Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

19-BOB

Iso samariyalik ayolga ta’lim beradi

Iso samariyalik ayolga ta’lim beradi

YUHANNO 4:3–43

  • ISO SAMARIYALIK AYOLGA VA BOSHQALARGA TA’LIM BERADI

  • XUDO MA’QULLAYDIGAN TOPINISH

Yahudiyadan Jalilaga ketayotib, Iso bilan shogirdlari shimolga Samariya viloyati bo‘ylab o‘tishadi. Ular yo‘ldan charchab, chamasi peshinda Sihar shahri yaqinidagi quduq oldida dam olish uchun to‘xtashadi. Ancha asrlar oldin, ehtimol, Yoqubning o‘zi yoki u yollagan ishchilar bu quduqni qazigan. Bunga o‘xshagan quduq hozir Nablus shahri yaqinida ham mavjud.

Iso dam olib o‘tirganida, shogirdlari yeyishga u-bu narsa sotib olish uchun yaqin atrofdagi shaharga jo‘nab ketishadi. Shu payt quduqning oldiga suv olish uchun samariyalik ayol keladi va Iso unga: «Menga ichgani suv bering»,— deydi. (Yuhanno 4:7)

Yahudiylar bilan samariyaliklar o‘rtasida noto‘g‘ri tushunchalar chuqur o‘rnashib qolgani bois, ular odatda bir-biri bilan hecham aloqa qilishmaydi. Shuning uchun ayol hayron bo‘lib, Isoga: «Qanday qilib siz yahudiy bo‘la turib, men, samariyalik ayoldan suv so‘rayapsiz?» — deb savol beradi. Iso unga javoban shunday deydi: «Agar siz Allohning in’omi nima ekanini va kim sizdan: “Menga ichgani suv bering”,— deyayotganini bilganingizda edi, siz uning o‘zidan so‘ragan bo‘lardingiz. U esa sizga hayotbaxsh suv berardi». Ayol Isodan so‘raydi: «Taqsir, suv olish uchun hatto idishingiz ham yo‘q-ku, quduq esa chuqur. Unda hayotbaxsh suvni qayerdan olasiz? Bu quduqni bizga bobokalonimiz Yoqub bergan. Uning o‘zi, bolalari va chorvalari ham undan ichishgan. Nahotki siz undan ham buyukroq bo‘lsangiz?» (Yuhanno 4:9–12)

Iso unga quyidagicha javob beradi: «Bu suvdan ichgan kishi yana chanqab qoladi. Kimki men bergan suvni ichsa, hech qachon chanqamaydi. Aksincha, men beradigan suv unda buloqqa o‘xshab jo‘shib oqaveradi va abadiy hayot sari eltadi». (Yuhanno 4:13, 14) Charchaganiga qaramay, Iso hayotbaxsh so‘zlarni samariyalik ayol bilan bajonidil baham ko‘radi.

Shunda ayol Isoga: «Taqsir, bu suvdan menga ham bering. Endi men boshqa chanqamay va suv olish uchun bu yerga hadeb kelavermay»,— deydi. Iso esa unga: «Borib eringizni bu yerga chaqirib keling»,— deb aytadi. Ayol javoban: «Mening erim yo‘q»,— deydi. Iso unga: «“Erim yo‘q”, deb to‘g‘risini aytdingiz. Sizning beshta eringiz bo‘lgan, hozirgisi ham eringiz emas»,— deb aytganida ayol hang-u mang bo‘lib qolgandir. (Yuhanno 4:15–18)

Iso oddiy odam emasligini tushunib, ayol hayron bo‘lgancha: «Taqsir, tushunishimcha siz payg‘ambarsiz»,— deydi. So‘ng ma’naviy narsalarga qiziqishi borligini ko‘rsatib: «Ota-bobolarimiz [samariyaliklar] bu tog‘da [yaqin atrofdagi Garizim tog‘ida] Xudoga topinishgan. Ammo sizlar [yahudiylar] Xudoga topinadigan joy Quddusda deysizlar»,— deb aytadi. (Yuhanno 4:19, 20)

Iso bo‘lsa Xudoga qayerda topinishning ahamiyati yo‘qligini ta’kidlaydi. U ayolga quyidagicha javob beradi: «Shunday payt keladiki, samoviy Otaga na bu tog‘da, na Quddusda topinasizlar». Keyin quyidagicha davom etadi: «Shunday payt kelyaptiki, haqiqiy topinuvchilar Otaga ruh va haqiqat bilan topinishadi va bunday payt keldi ham. Aynan shunday topinuvchilarni Ota O‘ziga izlaydi». (Yuhanno 4:21, 23, 24)

