Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘N OLTINCHI BOB

Haqiqat yo‘lini tuting

Haqiqat yo‘lini tuting
  • Butparastlik to‘g‘risida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

  • Masihchilar diniy bayramlarga qanday qaraydilar?

  • Boshqalarning tuyg‘ularini e’tiborga olib, e’tiqodingizni ularga qanday tushuntirishingiz mumkin?

1, 2. Soxta dindan chiqib o‘zingizga qanday savol berishingiz kerak, va nega bu muhim?

SIZ yashayotgan hudud zaharlangan, deb aytaylik. Kimdir u yerga zaharli chiqindilar tashlar ekan. Hayotingiz xavf ostida. Endi nima qilasiz? Imkoniyat boricha u yerdan tezroq ko‘chib ketishga harakat qilmasmidingiz? Ko‘chib ketdingiz ham deylik, lekin shunda ham bir savol qolyapti: zaharlanganingiz yo‘qmikin?

2 Soxta din haqida ham buni aytish mumkin. U nopok ta’limotlaru udumlarga to‘lib-toshgan, deb aytmoqda Muqaddas Kitob (2 Korinfliklarga 6:17). Shu sababli soxta din imperiyasi bo‘lmish «buyuk Bobildan» darhol chiqib ketish darkor (Vahiy 18:2, 4). Siz bunday yo‘l tutdingizmi? Agar bunday bo‘lsa, yaxshi. Lekin soxta dindan butunlayin ozod bo‘lish uchun, ko‘proq narsa talab qilinadi. O‘zingizga savol bering: soxta din bilan bog‘liq narsalardan ozod bo‘ldimmi? Ba’zi misollarni ko‘rib chiqaylik.

BUTPARASTLIK VA O‘LGANLARNING SHA’NIGA DUO O‘QISH

3. a) Muqaddas Kitobda butparastlik to‘g‘risida nima deyilgan? b) Nega Xudoning nuqtai nazarini qabul qilish qiyin bo‘lishi mumkin? v) Soxta din bilan bog‘liq narsalarni nima qilish kerak?

3 Ba’zilarning uylarida butlar yoki sanamlar bor. Sizda ham bunday narsalar bormi? Agar bo‘lsa, ehtimol ulardan foydalanib Xudoga ibodat qilayotgandirsiz. Balki ular siz uchun juda ham qadrlidir. Biroq, Xudoga topinar ekanmiz, Uning fikri biz uchun eng afzal bo‘lishi kerak. Muqaddas Kitobda esa, Xudo butparastlikdan norozi deb aytilgan (Chiqish 20:4, 5; Zabur 113:12–16; Ishayo 42:8; 1 Yuhanno 5:21). Xullas, haqiqat yo‘lini tutish uchun, soxta din bilan bog‘liq narsalardan ozod bo‘lish darkor. Biz ularni xuddi Yahova Taolo kabi, «jirkanch» deb bilishimiz kerak (Amrlar 27:15, YADT).

4. a) O‘lganlarning sha’niga duo o‘qish befoyda ekanini qayerdan bilamiz? b) Nima uchun Tangri Yahova spiritizmning turli usullarini taqiqlab qo‘ygan?

4 Ko‘p dinlarda o‘lganlarning sha’niga duolar o‘qish udumlari keng tarqalgan. Ba’zilar Muqaddas Kitobdagi haqiqatni bilmay, odam o‘lsa uning ruhi chiqib, tirik bo‘lganlarga ziyon yoxud yordam berishga qodir, deb ishonishgan. Ehtimol, oldinlari siz ham mozorni ziyorat qilib, sham yoqib duo o‘qigandirsiz. Ammo 6- bobdan bilib olganimizday, o‘limdan keyin hayot yo‘q. Shuning uchun ham o‘lganlarning sha’niga duo o‘qish befoydadir. Marhumlardan kelgan xabarlar aslida jinlardan kelib chiqadi. Aynan bu sababli, Tangri Yahova Tavrotda o‘liklardan maslahat olishni va spiritizmning turli usullarini taqiqlab qo‘ygan (Amrlar 18:10–12).

