Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

25- QISM

Imon, xulq-atvor va sevgi

Imon, xulq-atvor va sevgi

Yoqub, Butrus, Yuhanno va Yahudo imondoshlariga dalda berish uchun maktublar yozishadi

YOQUB bilan Yahudo Isoning ukalari bo‘lishgan. Butrus bilan Yuhanno esa 12 ta havoriy qatoriga kirgan. Ushbu to‘rt nafar kishi Injildan joy olgan yettita maktubni yozgan. Har bir maktub o‘z yozuvchilarining nomi bilan atalgan. Bu maktublardagi ilohiy ilhom bilan yozilgan so‘zlar masihiylarga Tangri Yahovaga sadoqatni saqlab, Uning Shohligiga ko‘z tikishga yordam beradi.

Imonni namoyon etish. Xudoga ishonaman deyishning o‘zi yetarli emas. Haqiqiy imon ish-harakatda ko‘rinadi. Bu borada Yoqub: «Ishlarsiz imon... o‘likdir»,— deb yozgan (Yoqub 2:26). Qiyinchilikka duch kelganda imon bilan yo‘l tutish, sabr-bardoshni hosil qiladi. Bunga erishish uchun, masihiylar Allohdan donolik so‘rab, Uning berishidan hech shubhalanmasliklari darkor. Sabr-bardoshli bo‘lganlar esa Xudoning marhamatiga erishishadi (Yoqub 1:2–6, 12). Agar Xudoning xizmatchilari imonda mahkam turib, sabr-bardoshni rivojlantirishsa, Yahova albatta javob qaytaradi. Yoqub: «Allohga yaqinlashinglar, shunda U ham sizlarga yaqinlashadi»,— deb aytgan (Yoqub 4:8).

Sinovlar va axloqsiz ta’sirga qarshi turish uchun masihiyning imoni kuchli bo‘lishi lozim edi. Atrofda axloqsizlikning ko‘payib ketayotganini ko‘rib, Yahudo imondoshlarini «imon uchun zo‘r berib kurashishga» undagan (Yahudo 3).

Pok axloqni rivojlantirish. Yahova O‘z topinuvchilaridan muqaddas, ya’ni har tomonlama pok bo‘lishlarini kutadi. Havoriy Butrus shunday degan: «Butun yurish-turishingizda muqaddas bo‘linglar. Boisi, Muqaddas Yozuvlarda: “Muqaddas bo‘linglar, chunki Men [Yahova] muqaddasman”,— deb aytilgan» (1 Butrus 1:15, 16). Lekin masihiylarda taqlid qilishga arzigulik namuna bor. «Masih ham sizlar uchun azob chekib, uning izidan og‘may yurishingiz uchun o‘rnak ko‘rsatdi»,— deb yozgan Butrus (1 Butrus 2:21). Garchi masihiylar Allohning me’yorlariga rioya qilayotganlari uchun azob chekishsa-da, ular «vijdonlarini toza» saqlashadi (1 Butrus 3:16, 17). Xudoning hukm kuni hamda va’da qilingan «adolat hukm suradigan» yangi dunyo yaqinlashib kelayotgan ekan, Butrus masihiylarni muqaddas xulq-atvorli bo‘lishga va xudojo‘ylikni aks ettiruvchi ishlar qilishga undagan (2 Butrus 3:11–13).

«Allohga yaqinlashinglar, shunda U ham sizlarga yaqinlashadi» (Yoqub 4:8)

Sevgiga ega bo‘lish. Havoriy Yuhanno: «Allohning O‘zi sevgidir»,— deb aytgan. Yuhanno, Tangri O‘z sevgisini ko‘rsatib, Isoni «gunohlarimiz uchun... qurbonlik sifatida» yuborganiga urg‘u bergan. Biz bunga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak? U shunday deb tushuntirgan: «Qadrdonlarim, agar Xudo bizni shunchalik sevgan bo‘lsa, unda biz ham bir-birimizni sevishga burchlimiz» (1 Yuhanno 4:8–11). Bunday sevgini namoyon etishning usullaridan biri, imondoshlarimizga mehmondo‘stlik ko‘rsatishdir (3 Yuhanno 5–8).

Unda Tangri Yahovaga qanday qilib sevgimizni izhor eta olamiz? Bu haqda Yuhanno: «Allohga bo‘lgan sevgi Uning amrlariga rioya qilishdan iboratdir va Uning amrlari og‘ir emas»,— deb yozgan (1 Yuhanno 5:3; 2 Yuhanno 6). Xudoga bo‘ysunayotganlar esa, Tangri ularni doim, «abadiy hayot» davomida sevishiga amin bo‘lishlari mumkin (Yahudo 21).

Yoqub, 1 Butrus, 2 Butrus, 1 Yuhanno, 2 Yuhanno, 3 Yuhanno hamda Yahudo kitoblariga asoslangan.