Allohga, xizmatchilari qayerda emas, balki qanday topinayotgani muhimroq. Bu so‘zlar ayolga qattiq ta’sir qilgani bois, u: «Masih deb atalgan zot kelishini bilaman. U kelganda bizga hamma narsani ochiq aytib beradi»,— deydi. (Yuhanno 4:25)

Shunda Iso muhim haqiqatni oshkor etib: «Siz bilan gaplashayotgan men, o‘shaman»,— deb aytadi. (Yuhanno 4:26) Vo ajabo! Peshin payti quduqdan suv olish uchun kelgan samariyalik bu ayolga Iso iltifot ko‘rsatadi. Ha, Iso boshqalarga hali aytmaganini, ya’ni Masih ekanligini bu ayolga ochiqchasiga aytadi.

KO‘PGINA SAMARIYALIKLAR IMONGA KELADI

Shogirdlar Sihar shahridan yegulik olib kelishganida, Iso haliyam quduq oldida samariyalik ayol bilan gaplashib o‘tirgan bo‘ladi. Shogirdlar quduq oldiga yaqinlashganlarida, ayol ko‘zasini qoldirib, shaharga jo‘nab ketadi.

Siharga kelgach ayol Isoning so‘zlarini hamshaharlariga aytib beradi. U to‘la ishonch bilan: «Boringlar, men qilgan ishlarni aytib bergan insonni ko‘ringlar»,— deydi. So‘ng, balki ularning qiziqishini uyg‘otish niyatida, ayol: «U Masih emasmikin?» — deb aytadi. (Yuhanno 4:29) Muso payg‘ambarning davridan beri bu muhim savol barchani qiziqtirib kelgan. (Qonunlar 18:18) Shu sababli, shahar aholisi Isoni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun keladi.

Shu orada shogirdlari olib kelgan yegulikni Isoga taklif etishadi. Iso bo‘lsa: «Menda sizlar bilmaydigan yegulik bor»,— deydi. Shogirdlar hayron bo‘lib, bir-biridan: «Nahotki kimdir unga ovqat olib kelgan bo‘lsa?» — deya so‘rashadi. Shunda Iso barcha izdoshlari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan so‘zlarini mehr ila tushuntiradi: «Mening ovqatim, meni Yuborganning irodasini bajarish va Uning ishini yakuniga yetkazishdir». (Yuhanno 4:32–34)

Iso aytayotgan ish to‘rt oydan keyin boshlanadigan tom ma’nodagi o‘rim-yig‘im emasdi. Aksincha, u quyidagi so‘zlari bilan ma’naviy o‘rim-yig‘imni nazarda tutgan edi: «Ko‘zlaringizni ekinzorlarga tikib qaranglar, hosil yetilgan. O‘roqchi ham o‘z mehnat haqini olyapti va mangu hayot uchun hosilni yig‘yapti. Shu yo‘sin ekuvchi ham o‘roqchi ham birgalikda quvonadi». (Yuhanno 4:35, 36)

Iso, ayol bilan suhbatlashgani yaxshi samaralar keltirganini ko‘radi. Chunki Sihar shahridan bo‘lgan ko‘pgina odamlar bu ayolning: «U, men qilgan ishlarni aytib berdi»,— degan so‘zlarini eshitib Isoga ishonishadi. (Yuhanno 4:39) Shuning uchun, ular quduq yoniga kelib, Isodan bir muddat shu yerda qolib ularga ta’lim berishini iltimos qilishadi. Iso bu taklifni qabul qilib, ikki kun Samariyada qoladi.

Isoni tinglagach, boshqa ko‘pgina samariyaliklar ham unga ishonishadi. Ular ayolga: «Endi nafaqat sening so‘zlaring bo‘yicha ishonyapmiz. Chunki o‘zimiz eshitib bildikki, chindan ham bu inson dunyoning qutqaruvchisi ekan»,— deyishadi. (Yuhanno 4:42) Shubhasizki, samariyalik ayol Masih haqida shahodat berayotib, tinglovchilarning qiziqishini uyg‘otish va ularni ko‘proq bilim olishga undash borasida bizga zo‘r o‘rnak bo‘la oladi!

Yodingizda bo‘lsa o‘rim-yig‘imga hali to‘rt oy bor. Bu yerda bahorgi arpa yig‘imi haqida gap ketyapti shekilli. Bundan chiqdi, hozir noyabr yoki dekabr oyi. Demak, mil. 30-yilda bo‘lib o‘tgan Fisih bayramidan keyin, Iso bilan shogirdlari taxminan sakkiz oy davomida odamlarni suvga cho‘mdirib yurishgan. Endi ular o‘z yurtlari Jalilaga, shimolga qaytib ketishyapti. Qiziq, u yerda ularni nima kutadi?