Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘N TO‘RTINCHI BOB

Baxtli oilaviy hayot

Baxtli oilaviy hayot
  • Yaxshi er bo‘lish uchun nima qilish kerak?

  • Yaxshi xotin bo‘lish uchun nima qilish lozim?

  • Yaxshi ota-ona bo‘lish uchun nima qilish darkor?

  • Farzandlar oilaviy baxtga qanday hissa qo‘shadilar?

1. Oilaviy baxtning siri nimada?

YAHOVA TAOLO oilaviy hayotingiz baxtli bo‘lishini xohlaydi. Shuning uchun, Uning Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobdan oilaning har bir a’zosi o‘ziga foydali maslahatlar topa oladi. Agar ular bu maslahatlarga rioya qilsalar, oilaviy hayot baxt keltirishi muayyan. Hazrati Iso deganlariday: «Xudo kalomini tinglab uni bajo keltirganlar baxtlidir!» (Luqo 11:28).

2. Oilaviy hayot baxtli bo‘lishi uchun, nimani tan olishimiz kerak?

2 Hazrati Iso Tangri Yahovani «osmondagi Otamiz» deb atagan ekan, demak oilaviy hayot baxtli bo‘lishi uchun, oilaning asoschisi Xudo ekanini tan olishimiz kerak (Matto 6:9). Ha, har bir oila osmondagi Otamiz madadi bilan tashkil topgan, shu bois U oilaviy baxtning siri nimada ekanini yaxshi biladi (Efesliklarga 3:14, 15). Xo‘sh, Muqaddas Kitobning oilaga nisbatan maslahatlari qanday?

OILANING ASOSCHISI — XUDODIR

3. Muqaddas Kitobga binoan ilk oila qanday paydo bo‘ldi, va nega bunga amin bo‘lishimiz mumkin?

3 Egamiz Yahova Odam Ato bilan Momo Havoni yaratib, ularni nikoh rishtalari bilan bog‘ladi. Eru xotin jannatmakon Adan bog‘ida yashar edi, Xudo esa ularni muborak qilib: «Barakali bo‘linglar, ko‘payinglar. Yer yuzini to‘lg‘azib tobe qilinglar»,⁠— degan (Ibtido 1:26–28; 2:18, 21–24). Bu qandaydir afsona emas, chunki Tavrotda yozilgan ushbu hikoyani shaxsan Iso Masih tasdiqlagan edi (Matto 19:4, 5). To‘g‘ri, hozirgi hayot Xudoning irodasidan ancha yiroq, muammolar ham boshimizdan oshib yotibdi. Biroq, keling oila qanday qilib baxtli bo‘lishi mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

4. a) Qanday qilib oilaning har bir a’zosi oila baxtli bo‘lishiga hissa qo‘shishi mumkin? b) Nega ayni Isoning o‘rnagi oilamiz baxtli bo‘lishiga yordam beradi?

4 Oilaning har bir a’zosi Xudoning sevgisiga taqlid qilsa, oila baxtli bo‘lishiga hissa qo‘shadi (Efesliklarga 5:1, 2). Ammo, biz Xudoni ko‘rmagan bo‘lsak, Unga qanday taqlid qilishimiz mumkin? Taqlid qilishimiz uchun Yahova juda yaxshi o‘rnak sifatida aziz bir Zotni yuborgan (Yuhanno 1:14, 18). Hazrati Iso Masih ushbu Zot bo‘lib, Tangrimiz Yahovaga juda yaqin taqlid qilar edi. Shu yo‘sin odamlar ham Isoning o‘rnagidan Yahovaga ergashishi mumkin (Yuhanno 14:9). Xullas, Isoning o‘rnakli sevgisini ko‘rib hamda unga taqlid qilib, oilamiz baxtli bo‘lishiga yordam beramiz.

ERLAR UCHUN O‘RNAK

5, 6. a) Masih o‘z ummati bilan qanday munosabatda bo‘lgan, va erlar undan qanday o‘rnak olishi mumkin? b) Xudoning iltifotiga sazovor bo‘lish uchun nima qilish lozim?

