Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

43-BOB

Xudoning Shohligi haqidagi masallar

Xudoning Shohligi haqidagi masallar

MATTO 13:1–53 MARK 4:1–34 LUQO 8:4–18

  • ISO XUDONING SHOHLIGI HAQIDA MASALLAR KELTIRADI

Iso farziylarga ta’na qilgan paytda Kafarnahum shahrida bo‘lgani ehtimoldan yiroq emas. O‘sha kuni u uydan chiqib Jalila dengizi yaqiniga yo‘l oladi va u yerda xaloyiq yig‘iladi. Shunda Iso qayiqqa o‘tirib, bir oz nariga suzib boradi-da, sohildagi odamlarga Osmon Shohligi haqida ta’lim bera boshlaydi. Iso ularga misollar yoki masallar yordamida o‘rgatadi. Bu masallar kundalik hayotdan olingani uchun, odamlar Xudoning Shohligi haqidagi ta’limotning turli qirralarini osonlikcha tushuna olishadi.

Avvaliga Iso urug‘ sepuvchi to‘g‘risida aytib beradi. Ba’zi urug‘lar yo‘l yoqasiga tushadi va qushlar kelib, ularni cho‘qib ketadi. Ayrimlari tuprog‘i kam, toshloq joyga tushadi. Chuqur tomir otmagani uchun unib chiqqan maysalar quyosh qizdirganida qurib qoladi. Boshqalari tikanlar orasiga tushgani uchun tikanlar o‘sib chiqib, ularni bo‘g‘ib qo‘yadi. Qolgan urug‘lar esa yaxshi tuproqqa tushib, «ba’zilari 100 barobar, ba’zilari 60 barobar, ba’zilari 30 barobar» ko‘p hosil beradi. (Matto 13:8)

Boshqa masalda Iso Xudoning Shohligini urug‘ sepuvchi kishi bilan solishtiradi. Kishi uxlagani yotadimi yoki uyqudan turadimi, urug‘lar o‘saveradi. Ammo «bu kishi uning qanday o‘sayotganini bilmaydi». (Mark 4:27) Urug‘lar o‘sib, don beradi. Donlar yetilgach esa o‘sha kishi hosilni o‘rib oladi.

Uchinchi masalda Iso yaxshi urug‘ sepgan bir kishi haqida aytib beradi. «Hamma uxlab yotgan paytda, dushman kelib bug‘doylar orasiga begona o‘t urug‘larini sepib ketadi». Shunda yer egasining xizmatkorlari begona o‘tlarni yulib tashlashni so‘rashadi. Bunga javoban u deydi: «Yo‘q, tag‘in begona o‘tga qo‘shib, bug‘doylarni ham yulib olmanglar. Qo‘yaveringlar, ikkovi ham o‘rim-yig‘imgacha o‘saversin. O‘rim-yig‘im payti kelganida, men o‘roqchilarga, avval begona o‘tlarni yig‘ib, bog‘-bog‘ qilib yoqishga tayyorlashni, so‘ng esa bug‘doylarni omborimga to‘plashni buyuraman». (Matto 13:24–30)

Isoning tinglovchilaridan aksariyati dehqonchilik bilan tanish. Shuningdek, Iso keyingi masalda aytgan xantal urug‘i haqida ham hamma biladi. Bu urug‘ o‘sib chiqqanida katta daraxtga aylanadi va shoxlarida qushlar qo‘nim topadi. Iso quyidagicha deydi: «Osmon Shohligi xantal urug‘iga o‘xshaydi. Bir odam uni o‘z dalasiga ekibdi». (Matto 13:31) Ammo Iso bu masalda botanikadan dars bermoqchi emas. Bu bilan u kichkinagina bir narsadan juda katta narsa o‘sib chiqishi mumkinligini ko‘rsatmoqchi, xolos.

Keyin Iso odamlarga tanish bo‘lgan yana bir misol keltiradi. Osmon Shohligini xamirturush bilan taqqoslaydi. «Bir ayol uni o‘n kilo unga aralashtirib xamir» tayyorlaydi. (Matto 13:33) Garchi xamirturush ko‘rinmasa-da, vaqt o‘tib, u butun xamirni oshirib yuboradi. Natijada, darhol ko‘zga ko‘rinmaydigan jarayon tufayli katta o‘sish va o‘zgarishlar yuz beradi.

