Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

14-BOB

Ular «yakdillik bilan» qaror qilishdi

Ular «yakdillik bilan» qaror qilishdi

Yetakchi kengash qay yo‘sin qaror chiqarishini va bu jamoatlarni qanday birlashtirishini bilib olamiz

Havoriylar 15:13–35 ga asoslangan

1, 2. a) Birinchi asrdagi yetakchi kengash qaysi muhim savollarni hal qilishi kerak edi? b) Birodarlarga to‘g‘ri qaror chiqarishga nima yordam berdi?

 HAMMA mushtoq bo‘lib o‘tiribdi. Quddusdagi xonada havoriylar va oqsoqollar hal qiluvchi payt kelganini tushunib, bir-biriga qarab turishibdi. Chunki sunnat qilish masalasi boshqa muhim savollar bilan bog‘liq: masihiylar Musoning Qonuniga amal qilishi kerakmi? Yahudiy va o‘zga xalqlardan bo‘lgan masihiylar o‘rtasida farq bormi?

2 Mas’uliyatli birodarlar ko‘p ma’lumotni ko‘rib chiqishdi. Xudoning Kalomidagi bashoratlar va Yahovaning barakasini ayon qilayotgan guvohlarning kuchli shahodati ularning yodida. Hamma o‘z fikrini bildirdi. Keltirilgan dalillar keragidan ham ortiq edi. Yahovaning ruhi aniq yo‘l ko‘rsatyapti. Xo‘sh, birodarlar bunga qanday munosabat ko‘rsatishadi?

3. Havoriylar 15-bobni ko‘rib chiqish bizga qanday foyda keltirishi mumkin?

3 Bu masalada muqaddas ruh orqali olgan yo‘l-yo‘riqni qabul qilish uchun kuchli imon va jasorat kerak bo‘ladi. Ular chiqargan qaror yahudiy din peshvolarining nafratini battar qo‘zg‘atishi mumkin. Bundan tashqari, jamoatdagilarning ayrimlari Allohning xalqi yana Musoning Qonuniga amal qilishini juda xohlagan. Xo‘sh, yetakchi kengash qanday yo‘l tutadi? Keling, buni bilib olaylik. Ushbu bobda bugungi kunda Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashi o‘sha vaqtdagi birodarlar qoldirgan namuna bo‘yicha yo‘l tutayotganini ko‘rib chiqamiz. Qarorlar chiqarayotib yoki masihiy sifatida qiyinchiliklarni yengayotib, biz ham o‘sha namuna bo‘yicha yo‘l tutishimiz lozim.

«Bunga payg‘ambarlarning... so‘zlari muvofiq kelyapti» (Havoriylar 15:13–21)

4, 5. Yoqub qaysi so‘zlarni iqtibos qilib keltirgan?

4 Isoning tug‘ishgan ukasi Yoqub so‘zga chiqdi a. O‘sha yig‘ilishda u raislik qilganga o‘xshaydi. Hoynahoy, uning so‘zlari o‘sha yerdagilar bildirgan fikrlarga xotima yasadi. Yoqub ularga shunday dedi: «Hozir Simo‘n bizga Alloh boshqa xalqlarni ham qabul qilayotgani haqda aytib berdi. Demak, Tangri O‘z ismi bilan ataladigan xalqni o‘zga xalq vakillaridan ham tanlayotgan ekan. Bunga payg‘ambarlarning... so‘zlari ham muvofiq kelyapti». (Havor. 15:14, 15)

5 Simo‘n, ya’ni Simun Butrusning nutqi hamda Barnabo bilan Pavlusning shahodati Yoqubga muhokama qilinayotgan masalani yoritib beruvchi oyatlarni eslatgan bo‘lsa kerak. (Yuhan. 14:26) «Bunga payg‘ambarlarning... so‘zlari ham muvofiq kelyapti», degandan so‘ng u Amos 9:11, 12 dagi so‘zlarni keltirdi. Bu kitob Ibroniycha yozuvlarning «payg‘ambarlar kitoblari» degan qismiga kirgan. (Mat. 22:40; Havor. 15:16–18) Yoqub keltirgan so‘zlar hozirgi Amos kitobidagidan sal farq qilishini ko‘rasiz. Hoynahoy, Yoqub Septuagintadan, ya’ni Ibroniycha yozuvlarning yunoncha tarjimasidan iqtibos keltirgan.