5 Masih o‘z ummati bilan qanday munosabatda bo‘lgan bo‘lsa, erlar ham xotinlari bilan shunday munosabatda bo‘lishi darkor. Muqaddas Kitobda quyidagini o‘qiymiz: «Ey erlar, Masih imonlilar jamoatini sevib, ular uchun O‘zini qanday fido qilgan bo‘lsa, sizlar ham xotinlaringizni shunday sevinglar. [...] Erkaklar o‘z xotinlarini o‘z tanalarini sevganday sevishlari kerak. O‘z xotinini sevgan o‘zini o‘zi sevadi. Hech kim hech vaqt o‘z tanasini yomon ko‘rmagan. Aksincha, uni oziqlantirib, parvarish qiladi. Masih ham O‘z ummatini xuddi shunday oziqlantirib, parvarish qiladi» (Efesliklarga 5:23, 25–29).

6 Iso Masihning, izdoshlariga bo‘lgan sevgisi, erlar uchun ajoyib bir o‘rnakdir. Shogirdlari xatolardan xoli bo‘lmasa-da, Iso ularni «oxirigacha sevib», ular uchun o‘z jonini fido qildi (Yuhanno 13:1; 15:13). Muqaddas Kitob: «Ey erkaklar, xotinlaringizni sevinglar, ularga qo‘pol muomalada bo‘lmanglar», deb maslahat beradi (Kolosaliklarga 3:19). Bu maslahatga er qanday amal qilishi mumkin, ayniqsa xotini goh-goh adashsa? Avvalambor er ham adashib turganini va Xudoning mehr-shafqatiga muhtojligini yodda tutishi kerak. Biroq Xudoning iltifotiga sazovor bo‘lishi uchun u nima qilishi lozim? U ham boshqalarni va aynan xotinini kechirishi kerak. Albatta, bu maslahat rafiqasiga ham tegishli (Matto 6:12, 14, 15). Nikoh, kechirishga tayyor bo‘lgan ikki kishini birlashtiradi, deb bejiz aytishmaydi-da.

7. Iso Masih nimani hisobga olar edi, va erlar bundan qanday saboq olishi mumkin?

7 Iso Masih o‘z shogirdlariga e’tiborli bo‘lganini erlar yodda tutishlari kerak. Iso ularning cheklangan imkoniyatlaru qobiliyatlarini hisobga olar edi. Masalan, shogirdlari charchaganida u: «Kelinglar, bir o‘zimiz biron xilvat joyga boraylik, bir oz dam olinglar»,⁠— deb aytgan edi (Mark 6:30–32). Xotinlar ham mehrga muhtoj. Muqaddas Kitob ayollarni «zaif jins» deb atab, «ularni hurmatga sazovor hisoblashga» undamoqda. Nega deysizmi? Chunki ayol ham erkak kabi «abadiy hayot inoyatidan bahramand» bo‘ladi (1 Butrus 3:7). Yana erlar shuni ham esda tutishlari kerakki: Xudoning nazarida, xoh erkak xoh ayol bo‘lsin, insonning sofdilligi qadrliroqdir (Zabur 100:6).

8. a) Qaysi ma’noda «o‘z xotinini sevgan o‘zini o‘zi sevadi»? b) Er va xotin uchun «bir tan» bo‘lish nimani anglatadi?

8 Muqaddas Kitobda: «O‘z xotinini sevgan o‘zini o‘zi sevadi»,⁠— deb aytilgan. Chunki, Hazrati Isoning so‘zlariga binoan «ular endi ikki emas, balki bir tan hisoblanadilar» (Matto 19:6). Demak, ular faqatgina bir-biri bilan jinsiy aloqada bo‘lishlari mumkin (Hikmatlar 5:15–21; Ibroniylarga 13:4). Ular albatta bir-birining ehtiyojlarini e’tiborga olib, vafodor bo‘lishlari darkor (1 Korinfliklarga 7:3–5). Quyidagi eslatma alohida e’tiborga loyiq: «Hech kim hech vaqt o‘z tanasini yomon ko‘rmagan. Aksincha, uni oziqlantirib, parvarish qiladi». Er xotinini o‘zini sevganday sevib, o‘z boshlig‘i bo‘lgan Iso Masihning oldida javobgar ekanini unutmasligi kerak (Efesliklarga 5:29; 1 Korinfliklarga 11:3).

9. Havoriy Pavlus Isoning qaysi fazilati to‘g‘risida gapirib o‘tgan, va nima uchun erlar bu fazilatni qo‘llashi lozim?

9 Aziz havoriy Pavlus «Iso Masihning mehr-muhabbati» haqida gapirib o‘tgan (Filippiliklarga 1:8). Isoning mehr-muhabbati ko‘plarni, shu qatorda uning shogirdi bo‘lgan ayollarni ham, jalb etardi (Yuhanno 20:1, 11–13, 16). Ayollar turmush o‘rtoqlarining mehr-muhabbatini qumsaydilar.

