Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

34-BOB

O‘n ikkita havoriy tanlanadi

O‘n ikkita havoriy tanlanadi

Yahyo Isoni Xudoning Qo‘zisi deb ataganidan qariyb bir yarim yil o‘tdi. Iso voizlik faoliyatini boshlaganida Idris, Simun Butrus, Yuhanno va ehtimol Yoqub (Yuhannoning akasi), shuningdek, Filip hamda Bartolmey (uning boshqa ismi Natanil) kabi samimiy kishilar uning ilk shogirdlari bo‘lishdi. Vaqt o‘tib, Masihning izdoshlari safiga boshqalar ham qo‘shildi. (Yuhanno 1:45–47)

Endi Iso havoriylarini, ya’ni yaqin shogirdlarni tanlashga tayyor. Ular Isoning yaqin do‘stlari bo‘lib, undan maxsus ta’lim olishadi. Biroq ularni tanlashdan oldin Iso Kafarnahumdan uzoqda bo‘lmagan, Jalila dengizi yaqinidagi bir tog’ga chiqadi. O‘shanda u tun bo‘yi ibodat qilib, Xudodan donolik va qut-baraka so‘raydi. Ertasi kuni esa, Iso shogirdlarini chaqirib, ulardan 12 tasini havoriylar sifatida tanlaydi.

Iso, boya ismi tilga olingan oltita shogirdini hamda soliq idorasidan chaqirib olgan Mattoni ham tanlaydi. Qolgan beshtasi — bu Yahudo (shuningdek, Taddey va «Yoqubning o‘g‘li» deb atalgan), g‘ayratli Simun, To‘ma, Alfeyning o‘g‘li Yoqub hamda Yahudo Ishqariyotdir. (Matto 10:2–4; Luqo 6:16)

Mazkur 12 shogirdi bir qancha vaqtdan beri Iso bilan yurgani uchun, u ularni juda yaxshi taniydi. Ularning orasida ba’zi qarindoshlari ham bor. Yoqub bilan Yuhanno, ehtimol, Isoning xolavachchalaridir. Ba’zilarning o‘ylashicha, Alfey Isoning o‘gay otasi Yusufning akasi bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, Alfeyning o‘g‘li havoriy Yoqub Isoning amakivachchasidir.

Havoriylarning ismlarini eslab qolish Iso uchun qiyin emas, albatta. Siz-chi, eslay olasizmi? Ularni mana bunday eslab qolish mumkin: ikkitasining ismi Simun, ikkitasiniki Yoqub, yana ikkitasiniki Yahudo. Simunning (Butrus) ukasi Idris, Yoqubning (Zabadiyning o‘g‘li) ukasi esa Yuhanno. Shunday qilib, sakkizta havoriyning ismini eslab qolsa bo‘ladi. Qolgan to‘rttasi quyidagilardir: soliqchi Matto, keyinchalik shubhalangan To‘ma, daraxt tagida o‘tirganda chaqirilgan Natanil va uning do‘sti Filip.

O‘n bitta havoriy Iso ulg‘aygan Jaliladan edi. Natanil Kanax shahridan. Filip, Butrus va Idris baytsaydalik, biroq Butrus bilan Idris keyinroq Kafarnahumga ko‘chib o‘tishgan. Matto ham o‘sha yerda yashagan bo‘lsa kerak. Yoqub bilan Yuhanno baliqchi bo‘lishgan va ular ham Kafarnahumda yoki uning yaqinida istiqomat qilishgandir. Faqat bitta havoriy, keyinchalik Isoga xiyonat qilgan Yahudo Ishqariyot, ehtimol, Yahudiyadan bo‘lgan.