Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

35-BOB

Mashhur Tog‘dagi va’z

Mashhur Tog‘dagi va’z

Iso tun bo‘yi Xudoga ibodat qilib, shogirdlaridan 12 tasini havoriy etib tanlaganidan so‘ng charchagan bo‘lsa kerak. Mana kun yorishdi, lekin u kuchga to‘la va odamlarga yordam berishni istaydi. Iso Jaliladagi bir tog’ga, ehtimol o‘zi ko‘p xizmat qilib yurgan Kafarnahum yaqinidagi bir joyga boradi.

Shunda turli xil joylardan kelgan xaloyiq Isoning oldiga keladi. Ulardan ba’zilari janubdan, Quddus hamda Yahudiyadan, boshqalari esa shimoli-g‘arbda joylashgan Tir va Sidondan kelishadi. Bu odamlar «Isoni tinglab, dardlaridan forig‘ bo‘lish uchun kelishadi» va Iso ularga shifo beradi. Bir tasavvur qilib ko‘ring-a, kasallarning barchasi tuzalib qoladi! Iso «hatto jinga chalingan odamlarning» ichidan Shaytonning yovuz farishtalarini quvib chiqaradi. (Luqo 6:17–19)

Keyin Iso tog‘ yonbag‘rida bir tekislikni topib o‘sha yerda o‘rnashadi va xaloyiq uni o‘rab oladi. Uning shogirdlari ham, ayniqsa 12 ta havoriysi unga yaqinroq o‘tirib olishadi. Xaloyiq bunday hayratda qoldiradigan mo‘jizalarni yarata oladigan ustozning gaplarini sabrsizlik ila kutadi. Iso va’z aytadi va tinglovchilar bundan ko‘p foyda olishadi. Keyinchalik ham bu va’z boshqalarga foydali bo‘lgan. Bu chuqur ma’naviy haqiqatlar sodda va tushunarli aytilgani uchun, biz ham undan ko‘p saboq olishimiz mumkin. Iso odamlarga tanish bo‘lgan kundalik ishlar haqida gapiradi. Shuning uchun, Allohga ma’qul tarzda yashashga intiladigan kishilar Isoning fikrlarini osonlikcha anglab olishadi. Xo‘sh, Isoning mazkur va’zini qaysi fikrlar tufayli bebaho deyish mumkin?

KIMLAR CHINAKAMIGA BAXTLI?

Har bir inson baxtli bo‘lishni istaydi. Iso buni yaxshi tushunadi va shuning uchun va’zining boshida kimlar chinakamiga baxtli ekanini aytadi. Bu esa tinglovchilarning e’tiborini tortadi. Ammo uning ayrim so‘zlari ularni o‘ylantirib qo‘yadi.

Iso shunday deydi: «Ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar baxtlidir, chunki Osmon Shohligi ularnikidir. Qayg‘u-alam chekayotganlar baxtlidir, zero ularga tasalli beriladi. [...] Adolatga ochu chanqoqlar baxtlidir, boisi ularning bu ehtiyoji qondiriladi. [...] Odillik uchun ta’qib qilinayotganlar baxtlidir, zero Osmon Shohligi ularnikidir. Men uchun odamlar sizlarni haqoratlab, quvg‘un qilishsa,.. baxtlisizlar. Shod-xurram bo‘linglar». (Matto 5:3-12)

Bunday odamlarni «baxtlidir», deganda Iso nimani nazarda tutadi? U, odam o‘yin-kulgi qilgani natijasida his etadigan xursandchilik va shodlikni nazarda tutmaydi. Chinakam baxt chuqurroq ma’noga ega. Bu, hayotdan mamnun bo‘lish va qoniqish hissiga ega bo‘lishni anglatadi.

Iso aytganidek, ma’naviy narsalarga chanqoq, gunohli holatidan qayg‘urayotgan va Xudoni tanib-bilib Unga xizmat qilayotgan kishilar baxtlidir. Hatto Allohning irodasini bajarishayotgani uchun bunday insonlardan nafratlanishsa yoki ularni ta’qib qilishsa ham ular baxtlidir. Zero ular Tangriga ma’qul kelishayotganini bilishadi va ularga va’da qilingan mukofot — abadiy hayot beriladi.