XOTINLAR UCHUN O‘RNAK

10. Iso xotinlarga qanday o‘rnak ko‘rsatdi?

10 Oila xuddi tashkilotga o‘xshaydi, va u muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun uning bir boshlig‘i bo‘lishi kerak. Hatto Iso Masih ham o‘z Boshlig‘iga bo‘ysunar edi. Masihning boshlig‘i Xudo bo‘lgani kabi «xotinning boshlig‘i erkakdir» (1 Korinfliklarga 11:3). Xudoning rahbarligiga itoat qilib, Iso bizga yaxshi o‘rnak ko‘rsatdi, zero har birimizning boshlig‘imiz bor.

11. Xotin o‘z eriga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi kerak, va bu qanday samaralar keltirishi mumkin?

11 Har bir er nomukammaldir, shu bois har doim ham o‘z vazifalarini a’lo darajada bajara olmaydi. Xo‘sh, xotini nima qilsin? U erining obro‘sini tushurmasligi yoki rahbarlikni o‘z qo‘liga olmasligi kerak. Chunki Xudoning nazarida yuvosh va sokin ruh qimmatbahodir (1 Butrus 3:4). Agar xotin o‘zini bunday tutsa, hatto mushkul ahvolda ham: «Xotin ham erini hurmat qilsin», degan ilohiy amrga bo‘ysunishi osonroq bo‘ladi (Efesliklarga 5:33). Biroq, er Iso Masihni o‘z boshlig‘i sifatida tan olmasa-chi? Muqaddas Kitob xotinlarga: «Erlaringizga bo‘ysuninglar. Xudo kalomiga ishonmaydigan ba’zi kishilar siz, ayollarning or-nomusli, pokdomon xulq-atvoringizni ko‘rib, imon haqida biron so‘z aytilmasdanoq qoyil qolsinlar», deb maslahat beradi (1 Butrus 3:1, 2).

12. Nega ayol kishi o‘z nuqtai nazarini muloyimlik bilan aytishga haqli?

12 Eri «Xudo kalomiga ishonmaydigan» yoki ishonadigan bo‘lishidan qat’inazar, ayol kishi o‘z nuqtai nazarini muloyimlik bilan aytishga haqli. Bu hurmatsizlik belgisini anglatmaydi, aksincha, uning maslahati ehtimol oilaga foyda keltirishi mumkin. Masalan, bir marta Ibrohim payg‘ambarning fikri rafiqasining fikridan farq qilgan edi. Biroq Xudovand unga: «Soroning aytadigan hamma gapiga quloq sol»,⁠— deb aytgan (Ibtido 21:9–12). Albatta, Xudoning amrlariga zid bo‘lmagan erning gapi gap bo‘lishi kerak, va xotin bu yo‘l-yo‘riqqa tobe bo‘lishi darkor (Havoriylar 5:29; Efesliklarga 5:24).

Soro bibi xotinlarga qanday ajoyib o‘rnak ko‘rsatdi?

13. a) Titusga 2:4-, 5- oyatlari xotin kishini nimaga rag‘batlantiryapti? b) Muqaddas Kitobda alohida yashash va ajralish to‘g‘risida nima deyilgan?

13 O‘z vazifalarini bajargan xotin oilaning baxtli bo‘lishiga ancha hissa qo‘shadi. Masalan Muqaddas Kitob, xotinlar «o‘z erlari va bolalarini sevadigan, ro‘zg‘orga jonkuyar, vazmin, iffatli, xushfe’l, erlariga bo‘ysunadigan bo‘lsinlar», deb aytmoqda (Titusga 2:4, 5). Bu maslahatga amal qilgan ayol erining hamda bolalarining mehr-muhabbatini qozongan bo‘ladi (Hikmatlar 31:10, 28). Er-xotin nomukammal bo‘lgani uchun, ba’zi keskin vaziyatlar ularning alohida yashashi yoki ajralishiga olib kelishi mumkin. To‘g‘ri, ba’zida Muqaddas Kitob er-xotinning alohida yashashlariga ijozat beradi. Biroq bu o‘ta jiddiy masala. Injilda quyidagini o‘qiymiz: «Xotin eridan ajralmasin. [...] Er ham o‘z xotinini qo‘yib yubormasin» (1 Korinfliklarga 7:10, 11). Chunki, Muqaddas Kitobga binoan, faqatgina bevafolik sababli ajralish mumkin (Matto 19:9).

