Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘N BIRINCHI BOB

Nega Xudo azob-uqubatlarga yo‘l qo‘ydi?

Nega Xudo azob-uqubatlarga yo‘l qo‘ydi?
  • Insoniyat azob-uqubat chekishida Xudoning aybi bormi?

  • Jannatda qanday masala ko‘tarilgan edi?

  • Azob-uqubatlarni Xudo qanday qilib bartaraf etadi?

1, 2. Odamlar qanday ko‘rgiliklar bilan duch kelyapti va qanday savollar ularni o‘yga soladi?

BIR mamlakatda sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar natijasida, minglab ayollaru bola-chaqalar o‘ldirilib, bitta umumiy qabrga dafn etilgan edilar. Bu joyning atrofini to‘sib, «Nega?» deb yozib qo‘yishgan ekan. Odatda bunday savol qayg‘u-alam ifodasidir. Urushlaru tabiiy ofatlar, o‘latlaru jinoyat begunoh odamlarni behad qiynab, uy-joylarini barbod etib, hatto hayotini olib ketmoqda. Shunda ular: «Nega bu ko‘rgilik boshimizga tushdi?» — degan savolni berishadi.

2 Nega Xudoyimiz Yahova azob-uqubatlarga yo‘l qo‘ydi? Agar U rahmonu mehribon, qudratliyu hikmatli hamda adolatli bo‘lsa, nega dunyo zo‘ravonligu adolatsizlikka to‘la? Sizni ham shu kabi savollar o‘yga solganmi?

3, 4. a) Nega azob-uqubatlarning sababi to‘g‘risida o‘ylash xato emas? b) Odamlarning azob chekishiga Alloh qanday qaraydi?

3 Bunday savollar ustidan o‘ylash xatomi? Ba’zilarning fikricha bunday savollar imoni sustlik hamda Xudoga nisbatan hurmatsizlik belgisidir. Biroq Muqaddas Kitobni tadqiq qilsangiz, shu kabi savollar taqvodor insonlarni qiziqtirganini ko‘rasiz. Masalan Xabaqquq payg‘ambar ibodat qilib, shunday deb so‘raganlar: «Nega badkirdorlikni ko‘rishimga yo‘l beryapsan, va baxtsizlikka qarab turibsan? Nega ko‘z o‘ngimda talonchilik bilan zo‘ravonlik sodir bo‘lmoqda, va janjalu adovat yoyilmoqda?» (Xabaqquq 1:3, YADT).

Yahova Taolo azob-uqubatlarni yo‘q qiladi

4 Bunday savollar bergani uchun Yahova Xabaqquqni ta’na qildimi? Yo‘q. Aksincha, Xudo bu samimiy so‘zlar Muqaddas Kitobda yozilishiga g‘amxo‘rlik qildi. Boz ustiga U payg‘ambarga tushuncha berib, imonini mustahkamladi. Xudovand sizga ham yordam bermoqchi. Injilda: «Uning O‘zi sizlarga g‘amxo‘rlik qiladi»,⁠— deb aytilgan (1 Butrus 5:7). Odamlarning azob chekishini ko‘rish Allohga xush kelmaydi, chunki Uning mehr-shafqati biznikidan afzal (Ishayo 55:8, 9). Bo‘lmasa nega azob-uqubat chekyapmiz?

NEGA AZOB-UQUBATLAR SODIR BO‘LYAPTI?

5. Odamlarning fikricha azob-uqubatlarning sababi nimada, biroq Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

5 Ko‘p odamlar ruhoniylarga: «Nega azob-uqubatlar sodir bo‘lyapti?» — deb savol berishsa, javobiga: «Bu Allohning irodasi, peshanada yozilgani bo‘ladi-da»,⁠— degan so‘zlarni eshitishadi. Shuningdek ruhoniylar: «Xudo O‘z istaganini qiladi. Xohlasa hatto go‘dakning jonini ham olishi mumkin»,⁠— deb ta’kidlashadi. Biroq bilib olganimizday Yahova balo-qazolarning sababchisi emas. Muqaddas Kitobda quyidagini o‘qiymiz: «Haq Taolo sira nohaqlik qilmas. Qodir Alloh adolatsiz yo‘l tutmas!» (Ayub 34:10, YADT).

6. Nima uchun odamlar barcha balo-qazolarda Qodir Tangrini ayblashadi?

6 Lekin nima uchun odamlar barcha balo-qazolarda Qodir Tangrini ayblashadi? Ularning fikricha dunyoni Xudo boshqaryapti, demak barcha narsalarni Undan ko‘rish mumkin. Biz 3- bobdan bilib olgan haqiqatni, ya’ni bu dunyoning asl hokimi Shayton ekanini ular bilishmaydi-da.