Ko‘p odamlarning fikricha, faqat boy va ko‘ngilxushlik qilib yashaydiganlarni baxtli desa bo‘ladi. Iso esa umuman boshqacha fikrda. U ko‘p tinglovchilarining fikriga qarama-qarshi bo‘lgan quyidagi so‘zlarni aytadi: «Ey boylar, holingizga voy, boisi oladiganingizni olib bo‘ldingiz. Ey, hozir to‘q bo‘lganlar, holingizga voy, zero och qolasiz. Ey, hozir kulayotganlar, holingizga voy, chunki qayg‘u chekib yig‘laysiz. Qachonki hamma odamlar sizlar haqingizda yaxshi gapirsa, holingizga voy! Negaki ularning ota-bobolari ham soxta payg‘ambarlarga shunday muomala qilishgan». (Luqo 6:24–26)

Qiziq, nima uchun boy, o‘yin-kulgilarni yaxshi ko‘radigan va insonlardan maqtov olgan kishining holiga voy? Chunki bularning barchasiga egalik qilgan va bularni yaxshi ko‘rgan odamning hayotida Xudoga xizmat qilishga joy qolmasligi mumkin. Axir aynan bu chinakam baxt keltiradi-ku. Boshqa tarafdan Iso inson qashshoq, och bo‘lsagina baxtli bo‘ladi, deb aytmoqchi emas. Lekin ko‘p hollarda aynan hamma narsadan mahrum bo‘lgan kishilar Isoning ta’limotlarini qabul qilishadi va bu ularga chinakam baxt keltiradi.

Keyin Iso shogirdlariga murojaat qilib: «Sizlar yerning tuzisizlar»,— deydi. (Matto 5:13) Albattaki, Iso shogirdlarini tom ma’nodagi tuz deb aytgani yo‘q. Tuz biron narsani buzilmaydigan yoki chirimaydigan qilib saqlovchi moddadir. Masalan, Tangri Yahovaning ma’badidagi qurbongoh oldida katta tuz uyumi turardi va undan qurbonliklarni tuzlash uchun foydalanishardi. Shuningdek, tuz buzilmaydigan va chirimaydigan narsalarning ramzi bo‘lgan. (Levilar 2:13; Hizqiyo 43:23, 24) Isoning shogirdlari odamlarning orasida saqlovchi ta’sirga ega bo‘lishgani bois «yerning tuzi» hisoblanishadi. Ular insonlarga ma’naviy va axloqiy jihatdan buzilmaslikka yordam berishadi. Ha, ular va’z etayotgan xabar, uni qabul qilgan odamlarning hayotini saqlashi mumkin.

Bundan tashqari, Iso shogirdlariga: «Sizlar dunyoning nurisizlar»,— deb aytadi. Chiroqni yoqishganda, uni savatning tagiga emas, balki yorug‘lik berishi uchun chiroqpoyaga qo‘yishadi. Shuning uchun Iso: «Sizlarning nuringiz ham insonlar oldida porlab tursin, toki ular yaxshi ishlaringizni ko‘rib, osmondagi Otangizni sharaflashsin»,— deydi. (Matto 5:14–16)

IZDOSHLARI UCHUN YUKSAK ME’YORLAR

Yahudiy din rahbarlari Isoni Tavrotdagi qonunlarni buzganlikda ayblab, uni hatto o‘ldirishga til biriktirishadi. Shuning uchun Iso ochiqchasiga: «Meni Tavrotni yoki payg‘ambarlarning so‘zlarini bekor qilgani kelgan, deb o‘ylamanglar. Bekor qilgani emas, amalga oshirgani kelganman»,— deydi. (Matto 5:17)

Iso Tavrotni chuqur hurmat qiladi va boshqalarni ham bunday yo‘l tutishga undaydi. U shunday deydi: «Kim bu amrlarning eng kichigini buzib, boshqalarga ham buni o‘rgatsa, u Osmon Shohligiga kirishga noloyiq bo‘ladi». U gapini davom etib: «Lekin kim bu amrlarni bajarib, boshqalarga ham shuni o‘rgatsa, Osmon Shohligiga kirishga loyiq deb topiladi»,— deydi. (Matto 5:19)