5. Agar butlarga sig‘inish yoki o‘lganlarning sha’niga duo o‘qish diningizga xos bo‘lsa nima qilishingiz kerak?

5 Xo‘sh, agar butlarga sig‘inish yoki o‘lganlarning sha’niga duo o‘qish diningizga xos bo‘lsa nima qilishingiz kerak? Muqaddas Kitob oyatlarini o‘qib, Yahovaning bunga nisbatan nuqtai nazari ustidan chuqur mulohaza qiling. Xudovand Yahovadan madad izlab, har kuni iltijolarda haqiqat yo‘lini tutish istagingizni izhor qiling (Ishayo 55:9).

ILK MASIHCHILAR ROJDESTVO BAYRAMINI NISHONLASHMAGAN

6, 7. a) Nima uchun Isoning ilk shogirdlari Rojdestvo bayramini nishonlashmas edi? b) Qadimda tug‘ilgan kunning nishonlanishi nima bilan bog‘liq edi?

6 Keng yoyilgan bayramlarning aksariyati soxta din bilan bog‘liq. Ulardan biri — Rojdestvodir. Bu bayram xristian olamiga oid bo‘lib, Iso Masihning tavallud topgan kuni, deb nishonlanadi. Lekin, Isoning ilk shogirdlari bu bayramni nishonlagani to‘g‘risida, hech qanday dalil yo‘q. Diniy an’analarga bag‘ishlangan bir kitobda shunday deyiladi: «Birinchi va ikkinchi asrda odamlar Hazrati Isoning tug‘ilgan kuni bilan unchalik qiziqishmas edi, chunki ular bu kunni bilmas edi-da» («Sacred Origins of Profound Things»).

7 Shogirdlar, Hazrati Isoning tug‘ilgan kunini aniq bilishganida ham, uni nishonlashmas edi. Nima uchun? Chunki bir ensiklopediya ta’kidlashicha, ilk masihchilar «tug‘ilgan kunni nishonlash majusiylarga xos, deb bilganlar» («The World Book Encyclopedia»). Muqaddas Kitobda faqat ikkita tug‘ilgan kun haqida bayon etilgan, ikkovi ham Yahovaga xizmat qilmagan hokimlarning tug‘ilgan kunlari edi (Ibtido 40:20; Mark 6:21). Tug‘ilgan kunning nishonlanishi butparastlik bilan ham bog‘liq. Masalan, 24- mayni rimliklar, ma’buda Diananing tug‘ilgan kuni, deb bilar edi. Keyingi kuni esa, quyosh xudosi bo‘lmish Apollonning tug‘ilgan kuni nishonlanar edi. Ko‘rinyaptiki, tug‘ilgan kunni nishonlash masihchilikka emas, balki butparastlikka oiddir.

8. Tug‘ilgan kunning nishonlanishi xurofotlar bilan qanday bog‘liq? Tushuntirib bering.

8 Ilk masihchilar Isoning tug‘ilgan kunini nishonlashmaganiga yana bir sabab bor. Shogirdlar, tug‘ilgan kunning nishonlanishi xurofotlar bilan bog‘liq ekanini yaxshi bilishar edi. Masalan, qadimgi yunonlaru rimliklar, chaqaloqlarni umri bo‘yi asraydigan ruhlarga ishonishgan. «Tug‘ilgan kunni nishonlashning kelib chiqishi», deb nomlangan kitobda shunday deyiladi: «Chaqaloq allaqanday xudoning tug‘ilgan kunida tug‘ilar, uni asraydigan ruh esa bu xudo bilan sirli aloqada bo‘lar ekan» («The Lore of Birthdays»). Albatta, Yahova xurofotlar bilan bog‘liq bayramni Hazrati Isoning tug‘ilgan kuni bilan bog‘lamagan bo‘lar edi (Ishayo 65:11, 12). Bo‘lmasa, Rojdestvo bayrami qanday qilib olamshumul darajaga yetdi?