7, 8. a) Nega dunyo azob-uqubatlarga to‘la? b) Qanday qilib nomukammallik hamda «fursat va tasodif» azob-uqubatlarni ko‘paytirmoqda?

7 Muqaddas Kitobda ochiq-oydin aytilgan: «Butun dunyo esa yovuz shaytonning hukmidadir» (1 Yuhanno 5:19). Agar buni yodda tutsak, hammasi o‘z joyiga tushadi. «Butun dunyoni aldab yo‘ldan ozdirayotgan» Shayton kabi, dunyo ham razillashib bormoqda (Vahiy 12:9). Shayton ham, uning izmida bo‘lgan dunyo ham yovuz, yolg‘on va shafqatsizdir. Aynan shu sababli dunyo azob-uqubatlarga to‘la.

8 Shuningdek, 3- bobdan odamlar jannatda isyon ko‘targanidan so‘ng nomukammal va gunohkor bo‘lib qolganini bilib oldik. Osiy banda esa hasad qilishga moyil. Aynan shu sabab dunyoda urush, zulm va azob-uqubatlar mavjud (Voiz 4:1; 8:9). Ustiga-ustak hammamiz «fursat va tasodifga» duchormiz (Voiz 9:11, YADT). Yahovaning himoyasidan holi dunyoda yashar ekanmiz, nogahon boshimizga ofat tushishi mumkin.

9. Azob-uqubatlarga yo‘l qo‘yish uchun, Xudoning jiddiy sabablari bo‘lganiga nega amin bo‘lishimiz mumkin?

9 Xudo azob-uqubatlarning sababchisi emasligini bilish qanchalik tasallidir. Ha, odamlarni ezayotgan urush, jinoyat, zulm va hatto tabiiy ofatlarda Xudoning hech qanday daxli yo‘q. Biroq, bizni shunday savol tashvishga solmoqda: nega Yahova bunga yo‘l qo‘ymoqda? Agar Alloh har narsaga qodir bo‘lsa, nega yovuzlikka chek qo‘ymaydi? Bunga qandaydir sabablar bo‘lganmi? Ha, mehribon Xudoning o‘ta jiddiy sabablari bor edi (1 Yuhanno 4:8).

O‘TA MUHIM HAYOTIY MASALA

10. Shayton nimani shubha ostiga qo‘ydi, va qanday qilib?

10 Xudo azob-uqubatlarga yo‘l qo‘yganining sababini bilish uchun insoniyat ibtidosiga qaytaylik. Odam Ato bilan Momo Havoni Xudoga qarshi qilib qo‘ygan Shayton, o‘ta muhim hayotiy masalani ko‘tardi. Iblis Yahova Taoloning qudratida shubhalangani yo‘q, chunki Uning qudrati qanchalik cheksiz ekanini juda yaxshi bilar edi. Xudoni, bandalaridan ezgulikni sir saqlaydigan yolg‘onchi sifatida ko‘rsatib, Shayton Yahovaning boshqarish huquqini shubha ostiga qo‘ydi (Ibtido 3:2–5). Odamlar Xudosiz ham baxtli yashay olishlari mumkin, deb ta’kidladi u. Shu bilan Shayton Yahovaning hukmdorligiga, ya’ni boshqarish huquqiga qarshi chiqdi.

11. Nega Yahova isyonchilarni shu zahotiyoq yo‘q qilib qo‘ymadi?

11 Xullas, Odam Ato bilan Momo Havo isyon ko‘tarishdi. Aslida ular shunday deyishdi: «Biz Yahovaning boshqaruviga muhtoj emasmiz. O‘zimiz ham yomon bilan yaxshilikning farqiga bora olamiz». Xo‘sh, bu masalani Egamiz qanday hal qilar ekan? Barcha ongli maxluqqa isyonchilarning nohaqligi hamda Xudoning boshqaruvi afzal ekanini qanday ko‘rsatish mumkin ekan? Ba’zilarning fikricha isyonchilarni yo‘q qilib, hamma narsani qaytadan qilish osonroq tuyuladi. Lekin yer yuzi Odam Ato va Momo Havoning avlodlari bilan to‘lishi haqidagi Yahovaning niyati qanday qilib ro‘yobga chiqar edi? (Ibtido 1:28). Tangrimiz Yahova O‘z niyatlarini doimo amalga oshiradi (Ishayo 55:10, 11). Boz ustiga, agar jannatdagi isyonchilar shu zahotiyoq yo‘q qilinganida Xudoning boshqaruvi haqidagi masala hal qilinmay qolar edi.

12, 13. Nega Yahova Taolo odamlar xohlagan boshqarish usullarini sinab ko‘rsin, hamda Shayton insoniyat ustidan boshqarib ko‘rsin, deya vaqt ajratdi? Misol keltiring.

