Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘N BESHINCHI BOB

Xudo ma’qul deb bilgan topinish

Xudo ma’qul deb bilgan topinish
  • Xudo hamma dinni ma’qul deb biladimi?

  • Haq dinni qanday aniqlash mumkin?

  • Hozirgi vaqtda Xudoning haqiqiy topinuvchilari kim?

1. Xudoga to‘g‘ri uslubda topinsak, qanday barakalarga ega bo‘lamiz?

TANGRIMIZ YAHOVA juda mehr-muhabbatlidir, va manfaatimizni ko‘zlab O‘z rahbarligini havola qilmoqda. Unga to‘g‘ri uslubda topinsak haqiqiy baxtni topib, ko‘p muammolardan xoli bo‘lamiz. Shuningdek, biz Xudoning madadiga va duosiga ega bo‘lishimiz mumkin (Ishayo 48:17). Biroq, hozirgi vaqtda yuzlab turli dinlar mavjud va har biri Haq Xudoning yo‘lini o‘rgatyapmiz, deb bir-biriga zid ta’limotlarni talqin qiladilar.

2. Yahova ma’qul deb bilgan dinni qanday aniqlash mumkin? Misol keltiring.

2 Xo‘sh, bo‘lmasa Yahova ma’qul deb bilgan dinni qanday aniqlash mumkin ekan? Buning uchun barcha dinlarning ta’limotini o‘rganib chiqish shart emas. Avvalambor Muqaddas Kitob ta’limotlarini o‘rgansak marra bizniki. Bir misol keltiraylik. Ko‘p davlatlarda soxta pul katta muammo bo‘lib qolgan. Agar soxta pulni aniqlash kerak bo‘lsa, buni qanday qilar edingiz? Ehtimol, turli soxta pullarni o‘rganishni boshlarsiz? Qaydam. Haqiqiy pulni o‘rganish to‘g‘riroq bo‘lmasmidi? Chunki haqiqiy pul qanday bo‘lishini bilib olsangiz, uni soxta puldan ajrata olasiz. Xuddi shunga o‘xshab, qaysi din haqiqiy ekanini bilib olsak, soxta dinni osonlikcha aniqlay olamiz.

3. Xudoga ma’qul bo‘lish uchun nima qilish kerak?

3 Xudovand Yahova ma’qul deb bilgan topinishni qo‘llash o‘ta muhimdir. Ko‘plarning fikricha Xudo barcha dinlarni ma’qul deb biladi, biroq Muqaddas Kitob bunday o‘rgatgani yo‘q. Hatto «Xudoga ishonaman», deyishning o‘zi yetarli emas. Aziz havoriy Pavlus shunday deganlar: «Xudoni tan olamiz, deydilar-u, o‘z qilmishlari bilan Uni inkor etadilar. Ular har qanday xayrli ishga yaramas, bo‘yin egmas, iflos odamlardir» (Titusga 1:16). Xudoga ma’qul bo‘lish uchun Uning irodasini bilib, bajo keltirish kerak. Chunki, Xudoning irodasini bajo keltirmaganlarni Hazrati Iso «badkirdorlar», deb atagan (Matto 7:21–23). Soxta dinning, xuddi soxta pul kabi hech qanday qadri yo‘q. Qolaversa, u o‘ta xavflidir.

4. Iso Masih qanday ikki yo‘l to‘g‘risida gapirganlar va ular qayerga olib boradi?

4 Yahova har bir insonga yer yuzida abadiy hayot nasib etmoqchi. Ammo buning uchun, Haq Xudoga to‘g‘ri uslubda xizmat qilib, Unga ma’qul bo‘lishga harakat qilishimiz darkor. Afsuski, ko‘plari bundan bosh tortishadi. Mana shu sababga ko‘ra Iso Masih: «Tor eshikdan kiringlar! Chunki halokatga eltuvchi yo‘l ko‘p enli, darvozasi esa kengdir. Ana, shu tomon yurayotganlar ko‘p. Hayot sari eltuvchi yo‘l esa tang, eshigi juda tordir. Bu yo‘lni topadiganlar oz»,⁠— deganlar (Matto 7:13, 14). Haq din hayotga eltuvchi bo‘lsa, soxta din halokatga olib boradi. Lekin Yahova hech kimning halok bo‘lishini istamay, barchaga haqiqatni bilib olish imkoniyatini bermoqda (2 Butrus 3:9). Chindan ham, Xudoga qanday yo‘l bilan topinish hayot-mamot masalasidir.

