Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

36-BOB

Yuzboshining kuchli imoni

Yuzboshining kuchli imoni

MATTO 8:5–13 LUQO 7:1–10

  • YUZBOSHINING XIZMATKORI SOG‘AYADI

  • IMONNI NAMOYON ETGANLARGA BARAKA BERILADI

Iso Tog‘dagi va’zini aytib bo‘lganidan so‘ng Kafarnahum shahriga jo‘naydi. U yerda yahudiylarning ayrim oqsoqollari uning yoniga kelishadi. Bu kishilarni o‘zga millat vakili bo‘lmish rimlik yuzboshi yuborgan bo‘ladi.

Yuzboshining sevimli xizmatkori og‘ir dardga chalinib, o‘lim to‘shagida yotadi. Bu kishi yahudiy bo‘lmasa ham Isodan yordam so‘raydi. Yahudiylar Isoga o‘sha kishining xizmatkori «uyda shol bo‘lib, juda qiynalib» yotganini, ehtimol hatto chidab bo‘lmaydigan og‘riqlarni his qilayotganini aytishadi. (Matto 8:6) Yahudiy oqsoqollar Isoga shunday deyishadi: «U sendan yordam olishga munosibdir. Sababi, u xalqimizni sevadi, bizga ibodatxona qurib berdi». (Luqo 7:4, 5)

Shu zahotiyoq Iso o‘sha kishilar bilan birga yuzboshining uyiga boradi. Ular uyga yaqinlashib qolganlarida, yuzboshi do‘stlarini yuborib, quyidagilarni aytadi: «Taqsir, ovora bo‘lmang. Uyimga kirishingizga noloyiqman. Ana shuning uchun oldingizga kelishni o‘zimga ep ko‘rmadim». (Luqo 7:6, 7) Boshqalarga buyruq berishga odatlangan bu yuzboshining kamtarinligini qarang-a! Uning so‘zlaridan ko‘rinyaptiki, u qullarini ayamaydigan boshqa rimliklardan farq qiladi. (Matto 8:9)

Shubhasizki, yahudiylar o‘zga millat vakillari bilan muloqot qilmasligini yuzboshi biladi. (Havoriylar 10:28) Ehtimol, shuning uchun ham yuzboshi do‘stlaridan Isoga shunday deyishni so‘raydi: «Bir og‘iz so‘z aytsangiz bas, xizmatkorim sog‘ayib ketadi». (Luqo 7:7)

Bu so‘zlarni eshitgach, Iso hayratda qoladi va shunday deydi: «Sizlarga aytib qo‘yay, bunchalik kuchli imonni Isroil yurtida ham ko‘rmaganman». (Luqo 7:9) Yuzboshining uyiga qaytgan do‘stlari o‘lim to‘shagida yotgan xizmatkorning sog‘ayganini ko‘rishadi.

Xizmatkorni sog‘aytirganidan keyin, Iso fursatdan foydalanib imonni namoyon etgan yahudiy bo‘lmagan kishilarga baraka berilishini ta’kidlab: «Sharq-u g‘arbdan ko‘plar kelib Osmon Shohligida Ibrohim, Is’hoq va Yoqub bilan birga dasturxon atrofida yonboshlashadi»,— deydi. Lekin imoni sust yahudiylar haqida nima desa bo‘ladi? Ular haqida Iso: «Tashqariga, qorong‘ilikka otiladilar. U yerda yig‘lab, tishlarini g‘ijirlatishadi»,— deb aytadi. (Matto 8:11, 12)

Demak, Iso bilan birga Osmon Shohligida hukmronlik qilishga birinchi bo‘lib taklif etilgan, ammo bundan voz kechgan yahudiylar rad etiladi. Lekin o‘zga xalq vakillari Osmon Shohligida ramziy ma’noda «dasturxon atrofida yonboshlash» imkoniga ega bo‘ladi.