Iso ushbu masallarni aytib bo‘lgach, xaloyiqqa uyga ketishga ruxsat beradi va o‘zi to‘xtagan uyga qaytib ketadi. Tez orada shogirdlari masallarning ma’nosini tushunish uchun uning oldiga kelishadi.

ISONING MASALLARIDAN SABOQLAR

Iso oldin ham masallar aytib berardi, ammo hech qachon bunchalik ko‘p masal keltirmagan edi. Shu sababli, shogirdlar: «Nega ularga masallar yordamida ta’lim beryapsiz?» — deb so‘rashadi. (Matto 13:10)

Sabablaridan biri, Muqaddas Kitob bashorati amalga oshadi. Injilda Iso haqida quyidagilarni o‘qiymiz: «Ularga masalsiz hech narsa gapirmasdi. Shu yo‘sinda, payg‘ambar orqali aytilgan mana bu so‘zlar bajo bo‘ldi: “Og‘iz juftlab masallar aytaman, boshidan yashirin bo‘lgan narsalarni e’lon qilaman”». (Matto 13:34, 35; Zabur 78:2)

Lekin Iso masallardan foydalanishining boshqa sabablari ham bor. Ular odamlarning qalbidagini oshkor etishga yordam beradi. Ko‘pchilik Isoga shunchaki hikoyachi va mo‘jiza ko‘rsatuvchi sifatida qaraydi. Ular uni Hazrat deb tan olishni va ortidan fidoyilik bilan ergashishni xayollariga ham keltirishmaydi. (Luqo 6:46, 47) Bu odamlar na hayotlariga, na fikrlash tarziga biron o‘zgarish kiritishni istashmaydi. Shuningdek, Isoning xabari ularga qattiq ta’sir etishini xohlashmaydi.

Shogirdlarining savoliga javoban Iso shunday deydi: «Ularga masallar yordamida o‘rgatishimning sababi shundaki, ular qarab turib, ko‘rishmaydi, tinglab turib, eshitishmaydi va so‘zlarimning mag‘zini chaqishmaydi. Ular haqida Ishayo payg‘ambar shunday deb bashorat qilgan edi: “Bu xalq qalbini tosh qilgan”». (Matto 13:13–15; Ishayo 6:9, 10)

Lekin bu so‘zlar tinglovchilarning hammasiga ham tegishli emas. «Sizlar esa,— deydi Iso,— buni o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rib, quloqlaringiz bilan eshitayotganingiz uchun baxtlisizlar. Ishonavering, ko‘pdan-ko‘p payg‘ambarlar-u odil kishilar sizlar ko‘rayotgan narsalarni ko‘rishni orzu qilishgan, ammo ko‘ra olishmagan, sizlar eshitayotganlarni eshitishni xohlashgan, biroq eshita olishmagan». (Matto 13:16, 17)

Ha, 12 havoriyning va boshqa sodiq shogirdlarning qalblari ta’lim olishga moyil bo‘lgan. Shuning uchun, Iso quyidagicha deydi: «Xudo sizlarga Osmon Shohligining muqaddas sirlarini ochib berdi, bu odamlarga esa ochib bergani yo‘q». (Matto 13:11) Shogirdlar tushunishga intilishgani uchun, Iso ularga urug‘ sepuvchi haqidagi masalning ma’nosini tushuntirib beradi.

«Urug‘ Allohning kalomini anglatadi»,— deb aytadi Iso. (Luqo 8:11) Tuproq esa qalbdir. Uning masalini tushunish uchun bularni bilish muhim.

