Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

ILOVA

Iso Masih — va’da qilingan Zot

Iso Masih — va’da qilingan Zot

KO‘P payg‘ambarlar Xudoyi Taolo Yahovadan ilhom olib, Muqaddas Kitobda Najotkorning tug‘ilishi, xizmati va o‘limi haqida ma’lumot qoldirishgan. Ushbu aniq va batafsil bashoratlardan Masihni tanib bilishimiz mumkin. Ularning barchasi Iso Masihda amalga oshdi. Keling, Masihning tug‘ilishi va bolalik davriga oid ba’zi bashoratlarning amalga oshganini ko‘rib chiqaylik.

Ishayo payg‘ambar Masih hazrati Dovud xonadonidan kelib chiqadi deb aytganlar (Ishayo 9:7). Ma’lumki, Iso payg‘ambar chindan ham Dovudning avlodidan bo‘lgan (Matto 1:1, 6–17).

Xudoning Mixo ismli payg‘ambari esa, bo‘lajak hukmdor «Efratiylar Baytlahmi» shahrida tug‘iladi deb bashorat qilgan (Mixo 5:2). O‘sha paytda Isroil yurtida ikkita Baytlahm shahri bo‘lgan. Ulardan biri yurtning shimolida joylashgan bo‘lib, Nosira shahriga yaqin edi. Ikkinchisi esa Yahudiyaning Quddus shahriga yaqin bo‘lib, ilgari Efrat deb yuritilar edi. Iso payg‘ambar ayni ushbu shaharda tavallud topdi! (Matto 2:1).

Muqaddas Kitobning boshqa bashoratida Najotkor «Misrdan chaqirib olinadi», deb aytilgan. Hali chaqaloqligida Isoning ota-onasi Misrga jo‘nab ketishdi. Podshoh Hirodning o‘limidan so‘ng esa ular qaytib kelishdi. Shu bilan bashorat amalga oshdi (Ho‘sheya 11:1; Matto 2:15).

 200- sahifadagi jadvalning «bashorat» so‘zi ostida Masihga oid oyatlar keltirilgan. Marhamat, ularni «amalga oshishi» iborasi ostidagi oyatlar bilan solishtiring. Shunda Xudoning Kalomiga bo‘lgan ishonchingiz yanada mustahkam bo‘ladi.

Bu bashoratlarni tadqiq qilayotib, ular Iso Masihning tug‘ilishidan yuz yillar ilgari yozilgani yodingizda bo‘lsin. Isoning o‘zi: «Men haqimda Muso Qonunida, Payg‘ambarlar va Zabur kitoblarida hamma yozilganlar bajo kelishi kerak»,⁠— deb aytgan edi (Luqo 24:44). Xullas, Muqaddas Kitobning barcha bashoratlari doimo amalga oshadi!