Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

2-BOB

Tug‘ilmasidan oldin Isoga sharaf ko‘rsatiladi

Tug‘ilmasidan oldin Isoga sharaf ko‘rsatiladi

LUQO 1:34–56

  • MARYAM QARINDOSHI ELISABETDAN XABAR OLADI

Farishta Jabroil Maryamga o‘g‘il tug‘ishini, ismini Iso qo‘yishini va u abadiy shoh bo‘lishini aytganida, Maryam undan: «Bu qanday bo‘lishi mumkin, axir men er ko‘rmaganman-ku?» — deb so‘raydi. (Luqo 1:34)

«Muqaddas ruh ustingga tushib keladi,— deb tushuntiradi Jabroil unga,— va Alloh Taoloning qudrati seni qoplaydi. Shu sababli, sendan tug‘iladigan bolani muqaddas, Xudoning O‘g‘li deb atashadi». (Luqo 1:35)

Hoynahoy, Maryam bu xabarga ishonishi uchun, Jabroil davom etib Elisabet haqida shunday deydi: «Ana, odamlar bepusht deb yurgan qarindoshing ham qariligida o‘g‘ilga homilador bo‘ldi. Homilasi oltinchi oyda. Zotan Xudoning hech bir kalomi bajarilmay qolmaydi». (Luqo 1:36, 37)

Maryam Jabroilning so‘zlariga quloq solganini uning javobidan ko‘rsak bo‘ladi. U: «Men Yahovaning bandasiman! Iloyo aytganingiz kelsin»,— deya xitob qiladi. (Luqo 1:38)

Jabroil ketganidan so‘ng, Maryam Yahudiyaning Quddus yaqinida joylashgan tog‘li hududida yashovchi Elisabet va uning turmush o‘rtog‘i Zakariyoning uyiga boradi. Maryamning Nosiradagi uyidan u yerga yetib borish uchun ehtimol, uch yoki to‘rt kun ketgan bo‘lishi mumkin.

Maryam Zakariyoning uyiga yetib kelgach, Elisabet bilan salomlashadi. Shunda Elisabet muqaddas ruhga to‘ladi-da, Maryamga yuzlanib: «Sen ayollar ichra muboraksan, qorningdagi bola ham muborakdir! Hazratimning onasi oldimga kelgani men uchun naqadar sharaf! Buni qara-ya, salomingni eshitganim zahoti, qornimdagi bola ham quvonchdan o‘ynoqlab ketdi!» — deydi. (Luqo 1:42–44)

Buni eshitib, Maryam minnatdorchilik ila quyidagicha deydi: «Jonim-la Yahovani ulug‘layman, Xaloskor Allohim ila ko‘nglim shod-xurram. Zero U faqir bandasining holiga nazar soldi. Bundan buyon barcha nasllar meni baxtiyor deb atashadi. Qodir Tangri men uchun ulug‘ ishlar qildi». Unga bunday katta sharaf ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramay, Maryam butun shon-sharafni Xudoga berib, shunday deydi: «Uning ismi muqaddasdir. Undan qo‘rqqanlarga U toabad rahm-shafqat namoyon etadi». (Luqo 1:46–50)

Maryam ilohiy ilhom ostida Xudoga hamdu-sano aytishni quyidagicha davom etadi: «U qo‘li bilan qudratli ishlar qildi, qalblarida mag‘rurlik o‘rnashganlarni to‘zg‘itib yubordi. Hukmdorlarni taxtlaridan uloqtirib tashladi, faqirlarni esa yuksaltirdi. Ochlarni U ne’matlar ila to‘yg‘azdi, boylarni esa quppa-quruq jo‘natdi. Rahm-shafqatni mangu namoyon etish va’dasi yodida ekanini ko‘rsatish uchun xizmatkori Isroilga yordamga keldi. Chunki U buni ota-bobolarimiz Ibrohim va uning zurriyotiga va’da qilgan edi». (Luqo 1:51–55)

Maryam Elisabetning uyida qariyb uch oy bo‘ladi. Shubhasizki u, Elisabetning homiladorligining so‘nggi haftalarida katta yordam beradi. Xudoning qudrati bilan homilador bo‘lgan bu ikki xudojo‘y ayol, bunday vaqtda birgalikda ekanliklaridan xursandlar!

Iso tug‘ilmasidan oldin, unga sharaf ko‘rsatilganiga e’tibor berdingizmi? Elisabet uni «Hazratim» deb aytgani va qornidagi bolasi quvonchdan qimirlab ketgani buni tasdiqlaydi. Ammo keyinchalik, odamlar Maryam va uning o‘g‘liga hurmatsiz munosabatda bo‘lishganini ko‘rib chiqamiz.