Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘N UCHINCHI BOB

Xudoning hayotga bo‘lgan nuqtai nazari

Xudoning hayotga bo‘lgan nuqtai nazari
  • Xudoning hayotga bo‘lgan nuqtai nazari qanday?

  • Abortga bo‘lgan Xudoning nuqtai nazari qanday?

  • Hayotga bo‘lgan ehtiromni qanday ko‘rsatishimiz mumkin?

1. Butun borliqni kim yaratgan?

«YAHOVA — Haq Taolodir. U barhayot Xudo»,⁠— deganlar Yeremiyo payg‘ambar (Yeremiyo 10:10, YADT). Ha, Yahova butun borliqning Parvardigoridir. Aynan shu sabab samoviy mavjudotlar: «Sen butun borliqni yaratding, hamma narsa Sening irodang ila vujudga keldi»,⁠— deya hayqirishar edi (Vahiy 4:11). Hazrati Dovud esa shunday deb kuylagan: «Zotan, hayot manbai Sendadir» (Zabur 35:10). Darhaqiqat, hayot — Xudoning in’omidir.

2. Tangrimiz hayotimizni qanday qo‘llab-quvvatlaydi?

2 Tangrimiz Yahova hayotimizni qo‘llab-quvvatlab turibdi (Havoriylar 17:28). Masalan, oziq-ovqat, suv, havo va yer, bularning bari hayotimiz uchun nafaqat zarur, balki quvonch keltiradigan narsalardir (Havoriylar 14:15–17). Lekin quvonib yashash uchun, Xudoning qonunlarini o‘rganib, ularga rioya qilishimiz darkor (Ishayo 48:17, 18).

HAYOTGA BO‘LGAN EHTIROM

3. Ilk qotillikka Xudovand qanday qaradi?

3 Egamiz xoh o‘zimizning, xoh o‘zgalarning hayotiga ehtirom bilan qarashimizni xohlaydi. Keling Odam Ato bilan Momo Havoning davriga qaytaylik. Bir kuni ularning to‘ng‘ich o‘g‘li Qobil o‘z ukasi Hobilga qattiq ranjigan edi. Shunda Yahova, bu og‘ir gunohga yetaklashi mumkin, deb Qobilni ogohlantirdi. Biroq Qobil nazar-pisand qilmay, «ukasi Hobilga qarshi qo‘l ko‘tarib uni o‘ldirdi» (Ibtido 4:3–8). Tangri Yahova, qotillik uchun Qobilni jazoladi (Ibtido 4:9–11).

4. Tavrotda Xudoning hayotga bo‘lgan ehtiromi qanday ko‘rsatilgan?

4 Oradan ming yillar o‘tib, Yahova Taolo odamlarga yo‘l-yo‘riq sifatida, Muso payg‘ambar orqali Tavrotni nozil qildi. Tavrotning bir amri shunday buyurar edi: «Qotillik qilmang» (Amrlar 5:17, YADT). Ko‘rinyaptiki, Xudo hayotga o‘ta ehtirom bilan qaraydi. Xuddi shuni Xudovand odamlardan ham kutmoqda.

5. Abortga qanday qarashimiz kerak?

5 Homilaga esa munosabatimiz qanday bo‘lishi kerak? Tavrotga binoan, homilani o‘ldirish og‘ir gunoh edi. Ha, hatto tug‘ilmagan chaqaloqning hayoti Xudovand Yahovaning nazarida juda qadrlidir (Chiqish 21:22, 23; Zabur 126:3). Demak, abort qilish noto‘g‘ridir.

6. Nega o‘zgalardan nafratlanmasligimiz kerak?

6 Hayotga ehtirom bilan qarash, o‘zgalarni hurmat qilishni ham o‘z ichiga oladi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Birodaridan nafratlangan har qanday kishi qotildir. Hech bir qotil esa abadiy hayotga ega bo‘lmasligini bilasizlar» (1 Yuhanno 3:15). Agar abadiy hayotga umid bog‘lagan bo‘lsak, demak qalbimizdan zarracha bo‘lsa-da nafratni haydab chiqarishimiz kerak, chunki nafratning oqibati zo‘ravonlikdir (1 Yuhanno 3:11, 12). Keling, o‘zgalarni sevishni o‘rganaylik.