ROJDESTVONING KELIB CHIQISHI

9. Nega odamlar Isoning tug‘ilgan kunini aynan 25- dekabrda nishonlay boshladilar?

9 Iso Masihning vafotidan asrlar osha, odamlar uning tug‘ilgan kunini 25- dekabrda nishonlay boshladilar. Lekin, bu sana Hazrati Isoning tug‘ilgan kuni emas, chunki u taxminan oktyabrda tug‘ilgan *. Bo‘lmasa, nega aynan 25- dekabr tanlangan edi? Keyinchalik xristian deb atalganlarning ba’zilari «bu kunni butparast rimliklarning “yengilmas quyosh xudosining tug‘ilgan kuni” bayrami bilan birga nishonlamoqchi bo‘lishdi» («The New Encyclopædia Britannica»). Qishda quyosh balqishi susayganida, butparastlar, issiqlik manbai uzoq sayohatdan qaytib kelsin deb, o‘zgacha bayram o‘tkazishgan. Aynan 25- dekabr kuni quyosh qaytishga hozirlanar emish. Butparastlarni o‘z diniga og‘dirish niyatida, diniy rahbarlar bu bayramga «xristian» tusini berishgan edi xolos *.

10. Nega ba’zilar o‘tmishda Rojdestvoni nishonlashmas edi?

10 Rojdestvo bayramining butparastlikdan kelib chiqishi anchadan beri ma’lum. Muqaddas Kitobga asoslanmaganligi uchun, XVII asrda bu bayram Angliya va uning Amerikadagi mustamlakalarida nishonlanishi taqiqlangan edi. O‘sha kuni ishga chiqmay, uyda qolganlarga jarima solinar edi. Biroq, tez orada eski an’analarga yangilari qo‘shilib, odamlarning hayotiga ta’sir o‘tkazadigan bo‘ldi. Hozirgi vaqtga kelib, Rojdestvo yana mashhur bo‘lib, ko‘p joylarda nishonlanyapti. Xudoga ma’qul bo‘lay deganlar, Rojdestvoni hamda butparastlikdan kelib chiqqan va soxta din bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa bayramlarni nishonlamaydilar *.

BAYRAMNING KELIB CHIQISHINI BILISH MUHIMMI?

11. Nega ba’zilar bayramlarni nishonlaydi, lekin bizni nima o‘yga solishi kerak?

11 Rojdestvo kabi ko‘p bayramlarning butparastlikdan kelib chiqishi ba’zilarga ma’lum, lekin shunga qaramay ularni baribir nishonlaydilar. Chunki bu bayramlar soxta dindan kelib chiqishiga odamlar e’tibor berishmaydi-da. Ular buni shunchaki oila bilan dasturxon atrofida yig‘ilish uchun bir sabab deb biladilar. Siz ham shunday fikrdamisiz? Agar shunday bo‘lsa, soxta dinga emas, balki oilaga bo‘lgan mehr-muhabbat, haqiqat yo‘liga turishga to‘sqinlik qiladi. Oila asoschisi bo‘lmish Tangri Yahova, uydagilaringiz bilan yaxshi munosabatda bo‘lishingizni xohlaydi (Efesliklarga 3:14, 15). Ammo yaxshi munosabatlarga, Xudoyi Taoloning roziligini topibgina erishish mumkin. Birinchi navbatda bizni nima o‘yga solishi kerakligi haqida havoriy Pavlus shunday yozgan: «Rabbingizga nima maqbul bo‘lishini o‘rganib olinglar» (Efesliklarga 5:10).

Axlatda yotgan qandni ko‘tarib so‘rishni boshlarmidingiz?