6. Muqaddas Yozuvlar muhokama qilinayotgan masalani tushunishga qanday ko‘maklashgan?

6 Yahova Amos payg‘ambar orqali «Dovudning yiqilgan chodirini» qayta tiklash, ya’ni boshqarish huquqini Dovudning avlodiga qaytarib, Masihiy Shohlikni o‘rnatish vaqti kelishini bashorat qilgan. (Hiz. 21:26, 27) Qiziq, Yahova yahudiy xalqi bilan yana o‘zgacha munosabatda bo‘ladimi? Yo‘q. Bashoratga binoan, «barcha xalqlardan chiqqan» odamlar Tangrining ismi bilan atalganlar sifatida birga yig‘ilishadi. Esingizda bo‘lsa, Butrusning shahodatiga ko‘ra, Alloh «ular [o‘zga xalqlardan bo‘lgan masihiylar] bilan bizning [yahudiy masihiylarning] oramizda hech qanday farq yo‘qligini ko‘rsatib, qalblarini imonlari tufayli tozaladi». (Havor. 15:9) Boshqacha aytganda, Xudo yahudiylar ham, o‘zga xalq vakillari ham Shohlikning merosxo‘rlari bo‘lishini xohlaydi. (Rim. 8:17; Efes. 2:17–19) Ilohiy ilhom ostida yozilgan bashoratlarning hech birida o‘zga xalqlardan bo‘lgan masihiylar sunnat qilinishi yoki yahudiy diniga kirgan bo‘lishi kerak, deb yozilmagan.

7, 8. a) Yoqub nimani taklif qilgan? b) Yoqubning so‘zlarini qanday tushunishimiz lozim?

7 Yoqub Muqaddas Yozuvlardagi isbotlarni va guvohlarning shahodatini inobatga olib, quyidagi so‘zlar haqida o‘ylab ko‘rishga chorladi: «Shunday ekan, o‘zga millatlardan Allohga ishonayotganlarga qiyinchilik tug‘dirmaslik kerak, deb o‘ylayman. Faqat ularga butparastlik bilan bulg‘angan narsalardan, zinodan, harom o‘lgan hayvon go‘shtidan va qondan saqlanish to‘g‘risida yozib yuborish kerak. Axir, qadim zamonlardan buyon barcha shaharlarda Musoning Tavrot kitobidagi amrlar va’z qilinib, har Shabbat kuni ibodatxonalarda ovoz chiqarib o‘qiladi». (Havor. 15:19–21)

8 Yoqubning «deb o‘ylayman» degan so‘zlari u o‘sha yig‘ilishda boshchilik qilganini, ya’ni boshqa birodarlar ustidan hukmronlik qilib, nima qilish kerakligini o‘zi hal qilganini ko‘rsatyaptimi? Aslo. «Deb o‘ylayman» deya tarjima qilingan yunoncha ibora «fikrimcha» yoki «o‘ylashimcha» degan ma’noni bildirishi ham mumkin. U tinglovchilarining ustidan hokimlik qilmoqchi bo‘lmagan, aksincha, eshitgan isbotlari va bu masala borasida Muqaddas Yozuvlarda nima deyilganiga asoslangan bir qator harakatlarni ko‘rib chiqishni taklif qilgan.

9. Yoqubning taklifi qanday foyda keltirdi?

9 Yoqubning taklifi yaxshimidi? Ehtimol, ha, chunki keyinchalik havoriylar-u oqsoqollar uni qabul qilishdi. Bu qanday foyda keltirdi? Bir tomondan, taklif etilgan yechim o‘zga xalqlardan bo‘lgan masihiylarga «qiyinchilik» tug‘dirmagan va Musoning Qonuniga bo‘ysunishga majburlamagan. (Havor. 15:19) Boshqa tomondan esa, bu bilan yillar osha Musoning Qonuni «har Shabbat kuni ibodatxonalarda ovoz chiqarib» o‘qilganda uni eshitishgan yahudiy masihiylarning vijdoniga hurmat ko‘rsatilgan. (Havor. 15:21) b O‘sha yechim yahudiy masihiylar bilan o‘zga xalq vakillari o‘rtasidagi rishtani yanada mustahkamlagani shubhasiz. Ustiga-ustak, bu Tangri Yahovani mamnun etgan, chunki Uning niyatiga muvofiq bo‘lgan. Chindan ham ajoyib qaror chiqarildi! Endi Allohning xalqidan tashkil topgan butun jamoatning tinchligiga hech narsa tahdid solmasdi! Bu hozirgi imonlilar jamoati uchun ham zo‘r namuna!