7. Qanday ishlar hayotga ehtiromsizlik deb hisoblanadi?

7 Hayotga bo‘lgan ehtiromni qanday ko‘rsatishimiz mumkin? Hayotni sevish tabiiydir, biroq ba’zilar shunchaki ko‘ngilxushlik deb tamaki, nos, chilim chekib, giyohvand moddalardan noto‘g‘ri tarzda foydalanyaptilar. Bu ishlar nafaqat sog‘liqqa zarar, balki ko‘pincha o‘limga ham sabab bo‘ladi. Bunday ishlar bilan shug‘ullanganlar hayotga ehtirom bilan qarashmaydi. Boz ustiga, bunday ishlar Xudoning nuqtai nazarida haromdir (Rimliklarga 6:19; 12:1; 2 Korinfliklarga 7:1). Xudoni mamnun qilay desak, bunday ishlardan xalos bo‘lishimiz darkor. To‘g‘ri, bu qiyin bo‘lishi mumkin, biroq Egamiz Yahovaning madadi bilan buni uddalashimiz tayin. Hayotga Xudoning in’omi sifatida qarash uchun qilgan harakatlarimizni U albatta qadrlaydi.

8. Nega doimo ehtiyotkor bo‘lish darkor?

8 Agar hayotni qadrlasak albatta ehtiyotkor bo‘lishga harakat qilamiz. Shunchaki ko‘ngil ochish uchun hayotni xavf ostiga qo‘yish hech ham yarashmaydi. Masalan, mashina haydasak ehtiyot bo‘lamiz. Shafqatsiz hisoblangan sport turlaridan chetlanamiz (Zabur 10:5). Tavrotning bir qonunida shunday deyilgan: «Yangi uy qursangiz [tomi tekis bo‘lgan], tomingiz ustida to‘siq quring, tag‘in undan birortasi yiqilib, siz tufayli uyingizda qon gunohi bo‘lmasin» (Amrlar 22:8, YADT). Bunga amal qilay desangiz, birortasi yiqilib tushmasligi uchun, uyingizdagi zinapoyalar mustahkam bo‘lishi kerak. Umuman olganda, uyingiz yaxshi ahvolda bo‘lsin. Agar mashinangiz bo‘lsa, u doimo soz holatda tursin. Hech qachon uyingizu mashinangiz xavf-xatar tug‘dirishiga yo‘l qo‘ymang.

9. Hayvonlarga bo‘lgan munosabatimiz qanday bo‘lishi kerak?

9 Xo‘sh, jonivorlarning hayoti to‘g‘risida nima deyish mumkin? Hayvonlarning hayoti ham Parvardigor ko‘zida qadrlidir. To‘g‘ri, Xudo ularni ovqat, kiyim uchun yoxud xavf tug‘dirsa o‘ldirishga ijozat bergan (Ibtido 3:21; 9:3; Chiqish 21:28). Biroq, ularning jonini qiynash yoki shunchaki tomosha uchun o‘ldirish noto‘g‘ri. Chunki bunday ishlar hayotga nisbatan hurmatsizlik bo‘lar edi (Hikmatlar 12:10).

QONGA BO‘LGAN EHTIROM

10. Hayot bilan qon chambarchas bog‘liq ekanini Xudovand qanday ko‘rsatdi?

10 Qobil ukasi Hobilni o‘ldirganida Yahova unga: «Ukangning qoni tuproqdan Menga qarab faryod etmoqda»,⁠— deb aytdi (Ibtido 4:10). «Ukangning qoni» deganda Xudo Hobilning hayotini nazarda tutgan edi. Hobilning qonini to‘kkani uchun Qobil jazolanishi kerak edi. Chunki majoziy ma’noda qon, ya’ni Hobilning hayoti adolat o‘rnatilishini talab qilardi. Ha, qon hayot bilan chambarchas bog‘liq. Buni, To‘fondan oldin bo‘lgan davr tasdiqlaydi. O‘sha paytda odamlar faqat meva-cheva, sabzavot, g‘alla va yong‘oq iste’mol qilishgan. Biroq To‘fondan so‘ng Yahova Nuh payg‘ambarning uy ahliga: «Yashayotgan har bir jonivor sizlar uchun yemish bo‘ladi; ko‘k o‘t kabi bularning hammasini ham sizlarga berdim»,⁠— dedi. Lekin davom etib: «Faqat etni o‘z joni, ya’ni qoni bilan yemanglar»,⁠— deb buyurdi (Ibtido 1:29; 9:3, 4). Ko‘rinyaptiki, Xudovand nazarida hayot bilan qon chambarchas bog‘liqdir.