12 Bir misol keltiraylik. Domla o‘quvchilariga bir masalani yechish usulini tushuntiryapti, deylik. Lekin bir o‘jar bola, domla nohaq va bu masalani boshqa usul bilan yechish kerak, deb da’vo qilibdi. U domlani bilimsizlikda ayblab, bu masalani o‘zi ham juda qulay tarzda yechishini ta’kidlabdi. Ba’zi sinfdoshlar uning da’vosiga qo‘shilib, tarafini olibdi. Xo‘sh, domla nima qilar ekan? Agar bezorilarni sinfdan haydab chiqarsa, boshqa o‘quvchilar nima deb o‘ylaydi? Sinfdoshimiz haqmikin deb o‘ylashmaydimi? Domla, nohaqligi oshkor bo‘lib qolishidan qo‘rqdi shekilli, deb o‘ylashmasmikin? Biroq, domla bu o‘jar bolaga masalani bilganiday hal qilib ko‘rish uchun imkoniyat bersa-chi?

Nahotki o‘quvchi domlasidan ustun bo‘lsa?

13 Yahova Taolo ham xuddi shunday yo‘l tutdi. Esingizda bo‘lsa, jannatdagi isyon nafaqat uni ko‘targanlarga taalluqli edi. Axir, millionlab farishtalar buni kuzatib turishar edi-ku (Ayub 38:7; Doniyor 7:10). Chunki bu masala qanday hal qilinishi farishtalarga ham, boshqa barcha ongli maxluqlarga ham taalluqli edi. Yahova nima qilgan edi? U, odamlar xohlagan boshqarish usullarini sinab ko‘rsin, hamda Shayton insoniyat ustidan boshqarib ko‘rsin deya, vaqt ajratdi.

14. Nega Yahova insoniy boshqaruvga yo‘l qo‘ydi?

14 Boyagi misolda keltirilgan domla, o‘jar bola va uning sheriklari nohaq ekanini biladi. Biroq boshqalarni deb, bu bolaga o‘z tasdiqlarini isbotlash uchun imkoniyat berish kerakligini ham biladi. Chunki bu bezorilarning urinishlari puchga chiqsa, domla haq ekani hamda faqatgina u dars olib borishga haqli ekani hammaga ayon bo‘ladi. Kelajakda esa domla har qanday o‘jarni sinfdan nega haydab chiqarganini hamma tushunadi. Ha, Yahova samimiy odamlaru farishtalarni deb, shunday yo‘l tutdi. Shayton va uning ostida bo‘lgan isyonchilar nohaq ekani hamda insoniy boshqaruv muvaffaqiyatsizlikka uchrashi hammaga ayon bo‘ladi. Shunda hamma Yeremiyo payg‘ambarning ushbu gaplariga qo‘shiladi: «Yo Rabbim Yahova, aniq bilaman, insonning ixtiyorida emas uning yo‘li. Yo‘lovchi o‘z qadamlarini yo‘naltirishga qodir emas» (Yeremiyo 10:23, YADT).

NEGA BUNCHALIK UZOQ?

15, 16. a) Nega azob-uqubatlar bunchalik uzoq davom etyapti? b) Nega Xudovand yovuzligu jinoyatning oldini olmayapti?

15 Lekin, nega azob-uqubatlar bunchalik uzoq davom etyapti? Nega Tangri Taolo Yahova odamlarni balo-qazolardan xalos qilmayapti? Boyagi misolga qaytsak, domla ikki narsani qilmasligini bilamiz. Birinchidan, o‘jar bolani to‘xtatmadi. Ikkinchidan esa unga ko‘maklashmadi ham. Xuddi shunga o‘xshab, Egamiz Yahova ikki narsani qilmadi. Birinchidan, Shayton bilan uning sheriklarini to‘xtatmay, da’volarini tasdiqlash uchun ularga imkoniyat hamda vaqt ajratib berdi. Mana minglab yillar o‘tdiki, insoniyat turli xil boshqarish usullarini sinab ko‘rdi. To‘g‘ri, ilm-fan va boshqa sohalarda ba’zi yutuqlarga erishildi, lekin adolatsizlik, qashshoqlik, jinoyatchilik va urushlar avjiga chiqdi-ku! Darhaqiqat, insoniy boshqaruv muvaffaqiyatsizlikka uchragani barchaga ayon bo‘ldi.

16 Ikkinchidan, Yahova Shaytonga ko‘maklashgani yo‘q. Agar Xudovand yovuzligu jinoyatning oldini olganida, bu isyonchilarga qulay bo‘lmasmidi? Shunda ular, o‘zimiz ham muvaffaqiyatli bo‘la olamiz ekan, deb o‘ylashmasmidi? Shuningdek, insoniy boshqaruvning qayg‘uli oqibatlari kimga ham ayon bo‘lar edi? Agar Yahova shunday qilganida, yolg‘onni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lmasmidi? Lekin U «yolg‘on gapirmaydigan Xudodir» (Ibroniylarga 6:18).