Albert Shryoder 1998-yili xalqaro anjumanda nutq so‘zlayapti

10. Yetakchi kengash birinchi asrda o‘rnatilgan namunaga qanday amal qilyapti?

10 O‘tgan bobda aytilganiday, bugungi kunda Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashi birinchi asrdagi yetakchi kengash singari, barcha masala bo‘yicha Oliy Hukmdor Yahovadan hamda jamoat Boshi Iso Masihdan yo‘l-yo‘riq izlaydi. (1 Kor. 11:3) c Bu qanday qilinadi? Yetakchi kengashda 1974-yildan boshlab xizmat qilgan va 2006-yili martda yer yuzidagi hayotini yakunlagan Albert Shryoder buni quyidagicha tushuntirgan: «Yetakchi kengash har chorshanba kuni yig‘ilib, uchrashuvni ibodat ila boshlaydi va Yahovadan muqaddas ruhi orqali yo‘l-yo‘riq berishini so‘raydi. Birodarlar muhokama qilinayotgan har bir masala va qabul qilinayotgan har bir qaror Allohning Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobga muvofiq bo‘lishiga intilishadi». Shuningdek, ancha vaqt mobaynida Yetakchi kengash a’zosi bo‘lgan va 2003-yili martda yer yuzidagi hayotini yakunlagan Milton Xenshel Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabining 101-sinfini bitirgan talabalarga quyidagi muhim savolni bergan: «Rahbariyati muhim qarorlar chiqarishdan oldin Allohning Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobdan yo‘l-yo‘riq izlaydigan boshqa bir tashkilot bormi?» Javobi ravshan.

Jo‘natish uchun odamlarni «tanlashdi» (Havoriylar 15:22–29)

11. Yetakchi kengashning qarori jamoatlarga qay tarzda yetkazildi?

11 Quddusdagi yetakchi kengash sunnat qilish masalasi bo‘yicha yakdil qaror chiqardi. Biroq jamoatdagi birodarlar yakdillik ila yo‘l tutishlari uchun bu qarorni aniq, ijobiy va dalda beruvchi tarzda yetkazish zarur edi. Xo‘sh, buning eng yaxshi yo‘li qanday? Bayonotda shunday deyilgan: «Havoriylar bilan oqsoqollar hamda butun jamoat oralaridan Barsabo deb atalmish Yahudoni va Silani tanlashdi. Ularni Pavlus va Barnabo bilan birga Antioxiyaga jo‘natmoqchi bo‘lishdi. Bu kishilar birodarlar orasida rahbarlikni o‘z zimmalariga olishardi». Bundan tashqari, ular xat yozib, uni Antioxiya, Suriya va Kilikiyadagi barcha jamoatlarda o‘qib berish uchun o‘sha birodarlar orqali yuborishdi. (Havor. 15:22–26)

12, 13. Yahudo bilan Silaning kelgani hamda yetakchi kengash xat yuborgani qanday natija keltirdi?

12 «Birodarlar orasida rahbarlikni o‘z zimmalariga» olgan Yahudo va Sila yetakchi kengashning vakili bo‘lish uchun butunlay mos. Bu xabarni to‘rtta birodar yetkazgani u shunchaki dastlabki savolga javob emas, balki yetakchi kengashning ko‘rsatmasi ekanini tasdiqlardi. Tanlangan birodarlarning kelishi Quddusdagi yahudiy masihiylarning va jamoatlardagi o‘zga xalq vakillarining rishtalarini mustahkamlagan. Naqadar dono va mehrga to‘la qaror, shunday emasmi?! Bu Allohning xalqi orasida tinchlik va birlik bo‘lishiga hissa qo‘shgani shubhasiz.