OTA-ONALAR UCHUN O‘RNAK

14. a) Hazrati Iso Masih bolalarga qanday munosabatda bo‘lgan? b) Farzandlar nimaga muhtoj?

14 Ota-onalar farzandlariga qanday munosabatda bo‘lishi kerakligiga doir, Hazrati Iso ajoyib o‘rnak ko‘rsatdi. Masalan, uning yoniga bolalarni qo‘yishmayotganida, u kishi: «Bolalarga yo‘l qo‘yinglar, Mening oldimga kelishiga to‘sqinlik qilmanglar!» — degan edi. «Keyin bolalarni quchoqlab, ularning peshanalarini silab duo qildi» (Mark 10:13–16). Hatto Iso Masih bolalarga e’tiborli bo‘lgan bo‘lsa, ota-onalar o‘z jigarlariga e’tiborli bo‘lishi kerak emasmi? Farzandlarga shosha-pisha emas, yetarlicha vaqt ajratish o‘ta muhim. Ota-onalar ularni o‘rgatib tarbiyalashi lozim, chunki bu Yahovaning amridir (Amrlar 6:4–9).

15. Ota-onalar farzandlarini qanday himoya qilishi darkor?

15 Borgan sari dunyo yovuzlashib borar ekan, ota-onalar farzandlarini himoya qilishi darkor, ayniqsa nomusga tajovuz qiladigan razil odamlardan. Iso Masih izdoshlarini «bolalarim» deb atab, ularni qanchalik asrab-avaylaganiga e’tibor bering. Hatto uni qatl qilish uchun tutishganlarida, Iso shogirdlarini qo‘yib yuborishlari uchun g‘amxo‘rlik qilgan (Yuhanno 13:33; 18:7–9). Ota-ona ekansiz, farzandlarni Shaytonning ta’siridan himoya qilish sizning burchingizdir. Ularga doimo nasihat berib turishingiz kerak * (1 Butrus 5:8). Hozirgi vaqtda bo‘lgani kabi hali hech qachon ularning jismoniy, axloqiy va ruhiy-ma’naviy sog‘ligi shunchalik xavf ostida bo‘lmagan.

Hazrati Iso o‘rnagidan ota-onalar nimalarni o‘rganishi mumkin?

16. Iso Masih shogirdlarning nomukammalligiga qanday qaragan, va ota-onalarga bu qanday o‘rnakdir?

16 Hazrati Isoning o‘limidan oldin shogirdlari, bizdan kim eng buyuk deb tortishib ketishdi. Ularga g‘azablanib ta’na qilishdan ko‘ra, Iso Masih sevgi ila nasihat berib, o‘z o‘rnagini havola qildi (Luqo 22:24–27; Yuhanno 13:3–8). Siz ota-onalar, bolalarni tarbiyalashda Isoning o‘rnagiga qanday taqlid qilishingiz mumkin? To‘g‘ri, tanbeh berishga haqlisiz, biroq me’yorini bilib, buni hech qachon g‘azab ila qilmang. So‘zlaringiz xuddi jarohatlaydigan qilichday bo‘lmasin (Yeremiyo 30:11; Hikmatlar 12:18). Berayotgan ta’lim-tarbiyangiz shunday bo‘lsinki, bola keyinchalik nasihatning foydasini ko‘rsin (Efesliklarga 6:4; Ibroniylarga 12:9–11).

FARZANDLAR UCHUN O‘RNAK

17. Qanday qilib Iso Masih bolalarga ajoyib bir o‘rnak ko‘rsatdi?

17 Hazrati Iso Masihdan bolalar ham o‘rnak olishi mumkinmi? Bo‘lmasam-chi! Ota-onaga itoat qilishda Iso ajoyib bir o‘rnak ko‘rsatdi. U shunday degan: «Otam Menga qanday o‘rgatgan bo‘lsa, shunday so‘zlayapman. [...] Men har doim Unga ma’qul bo‘lgan ishlarni qilaman» (Yuhanno 8:28, 29). Iso Masih samoviy Otasiga itoat qilganiday, bolalar ham ota-onalariga itoat qilishi kerak (Efesliklarga 6:1–3). Boz ustiga, Iso Masih mukammal bo‘la turib, nomukammal ota-onasi Yusuf bilan Maryamga itoatli bo‘lgan. Shubhasizki, oilaning har bir a’zosiga bu shodlik keltirar edi (Luqo 2:4, 5, 51, 52).

18. a) Nega Iso Masih doimo samoviy Otasiga itoat qilgan? b) Itoatli bo‘lib bolalar kimni xursand qiladilar?

