Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

39-BOB

Beparvo avlodning holiga voy

Beparvo avlodning holiga voy

MATTO 11:16–30 LUQO 7:31–35

  • ISO MUAYYAN SHAHARLARGA TA’NA QILADI

  • U BOSHQALARGA ROHAT TOPISHNI TAKLIF QILADI

Iso Masih Yahyoni o‘ta qadrlaydi, ammo aksariyat odamlar Yahyoga nisbatan qanday munosabatda? Iso shunday deydi: «Bu avlod, bozor maydonida o‘tirib olib, o‘rtoqlariga shunday deb baqirayotgan yosh bolalarga o‘xshaydi: “Biz sizlarga nay chaldik, sizlar bo‘lsa o‘ynamadingizlar. Biz dod-faryod qildik, sizlar esa ko‘ksingizga urib qayg‘urmadingizlar”». (Matto 11:16, 17)

Bu bilan Iso nima demoqchi ekan? Uning o‘zi shunday tushuntiradi: «Yahyo kelganida na yedi, na ichdi. Biroq odamlar: “Uni jin uribdi”,— deyishdi. Inson O‘g‘li kelganida yedi ham, ichdi ham, ammo odamlar: “Ana, ochofat, mayxo‘r, soliqchilar-u gunohkorlarning do‘sti”,— deb aytishyapti». (Matto 11:18, 19) Yahyo Xudoga nazr qilingan shaxs sifatida oddiy hayot kechirib, hech qanday sharob va o‘tkir ichimliklar ichmaydi. Lekin odamlar uni jin urgan, deb aytishadi. (Sahroda 6:2, 3; Luqo 1:15) Boshqa tomondan esa Iso hamma qatori umr kechirib, yeyishda ham ichishda ham muvozanatli bo‘ladi, lekin uni isrofgarchilikda ayblashadi. Bundan xulosa, insonlarning ko‘nglini topib bo‘lmaydi.

Iso ularni bozor maydonidagi yosh bolalarga o‘xshatadi. Boshqa bolalar nay chalishadi-yu, ularning o‘ynagisi kelmaydi, dod-faryod qilishadi-yu, ular qayg‘urishmaydi. Ammo Iso shunday deydi: «Nima deyishsa deyishsin, odamning donoligi adolatli ishlaridan ko‘rinadi». (Matto 11:16, 19) Darhaqiqat, Yahyo va Isoning «ishlari» ularga qarshi aytilgan ayblovlar yolg‘on ekanini isbotlaydi.

Iso bu avlodni beparvo deb ta’riflagach, uchta shaharga — Baytsayda, Horazin va Kafarnahumga ta’na qiladi. Bu shaharlarda u qudratli ishlar qilgan edi. Isoning aytishicha, bu barcha mo‘jizalar Finikiyadagi Tir bilan Sidon shaharlarida qilinganida edi, ular allaqachon tavba qilgan bo‘lishardi. Iso o‘zi tez-tez to‘xtagan Kafarnahumni ham tilga oladi. Bu yerda ko‘pchilik u aytgan xabarga beparvo bo‘lgan. Shuning uchun Iso bu shaharga qarata: «Hukm kunida sizlardan ko‘ra Sado‘mning ahvoli yengilroq bo‘ladi»,— deydi. (Matto 11:24)

So‘ngra Iso samoviy Otasini olqishlaydi. Sababi U qimmatbaho ma’naviy haqiqatlarni «dono-yu zukkolardan» yashirib, «bolalar», ya’ni kamtarin kishilarga ochib beradi. (Matto 11:25) Iso ularga shunday taklif bilan murojaat qiladi: «Ey, zahmat chekayotganlar va og‘ir yuk ostida yurganlar, barchangiz oldimga kelinglar. Men sizlarga rohat baxsh etaman. Mening bo‘yinturug‘imni olib, mendan o‘rganinglar, chunki men muloyim va soddadilman. Shunday qilib, jonlaringiz rohat topadi. Zero mening bo‘yinturug‘im qulay va yukim yengildir». (Matto 11:28–30)

Lekin qanday qilib Iso odamlarga rohat baxsh etishi mumkin? Din rahbarlari xalqni har xil urf-odatlar bilan ko‘mib tashlashgan. Masalan, ularning orasida Shabbat kuniga taalluqli og‘ir yukdek bo‘lgan qattiq qoidalar bo‘lgan. Ammo Iso bunday odamlarga mazkur urf-odatlardan xoli bo‘lgan, Alloh to‘g‘risidagi haqiqatni aytib, rohat baxsh etadi. Shuningdek, u hukmdorlarning zulmi ostida azob tortganlarga hamda gunohlari dastidan vijdoni qiynalganlarga yengillik topishga ko‘maklashadi. Ha, Iso odamlarga gunohlari kechirilishi va Xudo bilan yaqin munosabatlarni rivojlantirish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradi.

Isoning qulay bo‘yinturug‘ini oladiganlarning hammasi hayotini Tangriga butunlay bag‘ishlab, rahmonu rahim Parvardigorga xizmat qilishadi. Bunday yo‘l tutish esa qo‘limizdan keladi, chunki Allohning amrlari og‘ir emas. (1 Yuhanno 5:3)