Yo‘l yoqasiga tushgan urug‘ haqida Iso shunday deydi: «Iblis kelib, ular ishonmasligi va qutqarilmasligi uchun, kalomni qalblaridan olib ketadi». (Luqo 8:12) Ba’zi urug‘lar toshloq yerga tushgani, xabarni quvonch bilan qabul qilgan insonlarning qalbini bildiradi. Ammo bunday qalblarda xabar chuqur tomir otmagani sababli, ular «shohlik xabari uchun qayg‘u yoki quvg‘unga duchor bo‘lgan zahotiyoq ishonchini» yo‘qotishadi. Ha, ular «sinovga duchor bo‘lishganda», ehtimol, oila a’zolari yoki boshqa odamlar ularga qarshilik ko‘rsatishganda imondan qaytishadi. (Matto 13:21; Luqo 8:13)

Iso davom etib, urug‘larning tikanlar orasiga tushgani, xabarni tinglagan odamlarni bildirishini aytadi. Bundaylar, «zamonaning tashvishlari va aldamchi boylik xabarni bo‘g‘ib qo‘yishiga yo‘l» qo‘yishadi. (Matto 13:22) Garchi kalom ularning qalblariga tushgan bo‘lsa-da, bo‘g‘ilib qoladi-da, hosil bermaydi.

Nihoyat, Iso «yaxshi yer» haqida aytadi. Bunday yer kalomni eshitgan va uni diliga jo qilib, ma’nosini tushunadigan insonni bildiradi. Natijada ular «hosil keltirishadi». Ularning yoshi, sog‘ligi turlicha bo‘lgani bois hammasi ham bir xil hosil keltirmaydi: ayrimlari 100, ayrimlari 60, ayrimlari 30 barobar ko‘p hosil beradi. Demak, kalomni eshitib, uni diliga jo qiladigan va sabr-bardosh bilan hosil keltiradigan kishilar Allohning xizmatida barakalar olishadi. (Luqo 8:15)

Isoning ta’limotlarini tushunish uchun ataylab uning oldiga kelgan o‘sha shogirdlarga hoynahoy bu so‘zlar qattiq ta’sir qilgan! Endi ular bu masallarni yaxshiroq tushunishyapti. Iso shogirdlari uning masallarini tushunib, boshqalarga ham haqiqatni o‘rgatishlarini xohlardi. Iso: «Chiroqni olib kelib savatning yoki xontaxtaning tagiga qo‘yishadimi? Axir uni olib kelib chiroqpoyaga qo‘yishmaydimi?» — deb so‘raydi. So‘ng u shunday deb undaydi: «Qulog‘i borlar uqib olsin». (Mark 4:21–23)

SHOGIRDLAR YANA KO‘P NARSANI O‘RGANISHADI

Urug‘ sepuvchi haqidagi masalning ma’nosini tushunib olganlaridan keyin, shogirdlar yana ko‘p narsani o‘rganishni istashadi. Ular: «Daladagi begona o‘tlar haqidagi masalni bizlarga tushuntirib bering-chi»,— deb so‘rashadi. (Matto 13:36)

Ha, Isoni sohilda tinglagan odamlarning munosabati shogirdlarnikidan ancha farq qiladi. O‘sha odamlar shunchaki tinglash bilan kifoyalanishadi, lekin aytilgan masallarning ma’nosini tushunishni va bu ularga qanday taalluqli ekanini bilishni xohlashmaydi. Ular Iso aytgan haqiqatlarni chuqurroq bilishdan bosh tortishadi. Isoning oldiga kelgan qiziquvchan shogirdlarining munosabati esa umuman boshqacha.

«Eshitayotgan narsalaringizga diqqat qilinglar,— deydi Iso.— Sizlar qanday o‘lchov bilan o‘lchasangiz, sizlarga ham shunday o‘lchov bilan o‘lchab beriladi. Hatto qo‘shib ham beriladi». (Mark 4:24) Shogirdlar Isodan eshitgan narsalarga e’tiborli bo‘lishadi. Ular samimiy qiziqish ko‘rsatib, diqqat qaratishgani sababli, mukofot tariqasida yana ko‘p narsani o‘rganishadi. Shunday qilib, Iso shogirdlariga bug‘doy va begona o‘tlar haqidagi masalni quyidagicha tushuntiradi:

«Yaxshi urug‘ni ekkan — Inson O‘g‘li. Dala — dunyo, yaxshi urug‘lar — Shohlik o‘g‘illari, begona o‘tlar esa Shaytonning o‘g‘illari. Ularni ekkan dushman — Iblis. O‘rim-yig‘im — oxirzamon, o‘roqchilar esa farishtalar». (Matto 13:37–39)

