Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

16- QISM

Masihning kelishi

Masihning kelishi

Xudovand Yahova, nosiralik Iso va’da qilingan Masih ekanini ko‘rsatadi

TANGRI YAHOVA odamlarga, va’da qilingan Masih kim ekanini ko‘rishga yordam berganmi? Albatta. Keling, Xudo qanday yordam qilganini ko‘rib chiqaylik. Bu voqea, Tavrot, Zabur va Payg‘ambarlar kitoblari yozib tugatilganidan to‘rt asr o‘tgach yuz bergan. Jalila o‘lkasining shimolida joylashgan Nosira shahrida yashovchi Maryam ismli qizning oldiga hayratga soladigan bir mehmon keladi. Jabroil ismli farishta unga ko‘rinib, Maryam bokira qiz bo‘lishiga qaramay, Allohning ruhi, ya’ni faol qudrati yordamida o‘g‘il ko‘rishi haqida aytadi. Bu o‘g‘il abadiy hukm suradigan, va’da qilingan Shoh bo‘lishi kerak edi. U Xudoning O‘g‘li sanalib, Alloh uning hayotini osmondan Maryamning bachadoniga o‘tkazmoqchi edi.

Maryam bu sharafli va muhim topshiriqni kamtarlik bilan qabul qiladi. Uning bo‘lajak umr yo‘ldoshi duradgor Yusufga, Tangrining farishtasi Maryam qanday homilador bo‘lganini tushuntirgandan so‘ng, unga uylanadi. Biroq Masih Baytlahm shahrida tug‘ilishi haqidagi bashorat qanday bajo bo‘ladi? (Mixo 5:2). Axir bu shahar Nosiradan taxminan 150 kilometr narida joylashgan edi.

Rim hukmdori ro‘yxatdan o‘tish haqida qaror chiqaradi. Buning uchun har bir kishi o‘z tug‘ilgan shahriga borishi kerak bo‘ladi. Yusuf bilan Maryam Baytlahmda tug‘ilishgani bois, Yusuf homilador xotini bilan o‘sha yerga boradi (Luqo 2:3). Tunash uchun ularga molxonadan boshqa joy qolmaydi. Maryamning oyi to‘lib, o‘g‘il ko‘radi va uni oxurga yotqizib qo‘yadi. Shunda Xudo daladagi cho‘ponlarning oldiga bir farishtasini yuborib, va’da qilingan Masih dunyoga kelganini ma’lum qiladi.

Aynan Iso va’da etilgan Masih ekanining boshqa isbotlari ham bor. Masalan, Ishayo payg‘ambar Masihga yo‘l tayyorlovchi inson to‘g‘risida bashorat qilgan edi (Ishayo 40:3). Ushbu inson Yahyo payg‘ambar bo‘lgan. U Isoni ko‘rib: «Mana, dunyoning gunohini bartaraf etadigan Xudoning Qo‘zisi»,— deb xitob qilgan. Shunda Yahyoning ayrim shogirdlari darhol Isoning orqasidan ergashgan. Ulardan biri: «Biz Masihni topdik»,— degan (Yuhanno 1:29, 36, 41).

Boshqa dalillar ham bor. Iso Xudoning irodasini bajarishga kirishganining ramzi sifatida suvga cho‘mish uchun Yahyo oldiga kelib, shunday qilganida Yahovaning O‘zi osmondan gapirgan. U muqaddas ruhi orqali Isoni Masih etib tayinlab, shunday degan: «Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, undan mamnunman» (Matto 3:16, 17). Ha, va’da qilingan Masih kelgan edi!

Bu qachon sodir bo‘lgan? Doniyor payg‘ambar bashorat qilgan 483-yil tugagan milodiy 29- yilda. Darhaqiqat bu, Isoning Masih ekanini isbotlovchi inkor etib bo‘lmaydigan dalil edi. Xo‘sh, Iso yer yuzidagi hayoti davomida qanaqa xabarni e’lon etishi lozim bo‘lgan?

Matto 13, Mark 1, Luqo 2 va Yuhanno 1- boblarga asoslangan.

^ 16- x.b. Ko‘proq ma’lumot olish uchun Yahovaning Shohidlari tomonidan nashr etilgan «Xudoning rahbarligi Jannatga yo‘l ko‘rsatmoqda» risolasining 20- sahifasidagi ramkaga qarang.