Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

40-BOB

Kechirimli bo‘lish haqidagi saboq

Kechirimli bo‘lish haqidagi saboq

LUQO 7:36–50

  • GUNOHKOR AYOL ISONING OYOQLARIGA MOY SURTADI

  • KECHIRIMLI BO‘LISH HAQIDAGI MASAL

Isoning so‘zlari-yu harakatlariga odamlar har xil munosabat bildirishadi. Bu ularning qalb holatiga bog‘liq edi. Jalilada yashovchi Simun ismli bir farziyning uyida bo‘lib o‘tgan voqea buning yaqqol isbotidir. Bu farziy mo‘jizalar yaratayotgan Iso bilan yaqinroq tanishish maqsadida uni mehmonga taklif qiladi. Iso ilgari soliqchilar-u gunohkorlar bilan ovqatlanganidek, bu safar ham fursatni boy bermay, Simunnikida o‘tirgan kishilarga va’z qilish uchun taklifni qabul qiladi.

Biroq u Simunnikiga kelganida, unga mehmonlarga munosib tarzda e’tibor berishmaydi. Falastinning chang ko‘chalarida sandal kiyib yurgan odamlarning oyoqlari kir bo‘lib, issiqdan qizib ketardi. Shu bois mezbonlar odatga ko‘ra mehmonning oyoqlarini salqin suvda yuvib qo‘yishardi. Iso kelganda esa uning oyoqlarini yuvishmadi. Shuningdek, uni mehr ko‘rsatish va mehmondorchilik odati bo‘yicha o‘pich bilan qarshi olishmadi va boshiga moy surtishmadi. Xo‘sh, bu yerda Isoni intiqib kutishgan deb aytsa bo‘ladimi?

Mehmonlar dasturxon atrofida yonboshlab ovqatlanishayotganda, taklif etilmagan bir ayol sekingina xonaga kirib keladi. U «shaharda gunohkor deb tanilgan». (Luqo 7:37) Hamma odamlar gunohkor bo‘lsa-da, biroq bu ayol axloqsiz hayot kechiradi, ehtimol, u fohisha. Bu ayol Isoning ta’lim berganini hamda u barcha «zahmat chekayotganlar va og‘ir yuk ostida yurganlarga» tasalli berish uchun ularni yoniga chaqirganini eshitgan bo‘lsa kerak. (Matto 11:28, 29) Isoning so‘zlari-yu ishlaridan ta’sirlangani uchun bu ayol uni izlab keladi.

Ayol dasturxon oldida yonboshlab o‘tirgan Isoning orqa tomonidan kelib, oyoqlari oldida tiz cho‘kadi. Isoning oyoqlariga uning ko‘z yoshlari oqadi va u ko‘z yoshlarini sochlari bilan artadi. Ayol Isoning oyoqlarini asta-asta o‘pib, idishdagi xushbo‘y moyni quyadi. Simun esa ensasini qotirib kuzatib o‘tiradi va: «Agar u payg‘ambar bo‘lganida, oyoqlarini ushlayotgan ayolning kimligini bilardi. Axir u gunohkor-ku»,— deb ko‘nglidan o‘tkazadi. (Luqo 7:39)

Iso uning nima haqda o‘ylayotganini tushunib: «Simun, sizga aytadigan gapim bor»,— deydi. «Qulog‘im sizda, Ustoz!» — deb javob beradi Simun. Iso unga shunday deydi: «Bir kishining ikkita qarzdori bor ekan. Bittasining 500, boshqasining esa 50 dinor qarzi bo‘lgan ekan. Qarzlarini bera olishmagani uchun o‘sha kishi ikkalasining ham qarzidan o‘tibdi. Xo‘sh, ulardan qaysi biri uni ko‘proq sevadi?» Simun Isoga javoban beparvolik ila: «Menimcha, ko‘proq qarzi kechirilgan kishi bo‘lsa kerak»,— deb aytadi. (Luqo 7:40–43)

Iso uning gapiga qo‘shilib, ayol tomon o‘giriladi-da, Simunga shunday deydi: «Bu ayolni ko‘ryapsizmi? Sizning uyingizga kelganimda, oyoqlarimni yuvishga suv bermadingiz. Bu ayol esa oyoqlarimni ko‘z yoshlari bilan ho‘llab, sochlari bilan artib qo‘ydi. Siz meni o‘pich bilan qarshi olmadingiz, bu ayol esa kelganimdan beri oyoqlarimni o‘pishdan tinmayapti. Siz boshimga moy surtmadingiz, bu ayol esa oyoqlarimga xushbo‘y moy surtdi». Iso ayol o‘tmishda qilgan gunohlaridan chin yurakdan tavba qilganini ko‘rgani uchun, quyidagi so‘zlar bilan xulosa chiqaradi: «Uning gunohlari ko‘p bo‘lishiga qaramay, kechirildi. Ana shu sababdan u ko‘proq sevdi. Kimning oz gunohi kechirilsa, kamroq sevadi». (Luqo 7:44–47)

Iso axloqsizlikni ma’qullamayapti. Aksincha, gunohga qo‘l urgan, keyin esa afsuslanib, Masihdan yordam so‘rayotgan kishilarni tushunadi va ularga rahm-shafqat ko‘rsatadi. Isoning: «Gunohlaringiz kechirildi»,— degan so‘zlaridan ayol tasalli topgani aniq. Iso davom etib: «Imoningiz tufayli qutqarildingiz. Eson-omon boravering»,— deydi. (Luqo 7:48, 50)