Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

21- QISM

Iso tirik!

Iso tirik!

Iso izdoshlariga ko‘rinib, ularga yo‘l-yo‘riq va dalda beradi

ISONING o‘lganiga uch kun bo‘lganida, uning izdoshlari bo‘lgan ayrim ayollar qabr boshiga kelishadi. Qarashsa, qabr og‘zidagi tosh chekkaga yumalatib qo‘yilgan, ichi esa bo‘m-bo‘sh ekan!

Shu payt ikkita farishta paydo bo‘ladi. Ulardan biri ayollarga: «Sizlar... Isoni qidiryapsizlar. U tirildi»,— deb aytadi (Mark 16:6). Ular esa bu xabarni havoriylarga yetkazish uchun chopib ketishadi. Yo‘lda ular Isoni uchratib qolishadi. U ayollarga: «Qo‘rqmanglar! Borib, birodarlarimga xabar beringlar, ular Jalilaga borishsin. Meni o‘sha yerda ko‘rishadi»,— deydi (Matto 28:10).

O‘sha kuni Isoning ikki shogirdi Quddusdan Emmaus qishlog‘iga ketayotgan bo‘lishadi. Yo‘lda ularga bir begona kishi hamroh bo‘lib, nimalar to‘g‘risida gaplashib kelishayotganini so‘raydi. Bu Iso edi. U qiyofasini o‘zgartirgani uchun shogirdlar avvaliga uni taniy olishmaydi. Ular g‘amgin yuz bilan Iso haqida suhbatlashib kelishayotganini aytishadi. Bu hamroh kishi ularga Muqaddas Yozuvlarda Masih borasida nimalar deyilganini tushuntira boshlaydi. Bashoratlar tafsilotlarigacha Isoda bajo bo‘lgan ekan *. Shogirdlar begona kishi ruhiy shaxs bo‘lib tirilgan Iso ekanini tushunib yetishganida, u ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.

Shu zahotiyoq ikkala shogird Quddusga qaytishadi. Ular eshiklarni qulflab o‘tirgan havoriylar oldiga kelishadi. Bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berishayotganida, Iso paydo bo‘ladi. Ustozlarini ko‘rgan shogirdlar dong qotib, ko‘zlariga ishongilari kelmaydi! «Nega qalbingizda shubhalar tug‘ildi?» — deya so‘raydi u. So‘ng: «Muqaddas Yozuvlarga binoan, Masih azob chekib, uchinchi kuni esa tirilishi kerak»,— deydi (Luqo 24:38, 46).

Tirilganidan keyin Iso 40 kun davomida shogirdlariga turli tarzda ko‘rinadi. Bir marta u 500 dan ham ko‘proq kishiga namoyon bo‘ladi! Ehtimol aynan o‘shanda Iso shu muhim topshiriqni bergan: «Boringlar, barcha xalqlardagi odamlarga ta’lim berib, menga shogird tayyorlanglar... Men sizlarga amr etgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar. Bu zamonaning oxirigacha men doimo sizlar bilan bo‘laman» (Matto 28:19, 20).

Iso so‘nggi bor 11 nafar sodiq havoriylari bilan uchrashganida, ularga shunday va’da beradi: «Ustingizga muqaddas ruh tushganda, sizlar kuchga to‘lib... yerning chetlariga qadar mening shohidlarim bo‘lasizlar» (Havoriylar 1:8). So‘ng, Iso ularning ko‘z o‘ngida ko‘kka ko‘tarilib, bulutlar orasida g‘oyib bo‘ladi.

Matto 28, Mark 16, Luqo 24 hamda Yuhanno 20- va 21- boblarga shuningdek 1 Korinfliklarga 15:5- va 6- oyatlarga asoslangan.

^ 6- x.b. Masihga oid bashoratlar Isoda amalga oshgani haqida risolamizning 14- qismidan, 15- qismidan va 16- qismidan va «Muqaddas Kitob ta’limotlari» kitobidagi ilovaning «Iso Masih — va’da qilingan Zot» maqolasidan bilib olish mumkin.