Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

42-BOB

Iso farziylarga ta’na qiladi

Iso farziylarga ta’na qiladi

MATTO 12:33–50 MARK 3:31–35 LUQO 8:19–21

  • ISO YUNUS PAYG‘AMBARNING ALOMATI HAQIDA AYTADI

  • SHOGIRDLAR OILA A’ZOLARIDAN KO‘RA ISOGA YAQINROQ

Iso jinlarni Xudoning qudrati bilan quvib chiqarganini rad etib, ulamolar-u farziylar o‘zlarini xavf ostiga qo‘yishadi, axir ular muqaddas ruhni haqorat qilishyapti-ku. Qiziq, ular Xudoning tomonini egallashadimi yoki Shaytonningmi? Iso ularga shunday deydi: «Daraxtingiz yaxshi bo‘lsa, mevangiz ham yaxshi bo‘ladi, ammo daraxtingiz yomon bo‘lsa, mevasi ham yomon bo‘ladi. Xullas, daraxtni mevasidan bilib olish mumkin». (Matto 12:33)

Iso jinlarni quvib chiqarganini yaxshi meva desa bo‘ladi. Biroq buni Shaytonning kuchi bilan qilindi, deb aytish nodonlikdir. Iso Tog‘dagi va’zida ta’kidlaganidek, meva yaxshi bo‘lsa, demak daraxt ham yaxshi. Unda farziylarning bo‘lmag‘ur ayblovlarini qanaqa mevaga o‘xshatsa bo‘ladi? Yomon mevaga. Iso ularga shunday deydi: «Voy ilonlar zoti-yey, sizlar yovuz bo‘la turib, qanday qilib yaxshi narsalarni gapira olasizlar? Axir odamning dilida nima bo‘lsa, tili shuni gapiradi-ku». (Matto 7:16, 17; 12:34)

So‘zlarimiz qalbimizning holatini ayon etar ekan, demak, biz ular asosida hukm qilinamiz. «Shuni bilib qo‘yinglarki,— deydi Iso,— odamlar aytgan har bir bema’ni so‘zi uchun Hukm kunida javob berishadi. Chunki aytgan so‘zlaringiz tufayli, yo odil deb e’lon qilinasiz, yo mahkum etilasiz». (Matto 12:36, 37)

Isoning ko‘rsatgan barcha mo‘jizalariga qaramay, ulamo-yu farziylar: «Ustoz, sizdan bir alomat ko‘rishni istaymiz»,— deb turib olishadi. Bu kishilar Isoning yaratgan mo‘jizalarini ko‘rishganmi yoki yo‘qmi, ularda guvohlarning inkor etib bo‘lmaydigan dalili bor. Shuning uchun, Iso yahudiy boshliqlarga qarata: «Bu yovuz va bevafo nasl alomat izlayapti, lekin unga Yunus payg‘ambarnikidan boshqa alomat ko‘rsatilmaydi»,— deb aytadi. (Matto 12:38, 39)

Bu so‘zlar nimani anglatishini Iso quyidagicha tushuntiradi: «Yunus payg‘ambar uch kecha-yu uch kunduz katta baliq qornida bo‘lganidek, Inson O‘g‘li ham uch kecha-yu uch kunduz yer bag‘rida bo‘ladi». Yunus payg‘ambarni katta baliq yutib yuborgan, lekin baliqning qornidan chiqqanida u xuddi tirilgandek bo‘lgan. Shu yo‘sin, Iso o‘zining o‘lib, so‘ng uchinchi kuni tirilishini bashorat qiladi. Yahudiy boshliqlar esa keyinchalik Iso tirilganida ham Yunus payg‘ambarning alomatini rad etib, tavba qilishdan va o‘zgarishdan bosh tortishadi. (Matto 27:63–66; 28:12–15) Ulardan farqli o‘laroq nineviyaliklar Yunusning xabarini eshitib tavba qilishgan. Shu sababli ular bu naslni hukm qilishadi. Shuningdek, Shava malikasi ham bu naslni hukm etishini Iso ta’kidlab o‘tadi. Chunki u Sulaymonning hikmatlarini tinglashni istagan va eshitganlari uni lol qoldirgan. «Lekin qarshingizda turgan kishi Sulaymondan ham donoroqdir»,— deydi Iso. (Matto 12:40–42)

Keyin Iso bu yovuz naslning ahvolini ichidan yovuz ruh chiqqan bir odamning ahvoliga o‘xshatadi. (Matto 12:45) O‘sha odam bo‘shagan joyni yaxshi narsalar bilan to‘ldirmagani uchun, boyagi yovuz ruh o‘zidan ham yovuzroq yettita ruh bilan qaytib kelib ichiga kiradi. Isroil xalqi ham tozalanish va yangilanishni boshdan kechirgan edi. Buni yovuz ruhdan ozod bo‘lish bilan solishtirsa bo‘ladi. Xudoning payg‘ambarlarini rad etgan xalq, Xudoning kuchi boshqarayotgani aniq ko‘rinib turgan Isoga ham qarshi chiqadi. Ha, bu naslning ahvoli oldingidan ham yomonroq.

Iso gapirayotgan vaqtda uning onasi va ukalari kelib, xaloyiqdan nariroqda kutib turishadi. Yonida o‘tirgan bir kishi Isoga deydi: «Onangiz bilan ukalaringiz sizni ko‘rmoqchi bo‘lib, tashqarida turishibdi». Shunda Iso shogirdlari u uchun xuddi aka-uka, opa-singil hamda onadek qadrli ekanligini aytadi. U qo‘li bilan shogirdlariga ishora qilib: «Mening onam va ukalarim Tangrining kalomini tinglab, uni bajo keltiruvchilardir»,— deydi. (Luqo 8:20, 21) Bu so‘zlari bilan Iso qarindoshlik rishtalari qanchalik aziz bo‘lmasin, shogirdlari bilan munosabati qadrliroq ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa odamlar niyatlarimizni shubha ostiga qo‘yib, o‘zimizni va yaxshi ishlarimizni qoralashganda, imondoshlarimiz bilan munosabatlarimiz yaqin ekanligini bilish bizga dalda beradi!