11. Qaysi amr Nuh payg‘ambar davridan boshlab hanuzgacha o‘zgarmagan?

11 Agar hayotni qadrlasak qon iste’mol qilishdan qochamiz. Tavrotda Xudoning bunday amri bor: «Birortasi tanovul qilib bo‘ladigan hayvon yoki qushni ovlasa, o‘sha hayvon yoki qushning qonini butunlay oqizib yuborsin. Keyin qonni tuproq bilan ko‘mib tashlasin... Men Isroil o‘g‘illariga aytgan edim: “Hech qanday mavjudotning qonini og‘zingizga olmanglar”» (Levilar 17:13, 14, YADT). Bu amr Nuh payg‘ambarning davridan 800 yil o‘tgach berilgan bo‘lsa-da, hanuzgacha o‘zgarmas edi. Tangri Yahovaning nuqtai nazari oydin: Uning bandalari hayvon go‘shtini yeb, qonini og‘ziga olmasligi kerak. Qonni yerga to‘kib yuborish darkor. Shunda majoziy ma’noda hayot, uni bergan Parvardigorga qaytadi.

12. Milodiy I asrda berilgan qon to‘g‘risidagi qaysi amr hozirga qadar muhim?

12 Bunga o‘xshash amr masihchilarga ham berilgan. Milodiy I asrda havoriylaru oqsoqollar yig‘ilib, masihchilar jamoatiga tegishli bo‘lgan amrlarni muhokama qilishgan. Ular quyidagi xulosaga kelishdi: «Muqaddas Ruhga va bizga ma’qul ko‘ringan quyidagi zarur sanalganlardan boshqa sizlarga hech narsa yuklamaslikka qaror qildik, chunonchi: butlarga so‘yilgan qurbonlik go‘shti, qon, bo‘g‘ilgan hayvonning go‘shti [qoni oqizib chiqarilmagan] hamda zinodan o‘zingizni saqlanglar» (Havoriylar 15:28, 29; 21:25). Xullas, masihchilar qondan o‘zlarini saqlashi kerak. Xudoning nazarida bu amrga rioya qilish, xuddi butparastlik va zinodan qochish kabi jiddiydir.

Shifokor spirtli ichimliklarni taqiqlab qo‘ysa, uni tomir orqali badanga kiritarmidingiz?

13. Qondan saqlanish, uning tomir orqali quyilishi ham taqiqlanganini anglatadimi? Misol keltiring.

13 Qondan saqlanish, uning tomir orqali quyilishi ham taqiqlanganini anglatadimi? Ha. Bir misolni ko‘rib chiqaylik. Aytaylik, shifokor sizga spirtli ichimliklarni taqiqlab qo‘ygan. Xo‘sh, uni og‘izga olmas ekansiz, balki tomir orqali badanga kiritarsiz? Albatta yo‘q! Xuddi shunga o‘xshab, qondan saqlanish, badanga uni turli usullar bilan quyishdan chetda bo‘lishni anglatadi. Xullas, bu amrga amal qilgan masihchi, unga qon quyilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

14, 15. Agar shifokorlar qon quyish darkor, deb ta’kidlashsa masihchi nima qiladi va nega?

14 Lekin, masihchi o‘ta jiddiy holatda jarrohlik amaliyotiga muhtoj bo‘lsa-chi? Ehtimol shifokorlar, qon quyilmasa bemor o‘lishi mumkin, deb ta’kidlaydilar. Albatta masihchi o‘lishni istamaydi. Shu sabab u, Xudoning in’omi bo‘lgan hayotni saqlab qolish uchun, qon quyilishidan holi usullarni izlaydi. Xullas, masihchi eng sifatli, biroq ma’qul keladigan davolash usullarini qo‘llaydi.

15 Masihchi Xudoning qonunini buzib bo‘lsa-da, bu yovuz dunyoda hayotini uzaytirishga intiladimi? Hazrati Iso shunday deganlar: «Kim o‘z jonini ayamoqchi bo‘lsa, uni yo‘qotadi. Lekin kim Men uchun jonini yo‘qotsa, jon topadi» (Matto 16:25). To‘g‘ri, o‘lishni xohlamaymiz, biroq hayotimizni saqlaymiz deb Xudoning amrlarini buzsak, abadiy hayotdan mahrum bo‘lib qolishimiz hech gap emas. Yahovaning adolatida shubhalanmasligimiz kerak, chunki qanday sabablarga ko‘ra bo‘lmasin, hayotdan ko‘z yumsak ham, hayot manbai bo‘lgan Xudo uni tirilish orqali tiklashi mumkin (Yuhanno 5:28, 29; Ibroniylarga 11:6).

