Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3-BOB

Yo‘lni hozirlaydigan dunyoga keladi

Yo‘lni hozirlaydigan dunyoga keladi

LUQO 1:57–79

  • YAHYO TUG‘ILADI VA UNGA ISM QO‘YILADI

  • ZAKARIYO YAHYONING KELAJAKDAGI VAZIFASI HAQIDA AYTADI

Mana, Elisabetning oy-kuni ham yaqinlashib qoldi. Maryam unikida uch oy mehmonda bo‘ldi. Lekin endi Maryam uzoq yo‘l yurib, Nosiradagi uyiga qaytib ketishi kerak. Taxminan olti oydan so‘ng u ham bola ko‘radi.

Maryamning ketishidan sal keyinroq Elisabetning ko‘zi yoriydi. Allohga ming qatla shukurki, Elisabetning o‘zi ham, chaqalog‘i ham soppa-sog‘! Elisabet o‘g‘ilchasini qo‘ni-qo‘shnilari-yu qarindoshlariga ko‘rsatganida, ular u bilan birga quvonishadi.

Isroilda Tavrotga binoan, sakkizinchi kuni o‘g‘il chaqaloq sunnat qilinishi va keyin unga ism qo‘yilishi kerak edi. (Levilar 12:2, 3) Ba’zilar bolaga otasining ismini — Zakariyo qo‘yish kerak, deyishadi. Lekin Elisabet fikr bildirib: «Yo‘q, uning ismini Yahyo qo‘yamiz»,— deydi. (Luqo 1:60) Esingizda bo‘lsa, bolaga bunday ism berish haqida farishta Jabroil aytgan edi.

Ammo qo‘ni-qo‘shnilari-yu qarindoshlari norozi bo‘lib: «Axir, urug‘-aymog‘ingiz orasida bunday ismli kishi yo‘q-ku»,— deyishadi. (Luqo 1:61) Shunda ular otasidan imo-ishora orqali chaqaloqqa qanday ism berishni so‘rashadi. Zakariyo bir taxtacha so‘raydi-da, ustiga: «Uning ismi Yahyo bo‘ladi»,— deb yozadi. (Luqo 1:63)

Shu zahotiyoq Zakariyo mo‘jizaviy tarzda yana gapira boshlaydi. Esingizda bo‘lsa Zakariyo Elisabet o‘g‘il ko‘rishi haqidagi xabarga ishonmagan edi. Shuning uchun ham qo‘shnilari Zakariyoning yana tilga kirganini ko‘rib, hayron qolishadi-da, o‘zaro: «Ajabo, bu bola kim bo‘lar ekan?» — deya o‘ylashadi. (Luqo 1:66) Yahyoga qay yo‘sin ism berilgani orqali ular Xudoning qudratini ko‘rishadi.

Zakariyo muqaddas ruhga to‘lib: «Xalqiga nazar tashlab, najot bergan Isroilning Xudosi Yahovaga hamd-u sanolar bo‘lsin! U xizmatkori Dovud xonadonidan chiqqan qudratli najotkorni berdi»,— deya quvonadi. (Luqo 1:68, 69) «Najotkor» — bu endi tug‘ilishi kerak bo‘lgan Hazrati Isodir. Zakariyoning aytishicha, u orqali Xudo «dushmanlar qo‘lidan bizni xalos etgandan keyin, Unga umr bo‘yi muqaddas xizmatni jasorat, sadoqat va adolat bilan bajarish sharafiga muyassar qiladi». (Luqo 1:74, 75)

O‘g‘li Yahyoning kelajagi haqida esa Zakariyo shunday bashorat qiladi: «Sen esa, ey chaqaloq, Tangri Taoloning payg‘ambari deb nom olasan. Yahovaning oldida yurib, Uning yo‘llarini tayyorlaysan. Uning xalqiga gunohlari kechirilishi orqali najot topishini e’lon qilasan. Bularning bari Allohimizning mehr-shafqati ila bo‘ladi. Ha, mehr-shafqat bilan yuksaklikdan bizga nur keladi. Zulmatda va o‘lim soyasida o‘tirganlarga yorug‘lik berib, qadamlarimizni tinchlik yo‘liga yo‘naltiradi». (Luqo 1:76–79) Bu qanday ajoyib bashorat bo‘lgan-a?!

Taxminan shu vaqtda, hali turmushga chiqmagan Maryam Nosiradagi uyiga keladi. Qiziq, homilador ekanini odamlar bilishganida, Maryam bilan nima bo‘ladi?