HAQ DINNI QANDAY ANIQLASH MUMKIN?

5. Haq dinni qanday topishimiz mumkin?

5 «Hayotga eltuvchi yo‘lni» qanday topish mumkin ekan? Hazrati Isoning so‘zlariga ko‘ra haq din, uning a’zolarining turmush-tarzidan aniqlanadi. U kishi shunday deganlar: «Ularni mevalaridan bilib olasizlar... Har bir yaxshi daraxt yaxshi meva berar» (Matto 7:16, 17). Boshqacha aytilganda, haq din a’zolari e’tiqodi va ishlaridan taniladi. To‘g‘ri, ular nomukammal va goho adashadi, biroq har biri Xudoning irodasini bajarishda jon kuydiradilar. Keling, haq dinni ajratadigan oltita asosiy xususiyatni ko‘rib chiqaylik.

6, 7. Xudoning xizmatchilari Muqaddas Kitobga qanday qaraydilar, va Iso Masih bu xususida qanday o‘rnak ko‘rsatdi?

6 Xudoning xizmatchilari o‘z ta’limotlarini Muqaddas Kitobga asoslaydilar. Muqaddas Kitobning o‘zida shunday deyilgan: «Har bir Muqaddas Yozuv ilohiy ilhom bilan yozilgan bo‘lib, ta’lim berish, dalolat qilish, tuzatish, solihlik yo‘lida tarbiya berish uchun foydalidir. Shu yo‘sin Xudoning quli komil va har qanday yaxshi ishga qobil bo‘ladi» (2 Timo‘tiyga 3:16, 17). Pavlus esa imondoshlariga shunday yozgan: «Sizlar Xudoning kalomini bizdan eshitganingizda, buni inson so‘zi sifatida emas, balki Xudo kalomi sifatida qabul qildingizlar. Bu kalom haqiqatan Xudo kalomidir» (1 Salonikaliklarga 2:13). Xullas, haq dinning ta’limotlari odamlarning nuqtai nazari yoki urf-odatlariga emas, balki ilohiy ilhom bilan yozilgan Muqaddas Kitobga asoslangan.

7 Iso Masih ham o‘z ta’limotini Xudoning Kalomiga asoslab, yaxshi o‘rnak ko‘rsatdi. U hatto ibodat qilayotib: «Sening kaloming — haqiqatdir»,⁠— degan edi (Yuhanno 17:17). Iso Xudoning Kalomiga ishonib, ta’limotini doimo unga uyg‘un qilib asoslar edi. U tez-tez oyatlarga ishora qilib turar edi (Matto 4:4, 7, 10). Xudoning bugungi xizmatchilari ham o‘z nuqtai nazarini talqin qilmay, Muqaddas Kitobga ishonib o‘z ta’limotlarini unga asoslaydilar.

8. Haqiqiy topinishga nima kiradi?

8 Haq dinning a’zolari faqat Tangri Yahovani tan olib, Uning ismini e’lon etadilar. Hazrati Iso: «Egang — Xudovandga sajda qil, birgina Unga itoatda bo‘l»,⁠— deb ta’kidlar edi (Matto 4:10). Shuning uchun, Xudoning xizmatchilari faqatgina Parvardigori Olam Yahovaga topinadilar. Bunday topinishga, Xudoning ismini hamda Uning ajoyib fazilatlarini e’lon qilish kiradi. Zabur 83:18-, YADT [82:19] oyatida: «Bilsinlarki, Sening isming — Yahovadir, butun dunyoda eng oliy yolg‘iz Sensan», deb yozilgan. Iso Masih bizga o‘rnak ko‘rsatib, boshqalarga Xudoning ismini ochib berar edi. Shu sababli u: «Sen dunyodan Menga bergan odamlarga Sening ismingni izhor qildim»,⁠— deb ibodat qilgan (Yuhanno 17:6). Xudoning bugungi xizmatchilari ham boshqalarga Uning ismi, niyatlari va fazilatlari haqida e’lon etadilar.