16. Xudoning xizmatchilari qonga nisbatan qanday fikrda?

16 Xudoning sodiq xizmatchilari Uning qonga nisbatan nuqtai nazariga taqlid qiladilar. Ular hech qachon va hech qanday yo‘l bilan qonni iste’mol qilishmaydi. Bu tibbiyotda qo‘llaniladigan qonga ham tegishli *. Qonni yaratgan Xudo, uni qanday uslubda qo‘llanilishi kerakligini ham yaxshi bilishiga ular aminlar. Siz-chi?

QONNING TO‘G‘RI QO‘LLANILISHI

17. Yahovaning amri bo‘yicha, qon faqat qaysi bir narsaga qo‘llanilishi kerak edi?

17 Tavrotga ko‘ra qon faqat bir narsaga qo‘llanilishi kerak edi. U yerda Xudoning shunday amri berilgan: «Tananing joni qondadir, va jonlaringizni poklanglar deya, Men sizlarga qonni qurbongoh uchun berdim. Zotan o‘sha qon jonni poklaydi» (Levilar 17:11, YADT). Ko‘rinyaptiki, gunoh qilgan odam, o‘zini poklash uchun qurbonlik keltirib, qurbonning qonidan esa jinday olib, muqaddas chodirda, keyinchalik esa Xudoning ma’badida joylashgan qurbongoh ustiga sepishi kerak edi. Demak, qon faqat qurbongoh uchun qo‘llanilar edi.

18. Hazrati Isoning to‘kkan qoni evaziga qanday yo‘l ochildi?

18 Hozirgi masihchilar qurbonlik keltirishga yoki uning qonini qurbongoh ustiga sepishga muhtoj emas (Ibroniylarga 10:1). Chunki, bunday uslubda qonning qo‘llanilishi ramziy ma’noga ega bo‘lib, Iso Masihning o‘ta qimmatli qoniga ishora qilar edi xolos. Zero 5- bobdan bilib olganimizday, Hazrati Iso o‘z qonini to‘kib, biz uchun fido bo‘ldi. Keyin esa Xudo uni tiriltirib samovotga yuksaltirdi. U yerda Iso Masih o‘z qonini Xudoga taqdim etdi (Ibroniylarga 9:11, 12). Shu yo‘sin gunohlardan poklanish va abadiy hayotga ega bo‘lish yo‘li ochildi (Matto 20:28; Yuhanno 3:16). Ha, bu qon qanchalar qimmatbaho ekan-a! (1 Butrus 1:18, 19). Darhaqiqat, Hazrati Isoning to‘kkan qoni tufayli gunohlarimiz yuvilishiga e’tiqod qilib, najot topishimiz mumkin.

Hayot bilan qonga bo‘lgan ehtiromni qanday namoyon qila olasiz?

19. «Birovning halokatiga javobgar» bo‘lmaslik uchun nima qilish darkor?

19 Xudovandimiz Yahovaga hayot in’omi uchun naqadar minnatdormiz! Nahotki, Iso Masihning fido bo‘lgan qurboni evaziga ochilgan abadiy hayot umidi to‘g‘risida boshqalarga aytmasak? Albatta, Yahovaning nuqtai nazari ustidan mulohaza qilsak, najot xabari to‘g‘risida g‘ayrat bilan va’z qilamiz (Hizqiyo 3:17–21). Agar bu ishda jon kuydirib qatnashsak, havoriy Pavlusning so‘zlari bizga ham tegishli bo‘ladi: «Men birovning halokatiga javobgar emasman. Chunki Xudoning murod-maqsadini sizlarga tamoman bayon etish uchun biron fursatni boy bermadim» (Havoriylar 20:26, 27). Xullas, Xudo va Uning irodasi haqida va’z etib, hayot bilan qon in’omini qadrlayotganimizni ko‘rsatamiz.

^ 16- x.b. Qondan holi bo‘lgan davolanish usullari haqida ma’lumot olish uchun, Yahovaning Shohidlari tomonidan ko‘p tillarda nashr etilgan, «Qon hayotingizni qanday saqlab qolishi mumkin?» deb nomlangan risolaning 13–17- sahifalariga qarang.