih Xudoning ruhi bilan xastalarga shifo berar edi. Bundan u judayam hamdard bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin (Matto 14:14). Misol uchun, bir kuni bir moxov Isoga yaqinlashib: «Agar istasang, meni moxovlikdan pok qila olasan»,⁠— deya yalindi. Iso Masihning uning azoblariga rahmi kelib, hamdardligi ila qo‘lini uzatdi va unga tegizib «Istayman, pok bo‘l!» — deb qo‘ydi. Shu zahoti odam pok-pokiza bo‘lib ketdi! (Mark 1:40–42). Tasavvur qilib ko‘ring, bu odam qanchalik baxtli bo‘lgandir-a?!

O‘LIMGACHA SODIQ

20, 21. Xudoga itoatkor va sodiq bo‘lishda Iso Masih qanday o‘rnak ko‘rsatdi?

20 Xudoga itoatkor bo‘lishda Iso Masih eng oliy o‘rnak ko‘rsatdi. Hatto qiyinchilik va sinovlarga qaramay, u doimo Xudoyimiz Yahovaga sodiq edi. Shaytonning vasvasalarida ham Iso Masih imondan yuz o‘girmadi (Matto 4:1–11). Lekin bu oson bo‘lmagan, chunki hatto uning qarindoshlari bir vaqtlar: «U aqldan ozib qolibdi»,⁠— deya unga ishonishmas edi (Mark 3:21). Biroq odamlarning haqorat va tahqirlariga qaramay, Iso Masih Xudoning irodasini bajo keltirishda davom etgan. U hech qachon g‘azabga minib qasdini olmas edi (1 Butrus 2:21–23).

21 Iso Masihning o‘limi juda shafqatsiz va azobli edi, ammo shunda ham u sodiq qoldi (Filippiliklarga 2:8). O‘limidan bir kun oldin nima yuz berganini faqatgina o‘ylab ko‘ring. Isoni qo‘lga olib qamoqqa tiqishdi, unga qarshi qalbaki guvohlar chiqdi, poraxo‘r hakamlar uni hukm qildi, xalq va askarlar uni masxara qilib kaltaklashdi, va nihoyat uni ustunga mixlashdi. Shunda Iso: «Amalga oshdi!» — deya jon taslim qildi (Yuhanno 19:30). Uch kundan so‘ng Xudo Iso Masihni qaytadan samoviy hayot uchun tiriltirdi (1 Butrus 3:18). Yana bir necha haftadan so‘ng esa Iso Masih osmonga ko‘tarilib, shohlik qilish vaqti kelguniga qadar Xudoning o‘ng tomonida o‘tirib oldi (Ibroniylarga 10:12, 13).

22. Iso Masihning o‘limi qanday ahamiyatga ega?

22 Iso Masihning o‘limi qanday ahamiyatga ega? Bu orqali jannatda abadiy yashash imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ha, Xudoyimiz Yahovaning niyati oldindan shunday edi. Keyingi bobda, qanday qilib Iso Masihning o‘limi biz uchun abadiy hayotga yo‘l ochib berganini ko‘rib chiqamiz.

^ 7- x.b. Doniyor payg‘ambarning Masih to‘g‘risidagi bashoratlari 197–199- sahifalaridagi Ilovada muhokama qilinadi.

^ 11- x.b. Yahova butun olamning Yaratuvchisi bo‘lgani uchun, Ota deb yuritiladi (Ishayo 64:8). Iso esa Xudoning ijodi bo‘lgani sababli, o‘g‘il deb aytilishga munosib. Bunga o‘xshab Xudoning farishtalari va hatto bandasi bo‘lgan Odam Ato o‘g‘il deb yuritilgan (Ayub 1:6; Luqo 3:38).

^ 12- x.b. Iso Masih Xudoga teng emasligi to‘g‘risida batafsil ma’lumotni 201–204- sahifalaridagi Ilovadan topishingiz mumkin.