Iso hatto Tavrotdagi biron-bir qonunni buzishga undaydigan fikrlash tarzini qoralaydi. Tavrotda: «Qotillik qilmang»,— deb yozilganini aytgandan so‘ng, Iso shunday deydi: «Men esa sizlarga shunday deyman: kimki birodariga g‘azablanib yursa, mahkama oldida javob beradi». (Matto 5:21, 22) Kimgadir nisbatan g‘azablanib yurish shunchalik xavfliki, oqibatda bu hatto qotillikka olib kelishi hech gap emas. Shu sababli, Iso tinchlikka erishish uchun qanday harakatlar qilish kerakligi borasida misol keltiradi: «Agar nazringizni qurbongohga olib kelganingizda, birodaringiz sizdan xafa ekani yodingizga tushib qolsa, nazringizni qurbongoh oldida qoldiring-da, avvaliga borib birodaringiz bilan yarashing. Shundan so‘ng kelib, nazringizni baxshida eting». (Matto 5:23, 24)

Tavrotdagi boshqa bir amr zinoga tegishli. Iso shunday davom etib: «Sizlar: “Zino qilmang”,— deyilganini eshitgansizlar. Men esa sizlarga shuni aytamanki, ayol kishiga ehtiros bilan qaragan [qarashni davom ettirgan] har kim, allaqachon ko‘nglida u bilan zino qilgan bo‘ladi»,— deydi. (Matto 5:27, 28, izoh) Iso bir lahzali axloqsiz fikr haqida emas, balki «qarashni davom ettirish» deya vaziyatning jiddiyligiga urg‘u beryapti. Qarashni davom ettirish ko‘pincha ehtirosni qo‘zg‘atadi. Qulay vaziyat paydo bo‘lishi bilan zinoga ham olib kelishi hech gap emas. Qanday qilib buning oldini olish mumkin? Buning uchun qat’iy choralar ko‘rishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Iso buni quyidagicha tushuntiradi: «Agar o‘ng ko‘zingiz gunoh qilishingizga sabab bo‘lsa, uni o‘yib tashlang. [...] Shuningdek, o‘ng qo‘lingiz gunoh qilishingizga sabab bo‘lsa, uni chopib tashlang». (Matto 5:29, 30)

Ayrim odamlar hayotini saqlash uchun tom ma’noda tananing kasal a’zosidan ayrilishga tayyor bo‘lishadi. Lekin Isoning so‘zlaridan ayon bo‘lganidek, kishi axloqsiz fikrlardan va harakatlardan o‘zini himoyalashi uchun har qanday narsani, hatto aziz bo‘lib ko‘ringan ko‘zini «o‘yib tashlashi» yoki qo‘lini «chopib tashlashi» muhimroq. Shuning uchun Iso: «Butun tanangiz jahannamga tashlanganidan ko‘ra, a’zolaringizning biridan ajralganingiz yaxshiroqdir»,— deb aytadi. «Jahannam» (Quddus devorlarining tashqarisidagi yonib turgan axlatxona) abadiy yo‘q bo‘lishning ramzidir.

Shuningdek Iso, bizni haqoratlaydigan yoki xafa qiladigan insonlarga munosabatimiz qanday bo‘lishi kerakligi haqida aytadi. «Yomon odamga qarshilik ko‘rsatmang,— deya maslahat beradi Iso.— Aksincha, o‘ng yonog‘ingizga tarsaki tushirgan kishiga, chap yonog‘ingizni ham o‘giring». (Matto 5:39) Ammo bu so‘zlar hujum paytida o‘zimizni yoki yaqinlarimizni himoya qilmaslik kerakligini anglatmaydi. Tarsaki tushirishdan maqsad, odamga shikast yetkazish yoki o‘ldirish emas, uni haqoratlashdir. Demak, Isoning so‘zlariga ko‘ra, agar bizga tarsaki tushirib yoki haqoratli so‘zlar aytib bahslashish yoki urishishga undashsa, xuddi shunday javob qaytarish noto‘g‘ri bo‘lardi.

Yaqinini sevish to‘g‘risidagi Allohning qonuniga e’tibor qaratib, Iso: «Dushmanlaringizni sevinglar hamda sizlarni ta’qib qilayotganlar uchun ibodat qilinglar»,— deb undaydi. Keyin esa muhim sabab keltiradi: «Shunda osmondagi Otangizning o‘g‘illari bo‘lasizlar. Chunki U O‘z quyoshini yovuzlar ustidan ham, yaxshilar ustidan ham balqitadi». (Matto 5:44, 45)

Va’zining bu qismini Iso quyidagi maslahat bilan yakunlaydi: «Osmondagi Otangiz barkamol bo‘lganiday, sizlar ham barkamol bo‘linglar». (Matto 5:48) Bu bilan Iso insonlar butunlay mukammal bo‘la olishadi, demoqchi emas. Lekin Tangriga taqlid qilib, hatto dushmanlarimizga ham sevgimizni ko‘rsatishimiz mumkin. Iso yana shunday deydi: «Samoviy Otangizga o‘xshab, sizlar ham doim rahmdil bo‘linglar». (Luqo 6:36)