17, 18. Inson boshqaruvi hamda Shayton ta’siri oqibatida yetkazilgan barcha yovuzlikni Yahova qanday yo‘q qiladi?

17 Lekin, Xudoga qarshi ko‘tarilgan isyon dastidan uzoq vaqt davom etayotgan yovuzlik bilan nima bo‘ladi? Yahova — Qodir Alloh ekani yodimizdan chiqmasin. Shunday ekan, U insoniyatga yetkazilgan barcha yovuzlikni yo‘q qila oladi. Bilib olganimizday, yer yuzi xarob qilinishdan to‘xtab, qaytadan jannatga aylanadi. Hazrati Iso Masihning fido bo‘lgan hayoti evaziga gunoh oqibatlari yo‘q qilinib, o‘lim ustidan tirilish g‘alaba qozonadi. Xudovand Iso Masihga «iblisning ishlarini barbod qilishni» buyurgan edi (1 Yuhanno 3:8). Buning barchasini Yahova aniq tayinlagan vaqtda amalga oshiradi. Xudovand ertaroq harakat qilmaganidan qanchalar minnatdor bo‘lishimiz mumkin, chunki Uning sabr-toqati tufayli biz haqiqatni bilib, Unga xizmat qilish imkoniyatiga egamiz (2 Butrus 3:9, 10). Bugungi kunda Yahova Unga topinmoqchi bo‘lgan samimiy insonlarni izlab, ularning boshiga tushgan azob-uqubatlarni yengish uchun yordam berib turibdi (Yuhanno 4:23; 1 Korinfliklarga 10:13).

18 Ba’zilar ajablanib: «Nega Alloh Odam Ato bilan Momo Havoni doimo to‘g‘ri yo‘l tutadigan qilib yaratmadi?» — deb so‘rashi mumkin. Bu savolga javob topish uchun, keling Yahovaning qimmatbaho hadyasini yodga olaylik.

XUDONING HADYASIDAN QANDAY FOYDALANASIZ?

Xudovand azob-uqubatlarni yengish uchun sizga yordam beradi

19. Odam qanday qimmatbaho hadya bilan yaratilgan, va nega uning qadriga yetish kerak?

19 Kitobning 5- bobidan bilib olganimizday, odam iroda erkinligi bilan yaratilgan edi. Ushbu hadyaning qadriga yetyapsizmi? Masalan hayvonlar instinkt bilan, ya’ni ongsiz ravishda, tuyg‘u bilan harakatlanadigan qilib yaratilgan. Odamlar esa har xil vazifalarni bajaradigan robot yaratishga qodir. Xo‘sh, biz hayvon yoki robot kabi bo‘lsak baxtli bo‘larmidik? Yo‘q, aslo. Tanlash imkoniyatidan xursand emasmisiz? Masalan: qanaqa inson bo‘lish, turmushni qanday rejalashtirish, kim bilan do‘st bo‘lish va hokazo. Darhaqiqat, bunday erkinlikdan zavqlanishimiz mumkin, chunki bu Xudoning xohish-irodasi edi.

20, 21. Iroda erkinligidan qanday to‘g‘ri foydalanish mumkin va nega bu o‘ta muhim?

20 Yahova Unga majburiyat yuzasidan xizmat qilishimizni xohlamaydi (2 Korinfliklarga 9:7). Masalan, farzand: «Men sizni yaxshi ko‘raman» desa, ota-ona nimani ko‘proq xush ko‘radi, bu so‘zlar birovning gapi bilan aytilishinimi yoki bolaning dilidan chiqishinimi? Xo‘sh, siz Xudoning hadyasi bo‘lmish iroda erkinligidan qanday foydalanasiz? Shayton, Odam Ato, Momo Havo bu hadyaning qadriga yetishmadi. Ular Xudovand Yahovadan yuz o‘girishdi. Siz-chi, nima qilgan bo‘lar edingiz?

21 Siz ushbu qimmatbaho hadyadan, ya’ni iroda erkinligidan to‘g‘ri foydalanish imkoniyatiga egasiz. Siz Yahovaning tarafida turgan millionlab insonlar qatoriga qo‘shilishingiz mumkin. Ular, Shayton yolg‘onchi ekanini tasdiqlab, Xudoni quvontirmoqdalar (Hikmatlar 27:11). Siz ham to‘g‘ri yo‘lni tanlashingiz mumkin. Buni qanday qilish mumkinligi to‘g‘risida esa kelasi bobdan bilib olamiz.