12. Nega butparastlikdan kelib chiqqan udum va bayramlardan chetlanishimiz kerak? Misol keltiring.

12 Ehtimol, hozirgi bayramlar o‘tmishdagilardan farq qiladi, deb o‘ylagandirsiz. Shuning uchun ham ularning kelib chiqishini bilish shunchalik muhimmi? Bo‘lmasam-chi! Bir misol keltiraylik: axlatda yotgan qandni ko‘rib qoldingiz deylik. Uni ko‘tarib so‘rishni boshlarmidingiz? Qaydam. Axir u iflos-ku. Xuddi shirin qand kabi bayramlar yoqimli bo‘lib ko‘rinishi mumkin, biroq ular iflos manbadan kelib chiqqan. Haqiqat yo‘lini tutmoq uchun, Ishayo payg‘ambarning: «Nopokka qo‘l tegizmanglar»,⁠— degan so‘zlariga diqqat qilishimiz kerak (Ishayo 52:11, YADT).

FAROSAT BILAN ISH TUTING

13. Bayramlarni nishonlamayman deb, qanday qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin?

13 Bayramlarni nishonlamayman deb, qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin. Masalan, bayramga qo‘shilmasangiz, hamkasblaringiz ajablanishi mumkin. Agar birorta bayram munosabati bilan sizga sovg‘a qilsalar, nima qilardingiz? Uni qabul qilish mumkinmikan? Agar, eringiz yo rafiqangiz e’tiqodingizga sherik bo‘lmasa-chi? Bolalar hamma nishonlaydigan bayramlarda qatnashmasa ham, xafa bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak?

14, 15. Agar sizni bayram bilan tabriklashsa yoki sovg‘a tortiq qilishsa nima qilgan bo‘lasiz?

14 Har bir vaziyatda farosat talab qilinadi. Agar biror kishi shunchaki bayram bilan tabriklasa, hurmat yuzasidan minnatdorchilik bildirish mumkin. Biroq, yaxshi tanishingiz yoki hamkasbingiz tabriklasa-chi? Bunday vaziyatda, o‘z nuqtai nazaringizni tushuntirsangiz bo‘ladi. Qanday bo‘lmasin, xushmuomala bo‘lishga harakat qiling. Muqaddas Kitob maslahat bermoqda: «Har bir odamga qanday javob berish lozimligini bilinglar, so‘zingiz hamisha fayzli va mazali bo‘lsin» (Kolosaliklarga 4:6). Behurmat ohang bilan gapirishdan ehtiyot bo‘lib, o‘z e’tiqodingizni tushuntirishga urinib ko‘ring. Sovg‘a berish yoki o‘tirishlarga qarshi emasligingizni, faqat bularni bayramdan xoli vaqtda qilishingizni ayting.

15 Lekin, sizga sovg‘a tortiq qilsalar nima qilasiz? Ko‘pincha bu vaziyatga bog‘liq. Sovg‘a beruvchi shunday deyishi mumkin: «Bayramni nishonlamaganingizdan xabarim bor, ammo buni sovg‘a qilgim kelyapti xolos». Ehtimol, bunday vaziyatda sovg‘ani olib, bayramda qatnashganim yo‘q, degan qarorga kelarsiz. Biroq, odam e’tiqodingizdan bexabar bo‘lsa, bu bayramni nega nishonlamasligingizni tushuntirsangiz yaxshi bo‘lardi. Shunda, nega javoban sovg‘a bermaganingizni tushuntirish osonroq bo‘ladi. Boshqa tomondan, imoningizni sinash uchun yoki g‘arazgo‘ylik maqsadida sovg‘a berilayotgan bo‘lsa, uni olmasangiz dono ish tutgan bo‘lasiz.

OILADA O‘ZINGIZNI QANDAY TUTISHINGIZ KERAK?