IBODAT VA XUDOGA TAYANISH

Va’zini davom etib Iso tinglovchilariga: «Odamlarga ko‘rinish uchun odilligingizni ko‘z-ko‘z qilishdan ehtiyot bo‘linglar»,— deb aytadi. U yolg‘ondakam xudojo‘ylikni qoralaydi. «Xayr-sadaqa berayotganingizda,— deydi Iso,— jar solmang. Ikkiyuzlamachilar... bunday qilishadi». (Matto 6:1, 2) Xayr-sadaqa berayotib e’tiborni o‘ziga jalb qilmagan yaxshiroq.

Iso davom etib: «Ibodat qilayotganingizda ham ikkiyuzlamachilardek bo‘lmanglar, chunki ular odamlarga ko‘rinish uchun ibodatxonalarda va katta ko‘chalarning burchaklarida turib ibodat qilishni yaxshi ko‘rishadi»,— deydi. U shunday nasihat beradi: «Siz esa ibodat qilayotganingizda o‘z xonangizga kiring va eshikni yopib, yashirin bo‘lgan samoviy Otangizga ibodat qiling». (Matto 6:5, 6) Bu bilan Iso omma oldida aytilgan ibodatlarni qoralamaydi, axir o‘zi ham boshqalar bilan bir necha marta bunday ibodat qilgan-ku. Lekin u o‘zgalarda chuqur taassurot qoldirib, ulardan maqtov olish niyatida qilingan ibodatlarni qoralaydi, xolos.

Keyin Iso xaloyiqqa shunday maslahat beradi: «Ibodat qilayotganingizda o‘zga xalqlar singari o‘sha-o‘sha so‘zlarni takrorlayvermang». (Matto 6:7) Iso biror narsani ibodatda qayta-qayta so‘rash noto‘g‘ri, demoqchi emas. Aksincha, yodlab olingan «o‘sha-o‘sha so‘zlarni» takrorlashni nazarda tutadi. Iso yettita tilakdan iborat bo‘lgan namunali ibodatni aytadi. Ilk uch tilakda Xudoning hukmronligi va Uning niyatlari to‘g‘risida gap ketadi. Ya’ni Allohning ismi muqaddas bo‘lishi, Uning Shohligi kelishi va irodasi bajo bo‘lishi haqida. Ushbu narsalarni so‘ragandan keyingina shaxsiy tilaklarimiz, ya’ni kundalik rizqimiz, gunohlarning kechirilishi, vasvasaga berilmaslik va Shaytondan xalos etishi haqida so‘rab ibodat qilsak yaxshi bo‘lardi.

Mol-mulkka nisbatan qanday nuqtai nazarda bo‘lishimiz kerak? Iso xaloyiqni quyidagicha ogohlantiradi: «O‘zingiz uchun yer yuzida xazina to‘plamanglar. Chunki bu yerda ularni kuya va zang yeb bitiradi hamda o‘g‘rilar kirib talaydi». Qanday dono so‘zlar-a?! Bunday xazinalar vaqtinchalik bo‘libgina qolmay, Xudoning nazarida qadr-qimmatimizni ham oshirmaydi. Shu sababli, Iso shunday maslahat beradi: «Xazinani osmonda to‘planglar». Tangriga bo‘lgan xizmatimizni hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yib, shunday yo‘l tutgan bo‘lamiz. O‘shanda hech bir odam bizni Xudoning oldida orttirgan yaxshi nomdan hamda va’da qilingan abadiy hayot mukofotidan mahrum eta olmaydi. Keyin Iso: «Zero xazinangiz qayerda bo‘lsa, yuragingiz ham o‘sha yerda bo‘ladi»,— deb xulosa qiladi. (Matto 6:19–21)

Boyagi fikrga alohida urg‘u berish uchun Iso quyidagi misolni keltiradi: «Ko‘z — tananing chirog‘i. Agar ko‘zingiz faqat bir narsaga qaratilgan bo‘lsa, butun tanangiz yorug‘ bo‘ladi. Bordi-yu, ko‘zingiz narsalarga hasad bilan qaraydigan bo‘lsa, unda butun tanangiz zim-ziyo bo‘ladi». (Matto 6:22, 23) Sog‘lom ko‘z xuddi qorong‘i joyni yorug‘ qiladigan chiroq kabidir. Lekin ko‘z sog‘lom bo‘lishi uchun u faqat bir narsaga qaratilgan bo‘lishi kerak. Aks holda, ko‘rayotgan narsalarga to‘g‘ri baho berishning iloji bo‘lmaydi. E’tiborimiz Xudoga xizmat qilishning o‘rniga moddiy narsalarga qaratilsa «butun tana» zim-ziyo bo‘ladi, ya’ni noto‘g‘ri ishlarga qo‘l urishimiz mumkin.