9, 10. Masihchilar mehr-muhabbatni qanday namoyon etadilar?

9 Xudoning ummati bir-biriga samimiy mehr-muhabbat namoyon etadilar. Iso Masih shogirdlariga: «Agar orangizda muhabbat hukmron bo‘lsa, sizlar Mening shogirdlarim ekaningizni hamma shundan bilib oladi»,⁠— degan edi (Yuhanno 13:35). Bunday samimiy muhabbat ilk masihchilarni birlashtirar edi. Haqiqiy sevgi ijtimoiy, milliy va irqiy xurofotlarni yengib, odamlarni uzilmas birodarlik rishtalari bilan bog‘laydi (Kolosaliklarga 3:14). Soxta din bunday birodarlikdan xolidir. Buni qayerdan bilamiz? Chunki ular millatchilik yuzasidan hatto imondoshini ham o‘ldiradi. Masihchilar esa hech qachon qurol olib na imondoshini, na boshqa kimsani o‘ldiradi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Kimda-kim to‘g‘ri ish qilmasa, birodarini sevmasa, u Xudo zotidan emas. Xudoning bolalari ham, iblisning bolalari ham shundan bilinadi. [...] O‘z ukasini qatl qilgan iblis zoti Qobilga o‘xshamaylik» (1 Yuhanno 3:10–12; 4:20, 21).

10 Lekin haqiqiy mehr-muhabbat nafaqat qotillik qilmaslikdadir. Masihchilar o‘z vaqti, kuchi va mablag‘ini boshqalarga yordam va dalda berish uchun sarflaydi (Ibroniylarga 10:24, 25). Ular, hatto qiyin vaqtda bir-biriga yordamga kelib, hamisha samimiy bo‘ladilar. Darhaqiqat, ular Muqaddas Kitobdagi: «Hammaga... yaxshilik qilaveraylik»,⁠— degan maslahatga muvofiq yashaydilar (Galatiyaliklarga 6:10).

11. Najot faqat Iso Masih orqali kelishini nega tan olishimiz kerak?

11 Haq Xudoga topinuvchilar, najot faqat Iso Masih orqali kelishini tan oladilar. Muqaddas Kitobda: «Najot topishimiz uchun, osmoni falak ostida odamzodga berilgan boshqa hech bir ism yo‘q»,⁠— deyilgan (Havoriylar 4:12). Kitobimizning 5- bobidan bilib olganimizday, Iso Masih itoatkor kishilar uchun o‘z jonini fido qilgan (Matto 20:28). Boz ustiga, Yahova Taolo Hazrati Isoni yer yuzi ustidan boshqaradigan samoviy Shoh qilib tayinladi. Agar bizga abadiy hayot nasib etmog‘ini xohlasak, Isoga ishonib, uning ta’limotlariga muvofiq yashashimiz kerak. Chunki Muqaddas Kitobda: «Kimki Xudo O‘g‘liga ishonsa, abadiy hayotga erishadi. O‘g‘ilga ishonmagan odam esa hayot ko‘rmaydi»,⁠— deb aytilgan (Yuhanno 3:36).

