Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

25-BOB

Moxov kishiga rahmdillik ko‘rsatiladi

Moxov kishiga rahmdillik ko‘rsatiladi

MATTO 8:1–4 MARK 1:40–45 LUQO 5:12–16

  • ISO MOXOVNI SOG‘AYTIRADI

Iso to‘rtta shogirdi bilan «butun Jalilani aylanib, o‘sha yerdagi ibodatxonalarda va’z qiladi». U yaratgan mo‘jizalar to‘g‘risidagi xabar har yerga tarqaladi. (Mark 1:39) Isoning ishlari haqida bir moxov kishi bilib qoladi. Tabib Luqoning so‘zlariga ko‘ra, bu kishining «butun tanasi moxov bo‘lgan». (Luqo 5:12) Bu kasallik dastidan kishi tanasining turli qismlari sekin-asta xunuklashib boradi.

Demak, bu moxov kishi ayanchli ahvolda bo‘lib, boshqalardan uzoqda yashashi talab qilinadi. Bundan tashqari, boshqa odamlar uning yoniga yaqinlashayotganda u: «Nopokman, nopokman!» — deb baqirishi kerak edi. Bunday yo‘l tutib, u odamlarni kasallikni yuqtirib olishdan ogohlantirgan bo‘ladi. (Levilar 13:45, 46) Ammo bu moxov kishi endi nima qiladi? U Isoning yoniga boradi-da, yuz tuban tiz cho‘kib: «Hazratim, siz meni pok qila olasiz, faqat istasangiz bas»,— deb yolvoradi. (Matto 8:2)

Ajabo, uning Isoga bo‘lgan ishonchini qarang-a! Chindan ham bunday kasallik dastidan ayanchli ahvolga tushib qolgan odamni ko‘rsang yuraging achiydi. Qiziq, Iso qanday yo‘l tutadi? Siz-chi, o‘sha yerda bo‘lganingizda, nima qilgan bo‘lardingiz? Isoning unga rahmi keladi va qo‘lini tekkizib: «Albatta istayman. Pok bo‘ling»,— deydi. (Matto 8:3) Ana mo‘jiza-yu mana mo‘jiza! Shu zahotiyoq moxov kishi dardidan forig‘ bo‘ladi.

Shunday rahm-shafqatli hamda bunday ishlar qilishga qodir shohingiz bo‘lishini xohlarmidingiz? Isoning moxov kishiga bo‘lgan munosabati shuni oshkor qilyaptiki, butun yer yuzi ustidan Iso shohlik qilganida, Zaburdagi: «Xokisor va kambag‘alga joni achiydi, faqirning hayotini saqlab qoladi»,— degan bashorat amalga oshadi. (Zabur 72:13) Ha, o‘shanda Iso azob tortgan hammaga yordam beradi va u buni qilishni judayam istaydi.

Esingizda bo‘lsa, hatto moxov kishini sog‘aytirishidan oldin Iso va uning xizmati haqida xalq orasida ko‘p gap tarqalgandi. Endi odamlar bu mo‘jiza to‘g‘risida ham eshitishadi. Lekin Iso odamlar shunchaki eshitganlari asosida unga ishonishlarini xohlamaydi. U o‘zi haqidagi: «Ko‘chada ovozi eshitilmaydi»,— degan bashoratni biladi, shuning uchun u o‘zini ulug‘lashni istamaydi. (Ishayo 42:1, 2) Iso sog‘aygan kishiga: «Bu haqda hech kimga aytmang. Ammo borib o‘zingizni ruhoniyga ko‘rsating va Muso payg‘ambar buyurgani bo‘yicha qurbonlik keltiring»,— deb aytadi. (Matto 8:4)

Lekin o‘sha kishi baxtiyorligidan jim tura olmaydi. U borib, ro‘y bergan voqea to‘g‘risida hamma joyda jar sola boshlaydi. Uning bunday harakati odamlarning qiziqishini uyg‘otadi va natijada Iso shaharga ochiqchasiga kira olmaydi. Shuning uchun Iso xilvat joylarda yuradigan bo‘ladi. Biroq odamlar uni tinglash va shifo topish uchun har yoqdan yoniga kelishadi.