Bularni tushuntirib bergach, Iso masalning qanday amalga oshishini aytadi. Oxirzamonda o‘roqchilar, ya’ni farishtalar begona o‘tlar bilan solishtirilgan soxta masihiylarni «Shohlik o‘g‘illari»dan ajratishadi. «Odillar» yig‘ilib, «Otalarining Shohligida quyosh kabi porlaydilar». «Shaytonning o‘g‘illari» haqida nima desa bo‘ladi? Ular yo‘q qilinishadi. Shuning uchun ham ular «yig‘lab, tishlarini g‘ijirlatishlari» ajablanarli emas. (Matto 13:41–43)

Keyin Iso shogirdlariga yana uchta masal aytib beradi. Mana birinchisi: «Osmon Shohligi dalada yashirilgan xazinaga o‘xshaydi. Bir kishi uni topib, yana yashiribdi-da, sevinganidan borib butun mol-mulkini sotib, o‘sha dalani xarid qilibdi». (Matto 13:44)

Ikkinchisi: «Osmon Shohligi, noyob marvarid izlab yurgan sayohatchi savdogarga o‘xshaydi. U qimmatbaho marvaridni topgach, darhol bor-budini sotibdi-da, o‘sha marvaridni xarid qilibdi». (Matto 13:45, 46)

Ikkala masalda Iso chindan ham arziydigan narsa uchun odam fidoyilik qilishga tayyor ekanini ta’kidlaydi. Sayohatchi bitta qimmatbaho marvaridga ega bo‘lish uchun «bor-budini» sotadi. Bu misolni shogirdlar tushuna olishadi. Boshqa misolda esa dalada yashirilgan xazinani topgan kishi unga erishish uchun «butun mol-mulkini» sotadi.Bu ikkita vaziyatda ham qimmatbaho narsa haqida gap ketyapti. Unga ega bo‘lgandan so‘ng uni asrab-avaylash kerak edi. Bu misollar odam ma’naviy ehtiyojlarini qondirish uchun qanday fidoyi ishlar qilishga tayyor ekanini ko‘rsatadi. (Matto 5:3) Tinglovchilardan ba’zilari ma’naviy ehtiyojlarini qondirish va Isoning izdoshi bo‘lishi uchun fidoyilik qilishga tayyor ekanini allaqachon ko‘rsatishdi. (Matto 4:19, 20; 19:27)

Oxirida Iso Osmon Shohligini dengizga tashlangan va turli baliqlar tushgan to‘rga o‘xshatadi. (Matto 13:47) Baliqlarni saralab, yaxshilarini qoldirishibdi-da, yomonlarini esa tashlab yuborishibdi. Isoning aytishicha, zamonaning oxirida ham shunday bo‘ladi: farishtalar yomon odamlarni odil kishilardan ajratib olishadi.

Iso ilk shogirdlarini «odam ovchilari» bo‘lishga undaganida o‘zi ham baliq oviga o‘xshash bu ishda ishtirok etgan. (Mark 1:17) Biroq Isoning o‘zi aytganidek, to‘r haqidagi masal kelajakka, ya’ni «oxirzamon»ga tegishli. (Matto 13:49) Isoni tinglayotgan havoriylar va boshqa shogirdlar oldinda hayratomuz voqealar sodir bo‘lishini tushunishadi.

Iso qayiqda o‘tirib aytib bergan ushbu masallarni tinglaganlar yangi ma’naviy xazinalarga ega bo‘lishadi. Iso «shogirdlariga alohida hammasini tushuntirib» berishga tayyor. (Mark 4:34) U «omboridan yangi va eski narsalarni chiqarayotgan uy egasiga o‘xshaydi». (Matto 13:52) Masallarni aytayotib, Iso ta’lim berish qobiliyatini ko‘z-ko‘z qilmaydi. U shogirdlari bilan bebaho xazinalar kabi bo‘lgan haqiqatlarni bo‘lishadi. Chindan ham ta’lim berishda unga hech kim teng kela olmaydi.