12. Bu dunyodan bo‘lmaslik nimani anglatadi?

12 Xudoning xizmatchilari bu dunyodan emaslar. Iso Masih rimlik hokim Pilat oldida turganida: «Mening Shohligim bu dunyodan emas»,⁠— degan edi (Yuhanno 18:36). Qaerda yashashlaridan qat’inazar, Isoning izdoshlari Xudo Shohligining fuqarolari bo‘lib, bu dunyoning siyosiy ishlarida qatnashmaydilar. Ular nizo va to‘qnashuvlarda hech qanday ishtirok etmaydilar. Lekin bunga qaramay, boshqalar siyosiy partiyalarga a’zo bo‘lishsa, nomzodini taklif qilishsa yoki saylovlarda qatnashishsa, Yahovaning xizmatchilari bunga to‘sqinlik qilmaydilar. Ular siyosatda betaraf bo‘lishsa-da, davlat qonunlariga bo‘ysunadilar. Nima uchun? Chunki Xudoning Kalomi: «Har bir odam hukmron hokimiyatga bo‘ysunsin»,⁠— deb buyuradi (Rimliklarga 13:1). Biroq davlat qonuni Xudoning qonuniga zid bo‘lsa, Haq Xudoning topinuvchilari havoriylardan o‘rnak olib: «Odamlardan ko‘ra Xudoga ko‘proq itoat qilish kerak»,⁠— deydilar (Havoriylar 5:29; Mark 12:17).

13. Haq Taoloning xalqi Xudoning Shohligiga qanday qaraydi va ular qaysi faoliyat bilan mashg‘ul?

13 Haq Taoloning xalqi, insoniyatning yagona umidi bo‘lmish, Xudoning Shohligini va’z etadilar. Hazrati Iso karomat qilib: «Xudo saltanati to‘g‘risidagi Injil Xushxabari hamma xalqlarga dalolat bo‘lish uchun jahon bo‘ylab targ‘ib qilinadi va o‘shandagina so‘ng bo‘ladi»,⁠— deganlar (Matto 24:14). Uning izdoshlari, bu dunyoning hokimlariga ko‘z tikib o‘tirishdan ko‘ra, insoniyatning muammolarini bartaraf qiladigan Xudo Shohligiga umid bog‘lash darkor, deb va’z etadilar (Zabur 145:3). Iso hatto bu Shohlik haqida: «Sening Shohliging kelsin. Osmonda bo‘lgani kabi, yerda ham Sening irodang bajo kelsin»,⁠— deb ibodat qilishga undagan edi (Matto 6:10). Muqaddas Kitobda ushbu samoviy Shohlik haqida: «Bu shohlik boshqa barcha [hozirgi mavjud bo‘lgan] shohliklarni yer bilan yakson qilib, o‘zi abadiy turadi»,⁠— deb bashorat qilingan (Doniyor 2:44).

14. Sizningcha, qaysi dinni haq deb bilsa bo‘ladi?

14 Bu xususiyatlarni ko‘rib chiqqan ekanmiz, o‘zingizga shunday savollar bering: qaysi dinning ta’limotlari Muqaddas Kitobga asoslangan, va Tangri Yahovaning ismini kim e’lon etmoqda? Samimiy mehr-muhabbatni namoyon etadigan va najot faqat Iso Masih orqali kelishini tan oladiganlar kim? Kim bu dunyodan bo‘lmay turib, insoniyatning yagona umidi bo‘lmish Xudoning Shohligini va’z etmoqda? Bu xususiyatlarga mos keladiganlar bormikan? Barcha dalillar, bu — Yahovaning Shohidlari ekanini ko‘rsatib turibdi (Ishayo 43:10–12).

SIZ QANDAY YO‘L TUTASIZ?

15. Xudo borligiga ishonishdan tashqari, yana nima qilish darkor?

15 Xudoga ishonaman deyishning o‘zi yetarli emas. Zero Muqaddas Kitobda, hatto jinlar ham Xudo borligiga ishonishadi, deb aytilgan (Yoqub 2:19). Lekin ular Xudoning mamnuniyatini qozongani yo‘q, chunki Uning irodasini bajarmaydilar-ku. Demak, Xudoga ma’qul kelish uchun, nafaqat Uning borligiga ishonish, balki irodasini bajarish darkor. Shuningdek, soxta dindan chiqib, haqiqiy topinishga qo‘shilishimiz kerak.

16. Soxta din bilan aloqani uzish uchun nima qilish kerak?

16 Havoriy Pavlus, soxta din bilan hech qanday aloqada bo‘lmasligimiz kerakligini quyidagi so‘zlar bilan ta’kidlagan edi: «Xudovand yana shunday degan: “Ularning orasidan chiqinglar, ulardan ayrilib ketinglar, nopokka esa qo‘l tegizmanglar; shunda Men sizlarni qabul qilurman”» (2 Korinfliklarga 6:17; Ishayo 52:11). Shu yo‘sin, Xudoning xizmatchilari soxta topinishga hech qachon sherik bo‘lmaydilar.