13 Xatda o‘zga xalqlardan bo‘lgan masihiylarga nafaqat sunnat qilish masalasida, balki Yahovani quvontirib, barakasiga ega bo‘lish uchun ular nima qilishi kerakligi borasida aniq yo‘l-yo‘riq berilgan edi. Xatning asosiy qismida shunday yozilgandi: «Muqaddas ruh yordami bilan biz quyida keltirilgan zarur narsalardan ortig‘ini bo‘yningizga yuklamaslikka qaror qildik: butlarga bag‘ishlangan narsalardan, qondan, harom o‘lgan hayvon go‘shtidan va zinodan o‘zingizni saqlanglar. Bu narsalardan o‘zingizni astoydil saqlasangiz, eson-omon bo‘lasizlar. Salomat bo‘linglar!» (Havor. 15:28, 29)

14. O‘zaro bo‘lingan bu dunyoda Yahovaning xalqi qay yo‘sin birlikka erishyapti?

14 Hozir dunyo bo‘ylab 100 000 dan ziyod jamoatlarda soni 8 000 000 dan ortiq bo‘lgan Yahovaning Shohidlari orasida ta’limotlari-yu ishlarida uyg‘unlik kuzatiladi. Mojarolar va kelishmovchiliklar hukm surayotgan bu dunyoda ular bunga qanday erishyapti? Bu asosan, jamoat Boshi Iso Masih «ishonchli va aqlli xizmatkor» orqali taqdim etayotgan aniq yo‘l-yo‘riqlar tufayli amalga oshyapti. (Mat. 24:45–47) Shuningdek, butun dunyodagi birodar-u opa-singillar Yetakchi kengashning yo‘l-yo‘riqlariga bajonidil amal qilayotgani sabab bo‘lyapti.

«Birodarlar... dalda beruvchi so‘zlardan sevinishdi» (Havoriylar 15:30–35)

15, 16. Sunnat masalasi borasida chiqarilgan qaror jamoatlarda qanday qabul qilindi va bunga nima sabab bo‘ldi?

15 Havoriylar kitobining davomida aytilishicha, birodarlar guruhi Quddusdan Antioxiyaga yetib kelgach, «hamma birodarlarni to‘plashdi-da, ularga bu xatni topshirishdi». Xo‘sh, mahalliy birodarlar yetakchi kengashning ko‘rsatmasiga qanday munosabat bildirishdi? «Birodarlar xatni o‘qib, undagi dalda beruvchi so‘zlardan sevinishdi». (Havor. 15:30, 31) Boz ustiga, Yahudo va Sila «ko‘plab nutqlari bilan birodarlarni qo‘llab-quvvatlashdi». Shuning uchun o‘sha ikkita birodar, Barnabo, Pavlus va boshqalar ham «payg‘ambarlar» deyilgan. Bu so‘z Allohning irodasini yetkazgan yoki e’lon qilgan kishilarga nisbatan qo‘llaniladi. (Havor. 13:1; 15:32; Chiq. 7:1, 2)

16 Yahova yetakchi kengashning qaroriga baraka bergani aniq va masala muvaffaqiyat ila hal qilindi. Bu ijobiy yakun topishiga nima sabab bo‘ldi? Shubhasizki, bu yetakchi kengash Kalom asosida va muqaddas ruhning boshqaruvi bilan aniq hamda o‘z vaqtida taqdim etgan yo‘l-yo‘rig‘i tufayli amalga oshdi. Bu qaror sevgi va mehr ila jamoatlarga yetkazilgani ham katta ahamiyatga ega edi.

17. Tuman nozirlari Pavlus, Barnabo, Yahudo va Silaga qay yo‘sin taqlid qilishadi?

17 Hozir ham Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashi o‘sha namunaga rioya qilib, butun dunyodagi imondoshlarimizga o‘z vaqtida yo‘l-yo‘riqlar taqdim etyapti. Qabul qilingan qarorlar jamoatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tushunarli tarzda yetkaziladi. Masalan, bu tuman nozirlarining tashriflari orqali qilinadi. Ushbu fidoyi birodarlar jamoatlarga tashrif buyurganda, aniq ko‘rsatmalar berishadi va tetiklik baxsh etishadi. Ular Pavlus va Barnabo kabi «ta’lim berib, boshqa birodarlar bilan birga Yahovaning kalomi haqidagi xushxabarni e’lon qilib» yurishadi. (Havor. 15:35) Ular Yahudo va Silaga o‘xshab «ko‘plab nutqlari bilan birodarlarni» qo‘llab-quvvatlashadi.

