Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

18- QISM

Iso mo‘jizalar ko‘rsatadi

Iso mo‘jizalar ko‘rsatadi

Iso alayhissalomning mo‘jizalari, Shoh etib tayinlanganda u qanday qudratga ega bo‘lishini ko‘rsatadi

ALLOH, Iso payg‘ambarga boshqa insonlarning qo‘lidan kelmaydigan ishlarni qilish qobiliyatini ato etgan. Iso ko‘p mo‘jizalar yaratib, ularning aksariyatini xalqning ko‘zi oldida sodir etgan. Ushbu mo‘jizalar, Iso dushmanlarini yengishga qodir ekanini hamda nomukammal insonlar aslo bartaraf eta olmaydigan to‘siqlarni yo‘q qilishini namoyon etgan. Ba’zi misollarni ko‘rib chiqaylik.

Ochlik. Iso ilk mo‘jizasini yaratganda, suvni sharobga aylantirgan. Boshqa ikki safar u olomonni bir nechta non va baliq bilan to‘yg‘azgan. Ikkala vaziyatda ham yegulik hammaga yetgan.

Kasallik. Iso odamlarning «har turli xastalik va darmonsizliklarini davolardi» (Matto 4:23). U ko‘r, kar, moxov, cho‘log‘u mayiblarga, tutqanog‘i borlarga hamda shollarga qo‘l tekkizib dardidan forig‘ qilgan. Iso davolay olmaydigan kasallikning o‘zi bo‘lmagan.

Tabiat kuchlari. Bir kuni Iso o‘z shogirdlari bilan Jalila dengizi bo‘ylab suzib ketayotganida, to‘satdan kuchli bo‘ron ko‘tarilgan. Shogirdlari bundan vahimaga tushishgan. Shunda Iso bo‘ronga qarata: «Jim bo‘l! Tinchlan!» — degan va shamol tinib, hamma joy jim-jit bo‘lib qolgan (Mark 4:37–39). Boshqa safar kuchli shamol esayotganida Iso dengiz ustida yurgan (Matto 14:24–33).

Jinlar. Jinlar odamlardan ancha qudratli mavjudotlar. Ko‘plar Xudoning dushmanlari bo‘lmish jinlarning izmiga tushib, ularning qo‘lidan qutula olishmaydi. Iso bir necha marotaba jinlarga odamni tark etishni va qaytib uni bezovta qilmaslikni buyurgan. U jinlardan qo‘rqmagan. Aksincha, jinlar Isoning yuqori mavqeini tan olib, undan qo‘rqishgan.

O‘lim. O‘limni «oxirgi dushman» deyishgani haq gap. Chunki hech bir inson uni yengishga qodir emas (1 Korinfliklarga 15:26). Ammo Iso o‘liklarni ham tiriltirgan. Masalan, bir beva ayolning yosh o‘g‘lini hamda yurak-bag‘ri ezilgan bir ota-onaning qizini hayotga qaytargan. Lekin bu mo‘jizalar ichida Iso qadrdon do‘sti Lazarni tiriltirgani ayniqsa e’tiborga loyiq. Iso, o‘lganiga to‘rt kun bo‘lgan Lazarni ko‘plab azadorlar ko‘zi oldida tiriltirgan! Shunda hatto ashaddiy dushmanlari ham bu mo‘jizani Iso qilganini inkor eta olishmagan (Yuhanno 11:38–48; 12:9–11).

Nega Iso bunday mo‘jizalarni yaratgan? Axir o‘sha kishilar oxir-oqibat baribir o‘lishgan-ku. To‘g‘ri, lekin ular Masih Shoh bo‘lganida barcha hayratomuz bashoratlar albatta bajo bo‘lishini tasdiqlagan. Alloh tayinlagan Shoh ochlik, kasallik, tabiiy ofatlar, jinlar va o‘limni tag-tomiri bilan sug‘urib tashlashidan shubhalanmaslik kerak. Boisi, bu narsalarga chek qo‘yish uchun Xudo unga qudrat ato etganini Iso ko‘rsatgan.

Matto, Mark, Luqo va Yuhanno kitoblariga asoslangan.