So‘ng Iso o‘ylashga undaydigan ushbu misolni keltiradi: «Hech kim ikki xo‘jayinga qullik qilolmaydi. U yo biridan nafratlanib, ikkinchisini sevadi yoki biriga sodiq qolib, ikkinchisini mensimaydi. Sizlar ham Xudoning, ham boylikning quli bo‘la olmaysizlar». (Matto 6:24)

Isoni tinglayotgan ayrim kishilarni moddiy ehtiyojlarini qondirish masalasi tashvishlantirgan bo‘lishi mumkin. Agar tinglovchilari Xudoga xizmat qilishni hayotlarida birinchi o‘ringa qo‘yishsa, moddiy ehtiyojlari haqida tashvishlanmaslik kerakligiga ishontirib, Iso shunday deydi: «Qushlarni diqqat bilan kuzatinglar: ular na urug‘ ekadi, na hosil o‘radi va na omborga don yig‘adi. Shunday bo‘lsa-da, samoviy Otangiz ularning rizqini beradi». (Matto 6:26)

Keyin Iso tog‘ yonbag‘ridagi lolalarga ishora qilib deydi: «Hatto shoh Sulaymon ham o‘zining shuhrat cho‘qqisida ularning hech biriday kiyinmagan». Qiziq, bu bilan Iso nima demoqchi? «Agar Alloh bugun bor bo‘lib, ertaga olovga tashlanadigan dasht o‘tini shunday kiyintirib qo‘ygan bo‘lsa, unda sizlarni ham kiyintirib qo‘ymasmikin?!» (Matto 6:29, 30) Iso ularga shunday dono maslahat beradi: «“Nima yeymiz, nima ichamiz yoki nima kiyamiz?” — deb aslo tashvishlanmanglar. [...] Axir samoviy Otangiz bularning bariga muhtoj ekaningizni biladi-ku. Shunday ekan, Xudoning Shohligi va Uning adolati hayotingizda hamisha birinchi o‘rinda bo‘lsin, o‘shandagina bularning bari sizlarga qo‘shimcha qilib beriladi». (Matto 6:31–33)

HAYOTGA ELTUVCHI YO‘L

Havoriylar va boshqa samimiy insonlar Xudoga ma’qul tarzda yashashni istashadi, ammo ularning vaziyatida bunday yo‘l tutish oson emas. Masalan, ko‘p farziylar odamlarni tanqid qilib, ularni hukm etishadi. Shu bois, Iso tinglovchilarini ogohlantiradi: «Hech kimni hukm qilmanglar, shunda hukmga duchor bo‘lmaysizlar. Chunki sizlar qay tarzda hukm qilsangiz, Xudo ham sizlarni shu tarzda hukm qiladi». (Matto 7:1, 2)

Nihoyatda tanqidchi farziylarga ergashish xavfli ekanini Iso bir misol bilan ko‘rsatadi: «Ko‘r ko‘rni yetaklab yura oladimi? Axir ikkovi ham chuqurga tushib ketmaydimi?» Xo‘sh, boshqalarga nisbatan qanday munosabatda bo‘lish kerak? Boshqalarni tanqid qilmaslik kerak, chunki bu gunoh hisoblanadi. Iso shunday deydi: «O‘z ko‘zingizda xoda bo‘la turib, qanday qilib birodaringizga: “Keling, ko‘zingizdagi cho‘pni chiqarib olay”,— deysiz? Ey ikkiyuzlamachi! Avval o‘z ko‘zingizdagi xodani chiqarib tashlang, o‘shandagina birodaringizning ko‘zidagi cho‘pni qanday chiqarish kerakligini ko‘ra olasiz». (Luqo 6:39–42)

Lekin bu, shogirdlar boshqalar haqida hech qanday fikr bildirishi mumkin emasligini anglatmaydi, chunki Isoning o‘zi shunday deydi: «Muqaddas narsani itlarga bermanglar va marvaridlaringizni cho‘chqalar oldiga sochmanglar». (Matto 7:6) Xudoning Kalomidagi haqiqatlarni marvaridlar bilan solishtirsa bo‘ladi. Bordi-yu, kimdir bu haqiqatlarning qadriga yetmasa, unda shogirdlar bunday odamlarni qoldirib, haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lganlarni izlashlari darkor.

