Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

14-BOB

Isoning ilk shogirdlari

Isoning ilk shogirdlari

YUHANNO 1:29–51

  • ISONING ILK SHOGIRDLARI U BILAN YURISHNI BOSHLASHADI

Iso sahroda 40 kun bo‘lib, Jalilaga borishidan oldin uni suvga cho‘mdirgan Yahyoning oldiga qaytadi. Isoning kelayotganini ko‘rib, Yahyo unga ishora qiladi-da, yonidagi odamlarga shunday deydi: «Mana, dunyoning gunohini bartaraf etadigan Xudoning Qo‘zisi! “Ortimdan kelayotgan, mendan oldinga o‘tdi, chunki u mendan avval bor edi”,— deganim ana shudir». (Yuhanno 1:29, 30) Garchi Yahyo Isodan kattaroq bo‘lsa-da, u Isoning osmonda ruhiy zot bo‘lib yashaganini biladi.

Ammo bir necha hafta oldin, Iso suvga cho‘mish uchun kelganida, Yahyo Isoning Masih bo‘lishi kerakligiga to‘liq amin emas edi. «Uni o‘zim ham bilmas edim,— deb tan oladi Yahyo,— lekin Isroil uni tanisin, deya suvga cho‘mdirgani keldim». (Yuhanno 1:31)

Yahyo Isoni suvga cho‘mdirganida nimalar yuz berganini tinglovchilariga quyidagicha tushuntirib beradi: «Muqaddas ruh kaptar sifatida osmondan tushib, uning ustida qolganini ko‘rdim. Uni o‘zim ham bilmas edim, ammo odamlarni suvga cho‘mdirish uchun meni Yuborgan shunday dedi: “Kimning ustiga ruh tushib, unda qolganini ko‘rsang, ana o‘sha muqaddas ruh ila cho‘mdiruvchidir”. Men uni ko‘rdim-u, mana bu — Xudoning O‘g‘li, deb shohidlik berdim». (Yuhanno 1:32–34)

Ertasiga Yahyo ikkita shogirdi bilan turganida, ularning oldiga Iso keladi. Shunda Yahyo yana: «Mana, Xudoning Qo‘zisi!» — deb aytadi. (Yuhanno 1:36) Ikkala shogird Yahyoning gapini eshitib, Isoning orqasidan ergashadi. Birining ismi Idris bo‘ladi. Ikkinchisining ismi Yuhanno bo‘lib, bu voqealarni aynan u bayon etadi. Bundan tashqari, Yuhanno Isoning xolavachchasi bo‘lishi mumkin. Chunki Salomiya Maryamning opasi yoki singlisi bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas. Salomiya Zabadiyning xotini bo‘ladi.

Iso o‘girilib qarasa, uning orqasidan Idris bilan Yuhanno ergashib kelayotgan bo‘lishadi. Shunda Iso ulardan: «Sizlarga nima kerak?» — deb so‘raydi.

Ular esa: «Ravviy (ma’nosi “Ustoz”), siz qayerda turasiz?» — deya so‘rashadi.

Iso ularga javoban: «Ketdik, ko‘rasizlar»,— deydi. (Yuhanno 1:37–39)

Peshin, kunduzi soat taxminan to‘rt. Idris va Yuhanno kunning qolgan qismini Iso bilan birga o‘tkazishadi. Idrisga Iso bilan muloqot qilish shunchalik qattiq ta’sir qiladiki, Butrus deb atalgan akasi Simunni darhol topib, unga: «Biz Masihni topdik»,— deydi. (Yuhanno 1:41) Idris Butrusni Isoning yoniga olib keladi. Keyingi hodisalarga ko‘ra Yuhanno ham akasi Yoqubni topib, uni Isoning oldiga olib boradi. Ammo Yuhanno ushbu shaxsiy ma’lumotni o‘z bayonotida yozmaydi.

Ertasi kuni Iso Baytsayda shahridan bo‘lgan Filipni uchratib qoladi. Bu shahar Jalila dengizining shimolida joylashgan bo‘lib, Idris va Butrusning ona shahri bo‘ladi. Iso Filipga: «Mening izdoshim bo‘ling»,— deb taklif qiladi. (Yuhanno 1:43)

So‘ngra, Filip shuningdek, Bartolmey deb atalgan Natanilni izlab topib, unga: «Muso Tavrotda bayon etgan va payg‘ambarlar yozgan Yusuf o‘g‘li nosiralik Isoni topdik»,— deydi. Ammo Natanil shubhalanib: «Nosiradan o‘zi biron yaxshilik chiqqanmi?» — deb so‘raydi.

Filip unga: «O‘zing borib, ko‘rgin»,— deydi. Natanil Isoning oldiga yaqinlashib kelayotganda, Iso: «Ana, haqiqiy isroillik, unda hecham ayyorlik yo‘q»,— deydi.

Natanil undan: «Meni qayerdan bilasiz?» — deb so‘raydi.

Iso javob berib: «Filip hali sizni chaqirmasidan oldin, anjir daraxti tagida o‘tirganingizni ko‘rgan edim»,— deydi.

Natanil hayratda qolib, unga: «Ustoz, siz Xudoning O‘g‘li, Isroilning Podshohisiz»,— deydi.

Iso esa shunday deydi: «“Sizni anjir daraxti tagida ko‘rdim”,— deganim uchun ishonyapsizmi? Siz bundan ham buyuk ishlarni ko‘rasiz». So‘ng va’da berib: «Ishonavering, osmon ochilganini va Allohning farishtalari Inson O‘g‘lining yoniga tushib-chiqayotganini ko‘rasizlar»,— deydi. (Yuhanno 1:45–51)

Keyin Iso va uning yangi shogirdlari Iordan vodiysini qoldirib, Jalilaga qarab ketishadi.