17, 18. «Buyuk Bobil» nimani anglatadi, va nega kechikmay «undan chiqib ketish» darkor?

17 Muqaddas Kitobda soxta dinning barcha oqimlari «buyuk Bobil» deb ataladi * (Vahiy 17:5). Bu nom qadimgi Bobil shahri bilan bog‘liq. Buyuk To‘fondan so‘ng aynan ushbu shaharda soxta din negiz otgan edi. Soxta dinda keng tarqalgan ta’limotlaru aqidalarning ko‘pi, aynan ushbu Bobil shahridan kelib chiqqan. Masalan, bobilliklar uchlikka, ya’ni uch qiyofali xudolarga sig‘inishgan. Biroq Muqaddas Kitob, faqat yagona Alloh Yahovadan bo‘lak Xudo yo‘q, Iso Masih esa Uning Azizidir deb o‘rgatmoqda (Yuhanno 17:3). Bobilliklar shuningdek, har bir odamning o‘lmaydigan joni mavjud, va odam o‘lsa uning joni tanasidan chiqib, azob chekishi mumkin deb ishonishgan. Bugungi kunda jonning o‘lmasligi va jahannam azoblari haqidagi tushunchalar juda ko‘p dinlarning asosiy aqidasidir.

18 Qadimgi Bobil aqidalari butun dunyoga yoyilib ketgan edi, shu bois hozirgi «buyuk Bobil» ham soxta din imperiyasini anglatadi. Xudo soxta din imperiyasini nogahon yo‘q qiladi, deb bashorat qilingan edi (Vahiy 18:8). Aynan shu sabab, buyuk Bobildan chetda bo‘lish darkor. Yahova, kechikmay «undan chiqib keting», deb chorlamoqda (Vahiy 18:4).

Tangri Yahovaning xalqi bilan Unga xizmat qilsangiz, yo‘qotgan narsalardan ko‘ra, topgan qut-barakalar ulkan bo‘ladi

19. Tangri Yahovaga xizmat qilsangiz nimani topgan bo‘lasiz?

19 Soxta dindan chiqib ketish qaroringiz tufayli, ba’zilar siz bilan gaplashmay qo‘yishi mumkin. Lekin Tangri Yahovaning xalqi bilan Unga xizmat qilsangiz, yo‘qotgan narsalardan ko‘ra, topgan qut-barakalar ulkan bo‘ladi. Xuddi Isoning ilk shogirdlari hamma narsani qoldirib unga ergashgani kabi, siz ham ko‘plab imonli aka-uka, opa-singillar topasiz. Samimiy sevgi namoyon etadigan millionlab masihchilarning xalqaro oilasiga qo‘shilishingiz mumkin. Boz ustiga, «kelajak dunyoda» abadiy hayotga bo‘lgan umidingiz paydo bo‘ladi (Mark 10:28–30). Kim bilsin, ehtimol vaqt o‘tib, e’tiqodingizni ko‘rib siz bilan gaplashmay qo‘ygan kishi Muqaddas Kitob ta’limotlari bilan qiziqib, Haq Yahovaning xizmatchisiga aylanar.

20. Haq din a’zolarini qanday kelajak kutmoqda?

20 Muqaddas Kitobga binoan, Xudo yaqin orada bu yovuz dunyoni yo‘q qilib, O‘z Shohligi orqali adolat hukm suradigan yangi dunyo o‘rnatadi (2 Butrus 3:9, 13). Bu naqadar ajoyib kelajak-a?! Shunda faqat Xudo ma’qul deb bilgan topinish, faqat haq din mavjud bo‘ladi. Hozirning o‘zida harakat qilib, Haq Xudoning topinuvchilariga qo‘shilsangiz, dono ish qilgan bo‘lmaysizmi?

^ 17- x.b. Soxta din imperiyasi — «buyuk Bobil» deb atalishining sababini bilish uchun 219- va 220- sahifalardagi Ilovaga qarang.