Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

24-BOB

Jaliladagi xizmat

Jaliladagi xizmat

MATTO 4:23–25; MARK 1:35–39; LUQO 4:42, 43

  • ISO TO‘RTTA SHOGIRDI BILAN JALILADA VA’Z QILADI

  • UNING XIZMATI-YU ISHLARI KO‘PCHILIKKA MA’LUM BO‘LADI

Iso va uning to‘rtta shogirdi Kafarnahumda o‘tkazgan kun voqealarga boy edi. Kechki payt esa shahar aholisi sog‘aytirsin, deb Isoning yoniga barcha kasallarni keltirishdi. Yolg‘iz qolishning hech imkoni bo‘lmadi.

Ertasi kuni Iso sahar turib, uydan chiqib ketadi. U Otasiga bemalol ibodat qilish uchun xilvat joyga boradi. Ammo Isoning yolg‘iz qolishi uzoqqa cho‘zilmaydi. «Simun bilan uning yonidagilar» Isoning g‘oyib bo‘lganini payqagach, uni qidirishga tushishadi. Ehtimol, Butrus tashabbuskorlikni o‘z zimmasiga oladi, chunki Iso uning uyida qolgan edi-da. (Mark 1:36; Luqo 4:38)

Isoni topishgach, Butrus unga: «Sizni hamma qidiryapti»,— deb aytadi. (Mark 1:37) Kafarnahumdagi odamlar Iso ular bilan qolishini istashadi. Sababi, ular uning qilgan ishlaridan g‘oyat minnatdor bo‘lishadi va «ularni tashlab ketmaslikni undan iltimos qilishadi». (Luqo 4:42) Lekin birinchi navbatda Iso yer yuziga kasallarni sog‘aytirish uchun kelganmi? Uning faoliyati faqat bir hudud bilan chegaralanib qolishi kerakmi? Isoning o‘zi bu haqda nima deydi?

Iso shogirdlariga quyidagicha javob beradi: «Yuringlar, yaqin atrofdagi shaharchalarga boraylik. Men o‘sha yerlarda ham va’z qilishim kerak, axir shuning uchun kelganman-ku». Odamlar Isodan ular bilan qolishini iltimos qilishsa ham, u shunday deydi: «Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xabarni men boshqa shaharlarda ham va’z qilishim kerak. Axir men shuning uchun yuborilganman». (Mark 1:38; Luqo 4:43)

Darhaqiqat, Iso yer yuziga avvalambor Xudoning Shohligini va’z etish uchun kelgan. Bu Shohlik Allohning ismini ulug‘laydi va odamzodni azob-uqubatlardan xalos qiladi. Isoning odamlarni mo‘jizaviy tarzda sog‘aytirishi esa, u Xudo tomonidan yuborilganining isbotidir. Xuddi shunday asrlar ilgari yashagan Muso ham, Xudoning xizmatchisi bo‘lganini tasdiqlash uchun mo‘jizalar yaratgan. (Chiqish 4:1–9, 30, 31)

Iso boshqa shaharlarda va’z qilish uchun Kafarnahumni tark etganida, uning to‘rtta shogirdi u bilan ketadi. Ular — Butrus, ukasi Idris, Yuhanno va akasi Yoqub. Axir o‘tgan hafta Iso ularni ilk hamkorlari bo‘lishga taklif etgandi.

Isoning hamda to‘rtta shogirdining Jaliladagi va’zgo‘ylik xizmati ko‘p samara keltiradi! Uning faoliyati haqida hamma yerda ma’lum bo‘ladi. «U haqdagi xabar butun Suriyaga», Iordan daryosining naryog‘iga yetib, O‘nkent deb nomlangan butun viloyatga yoyiladi. (Matto 4:24, 25) Ushbu yerlardagi hamda Yahudiyadan kelgan ulkan olomon Isoning va shogirdlarining ketidan ergashib boradi. Ko‘plar Isoning oldiga kasallarni olib kelishadi. Hech kimning umidi puchga chiqmaydi, chunki Iso kasallarni sog‘aytirib, odamlarning ichiga kirgan jinlarni quvib chiqaradi.