Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

10- QISM

Dono shoh Sulaymon

Dono shoh Sulaymon

Alloh Yahova Sulaymonga donolik ato etadi. Uning boshqaruvi Isroilning tinchlik va ravnaq topishiga olib keladi

AGAR butun xalq va uning shohi Egasi Yahovaga bo‘ysunib, Uning qonunlarini bajarganda hayot qanday bo‘lardi? Shoh Sulaymoning 40-yillik boshqaruvi bu savolga javob beradi.

Hazrati Dovud o‘limidan oldin, o‘g‘li Sulaymonni shoh etib tayinladi. Xudovand Sulaymonga tushida zohir bo‘lib, Undan xohlagan narsasini so‘rashini aytadi. Xalqni adolat va donolik bilan boshqarish uchun shoh donishmandlik hamda aql-idrok so‘raydi. Sulaymonning iltimosini Yahova xush ko‘rib, unga nafaqat donolik va aql-idrok ato etadi, balki boylik, shuhrat va uzoq umr berishni va’da qiladi. Buning uchun esa shoh Allohga itoatkor bo‘lishi kerak edi.

Sulaymon donishmandligi bilan shuhrat topadi. Bir kuni uning oldiga mushkul masala bilan ikkita ayol keladi. Ularning ikkalasi ham bitta chaqaloqning onasi ekaniga da’vogarlik qilishadi. Bu masalani yechish uchun shoh bolani o‘rtasidan chopib, ikkala ayolga bo‘lib berishni buyuradi. Birinchi ayol bunga rozi bo‘ladi, ammo uning asl onasi bolani halok qilmasdan uni o‘sha ayolga berishlarini yolvorib so‘raydi. Shunda Sulaymon chaqaloqning haqiqiy onasi kimligini tushunadi va bolani onasiga qaytaradi. Bu voqea butun Isroilga tarqalib, chindan ham Xudo Sulaymonga donolik ato etganiga hamma ishonch hosil qiladi.

Sulaymonning ulkan yutuqlaridan biri, Alloh Yahovaga bag‘ishlab Quddusda ma’bad qurganidir. Ushbu ma’bad Isroilda topinish markazi bo‘lib xizmat qiladi. Ma’badning ochilish marosimida Sulaymon, Yahovaga ibodat qilib shularni aytadi: «Osmonga — falak toqiga Sen sig‘massan. Falak toqi oldida men qurgan uy nima bo‘libdi?!» (3 Shohlar 8:27).

Sulaymonning dong‘i ko‘p mamlakatlarga, hattoki Arabistondagi Shava malikasigacha yetib boradi. Shunda malika Sulaymonning saltanatiyu boyligini ko‘rish hamda qiyin savollari bilan uning donoligini sinash uchun Quddusga keladi. Shava malikasi Sulaymoning donoligini va Isroilning farovonligini ko‘rib lol qoladi. O‘shanda, u bunday dono shohni taxtga tayinlagan Yahovani ulug‘laydi. Tangri Yahova, Sulaymoning boshqaruvini shunchalik barakali qilgan ediki, bu qadimgi Isroil tarixidagi eng tinch va farovon davr bo‘lgan.

Ming afsuski, vaqt o‘tib Sulaymon Yahova bergan donolikning qadriga yetmay qo‘ydi. U Xudoning amriga beparvo bo‘lib, yuzlab ayollarni xotin qilib oldi. Ularning aksariyati soxta xudolarga topingani uchun, Sulaymon ham asta-sekin Yahovadan uzoqlashib, butlarga sig‘inadigan bo‘lib qoldi. Shuning uchun Yahova Sulaymonga, undan shohlikni tortib olishini, ammo Dovudning hurmati haqqi shohlikning kichkina bir qismini oilasiga qoldirishni aytdi. Sulaymon Xudoga itoat qilmay qo‘ygan bo‘lsa-da, Yahova otasi Dovud bilan Shohlik haqidagi tuzgan ahdiga sodiq qoldi.

3 Shohlar 1–11 va 2 Solnomalar 1–9- boblarga hamda Amrlar 17:17- oyatga asoslangan.