18 Bolalar Iso Masihning o‘rnagiga taqlid qilib, ota-onasini xursand qila olishi mumkinmi? To‘g‘ri, ota-onaning gapiga quloq solish doimo oson emas, biroq bu Tangri Taoloning xohish-irodasidir (Hikmatlar 1:8; 6:20). Hazrati Iso hatto qiyin vaziyatlarda ham samoviy Otasiga itoat qilgan. Bir marta, Xudoning amrini bajarish nihoyatda qiyin bo‘lgani uchun Iso: «Koshki bu zaqqum kosani [ma’lum bir vazifani] Mendan o‘tkazib yuborsang»,⁠— degan edi. Bunga qaramay u Xudoning hikmatiga tayanib Uning irodasini bajargan (Luqo 22:42). Itoatli bo‘lishni o‘rganib, bolalar ota-onasini ham, samoviy Otani ham xursand qilishi mumkin * (Hikmatlar 23:22–25).

Sinovlarda bolalar nimani yodda tutishi kerak?

19. a) Iblis bolalarni nimalarga chorlamoqda? b) Bolalarning xulq-atvori ota-onaga qanday ta’sir qilishi mumkin?

19 Iblis hatto Iso Masihni sinov qilgan ekan, bolalarni ham yomon ishlarga chorlashiga amin bo‘lishimiz mumkin (Matto 4:1–10). Uning eng ayyor tuzog‘i — tengdoshlarning ta’siridir. Xudoning amrlaridan bosh tortgan odamlardan chetda bo‘lish qanchalik muhim (1 Korinfliklarga 15:33). Masalan, Yoqub alayhissalomning Dina degan qizi Yahovaga xizmat qilmagan odamlar bilan do‘st bo‘lib, boshiga balo orttirgan edi (Ibtido 34:1, 2). Agar kimdir axloqsiz hayot kechira boshlasa, oila uchun bu qanchalik qayg‘u keltirishini bir o‘ylab ko‘ring! (Hikmatlar 17:21, 25).

OILAVIY BAXTNING SIRI

20. Oila baxtli bo‘lishi uchun, oilaning har bir a’zosi nima qilishi kerak?

20 Oila Muqaddas Kitob maslahatlariga rioya qilsa, muammolarni yengish osonroq bo‘ladi. Oilaviy baxtning siri aynan shundadir. Xullas, erlar, Iso Masih izdoshlarini sevganiday, xotinlaringizni shunday sevinglar. Xotinlar, erlaringizga boshliq sifatida bo‘ysunib, Hikmatlar 31:10–31- oyatlarida yozilgan «farosatli xotinga» o‘xshash bo‘ling. Ota-onalar, farzandlaringizni tarbiyalang (Hikmatlar 22:6). Otalar, uyingizni yaxshi boshqaradigan bo‘linglar (1 Timo‘tiyga 3:4, 5; 5:8). Farzandlar, ota-onangizga itoatda bo‘ling (Kolosaliklarga 3:20). Hech bir oila mukammal emas va barchamiz xato qilamiz. Shu yo‘sin bir-birimizdan kamtarlik ila kechirim so‘rashdan charchamaylik.

21. Bizni qanday ajoyib kelajak kutmoqda, va oilaviy baxtga hozirning o‘zida qanday erishish mumkin?

21 Darhaqiqat, Muqaddas Kitobning qimmatbaho maslahatlari oilani baxtli qilishga qodir. Boz ustiga, unda kelajakdagi jannatda Yahovaga topinuvchilar baxtli bo‘lishi to‘g‘risida bayon etilgan (Vahiy 21:3, 4). Bizni qanchalik ajoyib kelajak kutmoqda! Lekin, hozirning o‘zida Xudoning maslahatlariga rioya qilib, oilaviy baxtga erishish imkoniyati bor.

^ 15- x.b. Farzandlaringizga, hech bir kimsa jinsiy a’zolariga tegib, silashi mumkin emasligini tushuntirib, xavf-xatarli hisoblangan odamlaru joylardan ogohlantiring. Ko‘proq ma’lumot olish uchun, Yahovaning Shohidlari tomonidan ko‘p tillarda nashr etilgan «Ulug‘ Ustozdan ibrat oling», deb nomlangan kitobning 32- bobiga qarang.

^ 18- x.b. Ota-onasi Xudoning amrlariga zid narsani talab qilganda, bola bunga itoat qilmasa to‘g‘ri bo‘ladi (Havoriylar 5:29).