16. Bayram bilan bog‘liq masalalarda, nega oiladagilar bilan xushmuomala bo‘lishingiz kerak?

16 Oiladagilar e’tiqodingizga sherik bo‘lmasa-chi, nima qilasiz? Shunda ham xushmuomala bo‘lish talab qilinadi. Oiladagi har bir odat yoki bayram haqida bahslashishning hech ham hojati yo‘q. Aksincha, fikringizni hurmat qilishlarini istasangiz, ularning nuqtai nazarini hurmat qilishga harakat qiling (Matto 7:12). Bayramga qo‘shilib qolishdan ehtiyot bo‘ling. Agar birorta odatning muayyan bir bayramga daxli bo‘lmasa, aql-idrok bilan ish tuting. Doimo pok vijdon saqlab qolishga jon kuydiring (1 Timo‘tiyga 1:18, 19).

17. Boshqalarning bayram nishonlashini ko‘rib, bolalar xafa bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak?

17 Bolalar Muqaddas Kitobga zid bo‘lgan bayramlarda qatnashmasa ham, xafa bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak? Bu, butun yil davomida qilgan harakatlaringizga bog‘liq. Ba’zi ota-onalar boshqa kunlari bolajonlariga sovg‘a qilishadi. Bolalar uchun eng qimmatbaho sovg‘a esa, sizning sevgi ila ajratgan vaqtingizdir.

HAQIQAT YO‘LIDAN YURING

Haqiqat yo‘lini tutish, haqiqiy baxt keltiradi

18. Qanday qilib masihchilarning yig‘ilishlari haqiqat yo‘lini tutishga yordam beradi?

18 Xudoga ma’qul kelish uchun, soxta din bilan aloqani uzib, haqiqat yo‘lini tutish kerak. Bunga nima kiradi? Muqaddas Kitob shunday demoqda: «Bir-birimizga e’tibor beraylik va muhabbatga, xayrli ishlarga rag‘batlantiraylik. Ba’zilarning odatidek, yig‘ilishlarimizni qoldirmaylik. Aksincha, Rabbimiz keladigan kuni yaqinlashib qolganini bilib, bir-birimizga yana ko‘proq dalda beraylik» (Ibroniylarga 10:24, 25). Masihchilarning yig‘ilishlari, Xudoni mamnun qilish uchun yordam berishi tayin (Zabur 21:23; 121:1). Bunday yig‘ilishlarda masihchilar «o‘zaro jasorat topadilar» (Rimliklarga 1:12).

19. Muqaddas Kitob ta’limotlarini boshqalar bilan baham ko‘rish nima uchun o‘ta muhim?

19 Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilganingiz sayin, bu bilimlarni boshqalar bilan baham ko‘rishingiz mumkin, chunki bu haqiqat yo‘lini tutish demakdir. Dunyodagi ahvolni ko‘rib, ko‘p insonlar voh chekib qiynalmoqda (Hizqiyo 9:4). Hoynahoy siz ham bunday odamlar bilan duch kelgan bo‘lsangiz kerak. Aynan shunday odamlarga Muqaddas Kitob berayotgan umid haqida aytmasmidingiz? Masihchilar bilan muloqotda bo‘lib va Muqaddas Kitobning ajoyib ta’limotlarini boshqalar bilan baham ko‘rib, siz asta-sekin qalbingizga yaqin bo‘lgan, biroq soxta dindan kelib chiqqan udumlardan xalos bo‘lasiz. Haqiqat yo‘lini tutib, mo‘l darajada qut-barakalar ko‘rasiz va chindan ham baxtiyor kishi bo‘lasiz (Malaxi 3:10).

^ 9- x.b. Tanlov 25- dekabrga tushganiga rimliklarning Saturnaliya degan bayrami bilan ham bog‘liq. Bu bayram 17–24- dekabr kunlari ekinlar xudosi sharafiga bag‘ishlangan edi. Bayram karnaval tusida bo‘lib, sovg‘a berish odati bilan o‘tkazilar edi.

^ 10- x.b. Boshqa mashhur bayramlarga masihchilarning munosabatini 222- va 223- sahifalardagi Ilovadan bilib olishingiz mumkin.