Iso yana ibodat haqida aytib, tirishqoq bo‘lish qanchalik muhimligini ta’kidlaydi. «So‘rab turinglar,— deydi Iso,— va sizlarga beriladi». Alloh ibodatga javob berishga tayyor ekanini yaqqol ko‘rsatish uchun Iso shunday deydi: «Qay biringiz bolangiz non so‘rab kelsa, unga tosh berasiz? [...] Agar sizlar gunohkor bo‘la turib bolalaringizga yaxshi hadyalarni bera bilsangiz, samoviy Otangiz ham Undan so‘raganlarga yaxshi narsalarni berishi muqarrar!» (Matto 7:7–11)

Iso, keyinchalik mashhur bo‘lib ketadigan qoidani o‘rnatadi. «Odamlar sizlarga qanday munosabatda bo‘lishini xohlasangiz, sizlar ham ularga shunday munosabatda bo‘ling». Boshqalar bilan yaxshi munosabatlarni rivojlantirishga yordam beradigan bu ajoyib qoidaga amal qilsak yaxshi bo‘lardi. Lekin bunday yo‘l tutish oson emasligini Isoning quyidagi gaplaridan ko‘rsa bo‘ladi: «Tor darvozadan kiringlar, sababi halokatga olib boradigan darvoza keng, yo‘l esa enlidir. Ko‘plar shu yo‘ldan yuradi. Hayotga olib boradigan darvoza esa tang va yo‘li tordir. Bu yo‘lni topadiganlar oz». (Matto 7:12–14)

Shogirdlarini hayot yo‘lidan adashtirishga harakat qiladigan insonlar bor bo‘lgani uchun, Iso shunday deb ogohlantiradi: «Soxta payg‘ambarlardan ehtiyot bo‘linglar. Ular yoningizga qo‘y qiyofasida keladilar, aslida esa ular vahshiy bo‘rilardir». (Matto 7:15) Daraxtning yaxshi yoki yomonligi mevalaridan bilinishini Iso ta’kidlab o‘tadi. Xuddi shunday, soxta payg‘ambarlarni ham xulq-atvori-yu ta’limotlaridan bilib olishimiz mumkin. Isoning o‘zi tushuntirganidek, insonning so‘zlarigina emas, balki ishlari ham Masihning shogirdi ekanidan dalolat beradi. Ba’zilar Isoni Hazratim deb atashadi, ammo ular Xudoning irodasini bajarishmasa-chi? Unda Iso ularga: «Sizlarni hech ham tanimayman! Ketinglar yonimdan, ey qonunbuzarlar!» — deydi. (Matto 7:23)

Iso va’ziga yakun yasab quyidagi so‘zlarni aytadi: «So‘zlarimni tinglab, ularga amal qilayotgan har kim, uyini qoyatosh ustida qurgan aqlli kishiga o‘xshaydi. Yomg‘irlar yog‘ib, sellar toshib, shiddatli shamollar esganda ham uy buzilmabdi, chunki u qoyatosh ustida qurilgan edi». (Matto 7:24, 25) Nega uy buzilmabdi? Chunki «bu kishi uy qurayotganida yerni chuqurroq kovlab, poydevorini qoyatosh ustiga o‘rnatgan». (Luqo 6:48) Demak, Isoning so‘zlarini tinglashning o‘zi yetarli emas. Biz ularni bajarishga harakat qilishimiz kerak.

Isoning so‘zlarini «eshitib, amal qilmagan har bir kishi» haqida nima desa bo‘ladi? Bu kishi «uyini qum ustida qurgan aqlsiz odamga o‘xshab qoladi». (Matto 7:26) Yomg‘irlar yog‘ib, sellar toshib, shamollar esganda, uning uyi buzilib xarobaga aylanadi.

Xaloyiq Isoning ta’lim berish usuliga qoyil qoladi. Chunki u din rahbarlari kabi emas, balki vakolatga ega bo‘lgan kishiga o‘xshab gapiradi. Ehtimol Isoni tinglab o‘tirganlarning ko‘pchiligi keyinchalik uning shogirdi bo‘lgandir.