Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

ILOVA

Nega masihchilar xochga sig‘inmaydilar

Nega masihchilar xochga sig‘inmaydilar

MILLIONLAB insonlar xochga sig‘inishadi. Bir ensiklopediya ta’kidlashicha, xoch «xristian dinining asosiy ramzidir» («The Encyclopædia Britannica»). Biroq masihchilar xochga sig‘inmaydilar. Sababi nimada?

Avvalambor, Iso Masih xochda o‘lgani yo‘q. Odatda «xoch» deb tarjima qilingan yunoncha stavrо́s so‘zi ustun yoki qoziqni nazarda tutar edi. Bir asarda bu quyidagicha ifodalangan: «[Stavrо́s] hech qachon, bir-biriga qadalgan ikki xodani anglatmaydi... Injilning asl nusxasida hech bir oyatda bunday fikrni uchratmaymiz» («The Companion Bible»).

Xudodan ilhom olgan Injil yozuvchilari Iso Masihning o‘limiga nisbatan yana bir so‘z qo‘llaganlar. Bu yunoncha so‘z ksи́lon edi (Havoriylar 5:30; 10:39; 13:29; Galatiyaliklarga 3:13). Bu so‘z «yog‘och, tayoq yoki daraxt» ma’nosini beradi.

«Xoch va mixlanish» nomli kitobning muallifi Xerman Fulda, nima sababdan qatl qilinishda aynan ustun qo‘llanilganini tushuntirib, quyidagini ta’kidlagan: «Omma oldida qatl qilish uchun, hamma joyda ham daraxt bo‘lmagan. Shu sababdan yerga oddiy xodani o‘rnatib, jinoyatchining qo‘llarini tepaga qilib bog‘lashar yoki mixlashar edi. Gohida oyoqlarini ham bog‘lashar yoki mixlashar edi» («Das Kreuz und die Kreuzigung»).

Eng ishonchli dalil esa Xudoning Kalomida bitilgan. Isoning shogirdi Pavlus shunday degan edi: «Masih esa biz uchun la’natlanib, bizni Qonun la’natidan xalos qildi, xuddi Tavrotda yozilganidek: “Yog‘ochga osilgan har bir kishi la’natidir”» (Galatiyaliklarga 3:13). Pavlus Tavrotning Amrlar 21:22, 23 oyatlariga ishora qilgan. Mazkur oyatlarning asl nusxasida esa xoch so‘zi emas, balki «daraxt» so‘zi qo‘llanilgan. Bu vosita bilan qatl qilingan kimsa «la’nati» hisoblanar edi. Shunday ekan, masihchilar o‘z uylarida Iso Masihning mixlangan siymosini saqlamaydilar.

Ma’lum bo‘lganiday, Iso Masihning o‘limidan boshlab to 300 yil davomida masihchilar xochga sig‘inishmas edi. Biroq IV asrda Rim imperatori Konstantin, xristian dinini qabul qilib, xochning ramz sifatida qo‘llanilishiga yetakchilik qildi. Konstantinning niyatlari qanday bo‘lganidan qat’inazar, xochning Iso Masihga hech qanday daxli yo‘q. Aslini olganda, xoch butparastlikdan kelib chiqqan. Bir ensiklopediyada shunday deyilgan: «Xoch masihchilikdan avvalgi va masihchilikdan holi madaniyatlarga xosdir» («New Catholic Encyclopedia»). Boshqa ishonchli manbalar ham, xoch butparastlarning axloqsiz udumlari bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda.

Unday bo‘lsa, nima sababdan xristianlar butparastlarning ushbu ramzini qo‘llashmoqda? Gap shundaki, ular butparastlarni shu yo‘l bilan xristian diniga og‘diramiz deyishgan. Qanday bo‘lmasin, Muqaddas Kitob butparastlikni hamda uning ramzlarini qoralaydi (2 Korinfliklarga 6:14–18; Chiqish 20:4, 5; 1 Korinfliklarga 10:14). Aynan shu sabab masihchilar xochga sig‘inmaydilar *.

^ 1- x.b. Bu mavzu, Yahovaning Shohidlari tomonidan ko‘p tillarda nashr etilgan «Muqaddas Kitob asosida muzokara» nomli kitobning 89–93- sahifalarida batafsil muhokama qilinadi.