Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

4-BOB

Maryam homilador, ammo turmushga chiqmagan

Maryam homilador, ammo turmushga chiqmagan

MATTO 1:18–25 LUQO 1:56

  • YUSUF MARYAMNING HOMILADORLIGINI BILIB OLADI

  • MARYAM YUSUFGA TURMUSHGA CHIQADI

Maryamning homilasi to‘rt oylik bo‘ladi. Esingizda bo‘lsa, u homiladorligining ilk oylarida Yahudiyaning tog‘li hududida yashovchi Elisabetnikida edi. Lekin endi uyiga, Nosiraga qaytib keldi. Tez orada odamlar uning ahvolidan xabar topishadi. Maryamning ahvoli qanchalik og‘ir bo‘lganini bir tasavvur qiling-a!

Ha, Maryam Yusuf ismli duradgorga unashtirilgani uchun vaziyat yanada murakkablashib boradi. Tavrotga ko‘ra, unashtirilgan qiz boshqa erkak bilan jinsiy aloqada bo‘lsa, toshbo‘ron qilib o‘ldirilishi kerakligini Maryam biladi. (Qonunlar 22:23, 24) Lekin Maryam axloqsiz bo‘lmagan. Uni ikkita narsa tashvishga solardi: u homilador ekanligini Yusufga qanday tushuntiradi va bundan keyin nima bo‘ladi?

Maryam uch oy uyda bo‘lmagani uchun Yusuf uni zoriqib kutgani turgan gap. Ular uchrashishganida Maryam unga ehtiyotkorlik bilan yangilikni aytadi. Har qalay, u Xudoning qudrati bilan homilador bo‘lganini tushuntirishga harakat qiladi. Biroq buni tushunish va bunga ishonish Yusufga juda qiyin bo‘lgani shubhasiz.

Yusuf Maryamning xudojo‘y va yaxshi nomga ega ekanligidan xabardor. Bundan tashqari, u Maryamni judayam sevadi. Lekin Maryam tushuntirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, Yusuf uni boshqa kishidan homilador bo‘lib qolgan, deb o‘ylaydi. Shunga qaramasdan, Yusuf Maryamning toshbo‘ron qilinishini, o‘ldirilishini yoki sharmanda bo‘lishini xohlamaydi. Shu sababli, u Maryam bilan hech kimga bildirmay ajrashmoqchi bo‘ladi. O‘sha paytlarda unashtirilganlarga er-xotindek qarashardi, unashtiruvni bekor qilish uchun ajralish talab etilardi.

Shunday fikrlar bilan Yusuf uxlagani ketadi. Ammo Yahovaning farishtasi unga tushida ayon bo‘lib, shunday deydi: «Xotining Maryamni uyingga olib kelishdan qo‘rqma, chunki u muqaddas ruh qudrati bilan homilador bo‘lgan. Xotining o‘g‘il ko‘radi va sen uning ismini Iso qo‘yasan, chunki u o‘z xalqini gunohlaridan xalos etadi». (Matto 1:20, 21)

Yusuf uyg‘onganida qalbida xotirjamlik his qiladi, chunki hammasi ayon bo‘lgandi! Fursatni boy bermay, u farishtaning aytganini qilib, Maryamni o‘z uyiga olib keladi. Hammaning oldida qilingan bu harakat, Yusuf va Maryam qonuniy er-xotin ekanini anglatardi. Ammo Maryam hali Isoga homilador ekan, Yusuf unga yaqinlashmaydi.

Bir necha oy o‘tib, Nosirada yashovchi Yusuf hamda oy kuni yaqinlashgan Maryam yo‘lga otlanishadi. Maryamning tug‘ishiga judayam kam vaqt qolganda, ular qayerga ketishyapti ekan?