18. Qanday qilib Yahovaning xalqi Uning barakalaridan doimo zavq olishi mumkin?

18 Jamoatlar haqida nima deyish mumkin? Bu o‘zaro bo‘lingan dunyoda yer yuzi bo‘ylab jamoatlar nima tufayli tinchlik va hamjihatlikda yashashyapti? Isoning ukasi Yoqub keyinchalik nima deb yozganini eslang: «Yuqoridan tushgan donolik esa birinchidan pok, ikkinchidan tinchlikparvar, mulohazali, bo‘ysunuvchan... Adolat hosilini beradigan urug‘ tinchlik o‘rnatuvchilar uchun tinchlik bor joyda sepiladi». (Yoqb. 3:17, 18) Bu yerda Yoqub Quddusdagi yig‘ilishni nazarda tutganmi yoki yo‘qmi, bizga noma’lum. Ammo Havoriylar 15-bobdagi voqealarni ko‘rib chiqib, shunga amin bo‘lish mumkinki, birlik va hamkorlik hukm surganda Yahovaning barakalariga ega bo‘lamiz.

19, 20 a) Antioxiyadagi jamoatda tinchlik va birlik hukm surganini qayerdan bilamiz? b) Pavlus va Barnabo endi nima ish qilishlari mumkin edi?

19 Endi Antioxiyadagi jamoatda tinchlik va birlik hukm surayotgani aniq ko‘rinib turardi. U yerdagi birodarlar Quddusdan kelgan birodarlar bilan bahslashmadi, aksincha, ular Yahudo va Silaning tashrifini qadrlashardi, chunki Yahudo va Sila «o‘sha yerda bir muncha vaqt bo‘lishgandan so‘ng, birodarlar ularga oq yo‘l tilab kuzatib qo‘yishdi» va ular Quddusga qaytib ketishdi. (Havor. 15:33) d Shubhasizki, Quddusdagi birodarlar ular safari to‘g‘risida aytib berganlarini eshitib xursand bo‘lishdi. Yahovaning inoyati tufayli ularning vazifasi ijobiy yakun topdi!

20 Pavlus va Barnabo esa Antioxiyada qolib, diqqatini va’zgo‘ylik faoliyatini tashkil etish uchun harakat qilishga qaratishi mumkin edi. Bugun ham tuman nozirlari jamoatlarga tashrif buyurishganda, xuddi shunday yo‘l tutishadi. (Havor. 13:2, 3) Bu Yahovaning xalqi uchun chinakam baraka! Qiziq, Yahova o‘sha ikkita g‘ayratli va’zgo‘ydan keyinchalik qanday foydalangan va ularga qanday baraka bergan? Buni keyingi bobdan bilib olamiz.

Bugun masihiylar Yahova Yetakchi kengash va uning vakillari orqali taqdim etayotgan narsalardan foyda olishyapti

a « ”Hazratimizning ukasi Yoqub”» nomli 112-sahifadagi ramkaga qarang.

b Yoqub Muso payg‘ambar yozgan kitoblarga ishora qilib oqilona yo‘l tutdi. Chunki o‘sha kitoblarda nafaqat Musoning Qonuni, balki Allohning ishlari hamda bu qonun berilishidan oldin Uning irodasi qanday bo‘lgani yozilgan. Masalan, Ibtido kitobidan Xudoning qonga, zinoga va butparastlikka bo‘lgan nuqtai nazarini bilib olyapmiz. (Ibt. 9:3, 4; 20:2–9; 35:2, 4) Shu yo‘sin, Yahova barcha insonlar, xoh yahudiylar, xoh o‘zga xalq vakillari amal qilishi kerak bo‘lgan prinsiplarni ayon etgan.

c « Bugungi kunda Yetakchi kengash qanday tuzilgan?» nomli 110-sahifadagi ramkaga qarang.

d Ba’zi tarjimalarda, masalan, Turkiya Muqaddas Kitob jamiyatining nashrida 34-oyatda «Sila Antioxiyada qolishni afzal ko‘rdi» degan so‘zlarni o‘qish mumkin. Lekin bu so‘zlar keyinchalik qo‘shilganga o‘xshaydi.